Microsoft Word shaytanat2 ziyouz com doc
Download 0.8 Mb. Pdf ko'rish
|
www.ziyouz.com kutubxonasi
101 — Omadingni bersin... — Shunday deb go‘shakni joyiga qo‘ydi. Avvaliga Jamshidning betoqatlik qilganiga achchiqlandi. Keyin uning ahvoliga tushundi. U hali o‘zining «dorga osilib, so‘ng murdasi yoqib yuboril-gani»ni bilmaydi. Bilgani — Asadbekning g‘azabga minib, uni o‘limga hukm etib yuborgani. Nimaga g‘azablandi — hech kimga aniq ma’lum emas. Chuvrindi Asadbek bilan birga Elchinnikiga borgach, Zaynabga aloqador bir ish bo‘lganini fahmlagan, ammo gumonga suyanib ish ko‘rmaslikni odat qilgani uchun bu taxminga ishonib-ishonmaydi. Shu fikr dastlab xayoliga kelganida «Nahot Jamshid shu darajada ahmoq bo‘lsa!» deb ajablandi. Xayrlashar mahalidagi Jamshidning javdiragan ko‘zlariga boqib «yo‘q, bunday qilishi mumkin emas», degan to‘xtamga keldi. Asadbek o‘shanda buyruqni qat’iy tarzda bergan edi. Muhlat ham oz — hukm ertalabgacha ijro etilmog‘i shart. O‘ylashga, mulohaza yuritishga fursat yo‘q. Buyruq berilishi bilan Chuvrindi: «Balki ablahlik qilgandir, lekin dunyoda undan besh battar ablahlar yashab yurganida u ham tirik qolsa bo‘lardi», degan aniq bir to‘xtamga keldi. Lekin uning jonini qanday saqlab qolish kerak — shu muammo yechilmog‘i lozim edi. Asadbekni fikridan qaytarish qiyin. Yagona yo‘l — o‘likxonadan egasiz o‘lik sotib olish. Chuvrindi bu yo‘lning to‘g‘ri ekaniga shubha bilan qaradi, oxir-oqibat katta tashvishlarga taqalishini ham oldindan ko‘ra bildi. Ammo o‘sha damda boshqa chorasi yo‘q edi. Bu ishga o‘zlarining yigitlarini aralashtirishmadi. Jamshidni Chuvrindining o‘zi kuzatdi. Ikkita kavkazlikni yoniga olib, murdani Kesakpolvon topib keldi. Murda yonayotgan mahaldayoq Chuvrindi o‘zicha «bu — ikkinchi xato» deb qo‘ydi. Shilimshiqning osilib turishini ham u ma’qullamagan edi. «O‘ldirdi, o‘chini oldi, xumordan chiqdi, endi murdani yo‘qotib yuborish kerak», dedi. Lekin uning gaplariga quloq osmadilar. «Elchin shuni ma’qul ko‘ribdimi, osilib turaversin», dedilar. Mana endi Zohid Sharipov degani kavlashtirib yotibdi. Chuvrindi undan qo‘rqmaydi, ishning o‘zlari o‘ylaganlaricha yopilishiga ishonadi, ammo ungacha ancha bezovta bo‘lib yurishi yoqinqiramaydi. Zohidning chaqiruvidan so‘ng nozik akaxonlaridan biriga buni aytdi. U «rasm-rusmlarni qilish kerak-da. Xo‘p, deb turing, bir oz kavlashtirib xumordan chiqsin. Sal og‘sa o‘zimiz to‘g‘rilab qo‘yamiz», deb tinchlantirdi. Hozir Jamshid bilan gaplashganidan so‘ng o‘yga tolib, mana shularni esladi. 3 Elchin Hosilboyvachchanikidan chiqqach, o‘ylab o‘tirmayoq shahar markazidagi uch qavatli uy tomon yo‘l oldi. Bo‘tqaga uchrashib, Chuvrindining uyida ekanini aniqladi. Bu kun Chuvrindi Hovuz polvonning iltimosini bajarish bilan ovora bo‘lib, yaxshilikka olib boruvchi yo‘l topgan, ishni yuritish uchun yigitlardan birini endigina Farg‘onaga jo‘natib, ko‘ngli tinchigan holda uyga qaytgan edi. Hali bir piyola choy ichishga ulgurmay, eshikdan kirib kelayotgan Elchinni ko‘rib, hayron bo‘ldi. — Ha, Hofiz, tinchlikmi? — dedi uni uyga boshlab. Elchin Chuvrindi ko‘rsatgan joyga o‘tirib, muddaoga ko‘chib qo‘ya qoldi. Halimjon Chuvrindini ham qiziqtirib qo‘ydi. Yo‘q, unda yigitni darhol xizmatga olish fikri tug‘ilmadi. Chuvrindi bunaqa holda arqonni uzun tashlaydi. Kimgadir yaxshilik qiladi. Ana shu paytda burunga burunduq ilishni ham unutmaydi. Vaqti-soati yetib, lozim bo‘lganda burunduqni asta tortadi. Jamshidni qamoqdan barvaqt chiqishiga yordam berganida ham uning sadoqatli yigit bo‘lishini o‘ylamagan edi. «Chiqaversin-chi, balki foydasi tegar», deb xayol qilgandi. Jamshid o‘sha yaxshilikka sadoqat bilan javob berdi. Asadbek Jamshiddan so‘ng boshqa yigitlarni yoqtirmay turibdi, balki shu ma’qul bo‘lar, degan fikr xayolini yoritib, Hosilboyvachchaga qo‘ng‘iroq qildi: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling