Microsoft Word Кобилов. Иктисод назарияси. Дарслик лот doc


Download 2.93 Mb.
Pdf ko'rish
bet60/425
Sana19.10.2023
Hajmi2.93 Mb.
#1710630
1   ...   56   57   58   59   60   61   62   63   ...   425
Bog'liq
Qobilov Sh Iqtisodiyot nazariyasi darslik 2013

Davlat mulki – boylikni o‘z vazifasini ado etish uchun davlat 
tomonidan o‘zlashtirilishidir. Bu mulk davlat paydo bo‘lishi bilan 
vujudga keladi, ammo uning maqsadi va miqyosi o‘zgarib turadi. U 
xususiy va jamoa mulkidan o‘sib chiqadi, ya’ni ularga tegishli moddiy va 
ma’naviy ne’matlar davlat tasarrufiga o‘tadi. 
Davlat mulkining paydo bo‘lishi va rivojlanishi quyidagilar hisobidan 
bo‘ladi: 1) mulkning natsionalizatsiya etilishi (milliylashtirilishi), ya’ni 
xususiy mulkning davlat mulkiga aylantirilishi; 2) davlat mablag‘i 
hisobidan korxonalar qurilishi; 3) jamiyatda yaratilgan, ammo boshqa 
mulklarga taalluqli daromadlar bir qismining soliq undirish orqali davlat 
budjetiga olinishi. 
Davlatning xarakteriga qarab, unga tegishli mulk ayrim ijtimoiy 
guruhlarning tor egoistik manfaatlariga yoki umummilliy manfaatga 


 95
xizmat qiladi. Bu mulkning ahamiyati davlatning iqtisodiyotda tutgan 
o‘rni bilan bog‘liq. Gap shundaki, iqtisodiyotga ta’sir etish uchun davlat 
o‘z mulkiga tayanadi. Agar iqtisodiy o‘sish uchun davlat mulki zarur 
bo‘lsa, u kengayadi va aksincha zarurat bo‘lmasa, u qisqaradi. Serkapital, 
tezda yaxshi foyda bermaydigan, sarflar zudlik bilan oqlanmaydigan 
sohalar borki, u yerga xususiy yoki jamoa mulki sohiblari oshiqmaydi, 
ammo bu soha ular faoliyati, iqtisodiy o‘sishining umumiy sharti 
hisoblanadi. Shu sababli ular davlat tasarrufiga o‘tib, davlat hisobidan 
rivojlanadi. Katta kanallar, suv omborlari, gidrostansiyalar, yer, temir 
yo‘llar, yirik portlar, atom sanoati, kosmik sanoati va xizmati shular 
jumlasiga kiradi. Boshqa mulklar qatori davlat mulki obyektida ham turli-
tuman boylik bo‘ladi. Oliy hokimiyat organlari bu mulk subyekti 
hisoblanadi. O‘zbekistonda davlat mulkini tasarruf etishga Oliy Majlis va 
undan vakolat olgan organlar haqlidir. 
Turli mamlakatlarda davlat mulki, obyekti bir-biridan farq qiladi. 
Ko‘pchilik mamlakatlarda yer xususiy mulk obyektiga kiradi, 
O‘zbekistonda mulk to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra yer, suv, qazilmalar, 
o‘simlik va hayvonot dunyosi davlat mulki, deb e’lon qilingan. 
Davlat mulki ma’lum me’yorda bo‘ladi. Ammo totalitar iqtisodiyot 
tizimida o‘ta davlatlashtirish, davlat mulki monopoliyasi vujudga keladi. 
Davlat mulki tanho kuchga aylanadi, butun iqtisodiyot ustidan nazorat 
o‘rnatishga xizmat qiladi. Bunday holat iqtisodiy erkinlikka zid 
bo‘lganidan mulkni davlat ixtiyoridan chiqarish zaruriyatga aylanadi. 
Mulkdan begonalashtirilgan odamlar xarajatlar miqdoriga, ishlab 
chiqarilgan mahsulot sifati va taqdiriga ham befarq bo‘ladi. Bu esa turli 
suiiste’molliklar, talon-torojlar, qo‘shib yozishlar, hisobotlar va statistik 
ma’lumotlarni soxtalashtirishga olib keladi. Demokratik, aralash 
iqtisodiyot tizimida davlat mulki monopoliyasiga o‘rin qolmaydi, balki 
iqtisodiy zaruriyat belgilagan me’yorda saqlanadi, ustunlikka ega 
bo‘lmay, boshqa mulk shakllari bilan yonma-yon turadi. Davlatning 
iqtisodiyotdagi roli davlat mulkini talab qiladi, ammo iqtisodiyot bu 
mulkning hissasi, salmog‘i bilan o‘lchanmaydi. Rivojlangan 
mamlakatlarda davlatning mulkdagi hissasi qanday bo‘lishidan qat’i 
nazar, yaratilgan daromadning deyarli 50 foizi davlat orqali taqsimlanadi. 
Davlat umummilliy manfaatlarni ifodalovchi kuch sifatida iqtisodiyotda 
katta o‘rin tutadi. U daromadlarni, moddiy resurslarni, ish kuchini 
taqsimlashda faol qatnashadi. Xullas, aralash iqtisodiyot davlatning 
mulkdan chetlashuvi emas, balki davlatning mulkiy munosabatlarda 
ma’lum me’yorda ishtirok etishidir. 


 96
Davlat mulki faqat unga qarashli korxonalar mol-mulki bilan 
cheklanmaydi, unga davlat tashkilotlari mahkamalaridagi mol-mulk, 
davlat budjetining pul mablag‘lari, davlatga qarashli aksiyalar ham kiradi. 
Shuningdek, davlatning xorijda ham mol-mulki bo‘ladi. Davlat mulki 
boshqa mulklar bilan ham o‘zaro kirishib ketadi. Masalan, aksioner 
jamiyat aksiyasining asosiy qismi davlatniki bo‘lgani holda, qolgan qismi 
xususiy va jamoa mulki bo‘lishi mumkin. 
Totalitar iqtisodiyotdan bozor iqtisodiyotiga o‘tish davrida davlat 
mulkining mavqei kuchli bo‘ladi, chunki o‘ta davlatlashtirilgan mulkdan 
xilma-xil mulkchilikka o‘tish darhol yuz bermaydi. Buni O‘zbekiston 
tajribasi ham ko‘rsatib turibdiki, 1990-yildan boshlab O‘zbekiston 
iqtisodiyotida davlat mulki hissasining kamayib borishi kuzatiladi. Davlat 
mulki kuchli bo‘lsa-da, u o‘z ichidan o‘zgarib, bozor sharoitiga 
moslashadi, davlat korxonalari mustaqilligi, ular ishiga davlatning 
aralashuvi cheklanadi, korxona o‘z manfaati yo‘lida mustaqil faoliyat 
yurgizadi. Demak, davlat mulki saqlansa-da, u yangi iqtisodiy aloqalar 
ishtirokchisiga aylanadi. 
Davlat mulkining mavqei turli mamlakatlarning tanlagan yo‘liga 
bog‘liq. Hozir bozor iqtisodiyoti bosh, umuminsoniy yo‘l, ammo unga 
o‘tishning milliy xususiyatlari mavjud. Yangi iqtisodiyotga birdan o‘tilsa, 
davlat mulki shiddat bilan qisqaradi. Agar bu o‘tish sekin-asta borsa, 
davlat mulkining salmog‘i uzoq saqlanadi. Masalan, Vengriya, 
Chexoslovakiya va Polshada mulkni davlat tasarrufidan chiqarish tez 
bordi. Xitoyda esa davlat mulki saqlanmoqda. O‘zbekistonda mulkni 
davlat tasarrufidan chiqarish bosqichma-bosqich amalga oshirildi.
Turli shakldagi mulklar bir-biridan tamomila ajralib qolmaydi, 
ularning o‘zaro aloqasi faqat bozor orqali bo‘lmay, ular kirishib ham 
ketadi, natijada aralash mulk paydo bo‘ladi. Ammo u mulkiy monopoliya 
bor joyda shakllanmaydi, chunki buning uchun mulkiy erkinlik va tanglik 
bo‘lishi zarur. Shu sababdan keyingi davrda aralash mulkning paydo 
bo‘lishi tasodif emas. Aralash mulk muayyan bir obyektning turli mulkdorlar 
ishtirokida o‘zlashtirilishini bildiradi. U hozirgi ochiq tipdagi qorishma 
aksioner kompaniyalarida aniq ifoda etiladi. Bu yerda xususiy mulk
jamoa mulki va hatto xorijiy mulk hissadorlik asosida birlashadi. Mulk 
obyekti birlashgan holda ishlatilib, o‘z egalariga daromad keltiradi. 
Turli mulk shakllari alohidalashgan bo‘lsa-da, ularning yaxlitligi bor, 
chunki iqtisodiyot yagona faoliyat bo‘lib, mulkdorlar xatti-harakatining 
bir-biriga bog‘lanishini bildiradi. Shu boisdan barcha mulk shakllarining 
majmui mamlakatning milliy mulki bo‘ladi. Milliy mulk tanho bir millat 


 97
yoki elat mulkini bildirmaydi. U muayyan jamiyatdagi har xil ijtimoiy 
qatlamga mansub kishilar mulki va umummilliy manfaatlarni ifodalovchi 
davlat mulkining birligidir. Milliy mulk boylikning muayyan mamlakatga 
tegishli ekanligini bildiradi va shu bilan o‘zga davlatlar, ular firmalari va 
fuqarolariga qarashli mulk bo‘lgan xorijiy mulkdan farq qiladi. 

Download 2.93 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   56   57   58   59   60   61   62   63   ...   425




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling