Tadqiqot natijalarining ishonchliligi. O‘rta paleolit davri Angillak, Muzbel va Xatak yodgorliklarida olib borilgan arxeologik qazishmalar davomida qo‘lga kiritilgan materiallardan foydalanilganligi, arxeologiya fanida tan olingan usullar va nazariy yondashuvlarning qo‘llanilganligi, tarixiy va arxeologik ilmiy adabiyotlardan foydalanilganligi, xulosa, taklif va tavsiyalarning amaliyotda joriy etilganligi bilan isbotlanadi.
Tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati: Tadqiqotning ilmiy natijalaridan ko‘p jildli “O‘zbekiston tarixi”ning o‘rta paleolit davri tarixini yozishda, aynan ushbu davr moddiy madaniyatini yoritishda, arxeologiyaga oid o‘quv qo‘llanmalar, darsliklar yaratishda, barcha oliy o‘quv yurtlari va malaka oshirish kurslarida seminarlar tashkil etishda foydalanish mumkin.
Tadqiqot natijalarining amaliy ahamiyati shundaki, dissertatsiya paleolit davri tarixi hamda arxeologiyasi tadqiqotlari uchun amaliy tajriba vazifasini o‘taydi. Bundan tashqari, ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishlar uchun ta’lim jarayonlarini yangi ma’lumotlar bilan boyitishga xizmat qiladi.
Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Paleolit davri yodgorliklar va topilmalarning o‘rganilishi hamda tahlili yuzasidan olingan ilmiy natijalar “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Ibtido”, “Mavzu” ko‘rsatuvi ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O’zbekiston tarixi” teleradiokanali davlat unitar korxonasining 2023 yil 10- fevraldagi 02-32/220 son ma’lumotnomasi). Natijalar O‘zbekistonning tarixi va madaniy merosini targ‘ibotiga xizmat qilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, Madaniy meros agentligi tomonidan moddiy-madaniy va arxeologik merosni asrab-avaylashni targ‘ib qilishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, Madaniy meros agentligining 2023-yil 16-fevraldagi 04-08/378-sonli xati).
Do'stlaringiz bilan baham: |