Microsoft Word chingiz aytmatov qiyomat lot ziyouz com doc
Download 0.94 Mb. Pdf ko'rish
|
chingiz aytmatov -qiyomat roman
www.ziyouz.com kutubxonasi
73 olishdi. Hali oftob ufqqa botmagan, hammayoq yop-yorug‘ bo‘lsa-da, Lyonka vagonning bir chekkasida uyquga ketgan, boshqalar ham uxlamoqchi bo‘lib turardilar. Qandaydir arzimagan narsalarni gaplashib, chekib o‘tirgan choparlar birdan jim bo‘lib qolishdi, so‘ng Grishan tomonga qarab ko‘ya-qo‘ya allanarsani shivirlasha boshlashdi. — Quloq sol, Grishan,— deya unga qarata murojaat qildi Maxach,— biz bu yerda o‘tirib, umumiy majlis qilib qaror chiqardik. Bir oz kayf qilsak-chi, a? Vaqt hali bor, kayf qilamizmi? Menda, aziz tamada, shunaqangi bir olqindisi borki, voh-voh, bunaqasini faqat Bag‘dodning o‘g‘risi chekkan! Grishan Avdiyga: xo‘sh, qalay, deganday tezgina qarab oldi. Keyin birpas jim turdi-da, vaqt o‘tkazib, dedi: — Olaveringlar! Hammalariga jon kirib, Maxachni o‘rab olishdi. Maxach kurtkasining qaysi bir yeridan o‘sha Bag‘dod o‘g‘risi chakadigan olqindisini chiqardi. Uzunchok va katta papiros o‘radi, o‘zi birinchi bo‘lib tortdi, keyin yonidagilarga uzatdi. Har biri nasha tutunini ichiga huzur qilib tortib, so‘ng papirosni sherigiga cho‘zardi. Navbat Petruxaga yetganda, u tutunni ichiga yutoqib ko‘zlarini yumib, chuqur tortdi-da, so‘ng Avdiyga uzatdi: — Qani, Avdyas, sen ham bir tort! Sening qaering kam? Ma, chek! E, muncha o‘zingni opqochasan, qiz bolamisan, nima balo? — Yo‘q, Pyotr, men chekmayman, ovora bo‘lma! — Petruxaning ko‘lini qat’iy qaytardi Avdiy. Petruxa darrov ranjidi: — Hech popliging qolmadi-da! Qoyilman-e senga, pop-sop! Senga yaxshilik qilmoqchi bo‘lsak, sen bizdan irganasan! — Men irganayotganim yo‘q, Pyotr, to‘g‘rimas bu gaping! — Bor-e, senga gap uqdirib bo‘larmidi! — qo‘lini siltadi Petruxa va yana bir karra ichiga chuqur tortib, parirosni Maxachga berdi, u esa kavkazcha chaqqonlik bilan uni Grishanga uzatdi. — Endi, aziz tamada, sening navbating! So‘z senga! Grishan indamay uning qo‘lini nari surdi. — Mayli, o‘zing bilasan, o‘zing — xon, ko‘lankang — maydon! — achingan bo‘lib, boshini chayqadi Maxach, papiros yana davra aylana boshladi. Lyonka so‘rib-so‘rib chekdi, undan keyin malla Kolya, keyin Petruxa va yana Maxach. Ko‘p o‘tmay chekuvchilarning kayfiyatlari o‘zgara boshladi, ularning ko‘zlari goh tuman bilan qoplanar, goh yilt-yilt etib ketar, og‘izlarini qiyshaytirishib sababsiz iljayishar, o‘zlarini g‘oyatda baxtiyor sezishar, faqat Petruxagina haliyam ginasini unutmagan, ora-sira Avdiy tomonga norozi nazar tashlar, poplar o‘zi hammasi to‘ng‘iz bo‘ladi, deb to‘ng‘illardi. Grishan bir chekkada kursichasida chekuvchilarga bamaylixotir qarab o‘tirar, lablaridan ko‘pni ko‘rgan odamlarday kinoyali, takabbur, yanib qo‘yguvchi tabassum arimasdi. U vagonning ochiq eshigi oldida turgan Avdiyga dam-badam o‘qrayib o‘g‘rincha nigoh tashlar, qarashidan bo‘layotgan ishdan mamnunligi sezilar, shak-shubhasiz bularning bari pokdomon Avdiyga qanday ta’sir qilayotganligini fahmlab turardi. Avdiy Grishan choparlarga nasha chekishga ijozat berib, o‘ziga bir tomosha ko‘rsatmoqchi bo‘lganligini anglardi. Ko‘rib qo‘y, qanday bo‘larkin? Mening kuchim nimada ekanligini bildingmi? Sening yuksak intilishlaring bu battarinlik oldida qanchalar ojiz ekanligini endi tushundingmi? Garchi Avdiy o‘zini ularning qilg‘iliklari bilan ishim yo‘q deganday ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, lekin ichida Grishanga hech narsani qarshi qo‘yolmayotganidan, ojizligidan qat’iy o‘kindi. Choparlarni Grishanning ta’siridan qutqarish uchun amalda nima qilsa bo‘ladi, axir. Ana shunda Avdiy chiday olmadi. U g‘azabini yashirib, jilovlolmay qoldi. Petruxa papirosning oxirini chekish uchun yana unga tutganda, u o‘zini tutolmadi, nihoyat, yorildi. Papirosning qoldig‘i ham so‘rilavergandan xunugi chiqib ketgan, sarg‘ish-zaqqum tusga kirgandi. — Ol, Avdyas, muncha aftingni burasan, voy popni bolasi-ey! Men chin ko‘ngildan aytyapman. Hamma mazasi oxirida bo‘ladi, miyang qaymoqday oqib ketadi! — tiqilinch qilib qo‘ymasdi xira Petruxa. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling