Microsoft Word usta va margarita lotin ziyouz com doc
Download 1.26 Mb. Pdf ko'rish
|
usta va margarita lotin ziyouz com
www.ziyouz.com kutubxonasi
206 — O‘sha odam sizga bergan pul chervon pulmidi? — Voy, chervonning qanaqaligini bilmay o‘libmanmi, — dedi Annushka. — Xo‘sh, u pullar qachon dollarga aylanib qoldi bo‘lmasam? — Hech nima bilmayman, qanaqa dollarni gapiryapsiz, men hech qanaqa dollar-pollarni ko‘rganim yo‘q, — derdi Annushka chiyillab, — biz o‘z huquqimizni bilamiz! Bizga mukofot berishgan ekan, demak unga chit sotib olamiz... — shundan keyin u, beshinchi qavatni jinu alvastilar makoniga aylantirib, hammaning tinchini buzgan uy boshqarmasining qing‘ir ishlari uchun javob beradigan ahmoq yo‘q, deb shunaqangi poyintar-soyintar gaplarni javrab ketdiki... Annushka hammani joniga tekkan edi, tergovchi qo‘l siltab uning ovozini o‘chirdi va yashil qog‘ozga ruxsatnoma yozib berib, hammaning ko‘nglidagi ishni qildi. Annushka binodan chiqib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Shundan keyin juda ko‘p odamlar birin-ketin tergovdan o‘ta boshladilar. Bular orasida Nikolay Ivanovich ham bo‘lib, u rashkchi xotinining tentakligi tufayligina (xotini militsiyaga erining ertalabga yaqin g‘oyib bo‘lganini xabar qilgan edi) hibsga olingan edi. Nikolay Ivanovich o‘zining shayton huzurida bazmda bo‘lgani haqida o‘ta tuturiqsiz guvohnomani ko‘rsatdi, lekin bu bilan tergov ahlini unchalik ajablantirmadi. U Margarita Nikolaevnaning uy xodimasini o‘z ustiga mindirib allaqaysi go‘rga cho‘milishga olib borgani va undan sal oldin Margarita Nikolaevnaning qip-yalang‘och holda derazada o‘tirgani haqida so‘zlab berdi-yu, qolgan gaplarni sir saqlab qoldi. Masalan: u Margarita Nikolaevnaning yotoqxonasiga ko‘ylak ko‘tarib kirgani va Natashani Venera deb ataganini so‘zlab berishni lozim ko‘rmadi. Uning hikoya qilishicha, Natasha derazadan uchib chiqqanu uni minib olib, Moskva tashqarisiga parvoz etgan edi. — Kamina bu zo‘ravonlikka bo‘ysunishga majbur bo‘ldim, — deb hikoya qildi u va o‘z uydirmalarini bunday yakunladi: — O‘tinaman, shu aytgan gaplarimni zinhor-bazinhor xotinim bila ko‘rmasin. Unga va’da berishdi. Nikolay Ivanovich bergan guvohlikdan Margarita Nikolaevnaning, shuningdek uning uy xodimasi Natashaning nom-nishonsiz g‘oyib bo‘lishgani aniqlandi. Ularni qidirib topish choralari ko‘rila boshladi. Shanba shuni ertalab guvohlarni tergov qilish bir zum ham to‘xtamadi. Bu payt shaharda mutlaqo kurakda turmaydigan mish-mishlar paydo bo‘lib, yashin tezligida chor yoqqa tarqala boshladi. Tariqdakkina haqiqat tuyaday uydirmaga aylandi. Aytishlaricha, Varete teatrida berilgan sehrgarlik seansidan keyin ikki mingta tomoshabinning hammasi ko‘chaga onadan qanday tug‘ilgan bo‘lsa, shunday holda otilib chiqqanmish, Sadovaya ko‘chasida qalbaki pul yasaydigan bosmaxona topilganmish, allaqanday o‘g‘rilar to‘dasi maishatxonadan birvarakayiga beshta mudirni o‘g‘irlab ketganmish-u, lekin militsiya o‘sha zahoti ularni topganmish, hokazo va hokazo. Vaqt tushlikka yaqinlashib qolgan edi, shu payt tergov olib borilayotgan xonada telefon jiringladi. Sadovaya ko‘chasidan qo‘ng‘iroq qilishib, kasofat kvartirada yana jonlanish ro‘y berganini xabar qilishdi. Aytishlaricha, kvartiraning derazalari ichkaridan ochilipti, u yerdan pianino ovozi va qo‘shiq eshitilipti, derazada o‘zini oftobga solib, yastanib yotgan qora mushukni ko‘rishipti. Kunning avji qizigan payti — soat to‘rtlarda bir guruh grajdancha kiyingan erkaklar Sadovaya ko‘chasidagi 302-bis uyga yetmasdan ancha nariroqda uchta mashinadan tushishdi. Keyin ular ikkita kichik to‘daga bo‘linishdi-da, birinchi to‘da bostirma ostidan hovliga kirib, to‘g‘ri oltinchi yo‘lak sari yo‘l oldi, ikkinchisi esa orqa yo‘lga olib kiradigan doimo mixlog‘liq kichkinagina eshikni ochdi, shunda ikkala to‘da boshqa-boshqa zinadan 50-kvartiraga baravar ko‘tarila boshladi. Bu payt Korovyov bilan Azazello kvartiraning yemakxonasida nonushta qilib o‘girishar, Voland, o‘z odati bo‘yicha yotoqxonada edi, mushukning qaerdaligi ma’lum emas edi. Lekin oshxonadan kelayotgan idish-tovoqlarning taraq-turuqidan, Begemot o‘sha yerda yana biron jinnilik qilayotgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylash mumkin edi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling