Microsoft Word shaytanat3 ziyouz com doc
Download 0.83 Mb. Pdf ko'rish
|
www.ziyouz.com kutubxonasi
140 edi. — Taniyapman, — dedi kotiba, keyin tortmasidan bir varaq qog‘oz chiqarib uzatdi: Habib Sattorov uning bu qilig‘idan ajablanib, qog‘ozni olib o‘qidi: «Buyruq №... Mehnat intizomini surunkali buzgani uchun Habib Sattorov vazifasidan ozod etilsin...» Habib Sattorov buyruqni qayta-qayta o‘qib, kotibaga «Eslaring joyidami?!» deganday qaradi. Bunday tushunmovchiliklarga, ajablanishu hayratlanishlarga ko‘nikib qolgan kotiba «Menga nima, buyruqni men chiqarmayman», deganday kichkina egovchasi bilan tirnog‘ini egovlayverdi. — Kim bor oldida? — dedi Habib Sattorov ovozini balandlatib. — Mumkin emas, bandlar, — dedi kotiba yana labini burib. Habib Sattorov yana bir oz chidab turdi-da, keyin kotibaning hay-haylashiga qaramay, eshikni shart ochib, ichkari kirdi. Asosiy xona kimsasiz, biroq, orqa tomondagi dam olish xonasidan ayol kishining nozli kulgilari eshitilardi. Habib Sattorov «Nima qilsam ekan?» deb o‘ylab turmadi. Dam olish xonasiga bostirib bordi. Chala yarim yechingan holicha baqaloqdan kelgan Sohib Po‘latovga karashmalar qilayotgan yigirma uch-yigirma besh yoshlardagi juvon eshikdan kirib kelgan Habib Sattorovga ko‘zi tushib, qichqirib yubordi. Bu qichqiriqdan cho‘chib tushgan Sohib Po‘latov orqasiga o‘girilib, kutilmagan mehmonni ko‘rdi-yu, avvaliga bir oz dovdiradi. So‘ng o‘zini qo‘lga olib, jilmayganicha o‘rnidan turdi- da, hech narsa bo‘lmaganday Habib Sattorovga qo‘l uzatib, ko‘rishmoqchi bo‘ldi: — Habib Sattorovich, salom, salom, yaxshi keldingizmi? Habib Sattorov unga qo‘l cho‘zmadi, ko‘rishmadi. Sohib Po‘latov bunga ham e’tibor bermaganday, qizga qaradi-da: — Siz boravering, ishingizni qilavering. Hammasi yaxshi bo‘ladi, — dedi. So‘ng Habib Sattorovni katta xonasiga boshlab, o‘z o‘rniga o‘tirdi. U qisqagina fursatda dovdirash, o‘ng‘aysizlanishdan butunlay qutulgan, jiddiy, mulohazali rahbar qiyofasiga kirib olgan edi. U qo‘ng‘iroq chalib, kotibasini chaqirdi-da, ikki kishilik qahva buyurgach, Habib Sattorovdan: — Safaringiz yaxshi o‘tdimi? — deb so‘radi. — Safar-ku, yaxshi o‘tdi, ammo mana bunga tushunmadim, — dedi Habib Sattorov qo‘lidagi qog‘ozni unga uzatib. — Nima bu? — dedi Sohib Po‘latov hech narsadan xabari yo‘q odamday. Keyin buyruqqa ko‘z yugurtirgach, qog‘ozni nari surdi: — Ha, bumi, arzimagan bir gap. Rasmiyatchilik. Davlatning mehnat intizomi haqidagi qonuni bor, azizim. Unga barchamiz bo‘ysunamiz. — Men Angliyaga ish bilan ketgan edim, ammamning to‘yiga emas. O‘z hisobimdan... — Xabarim bor. Ammo o‘z hisobingizdan olgan ta’tilingiz sakkiz kun oldin tugagan. Lekin, azizim, siz tashvishlanmang. Bu bir rasmiyatchilik. Siz menga tushuntirish xati yozib bering. Sizni ishsiz qoldirmaymiz. Faqat mudirlikda emas... ilmiy xodim bo‘lib ishlab tura turasiz. Mudirlikka odam tayinlab qo‘yuvdim. Akademiya ham tasdiqlagan. Habib Sattorov uning gaplarini eshita turib «Tupurdim sening marhamatingga! Men Moskvagami, Angliyagami ketib ishlashim ham mumkin. Ammo sen shu shilta yeringdan bir qarich jila olmaysan!» demoqchi bo‘ldi-yu, tilini tiydi. Joy talashib, past ketishni istamadi. Buyruqni ko‘ra solib, bostirib kirishining zaiflik alomati bo‘lganini fahmlab, o‘zini o‘zi koyidi. «Shu badbaxtning huzuridan boshimni egib chiqsam, bir umrli sharmandalik bo‘ladi», degan fikrga kelib, qaddini g‘oz tutdi. Uning bir oz jim qolganini Sohib Po‘latov o‘zicha tushunib, qo‘li baland kelganiga ishongan holda gapini davom ettirdi: — Yana ham men sizni hurmat qilaman, azizim, Sizday olimlar ko‘chada qalashib yotgani yo‘q. Ba’zi o‘rtoqlar buni tushunishmaydi. Hatto partbiletni stolga qo‘ysin, deydiganlar ham topildi. Men ularga qat’iy qarshi chiqdim. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling