Milliy manaviy yangilanish,yuksalish,taraqqiyot omili


Milliy-ma’naviy yangilanish, yuksalish – taraqqiyot omili


Download 0.6 Mb.
bet34/80
Sana31.01.2024
Hajmi0.6 Mb.
#1818875
1   ...   30   31   32   33   34   35   36   37   ...   80
Bog'liq
Davlat univer-fayllar.org

4. Milliy-ma’naviy yangilanish, yuksalish – taraqqiyot omili. Istiqlol tufayli biz madaniy merosimizni chuqurroq va kengroq o’rganishni boshlagan ekanmiz, o’tmish ma’naviy qadriyatlarimizning ko’pchiligiga yangicha mazmun bag’ishlab, ba’zilarini qayta tiklamoqchi ekanmiz, bundan ko’zlagan maqsadimiz o’tmishga sig’inish emas, balki unga suyanib, undan foydalanib, yanada olg’a siljish, rivojlanishning yangi bosqichiga chiqishdir. Mada­niy merosning har bir konkret hodisasini, qadriyatini baholaganda, amalda foydalanmoqchi bo’lganimizda, ularning O’zbekiston istiqboliga, xalqimiz umumjahon taraqqiyotining faol sub’ektiga aylanishiga qay darajada xizmat qila olishi bosh mezon bo’lishi kerak.
Madaniy merosga ilmiy yondashishning universal mezonlari nimalardan iborat? Bizning fikrimizcha, asosiy universal mezonlar to’rtta: insonparvarlik, vatanparvarlik, xalqchillik, taraqqiyparvarlik. Bu mezonlar umuminsoniy xarakterga ega. Biz ulardan foydalanganda, faqat soxtalashtirmasdan, mazmunini siyosiylashtirmasdan, milliy maxdudlik va millatchilik bilan chegaralamasdan foydalanishimiz kerak. Bu tamoyillar zamonaviy madaniyatga nisbatan qo’llanganda esa, ijodiy izlanishlarga, yangi epkin va intilishlarga qarama-qarshi qo’yilmasligi, o’zgarmas qolipga aylantirilmasligi lozim.
Madaniy merosni baholaganda, uning inson ehtiyojlariga qay darajada xizmat qila olishi, insondagi ezgulik, go’zallik, soflik, muhabbat kabi tom ma’nodagi yuksak insoniy his-tuyg’ularni, intilishlarni shakllantira olishi, yovuzlikka, tubanlikka, axloqsizlikka, insonni xo’rlashga nisbatan ma’naviy va amaliy murosasizlikni, ya’ni fransuz ma’rifat- parvarlari ta’kidlaganidek, ma’naviy erkin, lekin ijtimoiy mas’ul fuqaroni tarbiyalay olishi (albatta, bugungi kun tushunchasidagi mustaqil taraqqiyot talablariga mos erkinlik va mas’uliyatni tarbiyalash nazarda tutilmoqda) asosiy mezon bo’lishi tabiiydir.
Insonparvarlik madaniyatning jamiyat a’zolarida insoniylikni va inson haq-huquqlari va qadr-qimmatini shakllantirishga xizmat qilishidir. Aynan shu nuqtai nazardan madaniy meros (jumladan, diniy meros ham) chuqur tahlil qilinmog’i va insonparvarlik mezoniga mos kelganlarigina keng foydalanishga jalb etilmog’i lozim. Insonparvarlik - konkret-tarixiy tushuncha. U qotib qolgan hodisa emas. U tarixan o’zgaradi, yangilanadi, rivojlanadi. Insonparvarlik hech qachon tarixiy zaruratga, taraqqiyot ehtiyojlariga zid kelmaydi. Agar zid kelsa, u eskirgan yo soxta bo’lib chiqadi.
Qolaversa, madaniy meros alohida olingan insonlar bilan birga butun jamiyatga, butun millatga xizmat qiladi. Shu sababdan insonparvarlik bilan bir qatorda xalqchillik va vatanparvarlik kabi mezonlar qo’llanishi kerak. Xalqchillik - madaniy merosdagi xalqni jipslashtiruvchi, milliy hamjihatlikni amalga oshiruvchi, xalqning psixologiyasini, mushohadasidagi, ongidagi umumiylikni, xalqning demokratax intilishlarini aks ettiruvchi va rivojlantiruvchi g’oyalar, badiiy obrazlar va vositalardir.
Xalqchillik bilan madaniyatdagi ommaviylik va elitarlik masalasini chalkashtirib yubormaslik ke­rak Xalqchillik xalqqa tushunarli, uning didi va ehtiyojlariga moe bo’lish bilan cheklanmaydi, ommaviy madaniyatga xos mazmunan sayozlikni, shakliy jo’nlikni, «otarchilik»ka moyillikni va shu kabilarni rad etadi. Xalqchillik «elitar» madaniyatni inkor etmaydi. U ma­daniyatdagi barcha rang-baranglikni, uslubiy va shakliy boyliklarni qamrab oladi. Madaniyatning xalqchilligi millatni o’z tarixiy ildizlari bilan chuqurroq bog’laydi. Xalqchillik madaniyatdagi milliy psixologiyaga va manfaatlarga zid keladigan yot hodisalarni inkor qiladi. Madaniyatda va umuman ma’naviyatda o’ziga xos shakliy va mazmuniy filtr vazifasini o’taydi. Haqiqiy xalqchillik milliy madaniyatning o’zga madaniyatlardagi asl qadriyatlar hisobiga boyishiga to’sqinlik qilmaydi. Ammo chetdan qabul qilingan qadriyatlarni shaklan va mazmunan o’z xalqi ehtiyojlariga, idrok va mushohadalariga moslashtiradi. Xalqchillik madaniyat­ning, millat ehtiyojlari nuqtai nazaridan barqarorligi va qadr-qimmatligidir.
Xalqchillik to’grisida yuqorida aytilganlar tom ma’noda vatanparvarlik mezoniga ham taalluqlidir. Bu ikki tushuncha bir-biriga nihoyatda yaqindir, chunki xalq manfaatlari Vatan manfaatlari bilan bir butundir. Biroq, ayni paytda, vatanparvarlik ongli ravishda ijtimoiy faollikni, fuqaroviy burchga sodiqlikni taqozo etadi. Vatanparvarlik, birinchi navbatda, o’zi tanlagan kasb doirasida mas’uliyatini to’g’ri tushunish va vatani ravnaqi yo’lida halol mehnat qilishdir, mehnat vazifa­sini halol, sidqidildan bajarishdir. O’z manfaatini hamma narsadan ustun qo’yadigan g’irrom kishi, qancha og’iz ko’pirtirib Vatan haqida gapirmasin, hech qachon haqiqiy vatanparvar bo’lolmaydi. Og’ir damda yoki foyda uchun o’z burchini tez unutadi. Vatanparvarlik mezonlari bilan o’lchanganda, O’zbekiston mustaqilligini mustahkamlashga muayyan madaniyat hodisasi qay darajada xizmat qila olishi ma’lum bo’ladi, madaniy merosdagi ayrim noziklashtirilgan milliy nigilistik ohanglar, g’oyalar ko’rinib qoladi. Alisher Navoiyning turkiy tilda ijod qilishga o’z qavmlarini da’vat etishi va turkiy tilning fors va arab tillaridan qolishmasligini, hatto ba’zi tushunchalarni ifodalashda ustunligini isbotlashga uringani uning milliy nigilizmga qarshi kurashganiga, vatanparvarligiga yorqin misoldir.
Va nihoyat, taraqqiyparvarlik mezoni haqida. Ma­daniy hodisot, masalan, san’at asari, xalqparvarlik va vatanparvarlik tuyg’ulari bilan qanchalik sug’orilgan bo’lmasin, agar u kelajakka emas, o’tmishga qaratilsa, patriarxal tuzumni, kechagi kun tartiblarini, urflarini, turmush tarzini ideallashtirsa, milliy mahdudlikka, millatchilikka chorlasa, O’zbekiston mustaqil taraqqiyoti uchun uning ahamiyati past bo’ladi. Asardagi xalqchilik va vatanparvarlik tashqi ko’rinish kasb etadi, xolos. Shu boisdan madaniy merosni baholashda, taraqqiyparvarlik talablarini e’tiborga olish zarur. Taraqqiyparvarlik zarur hollarda milliy an’analarga, urf-odatlarga, kat- talar so’ziga va talabiga, obro’li shaxslar ko’rsatmalariga, ba’zi bir o’tmish kadriyatlariga tanqidiy munosabatda bo’lishni taqozo etadi. Kelajak talabi bugungi va kechagi kun uchun inkor qilinmasligi shart.
Aytilganlardan madaniy merosga, uni baholashga va undan O’zbekiston mustaqil taraqqiyotida foydalanishda ushbu mezonlar yordamida kompleks yondashish kerakligi ayon bo’ladi.
Yuqorida qayd etilgan to’rtala mezon madaniy me­rosga munosabatning universal mezonlaridir. Madaniy merosning turli sohalarida faqat ungagina taalluqli xususiy mezonlar ham mavjud. Masalan, adabiyot va san’­at uchun shunday mezon, bu - yuksak badiiylik, obrazlar takomilligidir. Lekin badiiylik mezonini ilm-fan, axloq yoki huquqqa nisbatan qo’llab bo’lmaydi. Ularning o’z xususiy mezonlari mavjud. Fan uchun xususiy mezonlar ilmiy ob’ektivlik, xolislik, siyosiy va diniy ideologiyadan, tarafkashlikdan ustun turish, ilmiy faktlarga, nazariy va mantiqiy dalillarga sodiqlikdir. Axloq va huquqda ezgulik, halollik, adolat, tenglik va barchaga barobarlik va boshqa xususiy mezonlar mavjud. Mada- niy merosning har bir sohasi to’rtala universal mezon va muayyan sohaga taalluqli xususiy mezonlar birligida tahlil qilinishi va baholanishi maqsadga muvofiqdir.
Mustaqillik davrida ma’naviy tiklanish va yuksalishda milliy g’oya konsepsiyasi katta ahamiyat kasb etdi. Milliy g’oya xalqning asriy orzu-umidlari va oliy maqsadlarini mujassam holda ifodalaydi. Milliy g’oya respublikamiz aholisini, barcha millat va elatlarni buyuk maqsad yo’lida jipslashtiruvchi omilga aylandi. Milliy g’oya tevaragida mustaqil taraqqiyot mafkurasi shakllandi, uning asosida esa islohotlar amaliyoti tashkil etilgan.
Milliy goya ma’naviyatimiz rivojlanishi mustaqillik bosqichining mohiyatini, o’zagini tashkil etadi. Barcha yo’nalishlardagi ma’naviy islohotlarni biz mil­liy g’oyaga qay darajada mos kelishiga qarab baholaymiz. Fikrlar xilma-xilligi, ko’ppartiyaviylik va siyosiy dasturlar rang-barangligi sharoitida milliy g’oya birlashtiruvchi kuch va asosiy ijtimoiy ma’naviy mo’ljaldir. Partiyalar milliy g’oyaga qarab o’z siyosatlari va mafkuralariga aniqlik kiritib boradi.
Mustaqillik yillarida nafaqat tarixiy xotirani, milliy an’analarni, madaniy merosni tiklashga, diniy meros va islom diniga to’g’ri munosabatini shakllantirishga, shuningdek, ma’naviy tahdidlarga, mafkuraviy xurujlarga, diniy ekstremizmga, shovinizm va millatchilikka, mahalliychilik, guruhbozlik, urug’-aymoqchilik, poraxo’rlik va sh.k. illatlarga qarshi kurashishga, aholida, ayniqsa, yosh avlodda mafkuraviy immunitetni shakllantirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Bu ishlarda milliy g’oyaning ilmiy-metodologik, ijtimoiy-mafkuraviy va ma’naviy tarbiyaviy ahamiyati ulkan bo’lmoqda.
Mustaqillik davri ma’naviyati shakllanishi va rivojlanishi davom etmoqda, u mustaqil taraqqiyotimiz bilan uzviy bog’liqdir. Xalqimizni yangi yutuqlarga olib keladi. Zero, taraqqiyot va ma’naviyat bir-birini taqozo etuvchi dialektik mushtaraklikdir. Ammo mustaqillik ma’naviyati katta bosim, ziddiyatli geosiyosiy muhitda rivojlanmoqda. Birinchidan, eski davrdan qolgan illatlar bosimi - mahalliychilik, urug’-aymoqchilik, guruhbozlik, mansabparastlik va ayniqsa bozor iqtisodiyoti sharoitida avj olishi mumkin bo’lgan qusurlar ma’naviyatimizga o’ta salbiy ta’sir ko’rsatmokda. Halol ishlab yaxshi yashashiga, kelajagi, jamiyatdagi mavqei, mansabi faqat o’ziga, o’z bilimi, malakasi, halolligiga, vatanparvarligiga bog’liqligiga qattiq ishonmaydigan kishida esa takomilga, ijodkorlikka intilish susayadi. Poraxo’rlik, tanish-bilishchilik, mahalliychilik inson ishonchini yo’qqa chiqaradi.
Ikkinchidan, iqtisodiy muammolar, inflyasiyaning yuqoriligi, ishsizlik insonga nafaqat o’z imkoniyatlarini yuzaga chiqarishga xalaqit beradi, kelajakka intilishini, orzu-havaslarini susaytiradi, shuningdek, turli qing’ir yo’llar, kimningdir ko’nglini olish va h.k. yordamida muammolarini echishga undaydi, yaqinlariga, do’st-birodarlariga mehr-oqibatini sovitadi. Uchinchidan, geosiyosiy va xalqaro vaziyat, buyuk davlatchilik shovinizmi va millatchilik, diniy ekstremizm va terrorizmning xalqaro miqyosda kuchayishi, globallashuv, ma’naviy taxdidlar va ommaviy madaniyatning ba’zi yo’nalishlari, yangi global muammolar - narkobiznes, odam savdosi, uyushgan jinoyatchilik va shu kabil ar ham ma’naviyatimiz­ga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda.
Biz milliy ma’naviyatimizni himoya qilishimiz lozim, milliy ma’naviyatimiz esa bizni yot ta’sirlardan himoya qiladi, o’zligimizni saqlab qoladi.



Download 0.6 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   30   31   32   33   34   35   36   37   ...   80




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling