Milliy manaviy yangilanish,yuksalish,taraqqiyot omili


Yuksak va ommaviy madaniyatlar diffuziyasi va interferensiyasi


Download 0.6 Mb.
bet24/80
Sana31.01.2024
Hajmi0.6 Mb.
#1818875
1   ...   20   21   22   23   24   25   26   27   ...   80
Bog'liq
Davlat univer-fayllar.org

4. Yuksak va ommaviy madaniyatlar diffuziyasi va interferensiyasi. Zamonaviy madaniy hayot o’ta ziddiyatli hodisadir. Buning ob’ektiv va sub’ektiv sabablari bor. Bir tomondan, ishlab chiqarish va turli xalqlarning o’zaro savdo-sotiq va har xil sohalarda aloqalari intensivlashdi. Ular foydalanayotgan texnologiyalar va kommunikatsiya vositalari bir xil. Natijada, turli xalqlarning qarashlarida, ijtimoiy-madaniy hayoti va umuman turmush tarzida ob’ektiv ravishda umumiy, o’xshash, bir andozali unsurlar ko’paymoqda. Milliy madaniyatlar ommaviy madaniyat unsurlarini ko’plab qabul qilmoqda. Ikkinchi tomondan, xalqlarning o’zligini anglash darajasi o’smoqda. Bu esa ularning o’z ma’naviy olamini, etnomadaniy xususiyatlarini, milliy identligini saqlab qolish, zamonaviy talablar asosida boyitib, yangi pog’onaga ko’tarish istagini kuchaytirmoqda.
Boshqacha aytganda, zamonaviy ijtimoiy hayotning ob’­ektiv tendensiyalari va ko’plab xalqlarning ma’naviy-madaniy hayotdagi sub’ektiv intilishlari o’rtasida ziddiyat mavjud. Bu ziddiyat ularning madaniyatlari va mentalitetida aks etmoqda. Ommaviy madaniyat mahsulotlari, zamonaviy turmushning qulayliklari xalqlarning an’anaviy qarashlarini, yashash tarzini o’zgartirishi barobarida milliy madaniyatlarga kosmopolitik mazmun, standartlashgan qiyofa taklif etmokda. Yuksak madaniyatga ham o’ta ziddiyatli ta’sir ko’rsatmoqda.
Birinchidan, yuksak madaniyat, yuqorida aytib o’tilga- nidek, TV, radio, video va audiodisklar orqali nisbatan kengroq tarqalib, ma’lum darajada ommalashmoqda. Ikkinchidan, aholining savodxonlik darajasi, turmush farovonligi va madaniy saviyasi yuksalishi jarayonida yuksak madaniyatga murojaat etish o’smoqda. Bu yuksak madaniyatning TV, elektron va bosma nashrlarda keng tarqalishidagina emas, shuningdek, mumtoz sahna va musiqa asarlarini zamonaviy talqin qilishlarda qam qisman namoyon bo’lmoqsa. Lekin, tan olish kerakki, keyingi holat doim ham muvaffaqiyatli chiqavermaydi. Uchinchidan, ayrim yevropalik olimlar to’g’ri e’tirof etganidek, yuksak va ommaviy madaniyatlar o’zaro ta’siri natijasida ularning diffuziyasi - bir-birining tarkibiga kirib borishi yuz bermoqda. Haqiqatan, ba’zi sohalarda, ayniqsa, virtual muzeylar, galereyalar, kutubxonalar, TV, internet va softver sohalari miso- lida ularning diffuziyasini kuzatish mumkin. Teatr, kino, TV sohalarida bunday holat yaqqol seziladi. Le­kin bu sohalar ancha murakkab, ko’pqatlamli, qarama- qarshi tendensiyalarga boy. Yuksak madaniyat aholi keng qatlamlariga estetik jihatdan tushunarli, iktisodiy jihatdan cho’ntakbop bo’lishi lozimligi uning demokratlashuviga, xalqchilligi o’sishiga, pirovardida nisbatan ommalashuviga xizmat qilmoqda.
Diffuziya muqarrar tarzda madaniyatning rivojlanishiga, uning o’rtachalashuviga ta’sir ko’rsatadi. Bugun yuksak gumanistik madaniyat g’oyalari va ba’zi tarkibiy unsurlari ommaviy madaniyatga kirib borishi kuzatilmokda.
Yuksak va ommaviy madaniyatlarning o’zaro ta’siri aslida juda rang-barang. Uni bir tomonlama ijobiy yoki salbiy, deb baholash noto’g’ri. Shak-shubhasiz, kurrai zaminda aholining axborot texnologiyalari va vosi- talarini o’zlashtirishi, internetning keng tarqalishi turli-tuman axborot izlash va olish imkoniyatlarini tubdan o’zgartirib yubordi. Axborot sohasida chegaralar nisbiy bo’lib qoldi. Odamlarning u yoki bu hodisaga, jumladan, madaniyat hodisalariga munosabat bildirishi faollashmoqda. Jamoatchilik ongida inson huquqlari va demokratik qadriyatlar, ijtimoiy taraqqiyot masalasi tobora muhim o’rin egallamoqda. Bu yuksak madaniyatga xos bo’lgan ayrim gumanistik va demokratik goyalarning omma ongiga va madaniyatiga kirib borishi oqibatidir. Axborot va iste’mol bozorlaridagi raqobatning kuchayishi ommaviy madaniyatning professionallik darajasini o’stirmoqda, ayniqsa, pop-artning turli yo’nalishlari va janrlarida professionalizm kuchayib borayotir.
Yuksak va ommaviy madaniyat diffuziyasi Yevropada XIX asr 40-yillaridan ko’zga tashlana boshladi. Adabiyotda u kundalik gazetalarda parcha-parcha berib boriladigan qiziq, ko’ngilochar, sarguzasht, detektiv asarlar (parchalar - feleton deb atalgan, hozirgi mazmunda qo’llanilmagan) ko’rinishida paydo bo’lgan. «Parij sirlari» turkumining muallifi Ejen Syu aslida yuksak mahoratli yozuvchi edi. Uning asarlari bugungi kunda ham jahonda keng tarqalgan. O’z davrida gazetada bosilgan har bir satriga eng katta gonarar oladigan (masalan, Balzakka nisbatan 30 % ko’p haq to’l angan) yozuvchi bo’lgan. O’zbek kitobxoniga E. Syu ijodi unchalik yaxshi tanish emas. Ammo Aleksandr Dyuma - «Graf Monte Kristo», «Uch mushketer» va boshqa mashhur kitoblar muallifi yaxshi tanish. Ejen Syu va Aleksandr Dyuma asarlari yuksak va ommaviy adabiyot diffuziyasiga yorqin misoldir. Fenimor Kuper, Mayn Rid, Artur Konan Doyl, Agata Kristining sarguzasht va detektiv asarlari haqida ham shunday deyish joiz.
Tasviriy san’atda akademizmdan chekinish, hatto tasvirni biroz jo’nlashtirish ko’rinishidagi diffuziyaga duch kelamiz. Matiss va boshqa modernistlar, Van Gog, ayniqsa, Gogen kartinalari, bir-biriga o’xshamaydigan boshqa modernistlar ijodi yuksak va ommaviy rangtas- virning o’ziga xos diffuziyasidir. Atoqli gruzin rassomi Nikola Pirosmanining ijodida diffuziya juda yorqin aks etgan. Tasvirdagi soddalik, hatto jo’nlik, peshlavha suratlariga o’xshashlik, chuqur xalqchillik va insonparvarlik, xarakter ifodasi bilan chambarchaslashib ketgan. Kubizm oqimi vakili Pablo Pikasso, syurre­alist Salvador Dali, modernchi Mark Shagal va rus avangardchilari atoqli rassomlardir. Ayni paytda ular kartinalari mumtoz akademik tasvir uslubidan umuman yiroq.
Musiqa san’atida ham diffuziyaga oid misollarni ko’plab uchratish mumkin. Ular ommaviy san’at qatorida xalq san’ati, musiqiy folklor ta’sirida yuzaga kelgan. Masalan, vodevillar aslida XVII asrda Fransiyada ko’chalarda aytiladigan qo’shiq o’laroq vujudga kelgan, keyinchalik hajviy mazmundagi qo’shiqlar va raqslardan iborat pesalarga aylangan. Asta-sekin teatr sahnasiga alohida janr yoki hajviy operalar va komediyalarning xulosasini ifodalaydigan yakuniy qo’shiq sifatida kirib kelgan. Vodevillar operetta janri rivojlanishiga katta hissa qo’shgan.
Fanda diffuziyaga misol qilib, ilmiy-ommabop maqolalar va risolalarni, siyosiy madaniyat va mafkurada publitsistik maqolalar, sharqlar va teleko’rsatuv, eshittirishlarni keltirish mumkin. Ma’naviy-ma’rifiy xarakterdagi «Fan va turmush» kabi jurnallar diffu­ziyaga misol bo’la oladi. Ilmiy-fantastik adabiyot ilm-fan va ommaviy badiiyatni birlashtiriladigan diffuziya ko’rinishidir. Masalan, Jyul Vern ijodi. Ammo fantastika janrining o’zi yuksak adabiyotga ham, ommaviy adabiyotga ham mansub bo’lishi mumkin. Gerbert Uells ijodi yuksak adabiyotga mansub bo’lsa, turli xil kosmik urushlar, dahshatli maxluqlar va sh.k. to’g’risidagi ko’ngilochar fantastika ommaviy madaniyatga oid.
Yuksak va ommaviy madaniyatlarning o’zaro ta’siri ayrim hollarda ularning nafaqat diffuziyasiga, shuningdek, interferensiyasiga ham olib kelmokda. YA’ni ularning o’zaro bir-birini so’ndirishi kuzatilmoqda. Diffuziya va interferensiya yuksak va ommaviy ma­daniyatlar o’zaro ta’sirining ikki qarama-qarshi - ijobiy va salbiy tendensiyalaridir (albatta, boshqa tendensiyalar ham mavjud).
Interferensiya aslida fizika fani atamasi hisoblanadi. U ikki to’lqin (suv, havo, elektr-magnit, yorug’lik to’lqinlari) tebranish ko’rsatkichlari qarama-qarshi bo’lsa, ma’lum sharoitda bir-birini to’liq yoki qisman so’ndirishini bildiradi. Interferensiya faqatgina tabiat hodisalariga emas, shuningdek, o’ziga xos tarzda jamiyat hayotiga ham xos. U lingvistikada anchadan buyon ishlatiladi. Ikkitillilik (bilingvizm) hodisalarida so’zlovchi asosiy tilining ayrim grammatik va lug’aviy xususi- yatlari u ikkinchi tildan foydalanayotganda talaffuzida, gapidagi so’zlar tartibida, zarur so’zning aniq ekvivalentini topa olmay birinchi tilining elementlarini qo’llashida namoyon bo’ladi. Ushbu holatni lingvistlar interferensiya deb atashni ma’qul topganlar. Ikkitilli insonlar ko’p. Ammo odatda ularning juda ozchiligi har ikki tilni baravar va yaxshi o’zlashtiradi. Ko’pchilik ikkinchi tilni kundalik muloqot darajasida biladi. SHu sabab ularning nutqida turli darajada qisman na­moyon bo’ladigan interferensiya ko’p uchraydi.
Aynan shunga o’xshash hodisa boshqa madaniy muhitga tushib qolgan kishilar xulq-atvorida, ularning yangi ijtimoiy voqelikka munosabatida kuzatiladi. Ushbuning yorqin misoli - muhojirlar hayoti. Bunda qishloq, pro­vinsial, ko’proq dehqoncha madaniyat va shahar madaniyati o’rtasida, agar muhojir chet ellik bo’lsa, ikki milliy madaniyat o’rtasida o’ziga xos interferensiya yuz beradi. Qishloqdan shaharga yoki bir mamlakatdan ikkinchi mamlakatga ko’chib kelib, yangicha sharoitda ishlashga va yashashga majbur bo’lgan kishi o’z ongi va turmush tarzida avvalgi madaniy voqelik unsurlarini ancha uzoq saqlab qoladi, yangi voqelikning hamma unsurlarini birdek barovar qabul qilolmaydi. Uning hayotida o’ziga xos mafkuraviy-madaniy bo’shliq (vakuum) paydo bo’ladi. Bo’shliq aynan madaniyatlar interferensiyasi tufayli yuzaga keladi. SHunday qilib, interferensiya bir madaniyat doirasida regional - tabaqaviy (shahar, qishloq), yuksak va ommaviy madaniyatlar o’rtasida, hamda turli milliy ma­daniyatlar doirasida ularning o’zaro farq qiladigan xususiyatlarining bir-biriga ta’siri natijasida vujudga keladi.
Zamonaviy insonning estetik, axloqiy, hatto siyosiy ongida yuksak va ommaviy madaniyatlar o’zaro ta’siri turli darajada keltirib chiqargan interferensiyani kuzatish mumkin. Yuksak va ommaviy madaniyatlarning o’zaro interferensiyasi haligacha na respublikamizda, na xorijda alohida ilmiy tadqiq etilgan emas. Har holda ushbu satrlar muallifiga bunday tadqiqotlar noma’lum. Eng avvalo qayd etish lozimki, madaniyatlar interenferensiyasi - nisbiy tushuncha. U madaniyat mahsulotlarida emas, ko’proq jamiyat a’zolarining, san’at ahlining, siyosatchilar va qonun ijodkorlarining qarashlarida, kengroq olsak, ijtimoiy mo’ljallarida, ya’ni ma’naviyatida namoyon bo’ladi. Masalan, rivojlangan G’arb mamlakatlarida ba’zi an’anaviy axloqiy mezonlarning, fundamental oilaviy qadriyatlarning ancha deformatsiyaga uchragani, bizning fikrimizcha, ularni ommaviy madani­yat ta’sirida qisman so’ngani va o’zgargani natijasidir.
Bu madaniyatlar interferensiyasidan tashqari hozirgi jamiyatda nomoddiy iste’molning o’sishi, odamlarda bo’sh vaqtning ko’payishi natijasida madaniy xizmat ko’rsatish va dam olish bozorlarida raqobat keskin o’sgani bilan bog’liqdir. Masalan, ayrim rejissyorlar ba’zi bir mumtoz dramatik asarlar mazmunini, voqealarini «zamonaviylashtirib», insonning ongosti va biologik instinktlari qanday yuzaga chiqishini ko’rsatuvchi asarlarga yoki absurd tomoshalarga aylantirmoqda. Mumtoz asarlar o’zlarining gumanistik mazmunidan, ezgulik g’oyalaridan mahrum etilmoqda.
Ma’lumki, ommaviy madaniyat bozor talablari va moda asosida rivojlanadi. Aynan ushbu omillar madaniyatlar interferensiyasiga ko’pincha sabab bo’ladi. Teatrlarga tomoshabinlarni jalb qilish maqsadida sayoz mazmunli, sxematik, lekin tomoshabin ehtiroslarini qitiqlovchi sahna ko’rinishlarini, ongosti, mistika, absurd unsurlarini ustalik bilan spektaklga tiqishtirgan asarlar ko’plab qo’yilmoqda. Ular qatorida mumtoz asarlar mazmunini o’ta jo’nlashtirish, ba’zan ochiqchasiga soxtalashtirish, ataylab buzish, asarni modaga mos sxematik andozaga solish, modaga kirgan g’oyalarni asarga tiqishtirish misollari ham ko’p.
Yuksak va ommaviy madaniyatlar interferensiyasi yangicha talqinlardan tashqari yangi janrlar va yo’nalishlarni vujudga keltirmoqda. Masalan, tasviriy san’atda aksionizm degan yo’nalish paydo bo’lgan. Jamoat joyida, shahar ko’chalari va maydonlarida odamlar ko’z o’ngida qandaydir ramziy «badiiy» aksiya (tadbir) sodir etiladi. U odamlar kutmagan, tushunmaydigan, qo’rquv va hayratga tushadigan shaklda amalga oshiriladi. O’zini Iso Masih kabi xochga parchinlatgan rassomni yoki o’tgan asr 90-yillarida rassom Oleg Kulikning Moskvada qip-yalang’och bo’lib, bo’yniga itlarga bog’lanadigan tasma zanjirni taqib olib, to’rt oyoqda bir necha kun itni tasvirlaganini, yo’lovchilarga irillab, hurib tashlanganini, odamlarning shimlari pochalaridan tishlab tortganlarini, mashinalar kapotiga chiqib, uning ichidagi kishilarni qo’rqitishga harakat qilganini eslash mumkin. Hech kim O.Kulik nega bunday qilganini bilmagan. Uni psixiatriya kasalxonasiga yotqizishmoqchi bo’lganlarida, Shveysariyadan unga taklif tushadi. Kulik Syurix shahrida o’z aksiyasini takrorlaydi. Yoki Katrin Nenasheva bolalar krovatchasini bog’lab olib, 20 kun davomida Moskvaning gavjum ko’chalarida yurgan. Uning bu jonli asari - «jazolash» deb atalgan. Bola tug’ib, voyaga etkazish-taqdirning ayolga bergan jazosidir, degan mazmunni anglatar, balki. Bu bola va nikohga qarshi turadigan feministik g’oyaning o’ziga xos talqini bo’lsa, ehtimol.
Inson olamning mehvari, tabiatning gultoji, degan g’oya SHarqda keng tarqalgan edi. Farbda ham Renassans va Ma’rifatparvarlik davridan falsafiy antropologiya rivojlandi. I.Kantning «Inson vosita emas, maqsaddir» g’oyasi Yevropa mumtoz gumanizmining idealiga aylandi. Lekin Sharq va G’arb mumtoz gumanizmi antropotsentrizmni insonning har tomonlama yuksalishi, ma’nan etukligi, mas’uliyati bilan bog’lar edi. Industrial jamiyat sharoitida esa inson huquqlari erkin va ashaddiy o’zaro raqobat qilish, shaxsiy manfaatlar uchun ayovsiz kurashish, xudbinlik sifatida bir tomonlama noto’g’ri tushunildi va talqin qilindi.
Antropotsentrizm vulgar, nogumanistik mazmun kasb eta boshladi. Keskin individualizm XX asrning ikkinchi yarmida gumanizmni asta-sekin vul’gar antropotsentrizm bilan almashtirdi. Endi tabiatning ham, jamiyatning ham, har qanday ijtimoiy faoliyatning ham markazi­ta abstrakt insonning chegaralanmagan ehtiyojlarini qondirish, uning har qanday injiqligini, hirsini, agar ular mavjud tuzumni amalda zo’ravonlik bilan ag’darishga, boshqa insonlar ustidan zo’ravonlik qilishga qaratilmagan bo’lsa, inson huquqi deb talqin qilish egalladi. Gumanizm o’zining dialektik teskarisi - antigumanizmga, individualizm - egotsentrizmga ay­landi. Erkinlik mas’uliyat bilan mushtarak ekanligi unutildi.
Mas’uliyatsiz erkinlik shaxs ma’naviyatini emiradi. Ushbu holat, tabiiyki, ommaviy madaniyatning soxta qadriyatlarida o’z aksini topadi. Oqibatda aksilmadaniyatni keltirib chiqaradi. Qotillik, zo’ravonlik, qon- xo’rlik (vampirizm), shahvoniylikni ochiqchasiga ko’rsatib, «estetiklashtiruvchi» filmlar, kitoblar ko’payib ketdi. Ularning paydo bo’lishini faqat o’z egalariga katta daromad keltirishi bilangina tushuntirish noto’g’ri. Jamiyatda qadriyatlar tizimi va ijtimoiy mo’ljallar o’zgarmaganda, pornografiya industriyaning alohida turiga aylanmas, biror korchalon ochiqchasiga mavjud axloqiy qoida va me’yorlarga qarshi turib, zo’ravonlik va boshqa aksilinsoniy xulqni estetiklashtiruvchi asarlarni om­maviy nusxada ko’paytirmas edi.
Ushbular xalqaro siyosiy va huquqiy madaniyatda, jahon jamoatchiligi ongida qadriyatlar va mo’ljallar interferensiyasining sodir va namoyon bo’lgan qismidir.
Bugungi voqelikda madaniyatlar interferensiyasi ijtimoiy qadriyatlar va mo’ljallarning kuchli deformatsiyasiga, ba’zan tubdan transformatsiya bo’lishiga, hatto, ayrim hollarda, yo’qolishiga olib kelmoqda. Madani­yatlar interferensiyasi - murakkab masala. Uni faylasuflar, sotsiologlar, madaniyatshunoslar, psixologlar, pedagoglar, barcha gumanitar fanlar vakillari o’z yo’nalishlarida tadqiq etsalargina, ko’p narsa oydinlashadi.
Biz boshqa xalqlardan ihotalanib, maxdudlashib, zamonaviy aloqa va muloqot vositalaridan voz kechib yashay olmaymiz. SHu sababdan ta’lim-tarbiya jarayoni zamonaviy axborot bozori ochiqligini, axborot almashish imkoniyatlari cheksizligini hamda ommaviy madaniyatning ma’naviy «kolonizatorlik» funksiyasini hisobga olib, mudom takomillashtirilib borilmog’i lozim.



Download 0.6 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   20   21   22   23   24   25   26   27   ...   80




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling