Microsoft Word shaytanat2 ziyouz com doc
Download 0.8 Mb. Pdf ko'rish
|
www.ziyouz.com kutubxonasi
200 Xongirey aytadigan gapini aytib bo‘lgan edi. Shu bois o‘rnidan turib, xayrlashib chiqdi. U ketgach, Asadbek anchagacha indamay o‘tirdi. Chuvrindi «Xongirey nima uchun kelibdi?» deb so‘ramadi. Agar Asadbek lozim topsa o‘sha gapni o‘zi aytadi. Lozim topmadimi, so‘rashning o‘zi ortiqcha. Chuvrindi Moskvaga kelib Asadbekning ikki siridan ogoh bo‘la olmadi. U uchun doktor Xudoyorning suhbati ham qorong‘iligicha qoldi. Restorandan qaytishgach, Asadbek Chuvrindini xonada qoldirib yana doktor Xudoyor huzuriga chiqdi. Telefonda o‘g‘illari bilan gaplashdi. Ularning to‘yga mayllari borligini bilgach, «onang bilan boramiz, kelmay turinglar», deb rizoligiga shama qildi. Chuvrindi Asadbekning Manzura bilan gaplashganidan ham bexabar, «doktor Xudoyorning gaplarini aytib, yangamni tinchitib qo‘ysakmikin», degan edi Asadbek unga ola qarash qilib «yangang tinch o‘tiribdi», deb to‘ng‘illadi. Chuvrindi Xongirey chiqib ketganidan beri indamay o‘tirgan Bek akasiga achinib qaradi. Dardiga malham bo‘lgisi keldi. Lekin bu o‘jar xojasi uni yaqin yo‘latgisi yo‘q. Boshqa payt bo‘lganida Chuvrindi bu holatga zo‘r ahamiyat bermas edi. Hozir, vrachning xulosasini eshitib kelgan choqda, garchi bu xulosaga ishongisi kelmasa-da, o‘zi uchun ota kabi yaqin bo‘lmish bu odam dardiga befarq qaray olmas edi. U ora-sira Asadbekka zimdan, o‘g‘rincha qarab «nahot shunday odamning umri shu qadar qisqa bo‘lsa?» deb o‘ylardi. Asadbek uning o‘g‘rincha boqishlarini sezib o‘tirardi. «Mendan gap kutyapti. Avval o‘zim o‘ylab, pishitib olay, unga aytmasam, yana kimga aytaman?» — Choy chaqirtiraymi? — dedi Chuvrindi uzoq cho‘zilgan sukutdan betoqat bo‘lib. — Chaqirtir, tashqariga chiqqim yo‘q,— dedi Asadbek muloyimlik bilan. Chuvrindi navbatchi ayolga pul berib, nimalar keltirish lozimligini aytgach, darrov iziga qaytdi. U ichkari kirishi bilan Asadbek qarorini ma’lum qildi: — Tungi samolyotda qaytamiz. Tayyorgarlikni ko‘rib qo‘y. — Mehmon ertaga ketadi shekilli, kuzatmaymizmi? — U manziratga tushunmaydiganga o‘xshaydi. Xafa bo‘lmaydi. Sen hozir Haydar akangga qo‘ng‘iroq qil, borgunimizcha bilib qo‘ysin: Hosil yaqin orada Moskvaga kelib ketmadimi yo Xongireyning odamlari biz tomonlarga borib u xunasa bilan uchrashishmadimi? Chuvrindi shu gapning o‘zidanoq Xongireyning maqsadini anglaganday bo‘ldi. Telefonga yaqin o‘tirishi bilan Asadbek qarorini o‘zgartirdi: — Avval Kozlovni top menga. Haydarga keyin aytasan. Kozlovni topish oson bo‘lmadi. Chuvrindi Asadbek izlayotganini ma’lum qilgach, bir soatdan so‘ng uning o‘zi qo‘ng‘iroq qildi. — Sog‘lig‘ing qalay? — deb so‘radi u Asadbekdan. — Yaxshi. Hozir Xongirey bilan gaplashdim. — Tushundim... Senga avvalroq aytishim kerak edi. Mazang qochgani uchun indamagan edim. Qisqasi, Hosil degan bilan aloqa qilishimni istayapti u. Men hech qanaqa Hosil deganni bilmayman, deb turibman. — Sen u bilan o‘chakishma. Xo‘p, deyaver. Bu yog‘ini menga qo‘yib ber. Shu bilan masala hal bo‘ldi. Chuvrindi Kozlovning gaplarini eshitmagan bo‘lsa-da, masalaning jiddiyligini, Hosilboyvachcha Xongirey bilan yaqinlashib, Asadbekni yiqmoq qasdida ekanini fahmladi. Agar vrachning gaplari to‘g‘ri chiqsa, masala aql bovar qilmas darajada jiddiylashadi. Chuvrindi uchun ham hayot-mamot masalasi ko‘ndalang tushadi. U Haydar akasi bilan birlashgan taqdirda ham Hosilboyvachchaga teng kelolmasligini biladi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling