44-bob. Odamlar «Yomg'ir so'rab beringiz!» deb iltimos qilsa, imom rad
qilmasligi lozim
Anas ibn Molik rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam huzurlariga bir
kishi kelib: «Yo Rasululloh, chorva halok bo'ldi, ko'chalar huvillab qoldi, Ollohdan so'rab
beringiz, bizga yomg'ir bersin!» - dedi. Janob Rasululloh duo qilib edilar, jum'adan
jum'agacha yomg'ir yog'di. So'ng, bir kishi kelib: «Yo Rasululloh, uylar buzilib ketdi,
ko'chalar huvillab qoldi, chorva qirilib ketdi»,-dedi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi
va sallam: «Ilohi, tog' ustiga, tepaliklar va vodiylarga, ekinzor va o'tloqlarga
yog'dirg'il!»-dedilar. Bulut «echilgan kiyimdek» Madinani tark etdi».
45-bob. Mushriklar qahatchilikda musulmonlardan shafqat qilishni
so'raganda...
Masruq raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Ibn Mas'udning huzurlariga borgan erdim,
menga quyidagi hadisni aytib berdilar: «Quraysh ahli islomga kirmoqni paysalga soldi.
Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ularni duoi bad qilib, Olloh taolodan
qahatchilik va qurg'oqchilik yuborishini so'radilar. Quraysh ahli o'sha yillarda halokatga
uchrab, hatto o'limtik va suyaklargacha yedi. So'ng, Abu Sufyon kelib: «Ey Muhammad
sallallohu alayhi va sallam, bizga doimo rahm-shafqatli bo'lmoqni buyurdingiz, Quraysh
ersa, sizning qavmingiz, ular qurg'oqchilik va qahatchilikdan halokatga uchrayapti. Olloh
taolodan ularga najot tilangiz!» - dedilar. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam
«Osmonni tutun qoplaydirgan kunni kutg'il!...» degan oyatni o'qidilar. Mazkur kunlar
o'tib ketgach, mushriklar yana kofirlik qilaverdilar., Bunga nisbatan Olloh taolo:
«Kofirlarni qattiq jazolab, qasos oladirgan kun kelg'aydir, kutg'il!»-dedi. Badr urushi
bo'lgan kun - o'sha kun erdi».
Mansur raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Olloh
taolodan yomg'ir so'rab duo qildilar, Olloh taolo yetti kun yomg'ir yog'dirdi. Odamlar
yomg'ir ko'p yog'ayotganidan shikoyat qilishdi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam:
«Ilohi, atrofimizga yog'dirg'il, ustimizga yog'dirmag'il!» - deb iltijo qildilar. Bulut Madina
ustidan tarqab ketib, faqat shahar atrofiga yomg'ir yog'di».
Do'stlaringiz bilan baham: |