Milliy arxeologiya markazi


II bob “Muzbel, Xatak va Angillak yodgorliklari tosh industriyalari petrografik va texnik-tipologik tahlili, davrlashtirish masalalari”


Download 0.62 Mb.
bet9/21
Sana18.06.2023
Hajmi0.62 Mb.
#1585381
TuriReferat
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   21
Bog'liq
4 Автореферат Муҳаммадиев

II bob “Muzbel, Xatak va Angillak yodgorliklari tosh industriyalari petrografik va texnik-tipologik tahlili, davrlashtirish masalalari” deb nomlanadi va to‘rtta paragrafdan tashkil topgan. Birinchi paragrafda “Muzbel ustaxona-manzilgohi tosh kolleksiyasi petrografik va texnik-tipologik tasnifi” ga doir tadqiqot natijalari bayon qilingan. Muzbel yodgorligi Toshkent viloyati Ohangaron tumanida, Yangiobodsoyning yuqori oqimidagi shu nomdagi dovonda joylashgan. Yodgorlik bevosita xomashyo manbaida joylashgan va unda olti turdagi xomashyo: andezit, bazalt, datsit, alevrolit, xalsedon va qumtoshdan foydalanilgan. Foydalanilgan xomashyo turlari mahalliy bo‘lib, mazkur hududdagi vulkanogen-cho‘kma holida shakllangan yotqiziqlar asosini shu turdagi tog‘ jinslari tashkil etadi.
Yodgorlik manzilgoh-ustaxona bo‘lib, bitta madaniy qatlamdan iborat. Hudud tabiiy relefi hamda litologik qatlamlar shakllanishi va tuzilishi, ko‘tarma materiallarning maydon yuzasida yoyilishi, artefaktlarning madaniy qatlamlar sathida yotishi holatlari madaniy qatlam buzilmaganligini ko‘rsatadi.
Kolleksiyasi kam sonli bo‘lsa-da, topilmalarning texnik-tipologik tahlili manzilgoh-ustaxonada amalga oshirilgan texnologik jarayonlar haqida bir qator xulosalar chiqarish imkonini beradi. Nukleuslar va ulardan olingan tanovarlar dorsalidagi negativ izlari asosan tekis yuzadan amalga oshirilgan chaqmoqlash usuli ustunlik qilganligini ko‘rsatadi. Manzilgoh-ustaxona bevosita xomashyo manbaida joylashgan bo‘lsa-da, oxirgi bosqichgacha chaqmoqlangan nukleuslar ham mavjud. Bu holat sifatli xomashyodan imkon qadar foydalanishga urinish sifatida baholanishi mumkin.
Yodgorlik mavsumiy manzilgoh-ustaxona bo‘lib, unda amalga oshirilgan toshga ishlov berish texnikasi va topilmalar qisqa muddatli, ma’lum bir mavsumiy mashg‘ulot turi bilan bog‘liq ishlab chiqarish jarayoni mahsuli hisoblanadi. Manzilgoh-ustaxonaning bevosita xomashyo manbaida joylashganligi kolleksiyaning o‘ziga xosligini ta’minlagan.
Yodgorlikning mavsumiy manzilgoh-ustaxona ekanligi va uning nisbatan qisqa muddatda faoliyat yuritganligini uchrindilarda ham ko‘rish mumkin. Uchrindilar uchun o‘ziga xos umumiylik mavjud bo‘lib, bu ularning ulchamidan qat’iy nazar bir xil proporsiyaga ega ekanligidir. Ular asosan kalta lekin yirik ko‘rinishga ega. Zarb maydonchasi keng tekis yuzali, zarb bo‘rtmasi yaqqol ajralib turibdi. Ushbu xususiyatlar ularni chaqmoqlash jarayonida bir xildagi zarb kuchi ishlatilgan yoki toshga ishlov berish ko‘nikmalari yagona an’analar asosida shakllangan jamoa a’zolari tomonidan sindirilgan degan taassurot uyg‘otadi. Yodgorlik funksiyasi bilan bog‘liq yana bir jihat undagi qurollar turining kam sonli ekanida ham ko‘rinadi.
II bobning ikkinchi paragrafi Xatak g‘or-makoni tosh kolleksiyasi petrografik va texnik-tipologik tasnifiga bag‘ishlangan. Xatak g‘or-makoni Surxondaryo viloyati Sherobod tumani, Xatak aholi manzili yaqinida joylashgan. Yodgorlik 2021-2022 yillar davomida muallif tomonidan tadqiq etilgan. Bugungi kunda yodgorlik birinchi madaniy qatlami ochib o‘rganilgan bo‘lib, qazilma maydoni 6 m2 o‘lchamga ega.
Xatak g‘or-makonida asosan ikki xil turdagi mahalliy chaqmoqlashgan ohaktoshdan foydalanilgan. Chaqmoqlashgan ohaktosh bilan birga yashil rangli kvarsit, yashma, kremen, dolomit va turli porfiritlardan ham foydalanilgan. Ushbu xomashyo turlaridan yasalgan buyumlarning kolleksiyadagi ulushi kam foizni tashkil etadi.
Xatak g‘or-makoni kolleksiyasi kam sonli bo‘lsada, manzilgohda amalga oshirilgan toshga ishlov berish jarayoni haqida to‘liq xulosa chiqarish imkonini beradi. Mavjud 7 dona nukleusdan 4 donasida chaqmoqlash yuzalarini tayyorlashga alohida e’tibor berilgan. Ushbu ishlov berish texnikasi olinadigan yo‘nilg‘alarning shakli va ulchamini oldindan rejalashtirish imkonini bergan hamda qirralarining o‘tkirligini ham ta’minlagan. Lekin kolleksiya tarkibida bundan maqsadli chaqmoqlash jarayoni mahsuli bo‘lgan yo‘nilg‘alar deyarli uchramaydi. Bu xususiyat plastinalar uchun ham xos. Yo‘nilg‘alar proporsiyasi chaqmoqlash o‘qi yo‘nalishiga mos emas. Shuningdek yo‘nilg‘alar ichida dekortikatsiya jarayoni mahsuli bo‘lgan artefaktlar ko‘rsatkichi katta foizni (30 % dan ko‘proq) tashkil etadi.
Qurollar tarkibida son jihatidan birinchi o‘rinda qirg‘ichlar, ikkinchi o‘rinda o‘yib-kertib ishlangan qurollar, keyingi o‘rinda tig‘lar turadi. Keskichlar va kombinatsiyalashgan qurollar teng ko‘rsatkichga ega bo‘lib, ular kam foizni tashkil etadi.
Qurollar uchun xos bo‘lgan umumiylik bu ularning ko‘p hollarda tabiiy plitkasimon xomashyo parchalari, oxirgi bosqichgacha chaqmoqlangan nukleuslar yoki yirik amorf yo‘nilg‘alarda tayyorlanishidir. Qurollar ish qirralari ham qupol tarzda shakllantirilgan bo‘lib, ikkilamchi ishlov berish yo‘nish va retushlash orqali amalga oshirilgan. Retushlashda tangachasimon va tishsimon retushlash usullari qo‘llanilgan. Ikkilamchi ishlov berish jarayoni deyarli barcha holatda tanovarlarning dorsalida amalga oshirilgan. Kam bo‘lsada ventraldan ikkilamchi ishlov berish holatlari ham mavjud. Yodgorlikda qayd etilgan xususiyatlar undan 50 km. uzoqlikdagi masofada joylashgan Teshik-tosh g‘or-makonida ham ko‘zatiladi.
II bobning uchinchi paragrafi “Angillak g‘or-makoni tosh kolleksiyasi petrografik va texnik-tipologik tasnifi” ga bag‘ishlangan. Angillak yodgorligi Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida, Qashqadaryoning o‘ng irmoqlaridan biri bo‘lgan Oyoqchisoyning yuqori qismida joylashgan bo‘lib, 2001-yilda R. X. Suleymanov tomonidan aniqlangan13. Yodgorlik 2001-2004 yillarda O‘zbekiston-AQSh, 2013-2014-yillarda esa O‘zbekiston-Yaponiya qo‘shma ekspeditsiyasi tomonidan o‘rganilgan.
Angillak g‘or-makoni kolleksiyasi texnik-tipologik tahlili industriya haqida bir qator xulosalar chiqarish imkonini beradi. Birinchi navbatda industriya ko‘rinishiga xomashyo sifati katta ta’siri ko‘rsatgan. Industriya o‘zida butunligicha o‘rta paleolit davri toshga ishlov berish texnikasi xususiyatlarini saqlab qolgan. Kolleksiya tarkibida deyarli barcha nukleuslar sifati o‘ta past bo‘lgan kvars xomashyosidan tayyorlangan. Ular oxirgi bosqichgacha chaqmoqlangan. Nukleuslarga mos ravishda kvars xomashyosidan olingan yo‘nilg‘alar kolleksiya asosini tashkil etadi. Industriyada sifatli xomashyodan tayyorlangan nukleuslar kam miqdorda bo‘lsada uchraydi. Sifatli xomashyodan imkon qadar foydalanishga bo‘lgan intilish ularni ham oxirgi bosqichgacha chaqmoqlashga olib kelgan.
Alohida holatlarda Angillak industriyasi qurollari nukleuslardan farqli ravishda biroz rivojlangan texnik-tipologik belgilarni namoyon etadi. Bu xususiyat kvars xomashyosidan tayyorlangan qurol turlari-tig‘larda ancha yaxshi namoyon bo‘lgan. Angillak g‘or-makoni sohiblari kvars xomashyosidan nisbatan uzaytirilgan tig‘lar tayyorlash kunikmasiga ega bo‘lishgan.
Angillak g‘or-makonida qurollar tayyorlashdagi yana bir o‘ziga xos xususiyat bu qurollar uchun foydalanilgan tanovarlarning kichik ulchamga egaligi yoki maqsadli sindirilgan uchrindi hamda plastinalardan foydalanishda edi.
II bobning to‘rtinchi paragrafi “Muzbel, Xatak va Angillak yodgorliklari davrlashtirish masalalari” ga bag‘ishlangan. O‘zbekiston va O‘rta Osiyo hududida mavjud o‘rta paleolit davri yodgorliklari davriy va madaniy mansubligi masalasi uzoq yillar davomida bahs-munozara markazida bo‘lib kelgan. Ushbu masala yuzasidan qator yillar davomida bir qancha tadqiqotchilar tomonidan turli fikrlar bildirilib kelindi. Dastlab O‘rta Osiyo o‘rta paleolit davri yodgorliklarini madaniy tiplarga ajratish masalasi V. A. Ranov tomonidan ilgari surildi. M. R. Qosimov Ko‘lbuloq yodgorligi asosida alohida tishli muste madaniyati mavjudligi borasidagi fikrlarni aytib o‘tdi14. R.X. Suleymanov esa ancha asosli tarzda o‘rta paleolit davri madaniyatlarini ikki guruhga ajratish taklifini bildirdi15.
Oxirgi yillarda olib borilgan tadqiqotlar natijasida O‘rta Osiyo o‘rta paleolit davri yodgorliklarining ikkita rivojlanish yo‘li taklif etildi16. Keyinchalik Selungur yodgorligi ham qayta o‘rganildi. Uni ilk paleolit davriga mansubligi inkor etilib, yodgorlik kolleksiyasi asosida uchinchi madaniy tip ajratildi17. Shuningdek, Kuksaroy-2, Ertashsoy-2 hamda Kattasoy 1-2 yodgorliklari industriyalari asosida mintaqada to‘rtinchi turdagi o‘rta paleolit davri levallua-muste madaniyati mavjudligi borasida taxminlarni ilgari surmoqda18.
Tadqiq etilayotgan yodgorliklarning davriy va madaniy mansubligini belgilashda yuqorida sanab o‘tilgan tadqiqot ishlarining natijalari muhim hisoblanadi. Mazkur yodgorliklarning deyarli barchasi uchun davriy chegarasini belgilab beruvchi tahlil natijalari qo‘lga kiritilgan. Jumladan Obi-Raxmat va Kulbuloq yodgorligi madaniy qatlamlari 80-70 ming yildan 40-35 ming yilgacha bo‘lgan davriy chegaraga ega. Kuksaroy-2 89,8 ming yil, Ertashsoy-2 68-57 ming yil, Kattasoy 1-2 esa 70-42 ming yilliklar oralig‘ida deb belgilangan19.
Muzbel yodgorligi davriy chegarasini o‘rta paleolit davri, 70-50 ming yilliklar oralig‘ida deb belgilash mumkin. Jahon paleolitshunosligida yuqori mobillik holati asosan zamonaviy ko‘rinishdagi inson jamoalari faoliyati bilan bog‘liqligi qayd etilgan. Obi-Raxmat yodgorligidan zamonaviy ko‘rinishdagi inson tipiga yaqin antropologik topilmalarning topilishi Muzbel yodgorligini ham obiraxmat madaniyatiga mansub yodgorliklar guruhiga kiritish imkonini beradi.
Xatak yodgorligi nafaqat joylashgan o‘rni, balki toshga ishlov berish texnikasiga ko‘ra o‘ziga xos xususiyatlarni namoyon qiladi. Xatak industriyasini birinchi navbatda davriy va hududiy jihatdan unga yaqin joylashgan Teshik-tosh g‘or makoni bilan solishtirish mumkin. Xatak g‘or-makoni Teshik-toshdan nukleuslarga ishlov berish va amalga oshirilgan chaqmoqlash texnikasiga ko‘ra farq qiladi. Xatak g‘or-makonida nukleus chaqmoqlash yuzalari maxsus ishlov berish yo‘li orqali tayyorlangan.
Har ikkala yodgorlikda qurollar tipologiyasi ko‘proq o‘xshashlikka ega. Birinchi navbatda qirg‘ichlar va ularni tayyorlash uchun tanlangan tanovarlar har ikkala yodgorlik uchun umumiy xususiyat sifatida qabul qilinishi mumkin. Shuningdek qurollar tarkibidagi o‘xshashlik tig‘lar va ularga ikkilamchi ishlov berish xususiyatlarida yaqqol namoyon bo‘lgan. Yuqoridagilardan xulosa qilgan holda Xatak yodgorligi davriy va madaniy mansublik jihatidan Teshik-tosh yodgorligiga yaqin ekanligini qayd etish mumkin.
Muzbel va Xatak yodgorliklaridan farqli ravishda Angillak g‘or-makoni sanasi bir qator tahlil natijalariga ega. Olingan tahlil natijalari asosida yodgorlik yoshini 50-40 ming yilliklar oralig‘i bilan belgilash mumkin. Angillak industriyasi texnik-tipologik jihatdan hududiy yaqin bo‘lgan Omonquton yodgorligi bilan o‘xshash. Omonquton yodgorligi Angillak g‘or-makoni joylashgan Qoratepa tog‘ tizmasining shimoliy qismida joylashgan bo‘lib, ushbu tog‘ tizmasi Qashqadaryo va Zarafshon daryo vohalarini ikkiga ajratadi. Har ikkala yodgorlik industriyasi davriy jihatdan ham bir-biriga yaqin. Har ikkala yodgorlik Qoratepa tog‘ tizmasining janubiy va shimoliy tarmoqlarini o‘zlashtirgan bitta jamoa tomonidan qoldirilgan bo‘lishi mumkin.
Dissertatsiyaning III bobi “O‘rta paleolit davrida tosh xomashyosi manbalaridan foydalanish strategiyalari va uning ijtimoiy-iqtisodiy hayotga ta’siri” deb nomlanib, ikki paragrafdan iborat. Birinchi paragraf “Muzbel, Xatak va Angillak yodgorliklarida tosh xomashyosidan foydalanish strategiyalari” ga bag‘ishlangan. Muzbel, Xatak va Angillak yodgorliklari industriyalari tahlili o‘rta paleolit davrida xomashyodan foydalanish strategiyalari haqida xulosa chiqarish imkonini beradi. Tadqiq etilayotgan har uchala yodgorlikda foydalanilgan xomashyo tarkibi petrografik jihatdan tahlil qilingan. Muzbel va Xatak yodgorliklari kolleksiyasi petrografik tahlili g-m. f. n. V. F. Protsenko tomonidan Angillak yodgorligi esa geolog I. N. G‘aniev tomonidan amalga oshirilgan.
Muzbel yodgorligi bevosita xomashyo manbaida joylashgan bo‘lib, hududdagi yotqiziqlar vulkanogen-cho‘kma holida shakllangan. Ushbu yotqiziqlar tektonik va boshqa geologik jarayonlar natijasida yer yuzasiga ko‘tarilib, ularning ochiq holdagi manbalari vujudga kelgan. Natijada qadimgi jamoalarda ulardan foydalanish imkoniyati paydo bo‘lgan. Olingan petrografik tahlil natijalariga ko‘ra Muzbel yodgorligida olti xil xomashyo turidan foydalanilgan bo‘lib, ular andezit, andezit-bazalt, andezit-datsit, xalsedon, alevrolit va qumtoshdan iborat.
Bu kabi yodgorliklarning yuzaga kelishida tosh xomashyosi manbalari bilan birga hayot tizimini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan boshqa zahira manbalarining mavjudligi ham muhim o‘rin tutgan. Ya’ni Muzbel kabi vaqtinchalik manzilgoh-ustaxonalar xomashyo va oziq-ovqat zahiralari tutash hududlarda yoki oziq-ovqat zahiralariga olib boruvchi yo‘llar xomashyo zahiralari joylashgan hududlarni kesib o‘tgan joylarda shakllangan. Muzbel mavsumiy manzilgoh-ustaxona sifatida yodgorliklarning alohida hududiy tipini ifodalashi mumkin. Bu kabi yodgorliklar industriyasi o‘ziga xos xususiyatga ega. Yodgorlik va unda o‘ziga xos artefaktlar tarkibining shakllanishida ham yuqoridagi omillarning o‘rni katta bo‘lgan. Shuningdek, termachilik-ovchilik bilan shug‘ullanuvchi jamoalarning mavsumiy turmush-tarzi, mashg‘ulot turi, mobillik tizimi ham jarayonga birdek ta’sir ko‘rsatgan.
Muzbel manzilgoh-ustaxonasi qadimgi jamoalar turmush-tarzida xomashyo zahiralarini o‘zlashtirish bilan bog‘liq ikki xil turdagi mobillik holati mavjud bo‘lganligini ko‘rsatadi. Birinchi holatda doimiy yashash manzilgohiga yaqin manbalar o‘zlashtirilgan. Ikkinchi holatda uzoq hududdagi manbalar o‘zlashtirilgan bo‘lib, manzilgohdan uzoq hududda joylashgan xomashyo manbai kundalik ehtiyojlarni qondirish maqsadida o‘zlashtirilgan.
Muzbel manzilgoh-ustaxonasi va unda tosh xomashyosidan foydalanish strategiyasi xususiyatlari quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
-yodgorlik bevosita hayot tizimini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan bir necha turdagi zahiralar mavjud hududda vujudga keladi
-yodgorlik tipi mavsumiy, ma’lum bir turdagi mashg‘ulot bilan shug‘ullanuvchi jamoalarning mobil turmush tarzi bilan bog‘liq
-yodgorlik maydoni kichik, bitta madaniy qatlamdan iborat bo‘ladi
-tosh xomashyo zahirasi kundalik ehtiyojni qondirish maqsadida o‘zlashtiriladi va industriya tarkibi tor doiradagi ishlab chiqarish jarayonini namoyon qiladi.
Yodgorlik bevosita xomashyo manbaida joylashgan bo‘lsada, kolleksiya tarkibida oxirgi bosqichgacha chaqmoqlangan nukleuslar foizining ustunligidir. Bu esa sifatli xomashyodan imkon qadar ko‘proq foydalanishga intilish zarurati tufayli yuzaga kelgan.
Shu o‘rinda tanlovga foydalanilgan xomashyoning fizik xususiyatlari bilan bog‘liq alohida holatlar ham ta’sir qilganligini aytib o‘tish kerak. Xomashyoning fizik xususiyatlarini aniqlash borasida petrogrif V. F. Petrun ko‘plab tadqiqotlar olib borgan bo‘lib, uning xulosalariga ko‘ra andezitning xususiyatlari obsidian va chaqmoqtosh bilan yaqin. Andezit ham chaqmoqtosh va obsidian kabi chaqmoqlash uchun yaxshi xomashyo sanaladi. Shu bilan birga ma’lum bir iqlim sharoitlarida chaqmoqtosh va obsidianga ko‘ra effuziv tog‘ jinslarining ustunligini ko‘rishimiz mumkin. Jumladan, andezit-bazalt va bazalt o‘zida sovuq iqlim sharoitiga o‘ta chidamlilik xususiyatini namoyon qiladi. Iqlimning keskin sovib ketishi oqibatida ko‘p martalik tabiiy muzlash va erish holati tog‘ jinslarining (ba’zi bir chaqmoqtosh turlarini ham) nisbatan tez yemirilishiga sabab bo‘ladi. Lekin andezit va bazalt bu kabi holatlarga ancha chidamli hisoblanadi. Kavkaz va Kavkazorti hududlarida ilk o‘rta paleolit davrida ushbu turdagi xomashyodan foydalanish holatini aynan mazkur omil bilan izohlash mumkin20.
Xatak yodgorligida ham bir qator xomashyo turlaridan foydalanilgan bo‘lib, ular chaqmoqlashgan ohaktosh, chaqmoqtosh, kvarsit, yashma, dolomit hamda porfiritning (granit, realit) bir qator turlaridan iborat. Ushbu xomashyo turlaridan chaqmoqlashgan ohaktosh Xatak g‘ori atrofida ko‘plab uchraydi. Foydalanilgan chaqmoqlashgan ohaktosh ikki xil turda bo‘lib, ularning tuzilishi va teksturasida biroz farq mavjud. Ulardan biri qoramtir rangda mayda donador ikkinchi turdagisi esa kulrang tusli. Qolgan barcha turdagi xomashyodan tayyorlangan buyumlar kolleksiya tarkibida kam foiz ko‘rsatkichiga ega.
Yuqorida Xatak g‘or-makoni industriyasining Teshik-tosh bilan o‘xshash va farqli xususiyatlari haqida aytib o‘tdik. Teshik-tosh yodgorligi kolleksiyasi O. Aripjanov va Yo. Nishiaki tomonidan qayta tahlil qilingan bo‘lib, ushbu tadqiqotlarda xomashyo strategiyasi borasida bir qator fikrlar ilgari surilgan. Tadqiqotlar A. P. Okladnikov xulosalarini tasdiqlash bilan birga ularni inkor etuvchi natijalarni qo‘lga kiritganligi bilan ham ahamiyatli. Ilgari surilgan xulosalar ichida xomashyodan foydalanish yuzasidan bildirilgan fikrlar o‘ta muhim. Ushbu xulosalar Xatak g‘ori-makonida amalga oshirilgan xomashyo strategiyasi bilan yaqin bo‘lib, har ikkala yodgorlikni bitta ijtimoiy-madaniy guruhga mansub jamoalarga tegishli bo‘lgan degan taxminni ilgari surish imkonini beradi.
O‘z vaqtida A. P. Okladnikov Teshik-tosh g‘or-makonida asosiy xomashyo sifatida chaqmoqlashgan ohaktosh, hamda u bilan birga kam miqdorda chaqmoqtosh, yashma, xalsedon, kvarsit va yanada kam miqdorda vulkanogen tog‘ jinslaridan foydalanilganligini ta’kidlab o‘tgan21. Qayta tadqiqot natijalari ham ushbu fikrlarni tasdiqlaydi. Qayta tadqiqot natijasida Teshik-toshda foydalanilgan xomashyo turi 5 ta guruhga ajratildi. Kolleksiya tarkibidagi artefaktlarning deyarli 90 % A guruhiga mansub xomashyoda tayyorlangan. Ushbu guruhdagi xomashyodan tayyorlangan nukleus va yo‘nilg‘alar foizi kolleksiya tarkibida ustunlikka ega. Unga ishlov berish jarayonining barcha bosqichlari g‘or-makonning o‘zida amalga oshirilgan. Aksincha tayyor qurollar va levallua tipidagi tanovarlar V guruhiga kiritilgan chaqmoqlashgan ohaktosh hamda chaqmoqtoshda tayyorlangan. Bu esa sifatli xomashyodan intensiv ravishda foydalanish holatini ko‘rsatadi. Alohida ta’kidlab o‘tish kerak-ki V guruhidagi xomashyodan faqat bir dona nukleus mavjud. Sifatli xomashyo turlarida tayyorlangan buyumlar tayyor holda boshqa nuqtalardan keltirilgan bo‘lishi mumkin22.
Teshik-tosh g‘or makonida mavjud xomashyo strategiyasi Xatak yodgorligi uchun ham xos. Xatak g‘orida ham foydalanilgan xomashyo turlari aynan Teshik-tosh g‘or-makonida mavjud xomashyo turlaridan iborat. Shuningdek Teshik-tosh g‘or-makonida ishlab chiqarish “zanjiri”ni to‘liqligini baholashda yetishmagan elementlarni Xatak kolleksiyasi tarkibida ko‘rishimiz mumkin. Lekin Xatak g‘or-makonida xomashyo turlari buyicha birgina holatda mavjud yo‘nilg‘alarga mos nukleuslar uchramaydi. Ushbu xomashyo turi Teshik-tosh g‘or-makonida V guruhiga kiritilgan yashil rangdagi chaqmoqlashgan ohaktoshga o‘xshash xomashyodan olingan yon qirralari parallel yirik plastinaning proksimal qismi bo‘lib, ushbu xomashyodan tayyorlangan nukleuslar kolleksiya tarkibida mavjud emas. Tayyor holdagi qurollar yoki tanovarlarning boshqa no‘qtalardan manzilgohga transportirovka qilinishi o‘rta paleolit jamoalari tomonidan qo‘llanilgan alohida xomashyo strategiyasini ifodalaydi.
Angillak g‘or-makonida geolog I. N. G‘anievning xulosasiga ko‘ra kvars bilan birga chaqmoqtosh va chaqmoqlashgan jinslar, hamda mayda donador qumtosh, rogovik, datsit va realit kabi plastinkasimon vulkanogen tog‘ jinslaridan foydalanilgan.
Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek Angillak g‘or-makonida foydalanilgan xomashyo turi o‘ta sifatsiz bo‘lgan. Bu asosan Oyoqchisoy uzani va unga tutash tog‘ yonbag‘ridan olingan qayroqtosh shaklidagi xomashyo turlari bo‘lib, turli darajada silliqlangan bu kabi qayroqtoshlar hozir ham uchraydi. Xomashyo turlaridan kvars mahalliy bo‘lib, uning foiz ko‘rsatkichlari kolleksiya tarkibidagi tosh buyumlar asosini tashkil etadi. Xomashyo va xo‘jalik faoliyatining texnika-tipologiya hamda industriya ko‘rinishiga yaqqol ta’sirini Angillak misolida ko‘rishimiz mumkin.
Xomashyo sifatining o‘ta past darajasiga qaramasdan Angillak g‘or-makoni sohiblari uzaytirilgan plastinasimon yo‘nilg‘alar olishga intilishgan. Chaqmoqlash texnikasida o‘rta paleolit davri uchun xos bo‘lgan protoprizmatik usul hamda gardishsimon va yolpig‘ichsimon nukleuslar tayyorlash ana’nasi ko‘zatiladi. Ortogonal va tizimsiz chaqmoqlash texnikasi ikkinchi darajali bo‘lib, ko‘p hollarda nukleuslarni oxirgi chaqmoqlash bosqichida qo‘llanilgan.
Toshga ikkilamchi ishlov berish va qurollar tayyorlash texnikasi tahlili Angillak g‘or-makoni sohiblarining xomashyodan foydalanish qo‘llagan strategiyasi haqida tuliq ma’lumot olish imkonini beradi. Qurollar tayyorlashda retushlash yengil o‘tkirlash yoki mayda tishsimon ish maydoni hosil qilishga qaratilgan bo‘lib, tanovar yuzasiga chuqur kirib boruvchi yoki tik holda joylashgan retushlash kam uchraydi. Qurollar tayyorlashdagi xomashyoni tejash bilan bog‘liq holatlardan yana biri ularning maqsadli sindirilgan tanovarlarda tayyorlanishidir.
Yuqorida tadqiq etilgan o‘rta paleolit davri yodgorliklarida xomashyodan foydalanish strategiyasi turli holatlarda namoyon bo‘lganligini ko‘rishimiz mumkin. Ushbu qayd etilgan xususiyatlarning turli-tumanligi yodgorliklarning geografik jihatdan bir-biridan alohida joylashuvi bilan bog‘liq holda hududiy o‘ziga xoslik sifatida izohlanishi mumkin. Bu esa xomashyodan foydalanish strategiyalarining hududiy o‘xshash va farqli tomonlarini taqqoslashda qo‘l keladi. Muammoni o‘rganish xomashyo strategiyasi nafaqat toshga ishlov berish texnikasi hamda industriya ko‘rinishiga balki atrof-muhit va zahiralarni o‘zlashtirish, adaptatsiya jarayonlari, mobillik holati, xayot tizimini ta’minlash, ijtimoiy-madaniy aloqalarga ham ta’siri sezilarli bo‘lganligini ko‘rsatmoqda.
O‘rta paleolit davri jamoalar uchun xomashyo manbalarining mavjudligi hududlarni o‘zlashtirishdagi muhim omillardan biri bo‘lgan. Xomashyodan foydalanishda birinchi navbatda mahalliy zahiralar faol o‘zlashtirilgan. Bu holat Angillak va Xatak g‘or-makonlari industriyasida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Garchi foydalanilgan xomashyo sifatsiz bo‘lsada uning yaqin masofada joylashganligi va qo‘lga kiritish imkonining mavjudligi tanlovdagi ustivor mezonlardan biri bo‘lib qolgan. Shu bilan birga uzoq masofalarda joylashgan xomashyo manbalaridan sifatli xomashyo turlari olib kelingan. Keltirilgan xomashyodan foydalanish Xatak va Angillak g‘or makonida ham mahalliy zahiralarni o‘zlashtirish kabi aniq namoyon bo‘lgan. Bu holat ayniqsa sifatli chaqmoqtosh xomashyosi bilan bog‘liq holatlarda ko‘proq seziladi. Shu o‘rinda Angillak g‘or-makoniga sifatli xomashyo tayyor qurol holida keltirilgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlab o‘tish lozim. Manzilgohlardan uzoqda joylashgan xomashyo turlarini qo‘lga kiritish qanday amalga oshirilganligini aytish qiyin. Jahon paleolitshunosligida bu kabi holatlarda uzoq hududlarda joylashgan xomashyo zahiralari maxsus kichik guruhlar tomonidan o‘zlashtirilganligi yoki ayirboshlash yo‘li bilan qo‘lga kiritilganligi qayd etilgan.
O‘rta paleolit davrida jahonda yuz bergan tarixiy jarayonlar o‘lkamiz hududlari uchun ham xos ekanligi va tarixiy rivojlanish bosqichlari bir xilda davom etganligini e’tirof etish kerak. Xomashyodan foydalanish borasida jahon paleolitshunosligida qayd etilgan holatlar mavjud paleolit davri yodgorliklarida ham ko‘zatiladi. Ekologik mintaqalarni o‘zlashtirishda tosh xomashyosining boshqa zahiralar kabi ahamiyatli ekanligi O‘zbekiston hududida mavjud bo‘lgan o‘rta paleolit davri jamoalari uchun ham xos bo‘lgan. Zahiralarni o‘zlashtirishda turli mobillik holatlaridan foydalanish, mavsumiy turmush-tarzi, sifatli xomashyo taqchilligi muammosini yechish, transportirovka usullarining bir qator turlaridan foydalanish va boshqa holatlar umumiy taraqqiyot darajasini ko‘rsatib beradi.
Dissertatsiya III bobining ikkinchi paragrafi “Tosh xomashyosi manbalaridan foydalanishning ijtimoiy-iqtisodiy hamda madaniy hayotga ta’siri” deb nomlanadi. Mazkur paragrafda tosh xomashyosi manbalari geologik holati va O‘zbekistonda ularning mavjud zahiralari, ularni paleolit davri yodgorliklari shakllanishidagi o‘rni va ibtidoiy jamoalar tomonidan o‘zlashtirilishi masalasiga to‘xtalib o‘tilgan. Ibtidoiy jamoalar foydalangan tosh xomashyosi manbalari geologik holatiga ko‘ra tog‘ tizmalari yonbag‘rlarida yotqiziq yoki daryo uzanlarida qayroqtosh holida uchraydi. O‘zbekistonda paleolit davrining turli bosqichlarida va turli hududlarida tosh xomashyosining mazkur har ikkala turidan ham foydalanish holati ko‘zatiladi.
O‘zbekiston hududida xomashyo manbalari mavjud mintaqalar alohida ajralib turadi. Paleolit davrida yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan tabiiy-geografik hududlarda ibtidoiy jamoalarning ekologik muhitga moslashishi va tabiiy zahiralardan foydalanishi keskin farq qilgan. Ushbu farqlanish tog‘ va tog‘oldi hududlariga xos xo‘jalik xususiyatlari bilan bog‘liq bo‘lgan. Ohangaron vohasi va Qoratov tog‘ yonbag‘rlaridagi toshga ishlov berish ustaxonalari va manzilgoh-ustaxonalari ibtidoiy jamoalarning alohida xo‘jalik shaklini namoyon qilgan. Bevosita xomashyo manbalariga yaqin joylashgan yodgorliklar ikkinchi tomondan gominidlar turmush-tarzidagi ekologik muhitga moslashuvchanlik holatlarini ham ifodalaydi. Bunda xomashyo omili asosiy ahamiyat kasb etgan hamda xomashyo manbalaridan foydalanish imkonining mavjudligi o‘ta muhim hisoblangan. Ohangaron vohasidan farqli ravishda Qoratov tog‘ yonbag‘ri hududlarida qadimgi jamoalar yashash manzilgohlari aniqlanmagan. Bu hududlardagi ibtidoiy jamoalar faoliyati izlari asosan toshga ishlov berish ustaxonalari bilan bog‘liq. Shu tufayli mazkur hududda qadimgi jamoalarning ekologik muhitga moslashishi va alohida xo‘jalik shakliga ixtisoslashishi Ohangaron vohasidan biroz farq qilgan deb taxmin qilish mumkin. Hududda faqat toshga ishlov berish ustaxonalari shakllangan bo‘lib, jamoa manzilgohlari ulardan alohida joylashgan bo‘lishi mumkin.
Tosh xomashyosi manbalaridan foydalanishning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotga ta’siri xomashyo tanlovida yaqqol ko‘rinadi. Albatta manbalardan foydalanish birinchi navbatda uni o‘zlashtirish imkoni mavjudligi yoki cheklanganligi bilan bog‘liq. Qadimgi ustalar tanloviga xomashyoning ishlov berishga qulayligi bilan bog‘liq sifatlar sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.
O‘rta paleolit davri yodgorliklari kolleksiyalari asosini faqat mahalliy xomashyodan tayyorlangan buyumlar tashkil etadi. Yodgorliklarda uzoq masofadan keltirilgan xomashyodan tayyorlangan buyumlar mavjudligi aniq dalillar bilan tasdiqlangan holat qayd etilmagan. Xomashyo turlari o‘rtasidagi farq ham mahalliy xilma-xillikka asoslangan. Eng ko‘p xilma-xil xomashyo manbaidan foydalanilgan holat Kulbuloqda qayd etilgan bo‘lib, yodgorlik industriyasi mahalliy xomashyo zahiralarining yetarligi va xilma-xilligi sharoitida rivojlangan.
Kamdan kam holatlarda xomashyo tanlovi o‘ziga xos madaniy yoki xronologik mansublikni belgilovchi asosiy ko‘rsatkich sifatida ajralib chiqadi. Xomashyo tanlovi madaniy o‘ziga xoslikni shakllanishiga sabab bo‘lgan yodgorliklardan biri Obi-Raxmat yodgorligidir. Obi-Raxmat yodgorligida mahalliy chaqmoqlashgan ohaktoshdan keng foydalanilgan. Manzilgohning ma’lum bir madaniy qatlamlarida xalsedondan ham foydalanilgan. Bu holat xalsedon manbasidan foydalanish imkonini ma’lum muddat mavjudligi bilan izohlangan23. Lekin boshqa xomashyo turidan foydalanish ana’naviy tarzda foydalanilib kelingan chaqmoqlashgan ohaktoshga bo‘lgan talabni kamaytirmagan. Tanlov bilan bog‘liq holatni biz yana Kulbuloq yodgorligida ham ko‘rishimiz mumkin. Manzilgohda chaqmoqtoshdan tashqari boshqa xomashyo turlaridan ham foydalanilgan bo‘lsada, chaqmoqtoshdan yasalgan buyumlar yodgorlik kolleksiyasining asosini tashkil etgan. Chaqmoqtosh mineral zahiralarni o‘zlashtirishdagi ahamiyati jihatidan birinchi o‘rinda turib, boshqa xomashyo turlari mavjud an’anaga ta’sir ko‘rsata olmagan.
Ibtidoiy jamoalar turmush-tarzi, ekologik mintaqalarni o‘zlashtirish hamda atrof muhitga moslashish bilan bog‘liq holda xomashyo manbalarini o‘zlashtirish va uni qo‘lga kiritishning bir qator ko‘rinishlari mavjudligi qayd etilgan. Xomashyo manbalarining mavjudligi ibtidoiy jamoa manzilgohlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri hududda joylashuviga sabab bo‘lgan. Manbalarning mavjud emasligi esa ekologik mintaqani o‘zlashtirish va unga moslashishning ancha murakkab tizimlarini tashkil etishga turtki bergan. Ikkinchi holatda jamoalar ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot darajasidan kelib chiqib xomashyodan foydalanishning turli xil oraliq strategiyalarini qullashgan.
Ularga ko‘ra tosh xomashyosini qo‘lga kiritish termachilik va ovchilik kabi kundalik yumushlar bilan birga olib borilgan yoki ma’lum bir manba maqsadli tarzda, tashkiliy holda o‘zlashtirilgan. Tadqiqotlarga ko‘ra xomashyo tasodifiy holatda, boshqa kundalik va xo‘jalik yumushlarni bajarish jarayonida to‘planishi mumkin edi24. Xomashyo manbalariga tasodifiy tashrif buyurish va maqsadli ravishda uni o‘zlashtirish holatlari o‘rtasida keskin farq bo‘lmagan. Qurollar tayyorlash uchun xomashyo to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilvosita ayirboshlash yo‘li bilan olingan. “Bevosita o‘zlashtirish” holatida manbalarni o‘zlashtirish maqsadida tashkil etilgan ma’lum guruh faoliyati tushuniladi. “Qo‘shimcha” o‘zlashtirish tushunchasi esa ayirboshlash, hamda boshqa kundalik va xo‘jalik mashg‘ulotlarni bajarish jarayonida xomashyoni qo‘lga kiritish holatlarini izohlaydi25.
Xulosa qismida qayd etish mumkinki, tosh davri xomashyo strategiyasi boshqa davr iqtisodiyotida ishlab chiqish jarayonini xomashyo zahirasi bilan ta’minlash tizimidan keskin farq qilgan. Tosh davrida ishlab chiqarish jarayonini xomashyo bilan ta’minlash usullari turli-tuman va murakkab bo‘lgan. Ibtidoiy jamoalarda xomashyo qayta ishlanmagan yoki ma’lum talab darajasida qayta ishlangan tarzda yetkazib berilishi mumkin edi. Xomashyo strategiyasi yashab qolish strategiyasining tarkibiy qismi bo‘lib, ko‘p hollarda landshaft ekologik muhitning zahira sig‘imini muhim ko‘rsatkichi, ya’ni hayot ta’minotini ustuvor omili bo‘lgan hamda hududlarni o‘zlashtirish (ayniqsa o‘rta paleolit davrida) imkoni mavjudligini belgilab bergan.
Xomashyodan foydalanishning turli xil oraliq strategiyalarini qo‘llash gominidlar ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotiga keskin ta’sir ko‘rsatgan. Tosh xomashyosini qo‘lga kiritish ijtimoiy munosabatlar bilan bog‘liq holda amalga oshirilgan. Bu kabi tadbirlardan biri uzaro ayirboshlash bo‘lib, u ijtimoiy munosabatlar shakllanishidagi omillardan biri edi. Yuzaga kelgan munosabatlar xomashyo transportirovkasiga asoslangan. Bunda yuqori qiymat va iste’mol talabiga ega bo‘lgan narsa-buyumlar oddiy texnologik va tashkiliy usul-vositalarga tayangan holda yetkazib berilgan. Ibtidoiy jamoalarning doimiy yashash manzilgohlaridan alohida joylashgan manbadan tosh xomashyosini tizimli ravishda yetkazib berishga asoslangan xomashyo strategiyasi o‘rta paleolit davrida shakllanib, so‘nggi paleolit davrida ancha rivojlangan.


XULOSA
Ushbu tadqiqotda R. X. Suleymanov rahbarligida va muallifning bevosita ishtirokida 2001-2004 yillarda Angillak g‘or-makonida hamda 2020-2022 yillarda Muzbel va Xatak yodgorliklarida olib borilgan tadqiqotlarda qo‘lga kiritilgan topilmalar o‘rganilgan. Arxeologik izlanishlar va topilmalarni qayta ishlash natijasida quyidagi xulosalarga kelindi:
1. O‘zbekiston hududida o‘rta paleolit davri yodgorliklari asosan tosh xomashyosi zahiralari bilan bog‘liq holda shakllangan. Tosh xomashyosi boshqa zahiralar kabi hayotiy ehtiyojlarning asosini tashkil etgan;
2. Muzbel manzilgoh-ustaxonasining shakllanishida tosh xomashyosi zahiralari bilan birga oziq-ovqat zahiralarining ham ahamiyati katta bo‘lgan. Bu kabi manzilgoh-ustaxonalar oziq-ovqat zahiralariga eltuvchi yo‘llar tosh xomashyosi mavjud hududlar orqali o‘tganda yoki har ikkala zahira manbalari bitta mintaqada joylashgan joyda shakllanadi;
3. Muzbel manzilgoh-ustaxonasida xomashyo zahiralarini o‘zlashtirish kundalik ehtiyojlar bilan bog‘liq bo‘lib, ulardan foydalangan jamoalar mavsumiy va faol mobillik sharoitida ham hayot kechirganligini ko‘rsatadi;
4. Xatak va Angillak g‘or-makonlarida xomashyodan foydalanish strategiyasining aralash turidan foydalanilgan. Xatak g‘or-makonida mahalliy chaqmoqlashgan ohaktoshdan olingan buyumlar kolleksiya asosini tashkil etadi. Angillak g‘or-makonida esa kvars xomashyosi mahalliy holda ko‘p uchrovchi xomashyo turini tashkil etgan. Har ikkala yodgorlikda mahalliy xomashyo turidan ekstensiv ravishda foydalanilgan. Ushbu holatda sifat emas xomashyo manbaining yaqinligi, uni qo‘lga kiritish va o‘zlashtirishning osonligi e’tiborga olingan.
5. Xatak va Angillak g‘or-makonida boshqa turdagi sifatli xomashyo turlaridan ham foydalanilgan. Boshqa turdagi xomashyolar kolleksiya tarkibida kam miqdorda uchraydi. Bu xomashyo turlaridan intensiv ravishda foydalanilgan.
6. Xatak g‘or-makonida keltirilgan xomashyo turi turli ko‘rinishlarda transportirovka qilingan. Transportirovka qilinayotgan xomashyo mahsulotlari nukleuslar va tayyor tanovarlar holida ham keltirilgan;
7. Angillak g‘or-makonida mahalliy bo‘lmagan xomashyodan yasalgan buyumlarning katta qismi tayyor tanovar va qurollar holida olib kelingan.
8. Angillak g‘or-makonida amalga oshirilgan xomashyodan foydalanish strategiyasi uning kolleksiyasi tarkibiga keskin ta’sir ko‘rsatgan. Bu kabi industriyalar kolleksiyasi xomashyo tanqisligi sharoitida shakllangan;
9. Angillak g‘or-makonida qurollar tayyorlash jarayonida qo‘llanilgan maqsadli sindirish holati xomashyo tanqisligi muammoasini bartaraf etish uchun qo‘llanilgan tadbirlardan biri bo‘lgan.
10. O‘rta paleolit davri yodgorliklarida xomashyodan foydalanish strategiyalarining hududiy va ijtimoiy-madaniy guruhlararo farqli va o‘xshash jihatlari aniqlanib, tahlil qilindi. Shuningdek yuqorida bayon etilgan ilmiy ishlanmalar yaxlit bir tizimga solinib, ilmiy umumlashtirildi.
Tadqiqot yakunida qo‘lga kiritilgan ilmiy xulosalar asosida quyidagi taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi:
1) mazkur dissertatsiya tadqiqotida talabgor tomonidan berilgan ma’lumotlar va xulosalardan O‘zbekistonda o‘rta paleolit davri tarixi bo‘yicha monografiya, darslik va o‘quv qo‘llanmalar yaratishda;
2) Muzbel, Xatak va Angillak yodgorliklarini muzeylashtirish va ularni Respublikada turizm biznesini rivojlantirish uchun sayyohlik yo‘nalishlari ro‘yxatiga kiritishda;
3) Muzbel, Xatak va Angillak yodgorliklarida olib borilgan arxeologik qazishmalari jarayonida aniqlangan topilmalardan muzey ekspozitsiyalarini tashkil etish uchun foydalanish mumkin.


Download 0.62 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   21




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling