Microsoft Word shaytanat3 ziyouz com doc
Download 0.83 Mb. Pdf ko'rish
|
www.ziyouz.com kutubxonasi
204 — Namozov! Chiq! — deb buyurdi. Dilgir o‘tirgan Sharif soqchining amrli ovozini eshitib, o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Qamoqxonada yolg‘iz ezilib o‘tirish durustmi yo tergovchi bilan uzundan-uzun suhbat qurishmi — bilmasdi. Soqchi dahlizdagi sherigiga Sharifni topshirib, o‘zi eshikni sharaqlatib yopdi. Xuddi avvalgi qamoqdaligi kabi... Ko‘ngliga «Chiqarib yuborishsa edi», degan umid quyoshi mo‘raladi. U avvalgi safardagiday yurib bordi. Faqat... Zinalardan pastga emas, yuqoriga ko‘tarildi. Hovliga chiqmadi, balki yana uzun dahliz bo‘ylab yurdi. Endi u tergovchi bilan uchrashuvi aniqligiga ishondi. Soqchi Sharifni chog‘roq xonaga boshladi. Avvalgi safar bunday xonada qaldirg‘och mo‘ylovli yigitga duch kelgan edi. Bu safar bir semiz odamga ro‘para bo‘ldi. Bu semiz ham o‘sha mo‘ylovli yigitga o‘xshab, faqiriga mensimay qaragan podsho kabi ilkis nazar tashlab qo‘ydi. Qandaydir qog‘ozlarga imzo chekdi. Yigit shunday qilib turib: — Namozov, siz ozodsiz. Ayblaringiz isbotlanmadi, — degan edi. Bu semizdan ham shunday so‘z kutdi. Ammo uning o‘rniga u odam: — Qo‘llaringni uzat! — deb buyurdi. Sharif amrni beixtiyor bajarishi bilan, u chaqqonlik bilan bilaklariga kishan soldi-da: — Bo‘ldi, olib chiq, — deb orqadagi soqchiga buyurdi. Avvalgiday bo‘lmadi. Uni hammayog‘i berk mashinaga chiqardilar. Mashina tebranib, ancha yurganidan so‘ng bir joyda ko‘p vaqt to‘xtab turdi. Sharif uchoqlarning ovozini eshitib, ajablangancha o‘tiraverdi. Mashina eshigi ochilgandan so‘ng u o‘zini bahaybat uchoq oldida ko‘rdi. Mashinadagilar uni Berger bilan Vladga topshirishdi-da, qog‘ozlarga qo‘l qo‘ydirib olib, izlariga qaytdilar. Vlad kurtkasini yechib Sharif-ning qo‘llarini bog‘lab turgan kishan ustiga tashladi. Bir yonida Berger, bir yonida Vlad bilan Sharif xuddi xavfli jinoyatchi kabi uchoqqa chiqdi. Uning qo‘llari kishanlanganligini uchoqdagilarning ko‘pchiligi sezmadi ham. Ustida plashchi bor odam nega charm kurtkani quchoqlab olibdi, deb o‘ylaguvchilar ham bo‘lmadi. Uchoqda deraza tomonda Arina Berger, o‘rtada Sharif, chetda Vlad o‘tirdi. Uchoq bekasi suv olib kelganda ham, ovqatlanish paytida ham kishan yechilmadi. Berger «G‘iring desang yoki qimirlasang otaman» degani uchun jim o‘tiraverdi. Jim o‘tirmaganda nima bo‘lardi? Deylik, u kishanli qo‘llarini ko‘tarib «Birodarlar, meni qutqaringlar, bular meni begunoh qamashdi! Bularda insof yo‘q! Bular xotinimni ham zo‘rlamoqchi bo‘lishdi!» degani bilan birov o‘rnidan turarmidi? Nari borsa qayrilib qarab qo‘yishadi. Insoflirog‘i «Bechora» deb achinib qo‘yadi. Shu xolos... Adolat istab baqirgani uchun o‘q yemagan taqdirda ham bo‘yniga Vladning gurziday mushti tushishi tayin. Uchoqdan hammadan keyin tushishdi. Ularni hammayog‘i berk mashina kutib turardi. Berger uni qamoqxona vakillariga topshirib, o‘zi Vladni qo‘ltiqlagancha nari ketdi. Uchoqdan mashinaga chiqquniga qadar Sharif qor bo‘ronida sovqotdi. Tishlari ham takillab qoldi. Mashina avvaliga iliq tuyulgan edi. Dam o‘tmay ayoz zabtiga oldi. Uni «Matroskaya tishina» degan sururli nomda yuruvchi Moskvaning qadimgi turmasiga olib keldilar. Soqchi ikki tomoni temir eshiklardan iborat dahlizdan o‘tgach, oxirgi eshikni ochdi-da: — Joy yo‘q, bitta-yarimta bilan galma-gal yotasan, — deb kiritib yubordi. Bu ogohlantirish Sharifga g‘alati tuyuldi. U mehmonxonalarda «joy yo‘q» degan gapni ko‘p eshitgan, ammo qamoq, ayniqsa, ikki qavatli karavotlar bilan to‘la xonada joy bo‘lmasligi uning uchun ajablanarli edi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling