Menejmentning nаzаriy аsoslаri


Download 41.07 Kb.
bet1/2
Sana14.10.2023
Hajmi41.07 Kb.
#1702862
  1   2
Bog'liq
10- мавзу


MENEJMENTNING NАZАRIY АSOSLАRI
10.1. Menejment tushunchasi va mazmuni
Har qanday davlat islohot olib borishning dastlabki kunlarida ongli, har tomonlama asoslangan boshqaruvga, mamlakatda ishlab chiqarishni va iqtisodiy o‘sishni yo‘lga qo‘yish zaruratini sezadi. Buning uchun esa avvalo yuqori malakali, boshqaruv qonun – qoidalarini mukammal biladigan professional boshqaruvchilar tayyorlash zarur bo‘ladi.
Menejment fanining predmeti xo‘jalik yuritishning barcha darajalarida boshqarishning qonunlari, tamoyillari va munosabatlarini o‘rganishdan iborat. Boshqaruv munosabatlari ijtimoiy – iqtisodiy munosabatlarning ajralmas qismi bo‘lib, turli iqtisodiy, tashkiliy, ijtimoiy, psixologik, mehnat va boshqa ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi. Boshqaruv munosabatlari rahbar bilan qo‘l ostidagi xodimlar o‘rtasidagi aloqa va o‘zaro ta’sirning murakkab majmuini ifodalaydi.
Menejmentning mohiyatini ochish bilan birga uni ikki tomonini farqlash zarur. Ya’ni, texnik va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni boshqarish. Ko‘p usullar amaliy tajribalar shunday natija chiqarishga undaydiki, ishlab chiqarishning faoliyat samaradorligi faqat texnik, texnologik, tashkiliy rejalashtirish va boshqa omillarga bog‘liq bo‘lib qolmasdan, balki, sezilarli darajada ish bajaruvchilar ishlarining sifatiga ham bog‘liqdir. Faoliyat sifati ancha keng tushunchaga ega. Bu ishlab chiqarishni tashkil qilish, mehnat jarayonini aniq maromiga yetkazishni ta’minlash, texnologiyaga rioya qilish, moddiy – materiallarni tejab ishlatish, o‘zaro talabchanlik va o‘zaro yordam berish va boshqalar.
Menejment oldidagi asosiy masala zamonaviy bilimlar majmuasini ijodiy ishlatilishiga imkon yaratishdir. Bu belgilar iqtisodiy munosabatlar birlashmasi hisoblanadi, ya’ni ular rahbar va ish bajaruvchilar orasidagi munosabatdir. Bu o‘z navbatida ishlab chiqarishdagi muammolarni yechish jarayonida vujudga keladi. Mamlakatimiz Prezidenti I.A. Karimov o‘zining «O‘zbekiston iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yo‘lida» asarida «kuchli ijtimoiy siyosat, avvalo sermaxsul mehnat qilish uchun yaxshiroq rag‘bat va imkoniyatlar yaratishdan, iqtisodiy yo‘l tanlash va faoliyat ko‘rsatish erkinligiga bo‘lgan kafolatli huquqni qaror topdirishdan, aholining mehnat va ijtimoiy faolligini oshirishdan ham iboratdir», deb ta’kidlagan edi.
Menejment mohiyati ishlab chiqarish usuli, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar darajasi, ishlab chiqarish kuchlari rivojlanishiga bog‘liq holda o‘zgaradi. Ishlab chiqarish rivojlanishi va iqtisodiy aloqalar murakkablashuvi bilan boshqaruv ham murakkablashadi va mustaqil fan sifatda ajralib chiqadi. Ishlab chiqarish vositalariga mulkchilikning turli shakllari mavjud bo‘lgan sharoitda tovar ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida raqobat muhiti vujudga kelib, ishlab chiqarishni boshqarish, foydani ko‘paytirishga yo‘naltiriladi.
Menejmentning asosini ob’ektiv iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa qonunlarga asoslanuvchi huquqiy ilmiylik tashkil etadi. Bu qonunlarni o‘rganish va ularning aniq vaziyatlarda namoyon bo‘lishini hisobga olgan holda, xo‘jalik rahbarlari boshqarishning strategiya va taktikasini belgilaydi.
Jamiyat hayotining barcha tomonlari demokratik yangilanishi sharoitida asosiy masala iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy taraqqiyotni rag‘batlantirishdir. Nazariy va amaliy nuqtai nazardan ishlab chiqarish egalari bo‘lgan insonlar manfaatlari eng muhim manfaat ekanligi, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy taraqqiyotni jadallashtiruvchi qudratli harakatlantiruvchi kuch ekanligi shubxasizdir. Bunda boshqaruvni isloh qilishning strategik g‘oyasi mehnatkash kishining obrusini ko‘tarishdan, chunki, iqtisodiyotni sog‘lomlashtirishning asosi bo‘lib, vijdonan va ma’suliyat bilan mehnat qilishga xizmat qiladi, ishchining mehnatdan manfaatdorligini keskin oshirish, o‘z qobiliyatini to‘liq sarf etish, uni jamiyatni harakatlantiruvchi kuchlarning umumiy tizimiga qo‘yishdan iborat. Bunga faqat ishchi ishlab chiqarishning haqiqiy egasi sifatida mehnat qilgan holdagina erishish mumkin. Bu juda murakkab masala, chunki inson faqat ijtimoiy shaxs - ya’ni jamiyatga bog‘liq va uning ta’siri ostida bo‘lib qolmay, tabiiy mavjudot hamdir. Xuddi shunga bog‘liq holda inson shaxsiy manfaatlari har doim ham ijtimoiy manfaatlar bilangina emas, balki o‘z idroki manfaatlari bilan ham mos kelmaydi. Kishilar o‘rtasidagi iqtisodiy va ijtimoiy munosabatlar aks etuvchi manfaatlar ular maqsadlari, mehnat intizomi, faolligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi va ularning harakatlarini tartibga soladi.
Bozor munosabatlariga o‘tish, ishlab chiqarish va bozorning samarali o‘zaro ta’sirini, davlat boshqaruvi va korxonalarning o‘z-o‘zini boshqarishning mutanosib nisbatda bo‘lishini ta’minlovchi takomillashgan xo‘jalik mexanizmini yaratishga yo‘naltirilgandir.
10.2. Menejment maqsad va vazifalari
Korxona va tashkilotlarda menejmentning mazmunini iqtisodiyotni boshqarishning, menejment tizimlari va uni tuzishning tashkiliy shakllari, xo‘jalik mexanizmi va boshqaruv uslublari, boshqaruv texnika va texnologiyasining nazariy va metodologik asoslarini o‘rganishni tashkil etadi. Menejment boshqaruv faoliyatining umumiy qonuniyatlari va tamoyillari, boshqaruv tizimiga ta’sir etish usullarini shakllantiradi, boshqaruv apparatining aniq vaziyatlardagi harakatlari va o‘zini tutish hollarini umumlashtiradi, tarmoqni boshqarishning nazariy va amaliy tomonlarini o‘rganadi. Shuningdek, boshqaruv faoliyatining qirralarini butun bir majmua ko‘rinishida, nazariy tahlil va mantiqiy uslub asosida boshqarishning asosiy qonuniyatlari va usullarini ajratib o‘rganadi.
Menejmentning asosiy maqsadi korxonani eng yuqori natijalarga erishishga qaratilgan harakatlarni amalga oshirishini ta’minlashdir. Menejmentning amaliy tomonlari bir qator aniq vazifalarni hal etishga, jumladan iqtisodiyotni bozor munosabatlariga o‘tishiga, foyda olishga, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, aholi ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga, kishilarning ma’naviy darajalarini o‘stirish va boshqalarga qaratilgandir.
Korxona va tashkilotlarda menejmentning asosiy vazifasi jamiyat rivojlanishining ob’ektiv qonunlari talablarini hisobga olgan holda va menejment amaliyotini umumlashtirish asosida iqtisodiyotni samarali boshqarish uchun zarur bir maqsadga yo‘naltirilgan harakatlar tamoyillarini ishlab chiqishdan iborat.
Menejment ob’ekti va sub’ekti, ularning o‘zaro aloqadorligi
Korxona va tashkilotlarda menejment mehnati hamkorlik bilan uzluksiz bog‘liqdir. Har qanday boshqaruv tizimi qo‘yilgan, ular yechishi kerak bo‘lgan masaladan qat’iy nazar ikkita tizimni birlashishini bildiradi: boshqariluvchi (boshqaruvni ob’ekti) va boshqaruvchi (boshqaruvni sub’ekti).
Menejment ob’ekti deganda, ishlab chiqarish jarayonlari elementlari majmuasini tushuniladi. Bunga texnik, iqtisodiy va ijtimoiy elementlar kiradi. Texnik elementlar o‘z ichiga asosan texnikasini, ishlab chiqarish texnologiyasini, iqtisodiy elementlar-rejalar, moliya, moddiy rag‘batlantirishlar, ijtimoiy elementlar xodimlar va ular o‘rtasidagi munosabatlardir. Bu esa bir butun tartibga solingan o‘zaro bog‘liq elementlar birlashmasi bo‘lib, tizimni tashkil qiladi.
Menejment sohasida odamlarni murakkab va ko‘p qirrali mehnat faoliyatini ikki yirik turga ajratish mumkin: ishlab chiqarish jarayonini bevosita amalga oshiruvchi mehnat va ushbu jarayonlarni boshqarishga yo‘naltirilgan faoliyat.
Menejment faqatgina boshqaruvchi va boshqariluvchi tizimlar orasidagi munosabatni o‘z ichiga olmasdan, balki, ular orasidagi o‘zaro bog‘liq ishlab chiqarish munosabatlariga maqsadga yo‘naltirilgan ta’sir ko‘rsatish hamdir.
Menejment sub’ekti – bu barcha ishlab chiqarish saviyadagi majburiyat va huquqlarga ega muntazam, vazifaviy yoki shtab boshqaruvchini turli idora, bo‘lim zvenolaridir.
Menejment tizimida sub’ekt qo‘yilgan maqsadga erishish uchun qarorlar ishlab chiqish va ularni amalga oshirish ma’suliyatini oladi. Boshqaruvchi tizimning samaradorligi menejment sub’ektining ishni tashkil qilish saviyasiga, turli menejment usullarini oqilona ishlatishga va boshqa omillarga bog‘liqdir.
Menejmentning ob’ekt va sub’ektidagi munosabatlar bir-biriga yaqin, egiluvchan va organik o‘zaro aloqada va o‘zaro bog‘liqlikda bo‘lmog‘i kerak. Bu esa ularni samarali taraqqiyotini belgilaydi. Bu degani eng avvalo menejment tizimdagi barcha o‘zgarishlar o‘z vaqtida menejment ob’ektida ham o‘z aksini topishi kerak. Bu vaqtda boshqaruvchi tizim o‘zidagi elementlarda bo‘lib turadigan o‘zgarishlarni ziyraklik bilan seza bilishi zarur.
Menejmentning ob’ekt va sub’ekti o‘rtasidagi o‘zaro aloqa va o‘zaro bog‘liqlik amaliyotda ba’zida shunda namoyon bo‘ladiki, agar boshqaruvchi tizimni ko‘lami kengaytiriladigan bo‘lsa, boshqaruv ob’ektining o‘lchamini ko‘payishiga olib keladi.
10.3 Boshqaruv ta`limotlari evolyusiyasi
Menejment asosini tashkil etgan qonun-qoidalar xususiyatiga bog‘liq ravishda xorijiy boshqaruv maktablari turlicha guruhlarga bo‘linadi. Klassik maktab namoyondalari amerikalik muxandis va tadqiqotchi F. Teylor, fransuz olimi A.Fayol, ingliz olimi L.Urvin, nemis iqtisodchilari M.Veber, G. Ford, G.Emersonlardir. Boshqaruvning klassik maktabi to‘rt muhim unsur- mehnat taqsimoti, boshqaruvning tabaqalanishi va ko‘p bo‘g‘inliligi, tashkil etish tarkibi, boshqaruvning mumkin bo‘lgan chegaralarini o‘rganadi. Shunday qilib, boshqaruvning «klassik» maktabi insonning turli-tuman faoliyatini boshqarishga qo‘llash mumkin bo‘lgan tamoyillarini asoslab berishga harakat qilgan. U boshqaruvni tashkil etishning qator tamoyillarini o‘rgangan. Bu maktab haqiqiy ilmiy boshqaruv nazariyasi darajasiga ko‘tarila olmagan.
«Klassik» maktabga xos bo‘lgan inson omilini hisobga olmaslik, kishilar faoliyati sabablarini soddalashtirilgan nuqtai nazaridan yondoshish amerika boshqaruv nazariyasida yangi yo‘nalish - «inson munosabatlari» maktabi vujudga kelishiga sabab bo‘lgan. Bu yo‘nalishning asoschilari - amerikaliklar E.Meyo, F. Rotlisberger, Dj. Lizli va boshqalardir.
Garvard universiteti professori E.Meyo «inson munosabatlari» nazariyasini ilgari surgan. Uning g‘oyalarining mohiyati shundaki, mehnat jarayonida psixologik va ijtimoiy omillar yetakchi ahamiyatga ega. Shu sababli, Meyo fikriga binoan ishlab chiqarish va boshqaruvning barcha muammolariga inson munosabatlari nuqtai nazaridan qarash lozim. Bu nazariya insonning ma’lum ijtimoiy va psixologik ehtiyojlarini qondirish yo‘li bilan uni yanada unumli mehnat qilishi mumkin degan g‘oyaga asoslangan.
Lekin bu nazariyaning asosiy jihati shundaki, «inson munosabatlari» maktabi vakillari ijtimoiy muammolarni butun jamiyat miqyosida emas, balki alohida korxona miqyosida hal etadilar. Mehnatkashlar ijtimoiy ahvoliga kompleks ravishda hal etilish lozim bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy muammo sifatida emas, balki kishilarning guruhiy munosabatlari sifatida qaralgan.
«Emperik» (pragmatik) maktab menejment zarurligini umuman inkor etib, ochiq emperzmni targ‘ibot qilgan. U boshqaruvning maqsadi - rahbarlik qilish bo‘yicha ijobiy tajriba va aniq xatolarni o‘rganishdan iborat, deb ta’kidlaydi. Bu maktab vakillari kamroq nazariy maslahatlar berib, ko‘proq aniq vaziyatlarni tahlil etish bilan shug‘ullanish kerak deydilar. Albatta, tajriba o‘rganish juda muhim. Lekin faqat amaliyotga asoslanib menejmentni shakllantirish mumkin emas. «Emperik» maktabning eng yorqin namoyondalari - T.Draker, R.Devis, L.Nyuman, D.Miller va boshqalardir.
Yuqorida sanab o‘tgan xorijiy boshqaruv maktablarining eng asosiy kamchiligi har tomonlama chuqur o‘rganilmaganligidir. Bu yangi yo‘nilish «Ijtimoiy tizimlar» maktabi vujudga kelishiga turtki bo‘lgan. Uning eng taniqli namoyondalari D.March, G.Saymon, A.Etsioni va boshqalardir. «Ijtimoiy tizimlar» maktabi «inson munosabatlari» maktabi xulosalariga asoslanib, korxonaga o‘zaro bog‘liq va o‘zaro ta’sir ko‘rsatuvchi omillar majmuidan iborat kompleks tizim sifatida qarab, inson bu omillarni biri deb hisoblaydi. Sotsiologlarning katta guruhi sanoat sotsiologiyasi sohasida tadqiqot olib borganlar. «Ijtimoiy tizim» maktabi o‘zidan avvalgi maktablarga nisbatan keng qo‘lamdagi muammolarni hal etishga, boshqaruv nazariyasini yaxlit holga keltirishga intilgan.
Agar «klassik» maktab namoyondalari ixtiloflarni moddiy rag‘batlantirish yo‘li bilan, «inson munosabatlari» maktabi ishlab chiqarish jarayonini adolatli qilish yo‘li bilan hal qilishni taklif etgan bo‘lsalar, «ijtimoiy tizimlar» maktabi tashkilotda nizolarning mavjud bo‘lishi uning tabiatidan kelib chiquvchi holat deb hisoblab, asosiy vazifa ixtiloflar va ularning oqibatini yumshatishdan iborat deb ta’kidlaganlar.
50-yillarning boshida menejment nazariyasi rivojlanishiga «yangi» maktab katta ta’sir ko‘rsatgan. U menejmentga aniq fanlar uslub va usullari - qarorlar qabul qilishni matematik modellashtirish, matematik mantiq, dasturlash, iqtisodiy jarayonlarni matematik modellashtirish usullarini joriy qilish bilan ajralib turadi. «Yangi» maktabning eng yorqin namoyondalari - R.Akkof, L.Kleyn, V.Lyus va boshqalardir. Bu maktabning shakllanishi kibernetika va jarayonlarni o‘rganish rivojlanishi bilan bog‘liqdir. Jarayonlarni o‘rganish zahiralar, resurslar taqsimoti, eskirgan uskunalarni almashtirish, maqbul ravishda rejalashtirishni boshqarishni matematik modellashtirish bilan bog‘liqdir. Keyinchalik «yangi» maktab tarkibida mustaqil fan - boshqaruv qarorlarini qabul qilish nazariyasi shakllandi.
Xulosa
Menejment fani xo‘jalik yuritishning barcha darajalarida boshqarishning qonunlari, tamoyillari va munosabatlarini, boshqaruv tizimiga ta’sir usullarini, boshqaruv apparatining aniq vaziyatlardagi harakatlari, boshqarishning nazariy va amaliy tomonlarini o‘rganadi. Shuningdek, boshqaruv faoliyatining qirralarini butun bir majmua ko‘rinishida, nazariy tahlil va mantiqiy uslub asosida boshqarishning asosiy qonuniyatlari va usullarini ajratib o‘rganadi.
Boshqaruv munosabatlari ijtimoiy – iqtisodiy munosabatlarning ajralmas qismi bo‘lib, turli iqtisodiy, tashkiliy, ijtimoiy, psixologik, mehnat va boshqa ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi. Boshqaruv munosabatlari bilan qo‘l ostidagi xodimlar o‘rtasidagi aloqa va o‘zaro ta’sirning murakkab majmuini ifodalaydi. Menejment faqatgina boshqaruvchi va boshqariluvchi tizimlar orasidagi munosabatni o‘z ichiga olmasdan, balki, ular orasidagi o‘zaro bog‘liq ishlab chiqarish munosabatlariga maqsadga yo‘naltirilgan ta’sir ko‘rsatish hamdir.

Download 41.07 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling