81-bob. Muhaddisning qabr oldida va'z aytmog'i va tinglovchilarning uning
atrofida to'planib o'tirmogi
Hazrat AN rivoyat qiladirlar: «Baqi' ul-G'arqad degan joyda janozada bo'ldik. Shunda
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bizning oldimizga kelib o'tirdilar, biz esa atroflarida
o'tirdik. Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning qo'llarida hassalari bor erdi. Janob
Rasululloh boshlarini quyi solib fikr qildilar, so'ng hassalari birlan yerni to'qillatib:
«Orangizda jannatdagi hamda do'zaxdagi o'rni oldindan belgilab qo'yilmagan va baxtli
yokim baxtsizligi peshonasiga yozilmagan birorta ham kishi yo'qdir»,— dedilar. Shunda
bir kishi turib: «Yo Rasululloh, undoq bo'lsa, taqdirga tan berib, yaxshi ishlarga qo'limiz
bormay qolmag'aydirmi? Oramizda kimki azaldan baxtli qilib yaratilgan bo'lsa, u turgan
gapki, baxtli kishilarga xos ishlarni qilgaydir, ammo peshonasiga azaldan baxtsizlik
bitilgan kishi ersa, ma'lumki, baxtsiz kishilarga xos ishlarni qilgaydir»,— dedi. Janob
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Baxtli kishilarga baxt keltirguvchi ishlar,
baxtsizlarga ersa, baxtsizlik keltirguvchi ishlar muyassar bo'lg'aydir»,- dedilar. So'ng:
«Fa ammo man a'to va-t-taqo» degan oyatni o'qidilar.
82-bob. O'zini-o'zi o'ldiruvchilar xaqidagi hadislar
Sobit ibn az-Zahhok raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va
sallam: «Kimki islom dinidan boshqa dinni o'rtaga qo'yib, ataylab yolg'ondan qasam
ichg'aydir, o'sha o'zi aytgan dinga mansub bo'lib qolg'aydir. Kimki o'zini temir birlan
o'ldirg'aydir, o'shal temir birlan unga jahannamda azob berilg'aydir»,- deganlar».
Hasan raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Jundub raziyallohu anhu bizga mana shu
masjidda hadis aytib bergan erdilar, biz uni hali unutganimizcha yo'q. Biz, Jundub
raziyallohu anhu Rasululloh sallallohu alayhi va sallam haqlarida yolg'on gap aytadirlar,
deb ham qo'rqmag'aymiz. U kishining aytishlaricha, Janob Rasululloh bunday deb aytgan
erkanlar: «Bir kishi o'zini-o'zi jarohatlab o'ldirdi. Shunda Olloh taolo: «Bandam mendan
ilgari o'z jonini o'zi oldi, uni men jannatdan mahrum qildim!»-dedi».
Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam:
«O'zini-o'zi bo'g'ib o'ldirgan odamni do'zaxda bo'g'ishg'aydir va o'ziga-o'zi pichoq urib
o'ldirgan odamni do'zaxda pichoqlashg'aydir»,- dedilar».
Do'stlaringiz bilan baham: |