Microsoft Word usta va margarita lotin ziyouz com doc
Download 1.26 Mb. Pdf ko'rish
|
usta va margarita lotin ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
207 — Zinadan oyoq tovushlari eshitilyaptimi? — deb so‘radi Korovyov chashkasidagi qahvani qoshig‘i bilan kavlab o‘tirarkan. — E, bizni qamoqqa olgani kelishyapti, — deb javob qildi Azazello va qadahchadagi konyakni ichib yubordi. — Qani, qani, ko‘raylik-chi, — dedi Korovyov bunga javoban. Bu mahal pod’ezd eshigidan kirganlar zinadan uchinchi qavat maydonchasiga chiqib kelgan edilar. Bu yerda ikki nafar vodoprovodchi isitish quvuri oldida g‘ivirsirdi. Zinadan chiqib kelganlar vodoprovodchilar bilan ma’nodor ko‘z urishtirib olishdi. — Hammalari uyda, — deb pichirladi vodoprovodchilardan biri bolg‘achasi bilan quvurga urib-urib qo‘yarkan. Shunda oldinda kelayotgan odam paltosi ichidan qora mauzer chiqardi, uning yonidagi ikkinchi odam — qo‘ynidan temir ochqich oldi. Umuman, 50-kvartiraga chiqib kelayotganlar puxta qurollangan edilar. Ikki kishining cho‘ntagida oson yoyiluvchi ingichka ipak to‘r bor edi. Yana bittasida — arqon, bittasida — doka niqoblar bilan xloroformli ampulalar bor edi. 50-kvartiraning eshigini tez va oson ochishdi, hamma kelganlar dahlizga kirishdi, ayni paytda oshxonada eshik «qars» etib ochildi, bu — xufiya yo‘ldan chiqqan ikkinchi to‘daning ham o‘z vaqtida yetib kelganidan darak berdi. Bu gal qisman bo‘lsa ham omad yurishi aniq edi. Odamlar bir zumda hamma xonalarga tarqalishdi- yu, lekin hech yerda hech kimni uchratishmadi, faqat yemakxonada hozirgina yeyilgan nonushtaning qoldig‘ini, mehmonxonada esa kamin tokchasida billur ko‘za yonida primus ushlab cho‘qqayib o‘tirgan bahaybat bir qora mushukni ko‘rishdi. Mehmonxonaga kirganlar bu mushukka mahliyo bo‘lib uzoq vaqt sukutga cho‘mib turib qoldilar. — X,a-a... chindanam antiqa hol — deb shipshidi kirganlardan biri. — Sho‘xlik, qitmirlik qilmayman, primus tuzataman, — dedi mushuk tumshaygancha, — yana, mushuk zoti eng qadimiy va daxlsiz maxluq, deb ogoxlantirib qo‘yishni ham o‘z burchim deb bilaman. — Nihoyatda nozik ishlangan, — deb pichirladi xonaga kirganlardan biri. — Qani, og‘zi qimirlamay so‘zlovchi daxlsiz mushuk janoblari bu yoqqa marhamat qilsinlar. Shu zahoti ipak to‘r «shuv» etib havoda yoyildi, lekin to‘r otgan odam nishonni mo‘ljalga ololmay, hammani hayratda qoldirdi, to‘r billur ko‘zaga ilindi, ko‘za yerga tushib chil-chil sindi. — Yutqizdingiz, — deb baqirdi mushuk, — ura! — shundan keyin primusni bir chetga qo‘yib, orqasidan to‘pponcha chiqardi-da, zum o‘tmay o‘ziga yaqin turgan odamni nishonga oldi. Lekin mushuk o‘q otishga ulgurmasdan oldin u odamning qo‘lidagi mauzerdan o‘t chaqnadi va shu onning o‘zida mushuk panjasidan to‘pponchani tushirib yuborib, primusni tashlab, pastga sho‘ng‘idi va «tap» etib yerga tushdi. — Adoyi tamom bo‘ldim, — dedi mushuk zaif ovoz bilan va o‘z qoniga belanib chalqancha yotdi, — bir zumgina menga yaqinlashmanglar, zamin bilan vidolashishimga imkon beringlar. O, qadrdonim Azazello! — deb ingradi qoniga belanib yotgan mushuk. — Qaerdasan? — Mushuk so‘nib borayotgan ko‘zlarini yemakxona eshigi tomon qaratdi, — g‘irrom jang paytida menga yordamga kelmading. Sen bir stakan asl nav konyak deb bechora Begemotdan yuz o‘girding! Ha, mayli, mening o‘limimga zomin bo‘lsang ham, senga to‘pponchamni vasiyat qilib qoldiraman... — To‘r, to‘r, to‘r tashlanglar, — bezovta bo‘lib pichirlashdi mushukning atrfoida turganlar, lekin aksiga yurib, to‘r kimningdir cho‘ntagiga ilinib qolgan va hadeganda chiqmasdi. — Og‘ir jarohatlangan mushukka faqat, — dedi mushuk, — bir qultumgina benzin najot berishi mumkin... — Shunda u odamlarning sarosimada qolganida foydalanib, primusning doira teshigiga og‘zini olib bordi va ichidagi benzinni qultullatib ichdi. Shu zahotiyoq uning chap qo‘ltig‘idan oqayotgan qon taqqa to‘xtadi. U tetik, sog‘lom bo‘lib «dik» o‘rnidan turdi va primusni qo‘ltig‘iga qistirgancha, yana kamin ustiga sakrab chiqdi, so‘ng devorga yopishtirilgan gulqog‘ozlarni timdalab yirtib, hash-pash deguncha parda ilingan karniz ustiga chiqib oldi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling