Microsoft Word shaytanat3 ziyouz com doc
Download 0.83 Mb. Pdf ko'rish
|
www.ziyouz.com kutubxonasi
147 Chuvrindi deputatning beg‘araz hazilidan kuldi. Aslida bu hazil emas, potos bog‘lagan pichinglardan biri edi. Doimo qovoq uyub yuruvchi deputatdan hazil gapning chiqishi shimolda lola undirish kabi edi. Uning hazilini yon-atrofidagilargina tushunishi mumkin edi. Chuvrindi uning qiliqlarini yaxshi bilgani uchun ham kulib qo‘ya qoldi. — Mahmudbek, ko‘rinmay ketdingiz? — dedi Orzubek jiddiylik bilan. — Yuribmiz, aka, tirikchilik. Orzubek undan «O‘zingiz ham ko‘rinmaysiz», degan lutf kutdi, bunday savolni eshitmagach, o‘zi muddaoga yaqinlashdi: — Men ham yo‘qlamay qo‘ydim, — dedi hamsuhbatiga sinovchan tikilib. — Bek akangiz «qorasini o‘chirsin», degan bo‘lsalar kerak, a? — Yo‘q, unday emas, bilasiz-ku... — Bilaman. O‘sha oxirgi uchrashuvda sizlar meni noto‘g‘ri tushundinglar. Meni amalparast deb o‘yladinglar. Mahmud, aqalli siz ham meni tushunmadingiz-a? Axir men mansabparast emas, millatparastman! Men millatim uchun jonimni tikkanman. Menda millatim uchun jondan boshqa hech narsa yo‘q. Molim ham, kuchim ham yo‘q. Kuch, boylik sizlarda bor. Men sizlarda ham millat tuyg‘usi, hurriyat tuyg‘usi uyg‘onsa edi, deb umid qiluvdim. Sizda shunday tuyg‘uning uchqunini ko‘rgandim. Afsus, adashibman. — Adashmagansiz. Millat uchun biz ham jon berishimiz mumkin, — Chuvrindi shunday deyishga dedi-yu, gap ohangidagi soxtalikni sezib, o‘ng‘aysizlandi. Deputat bu gapni eshitib, boshini egdi. Qahvadan bir-ikki ho‘pladi. — Mahmudbek, odam boshqalarni aldagan taqdirda ham o‘zini o‘zi aldamasligi kerak. Men endi tushunib yetyapman. Odamni o‘ttiz-qirq yoshida Vatanni sevishga o‘rgatish mumkin emas ekan. Agar odamning o‘zida zo‘r istak bo‘lsa o‘rganar-u, ammo bu tuyg‘uni mukammal deyish mumkinmas. Vatan tuyg‘usi ona suti bilan singishi kerak ekan. Xafa bo‘lmang-u, sizlarda ona suti bilan boshqa tuyg‘u kirgan. Bu gap Chuvrindining hamiyatiga tegdi. O‘z onasini, bolasiga ko‘krak sutini bermagan onasini eslab, g‘azablandi. Qo‘lidagi piyolani stol ustiga jahl bilan «taq» etib qo‘ydi-da: — Onalarimizni tinch qo‘ying, — dedi zarda bilan. — Meni avf eting, Mahmudbek. Men ramziy ma’noda gapirdim. — Ramziy ma’noda ham gapirmang! — Xo‘p-xo‘p, — dedi deputat tobelik bilan. — Vatanning boshiga bir ish tushsa bilinadi, siz avval jon berasizmi yo boshqalarmi? Sizga o‘xshagan gapdonlarni yaxshi bilamiz. Qo‘lingizga qurol berib, «Vatanni himoya qil», desa, «Hozir vaqtim yo‘q, majlisga kirib chiqay», deb cichqonning inini ijaraga olasiz. — Siz qaysi Vatanni nazarda tutyapsiz? Sovet Ittifoqinimi? Men esa Vatan deganda faqat O‘zbekistonni tushunaman. O‘zbekiston ozod bo‘lsa bas! Uning ozodlik kunini ko‘rsam — armonim yo‘q. O‘zbekiston ozod bo‘lsin, men uning ko‘chalarini supurib yursam ham mayli. Men amalga intilmayman. Sizlardan iltimos qilishimning sababi — o‘sha amal hozirgi ishimiz uchun zarur edi. Boltiq bo‘yidagi davlatlarda millatparvarlar hukumatga kiryaptilar. Bizda esa haliyam Moskvaga qarab chapak chaladiganlar o‘tiribdi. Qarab turasiz, erta-indin Boltiq bo‘yidagi uchchala davlat ajralib chiqadi. Biz o‘tiraveramiz ammamning buzog‘iga o‘xshab. — Shuni tushuntiribroq aytsangiz bo‘lardi-ku? — Gapirtirishga qo‘ydimi, Bek akangiz? Yana nuqul «juhud xotiningiz» deydi. Qayoqdan olgan bu gapni, hayronman. Aytib qo‘ying unga, xotinim, Xudoga shukr, muslima! «Bu gaplar suyak-suyagini zirillatib yuborgan ekan-da, — deb o‘yladi Chuvrindi. — Xotini juhudmi, o‘zbekmi o‘zim ham bilmayman. Bek akam balki boshqa birov bilan adashtirib aytib yuborgandirlar». |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling