Microsoft Word shaytanat4 ziyouz com doc
Download 5.08 Kb. Pdf ko'rish
|
Shaytanat 4- kitob (2)
www.ziyouz.com kutubxonasi
40 Asadbek Kesakpolvonga qabr tepasida turib «yuragimga tupurding» degan gapini aniq ishonchga emas, gumonga suyanib aytgan edi. Falokat tasodifan yuz berdimi yo birov atayin uyushtirdimi, Asadbek aniq bilmasdi. U hayoti davomida katta-kichik falokatu fojialarga ko‘p duch keldi. Ana shu hayotiy tajriba unda «hech qanday ish tasodifan yuz bermaydi» degan aqidaga ishontirib qo‘ygan edi. Shu bois ham «mashinasi tasodifan to‘qnashib ketibdi» degan fikrni chetlab o‘tdi. Keyinroq «yarim kechada bu ko‘chada «KamAZ» nima qiladi, bu hecham tasodif emas», deb aqidasiga sodiq qoldi. Fojea haqidagi xabarni eshitib to Chuvrindining uyiga kelgunicha turli gumonlarni haqiqat tarozusi pallalariga qo‘yib ko‘rdi. Unga dadil qarshi chiqishi mumkin bo‘lgan Hosilning jasadini allaqachon lahad qurtlari yeb ado etgandir. Shomilning tanasiz boshi ham necha qurtlarga ozuqa bo‘lgandir. Hosilning boshqa yigitlari bunday ishga jazm eta olmas. Unda kim? Bu savolga Kesakpolvonning ko‘zlari javob berganday bo‘ldi. Kesakpolvon Asadbekni tili bilan aldashga ko‘p uringan, lekin har safar ko‘zlari pand berib qo‘yardi. Asadbek buni bolalik yillari maktabda pero o‘g‘irlash voqeasidayoq kashf etgan edi. O‘qituvchi «Haydar, sen-chi, tupurmaysanmi?» deganida Asadbek bilan uning nigohi to‘qnashgan, o‘shanda Haydar ko‘zlarini olib qochib, o‘g‘irligini fosh etib qo‘ygan edi. O‘shanda Asadbek «o‘zim ko‘rdim, sen o‘g‘irlading», degan yolg‘on gapini uning qarashidagi ana shu xavotirlikka asoslanib aytgandi. Erta tongda Chuvrindining hovlisiga qadam bosib kirganida ro‘parasida Kesakpolvon paydo bo‘ldi. Ro‘para bo‘ldi-yu, yaqin kishisidan ayrilgan odamning dardi, qayg‘usi bilan emas, aybli kishining xavotirli nigohi bilan qaradi. «Asad, Mahmudjondan ayrilib qoldik», dedi uning titroq lablari. Ammo nigohi «ajal ukaxonimizni yulib oldi», deb faryod urmadi. Aksincha, Asadbekning savol zuhurlangan tik qarashiga dosh berolmay, «kechir meni, bilmay qilib qo‘ydim bu ishni» deganday bo‘ldi. Asadbek bu ikki a’yon orasidan gap qochar, taxt talashar, oqibatda kelishib olishar, deb o‘ylardi. Biroq, bir-birini o‘ldirib yuborar degan fikrdan yiroq edi. Ayniqsa Kesakpolvon o‘zi topgan, o‘zi tarbiya qilgan odamni o‘zi yakson qilar, deb kutmagan edi. Chuvrindining hovlisida to‘qnashgan nigohlar oqibatida tug‘ilgan gumon Kesakpolvonni ta’qib eta boshladi. Chuvrindining o‘g‘li «chaqirtirgan ekansiz», degach, bu gumon haqiqatga aylana bordi. Ana shu haqiqat ma’lum nuqtaga yetgach portlashi mumkin edi. Asadbek aynan shuni istamadi. Qabr tepasida turib a’yonini haydagan bo‘lsa-da, keyinroq «ishqilib adashgan bo‘la-yin, ishqilib boshqa odam bo‘lsin», deb umid qildi. Chuvrindining o‘limi uni zaharli o‘q bilan yaraladi. Asadbek «qachondir kimdir meni o‘ldirib ketar, o‘z ajalim bilan o‘lmasam kerak», deb xayol qilardi. Oxirgi oylarda Hosil boyvachchadan xavotirlanardi. Agar xavotiri chinga aylansa, Hosil otsa yoki so‘ysa unchalik alam qilmas edi. Agar hozirgi gumoni to‘g‘ri chiqquday bo‘lsa, alamga chidolmas, jonini shu alam panjasi sug‘urib olar... Asadbek Chuvrindining uyida Kesakpolvonni uchratmagach, bir oz yengil tin oldi. Xizmat qilib charchagan yigitlar Asadbekni mehmonxona ostonasi qadar kuzatib, o‘zlari yon tomondagi xona tomon yurdilar. Mehmonxonaga avval Chuvrindining katta o‘g‘li, saldan so‘ng boshiga qora ro‘mol tashlagan xotini kirdi. Ona-bola «janozadan keyin ko‘rinmay qoldingiz, tinchlikmi?» deb so‘rashmadi, Asadbek ham uzr aytishni lozim topmadi. Bir necha fursat bir-birlariga qarashga botinmay jim o‘tirdilar. Asadbek so‘z aytish avval o‘zidan lozim ekanini bilardi. Hammaning tilidan birday uchadigan «bandalik...» dan boshlasinmi? Asadbek so‘z boshlashga qiynalib o‘tirganida ayollarning besabrlik odatiga sodiq qolgan kelin (Chuvrindining xotinini u chin kelinlik martabasida ko‘rar edi) tilga kirdi: — Mulla aka, qishloqda tog‘alari bor ekan, ayttirsakmikin? |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling