63-bob. Masjid qurilishiga hashar qilish
Olloh taolo bunday deydi: «Mushriklarning, o‘zlarini kofir erkanliklarini bila turib, Olloh
taoloning masjidlarini obod qilmoqlari foydasizdir. Ularning barcha qilgan ishlari bekor
ketgandir (savobi yo‘qdir), ular do‘zaxda (otashda) abadiy yong‘aydirlar, Olloh taoloning
masjidlarini, Ollohning birligiga, oxirat kunining haqligiga ishongan, namoz o‘qiydirgan,
zakot bergan va Ollohdan boshqa hech kimdan qo‘rqmagan kishilargina obod qilg‘aydir.
Shoyad o‘shalar hidoyat topgan (eng to‘g‘ri yo‘lda yashag‘an) ersalar!».
Ikrima bunday deb rivoyat qiladilar: «Ibn Abbos men va o‘g‘illari Aliga: «Boringiz, Abu
Sa’iddan hadis eshitingiz!» — dedilar. Biz bordik, u kishi bog‘da ishlayotgan ekanlar,
ridolarini olib, unga o‘randilar-da, bizga hadis ayta boshladilar, to Masjid un-Nabiy binosi
qurilishigacha gapirib berdilar, so‘ng: «Biz g‘ishtni bitta-bittadan ko‘tarar erdik, Ammor
esa ikkita-ikkitadan ko‘tarar erdi. Shu payt Rasululloh uni ko‘rib qoldilar-u, ustidagi
changni qoqib: «Ammorning holiga yuy! Ammor ularni jannatga da’vat qilur, ular ersa
Ammorni do‘zaxga da’vat qilmoqdalar»,— dedilar. Shunda Ammor: «Fitnalar balosidan
Ollohning o‘zi asrasin meni!—deb qo‘ydi»,— dedilar.
64-bob. Usta va hunarmandlardan masjid va minbarlarni tuzatishda yordam
so‘ramoq
Sahl ibn Sa’id naql qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Duradgor
g‘ulomig‘a buyursin, menga o‘rindiq yasab bersin!»—deb bir ansoriy ayolga odam
yubordilar».
Jobir raziyallohu anhu quyidagi hadisni aytib berdilar: «Bir xotin Rasululloh sallallohu
alayhi va sallamga: «Yo Rasululloh, sizga bir o‘rindiq yasatib beraymi, chunki mening
duradgor g‘ulomim bor»,— dedi. Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Agar
istasang, mayli»,— dedilar. So‘ngra u xotin o‘rindiq yasatib berdi».
65-bob. Masjid qurgan kishi fazilati xususida
Usmon Zunnurayn bunday degan ekanlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning
masjidlarini ta’mirlamak paytida odamlar turli g‘iybat gaplarni ayta boshladilar. Usmon
raziyallohu anhu ularga: «Sizlar gapni ko‘paytirib yubordingiz, men Rasululloh sallallohu
alayhi va sallamning «Kimki (shu suhbatda bo‘lgan Bakir. «Ollohning rizoligini istab,
degan edi shekilli»,— deydilar) masjid qurg‘aydir, Olloh taolo jannatda unga shunga
o‘xshash qasr barpo qilg‘usidir, deganlarini eshitganman»,— dedilar».
Sahihi Buxoriy. 1-jild. Imom Ismoil al-Buxoriy
Do'stlaringiz bilan baham: |