www.ziyouz.com kutubxonasi
150
Margarita ham sambittollar tagida uzoq o‘tirmadi... Hamma safarga shaylana boshladi. Suv parilari
oy nurida o‘z raqslarini nihoyasiga yetkazdilar va asta ko‘zdan g‘oyib bo‘ldilar. Takatuyoq maxluq
Margaritadan, daryo bo‘yiga nimada keldingiz, deb tavoze bilan so‘radi. Uning cho‘tka minib
kelganini eshitib:
— O, axir bu noqulay-ku, — dedi bir lahzada ikkita shox butog‘idan alomat telefon yasadi-da,
kimdandir shu onning o‘zida mashina yuborishni talab qildi, talab ham bir daqiqa ichida bajarildi.
Orolga usti ochiq och mallarang mashina uchib tushdi, lekin rulda rasmana shofyor emas, balki
kleyonka furajka, qo‘llariga og‘zi keng qo‘lqop kiygan tumshug‘i uzun qop-qora qarg‘a o‘tirardi. Orol
huvillay boshladi. Uchib ketgan alvastilar porlagan oy shu’lasida erib yo‘q bo‘lishdi. Gulxan o‘chib,
qo‘r ustini kul bosa boshladi.
Takatuyoq Margaritaning mashinaga chiqishiga ko‘maklashdi, u keng orqa o‘rindiqqa cho‘kdi.
Mashina g‘uvillab bir sakradi-yu, balandga, deyarli oygacha ko‘tarildi, orol ham, daryo ham g‘oyib
bo‘ldi, Margarita Moskva tomon g‘izillab uchib ketdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |