Microsoft Word Меҳнат лотинда о м doc
- §. Moddiy javobgarlik tushunchasi va uning ahamiyati
Download 1.34 Mb. Pdf ko'rish
|
pdf mehnat.docx
3-
§. Moddiy javobgarlik tushunchasi va uning ahamiyati Moddiy javobgarlik deganda, mehnat shartnomasining bir tarafi (ish beruvchi yoki xodim) mehnat sohasidagi vazifalarni bajarish munosabati bilan boshqa tarafga yetkazgan zararini amaldagi qonunlarga muvofiq qoplashi tushuniladi. Mehnat shartnomasi yoki unga qo‘shimcha ravishda tuzilgan yozma shakldagi kelishuvda, shuningdek jamoa shartnomasida mehnat shartnomasi taraflarining moddiy javobgarligi aniqlashtirib qo‘yilishi mumkin. Bunda shartnoma bo‘yicha ish beruvchining xodim oldidagi javobgarligi Mehnat kodeksida nazarda tutilganidan kam, xodimning ish beruvchi oldidagi javobgarligi esa ko‘p bo‘lmasligi kerak. Zarar yetkazilganidan keyin mehnatga oid munosabatlarning bekor qilinganligi mehnat shartnomasi taraflarini moddiy javobgarlikdan ozod qilishga asos bo‘lmaydi. Mehnat qonunlariga muvofiq, moddiy javobgar shaxs – bu hisob berish sharti bilan o‘ziga ishonib topshirilgan qimmatliklarning but saqlanishini ta’minlamagan, vujudga kelgan zarar uchun to‘liq moddiy javobgar xodim. Moddiy javobgarlik belgilangan tartibda ish faoliyati o‘zlariga yuklatilgan qimmatliklarni saqlashdan iborat bo‘lgan xodim bilan ish beruvchi o‘rtasida tuzilgan alohida yozma shartnomaga yoki maxsus qonun aktlarida belgilangan qoidalarga muvofiq qoplanadi. Odatda moddiy javobgar shaxs bilan to‘liq javobgarlik to‘g‘risida yakka tartibda shartnoma tuziladi, ayrim turdagi ishlarni birgalikda bajarishda esa brigada moddiy javobgarligi joriy etilishi mumkin. Maxsus yoki professional tayyorgarlikka ega, 18 yoshga yetgan xodim moddiy javobgar shaxs bo‘lishi mumkin. Ularni ishdan bo‘shatish va boshqa ishga o‘tkazish bosh hisobchi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi. Moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarga sudning hukmi bilan bunday lavozimlarni egallash yoki muayyan faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilingan shaxslarni qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ilgari o‘g‘irlik, poraxo‘rlik va boshqa g‘arazli jinoyatlar uchun sudlangan shaxslar agar sudlanganlik olib tashlanmagan yoki bekor qilinmagan bo‘lsa, moddiy javobgarlik bilan bog‘liq ishlarga qabul qilinmaydi. Moddiy javobgarlik to‘g‘risidagi shartnoma – xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi bitimdir. Bunday shartnomalar mehnat shartnomasiga qo‘shimcha ravishda yozma shaklda tuziladi. Bunday shartnoma tuzgan xodim moddiy 133 javobgar shaxs hisoblanadi. Moddiy javobgarlik to‘g‘risidagi shartnoma o‘ziga berib qo‘yilgan qimmatliklarni saqlash, ishlatish, sotish (berish), tashish yoki ishlab chiqarish jarayoni bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan lavozimni egallovchi yoki ishni bajaruvchi muomala layoqatiga ega bo‘lgan xodim bilan tuzilishi mumkin. Amaldagi qonunchilikka binoan to‘liq moddiy javobgarlik to‘g‘risi- dagi yozma shartnomalar faqat markazlashgan tartibda tasdiqlangan maxsus ro‘yxatda nazarda tutilgan ishlar, lavozimlar uchun xodimlar bilan tuziladi. Yuqorida ta’kidlanganlarni hisobga olib, Mehnat kodeksiga binoan, to‘liq moddiy javobgarlik to‘g‘risidagi shartnomani tuzish mumkin bo‘lgan xodimlar toifasining ro‘yxati korxona ichki tartibi va jamoa shartnomalarida belgilanadi. Agar ular tuzilmagan bo‘lsa: ish beruvchi va kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoxud xodimlarning boshqa vakillik organlari o‘rtasidagi kelishuv bo‘yicha belgilanadi. Bunday lavozimlar va ishlarning turiga: kassirlar, yuklarni tashish bo‘yicha ekspeditorlar, moddiy boyliklarni saqlash uchun qabul qilish, saqlash, berish bo‘yicha hamda qimmatbaho metallar, toshlarni va ulardan qilingan buyumlarni sotib olish, sotish, almashtirish, tashish, yetkazib berish, shuningdek qishloq xo‘jalik va boshqa hayvonlarni parvarish qilish, saqlash va ko‘paytirishga doir ishlar kiritilgan. Mehnat kodeksining 186-moddasiga ko‘ra, mehnat shartnomasining bir tarafi o‘zining g‘ayriqonuniy aybli xulq-atvori (harakati yoki harakatsizligi) natijasida boshqa tarafga yetkazilgan zarari uchun amaldagi qonunlardan boshqacha holat nazarda tutilmagan bo‘lsa, moddiy javobgar bo‘ladi. Taraflarning har biri o‘ziga yetkazilgan moddiy zararning miqdorini isbotlab berishi shart. Xodimga yetkazilgan zarar uchun ish beruvchining moddiy javobgarligi deb, o‘z mehnat vazifalarini bajarishi jarayonida yoki mehnat qilish imkoniyatidan g‘ayriqonuniy ravishda mahrum etilganligi tufayli xodimga, boquvchisi ish bilan bog‘liq holda vafot etgan taqdirda esa, uning oila a’zolariga yetkazgan har qanday zararni, shu jumladan, ma’naviy zararni ham qonunda boshqacha holat nazarda tutilmagan bo‘lsa, to‘liq to‘lanishiga aytiladi. Mehnat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq ravishda xodim sog‘lig‘iga shikast yetkazishi, mayib bo‘lishi, kasb kasalligiga uchrashi tufayli unga yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash O‘zbekiston Respublikasi 134 Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 11-fevraldagi 60-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Xodimlarga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi tufayli yetkazilgan zararni ish beruvchilar tomonidan to‘lash qoidalari»da belgilab qo‘yilgan shartlarda va tartiblarda amalga oshiriladi. Ish beruvchi xodimlar sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni to‘lashi shart. Xodimning mehnatdan mayib bo‘lishi, kasb kasalligiga chalinishi yoki u o‘z mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda sog‘lig‘ining boshqacha tarzda shikastlanishi sababli yetkazilgan zararni ish beruvchi to‘liq hajmda to‘lashi shart. Ma’naviy zarar (jismoniy yoki ruhiy azoblar) pul yoki boshqa moddiy shakllarda hamda ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq ravishda, xodim vazifalarni bajarish bilan bog‘liq holda vafot etgan taqdirda esa ish beruvchi bilan vafot etgan xodimning oila a’zolari o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq ravishda belgilangan miqdorda qoplanadi. Agarda ma’naviy zararni qoplash yuzasidan nizo kelib chiqqan taqdirda, bu masala sudda ko‘rib chiqiladi. Xodim mehnat qilish imkoniyatidan g‘ayriqonuniy ravishda mahrum etilgan barcha hollarda ololmay qolgan ish haqini ish beruvchi unga berishi shart. Ish beruvchining bunday majburiyati, agar ish haqi ishga qabul qilishda g‘ayriqonuniy ravishda rad etilganligi, xuddi shunday yo‘l bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi yoki xodim g‘ayriqonuniy ravishda boshqa ishga o‘tkazilganligi va mehnat nizolarini ko‘ruvchi organning bunday ishlar yuzasidan chiqargan qarori o‘z vaqtida bajarilmaganligi, mehnat daftarchasini berish kechiktirilganligi, turli yo‘llar bilan xodimning sha’niga dog‘ tushiruvchi ma’lumotlar tarqatilganda kelib chiqadi. Ish beruvchi, shuningdek xodim mehnat jarayonida mayib bo‘lishi, kasb kasalligiga chalinishi yoki u o‘z mehnat vazifalarini bajarayotganda salomatligiga boshqacha tarzda shikast yetganda ham zararni to‘liq hajmda qoplashi shart. Xodim ish beruvchining hududida ham, uning tashqarisida ham mehnatda mayib bo‘lsa, shuningdek ish beruvchi tomonidan ajratilgan transportda ish joyiga kelayotgan yoki ishdan qaytayotgan vaqtda shikastlansa, yetkazilgan zarar uchun ham ish beruvchi moddiy javobgar bo‘ladi. 135 Agarda ish beruvchi zarar uning aybi bilan kelib chiqmaganligini isbotlab berolmasa, unda uni to‘lashi shart. To‘lanishi lozim bo‘lgan zarar jabrlanuvchining mehnatda mayib bo‘lishiga qadar olgan o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan foiz hisobida, uning kasbga oid mehnat qobiliyatini yo‘qotganlik darajasiga muvofiq belgilanadigan har oylik to‘lovdan sog‘lig‘iga shikast yetkazishi bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlarning kompensatsiyasidan, shuningdek qonunlarda nazarda tutilgan hollarda esa, bir yo‘la beriladigan nafaqadan iboratdir. Xodimning kasbga oid mehnat qobiliyatini yo‘qotganlik darajasi va uning qo‘shimcha yordam turlariga muhtojligi tibbiy mehnat ekspertiza komissiyasi (TMEK) tomonidan aniqlanadi. Zarar o‘rnini qoplash uchun to‘lovlarni tayinlashda jabrlanuvchi olayotgan ish haqi, stipendiya, pensiya va boshqa daromadlar hisobga olinmaydi. Bunda mehnatda mayib bo‘lgan jabrlanuvchilar nogironlarga zararni qoplash uchun to‘lanadigan summa qonun hujjatlarida belgilangan eng kam ish haqi miqdorining 50 foizdan oz bo‘lishi mumkin emas. Mehnat qonunlarida xodimning sog‘lig‘iga shikast yetkazilganida mehnat shartnomasi taraflarning aralash javobgarligi ko‘rsatilgan bo‘lib, agar jabrlanuvchining qo‘pol ehtiyotsizligi zararning kelib chiqishi yoki ko‘payishiga sabab bo‘lsa, to‘lanishi lozim bo‘lgan zarar miqdori jabrlanuvchining aybi darajasiga qarab muvofiq ravishda kamaytiriladi. Jabrlanuvchi tomonidan qo‘pol ehtiyotsizlik qilingan va ish bajaruvchining aybi bo‘lmagan hollarda, javobgarlik kelib chiqadigan bo‘lsa, uning aybidan qat’i nazar to‘lanadigan zarar miqdori ham shunga muvofiq tarzda kamaytiriladi. Bunday vaqtda zararni to‘lashni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Aralash javobgarlik to‘lanishi lozim bo‘lgan zararning qo‘shimcha turlariga, bir yo‘la beriladigan nafaqaga, shuningdek zararni boquvchining vafoti munosabati bilan zararni to‘lash hollariga tatbiq etilmaydi. Qonunga binoan xodim mehnatda mayib bo‘lishi, kasb kasalligiga chalinishi va mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda vafot etgan bo‘lsa, ish beruvchi marhumning qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga, shuningdek 16 yoshga to‘lmagan yoki u vafot etgan kunga qadar undan ta’minot olish huquqiga ega bo‘lganlarga, marhumning vafotidan keyin tug‘ilgan farzandiga, ota-onasidan biriga, umr yo‘ldoshiga yoki oilaning boshqa a’zosiga, agar u ishlamasdan marhumning uch yoshga to‘lmagan bolalari (ukalari, singillari) yoki nabiralarining parvarishi bilan band bo‘lsa, zararni to‘lashi shart. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling