Microsoft Word shaytanat2 ziyouz com doc
Download 0.8 Mb. Pdf ko'rish
|
VIII b o b
1 Zelixon televizorni jahl bilan mushtlagan mahalda Asadbek o‘z uyida a’yonlari qurshovida o‘tirar edi. U ham muxbirning gaplaridan g‘ijinib, so‘kindi. Kesakpolvon e’tiborsiz holda, Chuvrindi esa jag‘ini mushtiga tirab, diqqat bilan quloq tutardi. Muxbirning so‘zlari tugab, Maskovdagi Oliy kengash sessiyasi ulandi. Farg‘onaga kelib ketgan rahbar deputatlar talabi bilan so‘zga chiqib tushuntirish bera boshladi. «Janjal qulupnoydan chiqdi», deb ishontirmoqchi bo‘lganida Asadbek uning yetti pushtini o‘qib tashladi. — Mahmud,— dedi u,— hozir shu televizorni qancha odam ko‘rib turibdi? — Bir-ikki yuz million bordir? — deb javob berdi Chuvrindi, diqqatini bo‘lmagan holda. — Bir o‘zi shuncha odamni ahmoq qila olaman, deb o‘ylayaptimi? — Gapiga ishonmayapsanmi? — dedi Kesakpolvon suhbatga qo‘shilib. — Sen ishondingmi? Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik www.ziyouz.com kutubxonasi 69 — Ishondim nimayu ishonmadim nima? — Ha senga baribir. Sen ishqi yo‘q eshak, dardi yo‘q kesaksan. — Sal pastroq tush,— dedi Kesakpolvon sal ranjigannamo ohangda. — Pastga tushsam, tushmasam, shunaqasan. Kecha deputatga qo‘shib seni jo‘natsam bo‘larkan. — Qayoqqa? — Farg‘onaga? — Ketdimi? — dedi Chuvrindi, televizordan ko‘z uzib. — O‘chirib qo‘ya qol,— dedi Asadbek. Chuvrindi buyruqni bajargach, kechagi voqeani aytib berdi: — Kechga yaqin telefon qilib qoldi. «Aka, ahvol chatoq, men bilan Farg‘onaga borib kelmasangiz bo‘lmaydi», deydi hovliqib. «Nima gap?» desam, «yo‘lda tushuntirib beraman, aeroportga kelavering», deydi. Ahmoq bo‘lib boribman. «Siz u tomonlarda ko‘p odamlarni taniysiz. Meni o‘sha yerdan saylashgan bo‘lsa ham hech kimni tanimayman, yonimda yuring», deydi. Qip-qizil ahmoq, o‘sha deputating. Onasini uchqo‘rg‘ondan ko‘rsatmoqchi bo‘ldimu, joyi emas, dedim. — Yaxshi qilibsan, bu to‘polonni tinchitish bizning ishimiz emas,— dedi Kesakpolvon. — Sizni bir baloga giriftor etishi mumkin edi,— dedi Chuvrindi. — Ha-da! O‘sha zahoti Akademikning gaplarini esladim. Balo ekan, u Akademik! O‘shandayoq sezgan ekan-a. Men borguday bo‘lsam, bizning bo‘ynimizga ilib qo‘yishlari ham mumkin edi. Bundan qutulib bo‘lmaydi. Katta g‘allamislikning isi kelib turibdi. Anavi dumbulning «qulupnaydan chiqqan janjal», deb turishini qara! — Bularga aralashmaslik kerak. Siyosatdan uzoqroq yuraveraylik,— dedi Kesakpolvon.— Bizning siyosat mana bu,— u shunday deb cho‘ntagiga shapatilab qo‘ydi. — Cho‘ntak hamisha to‘lib turishi uchun bu siyosat qayoqqa borib, qaerda burilishini aniq bilib turishi kerak,— dedi Chuvrindi.— Bularning o‘zgarishini vaqtida payqamay qolsangiz, bir kunda ship-shiydam bo‘lasiz. Chuvrindining bu gapi Asadbekka ma’qul keldi. Kesakpolvonga qarab «Bu senga kissavurlik emas», demoqchi bo‘ldi-yu, «yana jirillab bermasin», deb indamay qo‘yaqoldi. — Bek, xabaring bormi, vinzavodning tushumi ancha kamaydi. O‘ylab ko‘r, oliming eplay olmaydi zavodni. Olimligini qilib yuraversin, mayli, lekin Qilichni joyiga qo‘ymasak bo‘lmaydi. — Men tupurgan tupugimni qaytib og‘zimga olmayman,— dedi Asadbek. — O‘jarlik qilma, burniga suv kirgandir. — Mahmud, sen aniqlab ko‘r, nima uchun tushum kamayibdi? — Aniqlashning hojati yo‘q,— dedi Chuvrindi xotirjam ohangda.— Haydar akam to‘g‘ri gapiryaptilar. U zavodni eplay olmaydi. Qurug‘idan tortishga berilib ketibdi. Xonasiga kirgan odam darrov biladi. Yana tortmayman, deb tonadi. Yeydiganini yedi. — Do‘xtirga ko‘rsat, devdim-ku? — Olib bordim. Do‘xtir bir iloj qilamiz, dedi. Lekin do‘xtirdan dorini olib chiqib, bu yoqda yashirincha tortib yuraverishi ham mumkin. Irodasi bo‘sh uning. Agar xo‘p, desangiz bir taklif bor. — Aytaver. — Qilichni chiqartirish kerak. Lekin uni o‘rniga qo‘yib bo‘lmaydi. — Nega? — dedi Kesakpolvon ajablanib. — Negaki, o‘tirib chiqdi, degan nomi bor. Yana partiyadan o‘chirib qo‘yishgan. Joyiga qo‘ymoqchi bo‘lsak, yuqoridagilar xitlanishadi. Tiklanib olgunicha Sharifga yordamchiday bo‘lib tursin, ammo hamma ishni o‘z qo‘liga olsin. Asadbekka bu taklif ma’qul bo‘lsa ham «O‘ylab ko‘ray», dedi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling