Savol: Jinlar bor narsami?
Javob: Jinlar inson ko‘ziga ko‘rinmaydigan g‘aybiy narsa bo‘lib,
u haqiqatan mavjud
maxluqdir. Alloh taolo va Uning payg‘ambari xabar bergan, ammo bizga ko‘rinmaydigan
narsalar g‘aybiy sanalib, ularga imon keltirish islomiy aqidaning
asosi hisoblanadi va har
bir musulmon bunga imon keltirishi lozim.
Jinlarning mavjudligiga Qur’oni karimda dalillar ko‘p: «Ey Muhammad, eslang, Biz
sizning oldingizga bir guruh jinlarni Qur’on tinglasinlar, deb yuborgan edik» (Ahkof
surasi, 29-oyat); «Ey jin va ins jamoasi! Agar sizlar (Allohning jazosidan qochib)
osmonlar va yer chegarasidan o‘tib ketishga qodir bo‘lsangizlar, u holda o‘tib
ketaveringlar» (Ar-Rahmon surasi, 33-oyat); «Albatta insdan bo‘lgan (ayrim)
kishilar
jindan bo‘lgan kimsalardan panoh tilashib, ularga yanada haddan oshishini –
muttahamlikni ziyoda qilur edilar» (Jin surasi, 6-oyat).
Jinlarning mavjudligi va ularning tabiati haqida Payg‘ambarimiz Muhammaddan (a.s.)
ham bir necha hadislar rivoyat qilingan. Imom Muslim ibn Mas’uddan (r.a.)
ushbu
hadisni rivoyat qiladilar: «Biz bir tun Rasululloh (s.a.v.) bilan birga edik,
u kishini
yo‘qotib qo‘ydik... Tong otganda esa u zot Xiro tomondan keldilar. Biz: «ey Rasululloh,
biz sizni yo‘qotib qo‘yib izladik, lekin topa olmadik va eng yomon tunimizni o‘tkazdik»,
dedik. Shunda Rasululloh: «Menga jinlarning da’vatchisi keldi,
u bilan jinlarning oldiga
bordik. Men ularga Qur’on o‘qidim», dedilar».