III - B O’ L I M. MILLIY IQTISODIYOT (MAKROIQTISODIYOT)NING AMAL QILISH VA RIVOJLANISH QONUNIYATLARI
14-MAVZU. MILLIY IQTISODIYOT VA UNING MAKROIQTISODIY O’LCHAMLARI, YALPI MILLIY MAHSULOT VA UNING HARAKAT SHAKLLARI
Reja:
1. Milliy iqtisodiyotning qaror topishi va uning makroiqtisodiy ko’rsatkichlari.
2. Milliy mahsulotning mazmuni, tarkibiy qismlari va harakat shakllari.
3. yalpi ichki mahsulotni hisoblash usullari.
Asosiy tayanch tushunchalar: Makroiqtisodiyot, milliy hisoblar tizimi, yalpi milliy mahsulot (YAMM), yalpi ichki mahsulot (YAIM), sof milliy mahsulot (SMM), milliy daromad, shaxsiy daromad, nominal YAIM, real YAIM, qo’shilgan qiymat, oraliq mahsulot, pirovard mahsulot, xufyona iqtisodiyot.
KIRISH
Mazkur mavzudan boshlab iqtisodiy munosabatlar makroiqtisodiy darajada tahlil qilinadi. Dastlab milliy iqtisodiyot va uning makroiqtisodiy ko’rsatkichlariga tavsif beriladi. Milliy ishlab chiqarishning natijasi hisoblangan ijtimoiy mahsulot, yalpi milliy mahsulot, ularning harakat shakllari va tarkibiy qismlarining iqtisodiy mazmuni yoritiladi. Milliy hisoblar tizimi hamda uning asosiy ko’rsatkichlarini hisoblash usullari bayon etiladi.
1. Milliy iqtisodiyotning qaror topishi va uning makroiqtisodiy ko’rsatkichlari
Milliy iqtisodiyot ko’plab o’zaro bog’liq iqtisodiy elementlardan iborat bo’lgan murakkab iqtisodiy tizimni namoyon etadi. Mazkur unsurlar o’rtasidagi amalda tarkib topgan munosabatlarning butun majmui iqtisodiyotning tarkibiy tuzilmasini tavsiflab beradi.
Milliy iqtisodiyot - barcha tarmoqlar va sohalarni, mikro- va makrodarajadagi iqtisodiyotlarni, funktsional iqtisodiyotni, ko’plab infratuzilmalarni o’z ichiga olgan yaxlit iqtisodiyotdir. Milliy xo’jalikning tarkib topgan tuzilishi ijtimoiy mehnat taqsimoti rivojining natijasi hisoblanadi.
Makroiqtisodiy jihatdan qaralganda milliy iqtisodiyotning tarkibiy tuzilishi mamlakatda mavjud bo’lgan ishlab chiqarish resurslari; ularning ijtimoiy mehnat taqsimoti asosida ajralib chiqqan Iqtisodiy sub’ektlar o’rtasidagi taqsimot hajmi; mazkur sub’ektlar ishlab chiqarish hajmlari, milliy mahsulotni ishlab chiqarish, taqsimlash, ayirboshlash va iste’mol qilish jarayonlarida shakllanuvchi tarkibiy qismlari o’rtasidagi munosabat sifatida namoyon bo’ladi. Milliy iqtisodiyotning tarkibiy tuzilishini sodda ko’rinishda quyidagi 12.1-chizma orqali tasvirlash mumkin.
Iqtisodiy jihatdan nisbatan mustaqil birliklar
Davlat (ko’plab xo’jalik yurituvchilari bilan)
Uy xo’jaliklar
Korxonalar
Do'stlaringiz bilan baham: |