Microsoft Word shaytanat3 ziyouz com doc
Download 0.83 Mb. Pdf ko'rish
|
www.ziyouz.com kutubxonasi
149 Xongirey «xasta edi», degan so‘zlarga urg‘u berib, ahvoldan xabardor ekaniga ishora qildi. — Sizga salom dedilar, yaxshilar, — dedi Chuvrindi. — Sog‘ bo‘lsin, qardoshim. Xo‘sh, meni nima uchun qidirdilaring? — Qidirganimizning boisi... — Chuvrindi uning o‘tkir nigohlariga dosh berolmay ko‘zlarini pastga qadab oldi. — Bir odamingiz Hosilni izlab borgan ekan. Bilganlarimizni o‘zingizga aytgani atayin keldik. — Nima, mening odamimga ishonmadilaringmi? — dedi Xongirey bir oz dag‘al ohangda. — Ishonishga ishonamiz. Lekin bo‘lgan voqeani o‘zingiz eshitsangiz yaxshi bo‘ladi. Vositachiga aytilgan gaplarga yo bitta so‘z qo‘shilishi yoki tushib qolishi mumkin. — U vositachi emas, u — vakil! — dedi Xongirey. — Ha, albatta, sizning vakilingiz, — deb xatosini tuzatdi Chuvrindi. — Qani ayt-chi, Asadning vositachisi, nima bo‘ldi? — Hosilni noma’lum odamlar o‘g‘irlashgan. — O‘g‘irlashgan? — ajablandi Xongirey. — Shunday odamni o‘g‘irlash mumkin ekanmi? — Mana bu kishi — Hosilning eng yaqin odami. Ular shaharda ketishayotganda ikkita mashina siqib to‘xtatgan. Odamlar Hosilni tushirib olib ketishgan. — Tushunarli, demak, noma’lum odamlar. Hosil lapashang esa qarshilik ham ko‘rsata olmagan. — Ular guvohnoma ko‘rsatishibdi. — Qanaqa guvohnoma? — Xongirey shunday deb G‘ilayga o‘qrayib qaradi. — «KGB»niki, — dedi G‘ilay. — «Qaysi «KGB?» — dedi Xongirey undan nigohini uzmay. — Qaysiligini bilmayman. «KGB» deganini eshitdim. — Familiyasini-chi, eshitmadingmi? «Andropov» emas ekanmi? — deb kesatdi Xongirey. Bu pichingni fahmlash uchun G‘ilayda farosat yetmas edi. Shu sababli familiyani eslamoqchi bo‘lganday go‘yo o‘ylandi-da: — Familiyasi esimda yo‘q, — dedi aybdor odam ovozida. — Sen yaqin odami emassan! — dedi Xongirey keskin ohangda. — Xudo ursin, bolaligidan yonidaman. Bir marta kelganman bu yerga. Sizga tilla haykalcha olib kelganmiz. Men ko‘chada edim, sizni ko‘rmaganman. — Bekor aytibsan, g‘ilay! Menga hech kim tilla haykalcha olib kelmagan. Sen Hosilning odami emassan, sen qo‘shmachisan. — Nega ishonmaysiz? — dedi zorlanib G‘ilay. Uning ko‘ngli ish yomonlik tomon burilayotganini sezib, g‘ashlandi. — Ikkita sababi bor: birinchisi — ahmoq odam Hosilning yaqin odami bo‘lolmaydi; ikkinchisi — sen uni himoya qilmagansan! Shu yerda Xongirey yanglishdi. Hosil atrofiga ko‘proq ahmoqlarni to‘plagandi. O‘ziga bino qo‘ygani uchun ham «Menga aql so‘qadiganlar kerak emas», derdi. — Imkoniyat bo‘lmadi, — dedi G‘ilay ko‘zlarini pirpiratib. G‘ilay Shomil biror kimsani siquvga olganida uning ko‘zlarini pirpiratib, yalinishini xushlardi. Ko‘zlarning pirpirashi, yoshlanishi ba’zan samara berar, ba’zan esa pirpirab- pirpirab charchab, manguga berkilardi. Ana shunday odamning ko‘zlari hozir o‘zi sezmagan holda pirpirardi... Qarshisidagi odamniki esa aksincha, quvvat manbaidan uzib qo‘yilgan robot singari qotgan, hatto kiprik ham qoqmas edi. — Xo‘jayinni saqlab qolish uchun imkonni senga kim berishi kerak edi. Tur o‘rningdan, choy ichishdan avval aft-basharani yuvish kerak. G‘ilay «nima qildik?» deganday Chuvrindiga qaradi. Undan «Tur, deganidan keyin tur», degan ishora bo‘lgach, amrga bo‘ysindi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling