Microsoft Word shaytanat2 ziyouz com doc
Download 0.8 Mb. Pdf ko'rish
|
www.ziyouz.com kutubxonasi
33 degan edi. Bilib qo‘y, non bergan kafanlik ham beradi, mozoridan joy ham beradi. Seni qara-yu, yana o‘zbekman, deysan. O‘zbek bo‘lganingda o‘likning ustida bunaqa majlis qilib o‘tirmasding. Mashinangni ber, Ahadbey ikkalamiz tushamiz. — Yaxshi, mashina beraman, — dedi vakil, — omma, men sizlarni ogohlantirdim. Bir gap bo‘lsa men ikki kishi uchun javobgar emasman. — Qo‘rqma, xo‘jayin, menga tegishmaydi. Men chechenman. O‘ldirishsa, mana, Ahadbeyni o‘ldirishar. Bir kishiga javob berasan. — Biz ham boramiz, — dedi qariyalardan biri, — ikkoving sho‘ppayib ko‘tarib borasanlarmi? — Sizlar shu yerda duo qilib o‘tiringlar. Ikkovimiz sho‘ppayib qolmasmiz. Zelixon aytganiday bo‘ldi. Ular yuk mashinasida yo‘lga chiqdilar. Xotinlar qiy-chuv bilan qoldilar. Zelixon dafn marosimi qanday bo‘lishini yaxshi bilmas edi. — Hozir qayoqqa boramiz? — deb so‘radi Zelixon Ahadbeydan. — Qishloqqa, — dedi Ahadbey uning savolidan ajablanib, — o‘zing aytding-ku. — Qishloqqaligini bilaman. To‘g‘ri mozorga olib bormaymiz-ku? — Ha... balki machitga borarmiz? Qishloqqa kiraverishda uchragan birinchi kishidan «machit qaerda?» deb so‘rashdi. U berilgan savolga avval tushunmaganday bo‘ldi. Qayta so‘rashgach, bosh irg‘ab «qishloqda machit yo‘q», deb javob berdi. Zelixon bilan Ahadbey «endi nima qildik?» degan ma’noda bir-birlariga qarab oldilar. — Choyxona bormi? — deb so‘radi Zelixon yo‘lovchidan. — Bor-da. To‘g‘riga yurib chapga burilsang‘iz guzarga chiqasiz. Choyxona ashatda. Hovuz labidagi so‘rida ikki oqsoqol nonushta qilib o‘tirardi. Ahadbey mashinada qolib, Zelixon tushdi-da, ularga yaqinlashib, salom berdi. Chollar o‘rinlaridan turib, qo‘shqo‘llab so‘rashgach, mehmonni nonushtaga taklif qildilar. Mehmon o‘tirib, fotiha o‘qilgach, unga choy tutdilar. Zelixon choydan bir ho‘pladi-da, muddaoga ko‘chmoqchi bo‘ldi: — Otalar, men chechenman, anavi mashinada qolgan sherigim — turk, — dedi. Siyrak soqolli chol kulimsiradi. — Mehmon, sizning kimligingizni so‘raganimiz yo‘q-ku? Chechenmisiz, boshqamisiz, bizga mehmonsiz, bizga shunisi bas. — Rahmat, ota, zamon alg‘ov-dalg‘ov bo‘lganiga shunaqa devdim. — E mehmon, zamonni qo‘yavering, hozir diydor g‘animat. Nasibangizda bor ekan, qishlog‘imizga keldingiz. Bir piyola choy ichdingiz. Nasibangizda bo‘lmasa, tuya so‘yib chaqirsak ham kelmagan bo‘lardingiz. Sherigingizni ham chaqiring, choy ichsinlar, nimaga tushmayaptilar. — Mashinada yana bir odam bor... Sherigimning otasi... — Xastamilar, yotibdilarmi? — Jon berdilar yaqinda, namoz o‘qib turib... Turklar adirda, bilarsizlar. Ko‘mish kerak, musulmoncha qilib. Qariyalar «Olloh rahmat qilsin», deb yuzlariga fotiha tortdilar. — Otalar, xafa bo‘lmaysizlar, bir gap aytay? — Hech qanaqa gap aytmang, mehmon, biz tushundik. Siz choy ichib o‘tiring, xo‘bmi, qani, Sotvoldi, tur. — To‘xta, hovliqmasang-chi, gaplari bo‘lsa aytsinlar. Mehmon, ranjimang, Hayitali tog‘angiz sal shunaqaroq. Aytovring gapingizni. — Aytmoqchimanki... chiqimini to‘laymiz. — Astag‘firulloh! — dedi Hayitali oqsoqol. — Sotvoldi, eshitdingmi? Shunaqa gap chiqishini bilganim uchun aytmang, devdim. Endi mehmon, aytishga-ku, aytdingiz, a? Endi picha uyaling. Bizlarni kim deb o‘yladingiz? |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling