Microsoft Word anvar obidjon meshpolvonning janglari lotin ziyouz com doc
Download 411.15 Kb. Pdf ko'rish
|
Meshpolvonning janglari. ekituz
www.ziyouz.com kutubxonasi
26 Meshpolvon Rayhon qiziqqa tumtayib boqdi: – Nima bo‘lgandayam, yurtingizga mehmonmiz. eski-tuski she’rlarni aytgandan ko‘ra, kichik bir ziyofat tashkil qilsangiz-chi. – O‘zim ham yurtimga musofirman, – deb javob qildi chol. So‘ng oldi ochiq nimchasi ostidan bog‘langan qo‘shbelbog‘ning birini yechdi. – Mana, belbog‘imda beshta qatirma bor, shuni tinchitib qo‘yaqolamiz. U yo‘l-yo‘lakay qatirmalarni taqsimlashga tushdi. – Menga ikkita bering, otaginam, – dedi Meshpolvon. – Qo‘ynig‘imda egizak ilonlar yotibdi. Qornini yaxshilab to‘ydirmasak, hammamizni chaqib o‘ldirishadi. – Be, gap buyoqda ekan-da, – deb lab burdi Chumakvoy. – Men ahmoqni ko‘rginki, jallodni chertib o‘ldirganingga ishonibman. Meshpolvonning qo‘qqis avzoyi buzilib, o‘shqirib berdi: – Og‘zingni yum, lo‘li! Qo‘yinga ilon solib yurishgayam yurak kerak! – Kimda qancha yurak bor – endi buni bilmadim... – Lo‘lilar ot o‘g‘irlashdan boshqa nimaniyam bilardi! Meshpolvonning jahli qo‘zishi ishtahasiga zarracha putur yetkazolmadi, yarimta qatirmani Chika bilan Pukaga bo‘lib berib, biryarimtasini o‘zi yedi. * * * Ular ulovlarini niqtab, yarim tunda gandiraklab to‘xtab, maysato‘shakda uxlashib, tushida qovurmani yo‘qlashib, azonda yana egarni minib, ochlikdan ko‘zlari tinib yo‘lda davom etishaverdi. Kunlardan bir kuni uzoqda kattakon chorbog‘ ko‘rindi: Meshpolvonning ko‘ziga quymoq, Oshiqbolanikiga qaymoq, Chumakvoynikiga saryog‘ ko‘rindi. Rayhon qiziq esa ularning hafsalasini sovitib dedi: – Uchalang namuncha tamshanib qolding? Xomtama bo‘lmanglar, bu chorbog‘ning egasini Mutal- maynavoz deydilar. Tillosi ming ko‘za, uyida har kuni ro‘za, umrida tovuqqa to‘rt dona don, kuchukka bir tishlam non bermagan. Onasi tirilib kelib «ochman» desa, oldiga yovg‘on sho‘rva qo‘yadi. Rayhon qiziqning gapiga ko‘ra, Mingpoda bilan Qahratoniya chegarasida yashovchi bu boy Sepkilshohga birinchi bo‘lib sotilgan ekan. U avvaliga shu o‘ramdagi odamlarni «o‘zimizga o‘zimiz ko‘proq xo‘jayin bo‘lamiz, kamroq soliq to‘laymiz», deb aldab, Sepkilshohga yaxshilikcha bo‘ysundiribdi. Keyin qabiladoshlarining birini fitnachi, birini isyonchiga chiqarib, hammasining yerini tortib olibdi, o‘zlarini qulga aylantiribdi, hatto yaqin qarindoshlarini, jigarbandlarini ham ayamabdi. Endi biron kishi uning izmisiz bu joydagi toshni u joyga jildirib qo‘yishgayam botinolmas ekan. – Hozir vaqtimiz ziq, Mutal-maynavozingiz bilan keyin hisob-kitob qilamiz,– dedi Oshiqbola.– Lekin, bizga qo‘rslanib ko‘rsin-chi! To‘rtovlon chorbog‘ga yetib borib, darvozani taqillatishdi. Darvozabonlarni po‘pisalab, bu yerning xo‘jayinini surishtirishayotgan chog‘da: «E, kelinglar, kelinglar. Xo‘jayin, mana, bizmiz», deb iljayganicha Mutal-maynavozning o‘zi paydo bo‘ldi. To‘rt xil ulov minib, to‘rt turda qurollangan mehmonlarning ko‘ziga sinchkovlik bilan bir-bir boqib chiqdi. – Qani, qani, buyoqqa marhamat qilinglar, – deya ta’zimini poyondozga aylantirdi u. Yo‘lovchilar ichkariga kirib, ulovlarini bog‘lab bo‘lishgach: «Xo‘sh, xizmat, akang aylangurlar», deb so‘radi. Tashqining bir tarafi qator-qator uy-hujra, ikkinchi tomoni mevalar g‘arq pishib yotgan mo‘l-ko‘l bog‘ edi. Bog‘dan ko‘z uzolmay, kekirdagi lik-liklab qolgan mehmonlar bir-biriga gap bermasdan, ko‘nglidagini bayon qila ketishdi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling