Microsoft Word ch aytmatov sarvqomat dilbarim lotin ziyouz com doc
Download 372.9 Kb. Pdf ko'rish
|
Sarvqomat dilbarim Ch.Aytmatov
www.ziyouz.com kutubxonasi
20 baxtga erishdik: Asalning ona bo‘lishiga oz qolgan edi. Negadir, biz buni hadeganda payqamabmiz. Asalning ko‘zi yorigan kuni men Xitoydan qaytib kelayotgan edim. Juda shoshilib, hayajonlanib ketyapman. Asal Norindagi tug‘uruqxonada yotgan edi. Kelsam, o‘g‘il tug‘ibdi. Uning oldiga kirmoqchi bo‘ldim, biroq har qancha tushuntirsam ham qo‘yishmadi. Lekin baribir xursand edim. Mashinaga o‘tirdim-da, tog‘ma-tog‘ g‘izillatib haydab ketdim. O‘zimni tuta olmay, mashinani tobora qattiqroq quvardim. Bu qishda bo‘lgan edi. Tevarak-atrofda faqat qorli qoyalar. Atrofimdan oq, qora rang g‘irillab o‘taverganidan ko‘zlarim jimirlashib ketardi. Do‘lan dovonining tepasiga yeldek uchib chiqdim. Osmono‘par ulkan balandlik, bulutlar yer bag‘irlab suzib yurgandek edi, pastdagi azamat tog‘lar ham uning qarshisida pak-pakana bo‘lib ko‘rinardi. Men kabinadan sakrab tushib, dara yoqasiga chopib bordim va sof havodan o‘pkamni to‘ldirib nafas oldim-da, butun olam eshitgudek qilib qichqirdim: — E-y, tog‘lar! Men o‘g‘il ko‘rdim! Nazarimda, tog‘lar ham larzaga kelgandek bo‘ldi. Ular mening so‘zlarimni takrorladi va daradan- daraga taralib, uzoq vaqtgacha aks sado berib yangrab turdi. O‘g‘ilchamizni Samad deb atadik. Unga men shunday deb nom qo‘ydim. Samad bizning ermagimiz bo‘lib qoldi: Samad, bizning Samad jilmaydi, uning tishchalari chiqib qoldi. Xullas, hamma yosh ota-onalardek biz ham uni sevib ardoqlar edik. Biz bir-birimizni sevardik, ahil va inoq yashardik, so‘ngra esa... So‘ngra baxtsizlik yuz berdi... * * * Bu baxtsizlikka qanday yo‘liqib qolganimni hozir qaytadan bayon etish ancha mushkul. Hammasi aralash-quralash bo‘lib, chigallashib ketdi... O‘zim-ku, bilaman-a, ammo bundan nima foyda... Bu odam bilan hech qachon uchrashmagan edik. Uning bu ishlarga hech qanday aloqasi ham yo‘q edi. Men buni shuning uchun gapiryapmanki, haqiqatan ham na u, na men bir-birimizning bu yorug‘ dunyoda shunday yashayotganimizni bilmas edik. Bir kuni yo‘lda tasodifan uchrashib qoldik va bu bizning so‘nggi uchrashuvimiz emasligiga o‘zimiz ham shubha qilmay ajralishgan edik. Bor gap shu... Kech kuzda safarga ketmoqda edim. Havo kishini zeriktiradigan tund edi. Osmondan qormi, yomg‘irmi, qandaydir mayda zarrachalar yog‘ardi. Tuman xuddi sumalak singari tog‘ yonbag‘irlari bo‘ylab chizilib ketgan edi. Butun yo‘l bo‘yi kabina oynasini artib turadigan cho‘tkani muttasil ishlatib qo‘yishga to‘g‘ri keldi. Men tog‘ oralab xiyla ichkariga kirib borib, Do‘lan dovoniga yaqinlashib qolgan edim. Eh, Do‘lan, Do‘lan, Tyan-Shanning bahaybat beli! Umrimning qanchadan qancha sahifalari u bilan bog‘liq! Qatnov yo‘limizning eng og‘ir, eng xavfli qismi ham shu yer edi. Yo‘l ilonizi bo‘lib, goh u yoqqa buriladi, goh bu yoqqa. Charxpalakda uchgandek tobora qiyalab yuqoriga ko‘tarilib, bulutlarni g‘ildirak bilan yanchib o‘tayotgandek bo‘lasan. Goh seni o‘tirg‘ichga siqib, orqaga jipslab qo‘yadi, goh rulga yopishganingcha mashina seni pastga olib qochadi. Buning ustiga quturgan tuyadek havosini aytmaysanmi. Yozmi-qishmi, Do‘landa, baribir. Bir zumda do‘lmi, yomg‘irmi savalab ketadi yoki bo‘lmasa, shunaqayam qor bo‘roni turib beradiki, bir qadam naridagi narsani ham ko‘ra olmaysan. Mana shunday bizning oq sochli Do‘lan!.. Ammo biz tyan-shanliklar unga ko‘nikib qolganmiz, ko‘pincha, tunda qatnardik... Men bularni hozir hikoya qilib beryapman, u yerdan qatnab yurgan paytlarda esa bu hakda o‘ylashga ham vaqting bo‘lmasdi. Do‘lan yaqinidagi daralardan birida yuk mashinasiga quvib yetib oldim. Bu «GAZ-51» mashinasi ekanligi aniq yodimda. To‘g‘rirog‘i, quvib yetganim yo‘q, uning o‘zi to‘xtab turgan ekan. Ikki kishi motorni tekshirish bilan ovora edi. Ulardan biri yo‘l o‘rtasiga bamaylixotir chiqdi-da, qo‘lini ko‘tardi. Yo‘lni to‘sib qo‘ymaslik uchun ulardan o‘tibroq to‘xtadim. Oldimga jiqqa ho‘l brezent plash kiygan, boshiga kapyushon yopingan kishi keldi. Yoshi qirqlarga borib qolgan, qo‘ng‘ir mo‘ylovi soldatchasiga cho‘tkasimon qilib qirqilgan, qovog‘i soliqroq, ko‘zlari esa muloyim tikilardi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling