Sha’vona
(quddisa sirruho)
Eronlik edi. Eyla (viloyati)da yashar, chiroyli ovoz va xush nag‘malar bilan va’z qilar,
she’rlar o‘qir edi.Obid, zohid va ko‘ngil sohibi bo‘lgan odamlar uni tinglagani kelishardi.
Sha’vona Allohdan haqiqiy qo‘rqadigan, o‘zi yig‘laydigan va boshqalarni ham
yig‘latadigan mujohada qobiliyatiga ega ayol edi. Unga: “Shunchalik ko‘p yig‘laysanki,
ko‘r bo‘lib qolishingdan qo‘rqamiz” deyishganida, u bunday degan:
– U yoqda jahannam azobida ko‘r bo‘lguncha, bu yoqda ko‘p yig‘lashlikdan ko‘r bo‘lsam,
men uchun yaxshiroqdir.
Bir gal u:
– Sevgilisi visoliga yetishishlikdan mahrum qolib, muttasil uni ko‘rmoq umidida bo‘lgan
ko‘zga yig‘idan boshqa narsa yarashmaydi, – degan edi.
Naql qilinishicha, u shunday bir g‘am-g‘ussaga g‘arq bo‘lganki, hatto namoz va
ibodatlarni ado qilolmay qolgan. Bir kuni uyquda ekanida birov kelib unga quyidagi
she’rni o‘qibdi:
Madad qil marsiyangla ko‘z yoshingga,
Ki, shifo bo‘lur huzun ahlining ohi.
Izlab (diydorin) g‘ayrat qil namozu ro‘zaga,
Mana shudir toat ahlining rohi.
Shundan keyin u qayta toatga qaytdi. Bu baytlarni tarannum qilib ham o‘zi yig‘lar, ham
yonidagi boshqa ayollarni yig‘latardi.
Aytishlaricha, qariganida Fuzayl ibn Iyoz uning huzuriga kelib, duo qilishini so‘ragan,
Sha’vona shunda:
– Ey Fuzayl! Men duo qiladigan bo‘lsam, Haq taolo bilan o‘rtangda bu duoning qabul
bo‘lishi uchun vasila bo‘ladigan (duo qabul bo‘lishiga arzigulik) bir nima (yaxshi bir ish,
amaling) bormi? – degan.
Fuzayl ibn Iyoz bu so‘zlarni eshitib bir na’ra otib, hushdan ketib yerga yiqilgan.
Soliha ayollar. Bahriddin Umrzoq
Do'stlaringiz bilan baham: |