Mirzo ulug‘bek nomidagi o‘zbekiston milliy universiteti jahon tarixi
Urartuning zaiflashuvi va emirilishi
Download 0.73 Mb.
|
Mirzo ulug‘bek nomidagi o‘zbekiston milliy universiteti jahon ta
Urartuning zaiflashuvi va emirilishi.Urartu podshosi Rusa I o‘z joniga qasd qilganidan keyin, uning qonuniy vorisi Argishti II taxtga chiqdi va mil. avv. 680- yilgacha hukmronlik qildi. Urartu- Ossuriya urushi davrida Argishti II Ossuriya qo‘shiniga qarshi Urartu qarshi hujumini tashkil etishga mas’ul bo‘ldi. Uning qo‘shini bir safar ossurlarni Ossuriyaning urushdan oldingi chegarasi ichkarisigacha haydab yuborishga muvaffaq bo‘ldi. Shuningdek, Van ko‘li shu jumladan, Mushashir, Ushnu va Tepe kabi shahar atrofini ham o‘ziga bo‘ysundirib oldi. Harbiy yurishlar davrida uzoq janubga borib, Tigr daryosi bo‘yidagi boy Nimrud shahrini egallab olishga muvaffaq bo‘ldi. Argishti II ning keyingi hukmronlik yillari, uzoq davr tinchlik va iqtisodiy taraqqiy etgan davr sifatida “Oltin asr” deb ta’riflanadi. Keyingi Rusa II va Sardur III hukmdorlari davrida bu tinchlik va iqtisodiy taraqqiyot muhim ahamiyat kasb etdi. Afsuski, bu hukmdorlar to‘g‘risida bizgacha kam ma’lumotlar etib kelgan. Rusa II mil. avv. 680 -yildan to 639- yilgacha Urartu podshosi bo‘lgan. Uning hukmronligi davrida o‘sha vaqtda Teyshebani nomini olgan yirik Karmir- Blur qal’a majmuasi qurildi. Teyshebani nomi qal’a joylashgan tepalikning katta qismiga tegishli hisoblanadi. Bu qal’a qadimgi Urartu podsholigi Kavkazorti provinsiyasining yagona poytaxti sifatida xizmat qilgan. U Armanistonda hozirgi Erevan shahri yaqinida joylashgan. Qachonlardir bu joyda ulkan qal’a va devor burchaklarining barcha tomonlari yig‘indisi bo‘ylab baland minoralar va katta darvozali devor hamda ichkarida ombor binolari bilan hukumat markazi joylashgan. Shahar maydoni saroy majmuasi va qal’asi bilan birgalikda 0.45km2 gacha etadi. Karmir-Blur so‘zining tarjimasi, tepalik qizil rangda bo‘lgani uchun “Qizil tepalik” degan ma’noni beradi. Mazkur tepalik shahar yondirilgani uchun shunday rangdagi tusga kirgan. Tufdan qurilgan devorning tepa qismi esa yongan va qattiq qizishi oqibatida to‘kilgan. Tuf qizishi bilan qizil rangga kirgan shuning uchun tepalik qizil bo‘lib qolgan. Asosi o‘ta mustahkam bo‘lgani uchun ham devorning pastki qismi yong‘indan keyin ham saqlanib qolgan. Teyshabani 901 metr (2,956 fut) balandlikda joylashgan. Rusa II taxtga o‘tirganidan keyin mil. avv. 681- yilda Urartuning holati ancha yaxshilandi. Bu Ossuriyada yangi fuqarolik urushi bilan bog‘liq bo‘ldi. Urush tufayli Ossuriya ancha zaiflashib qoldi. Mazkur davrda Midiya Ossuriya tarkibida edi. Bundan foydalangan Midiya mustaqillik uchun kurashni kuchaytirdi. Mil. avv. 680- yilda Ossuriya hukmdori Sinaxxerib o‘ldirildi. Uning qotillari esa, Urartuga Shubriya viloyatiga qochib ketdilar. Moisey Xorenatsining “Armaniston tarixi”da, Ossuriya arxivlari va Bibliyada (Podsholiklar To‘rtinchi kitobi va payg‘ambar Isayi Kitobida) mazkur voqea haqida kuyidagi ma’lumotlar saqlangan: “... Ossuriya podshosi Sinnaxxerib qaytib keldi va Nineviyada yashadi. U o‘zining xudosi Nisroxi uyida ibodat qilayotganida Adramelex va Sharetser o‘g‘illari uni qilich bilan o‘ldirdi. O‘zlari esa Ararat erlariga qochib ketdilar. Uning o‘rniga o‘g‘li Asardan podsho bo‘ldi. ” Bu hodisalar zaiflashib borayotgan Ossuriyaning diqqat e’tiborini tortmadi va Rusa II ga Urartuning oldingi shuhratini qaytarishga imkon berdi. Rusa II Urartu bosh xudosi Xaldining diniy kuchini qayta tiklanishiga katta e’tibor qaratdi. Van ko‘lining shimoliy sohilida Urartu markazida bu xudo sharafiga yangi ibodat shahrini barpo ettirdi (Xudo Xaldining ilgarigi diniy markazi Mutsatsirada edi. Mil. avv. 714- yilda Ossuriya podshoi Sargon II tomonidan vayron etilgandi). Bundan tashqari Rusa II bir necha marotaba g‘arbga harbiy yurishini amalga oshirib, ko‘p sonli asirlarni qo‘lga oldi. Mamlakat ichida ko‘pgina qal’a inshootlari va mahobatli binolar qurilishida ushbu asirlar mehnatidan foydalanilgan. Rusa II o‘limidan keyin Urartu davlati asta-sekinlik bilan yemirila boshladi. Keyingi 100 yil davomida batamom barham topdi. Hattoki, oxir-oqibatda antik mualliflar tomonidan tilga olinmay qoldi. Mazkur yillar davomida Urartuda bir nechta hukmdorlar almashdi: Sardur III (mil. avv. 639 – 625 -yy), Sarduri IV (mil. avv. 625-620 -yy), Erimena (mil. avv. 620-605- yy) Ossuriya halokatini ko‘rgan, Rusa III (mil. avv. 605 – 595 -yy) shuningdek, Urartuning oxirgi podshosi Rusa IV (mil. avv. 595 – 585 -yy). Bu podsholarning hukmronligi yillarida deyarli yangi qurilish ishlari amalga oshirilmadi. Ossuriyaning chuqur inqirozli davriga qaramasdan, Urartu o‘zining so‘nggi paytlarigacha ham biron marta Mesopotomiya va Kichik Osiyo o‘rtasida strategik savdo yo‘li ustidan nazoratni qayta tiklashga harakat qilmadi. Bundan tashqari, Sardur III ning Ashshurbanipal bilan olib borgan yozishmalarini tahlil qilish asosida ayrim tadqiqotchilar, Rusa II ning o‘g‘li Sardur III davrida Urartu Ossuriyaga vassal davlat bo‘lib qolgan degan xulosaga keladilar. Mil. avv. 639 -yildan to 625 -yilgacha Rusa II ning o‘g‘li Sardur III hukmronlik qilgan yillar hisoblanadi. Uning hukmronlik yillarida mamlakat inqirozga yuz tutadi. Sardur III o‘zining kutubxonasi bilan mashhur bo‘lgan Ossuriya podshoi Ashshurbanipal bilan zamondosh bo‘lgan. Sardur III hukmronligi davrigacha Urartu shu qadar zaiflashib qolgan ediki, u azaliy dushmani bo‘lgan Ossuriyaga yordam so‘rab murojaat qilishga majbur bo‘ldi. Shunday fikrlar mavjudki, shu davrdan e’tiboran Urartu aslida Ossuriyaga vassal davlat bo‘lib qolgan. Sardur III esa Ossuriya podshoini “o‘zining ho‘jayini” deb atagan. Mil. avv. 638- yilda Ashshurbanipal solnomasida quyidagi ma’lumotlar keltirilgan: “... Urartu podshosi Ishtarduri, podsho, ota-bobolarim har doim “birodar” deb yozishgan, buyuk xudolar tomonidan buyurilganidek, kuchi va qudrati haqida eshitib, endilikda Ishtarduri doimo “podsho, olampanohimga” deb yozadigan bo‘ldi”. Hurmat yuzasidan, o‘zining in’omlarini qabul qilishini samimiy so‘raydi. So‘ngra Rusa III (mil. avv. 605-595-yy) Urartu taxtga chiqadi. Uning hukmronligi yillari tanazzul davriga to‘g‘ri keladi. Rusa III hukmronligi yillarida Urartu o‘z davlatchiligining inqirozli davrini boshidan kechirdi. So‘nggi o‘n yillik davomida Urartu podsholari asta-sekinlik bilan mamlakat markazi ustidan nazoratni qo‘ldan boy berdi. Urartu poytaxti Van ko‘li sohilida joylashgan Tushpa shahridan, Kavkaz ortida joylashgan Teyshebani shahriga o‘zgardi. Biroq, bu voqealardan sal oldinroq Rusa III hukmronligi boshlangunga qadar, mil. avv. 609 - yilda tashqi siyosatda muhim hodisa sodir bo‘ldi. Urartuning janubiy qo‘shnisi va azaliy dushmani bo‘lgan Ossuriya midiyaliklar va bobilliklarning hujumi ostida tanazzulga yuz tutdi. Shu tarzda, urartlar yana mamlakat markazida va janub chegaralarida o‘zlarini xo‘jayin deb his qiladilar. Lekin bu uzoqqa cho‘zilmadi. Urartu atrofida yangi dushmanlar xalqasi birlasha boshladi. Ossuriyaning halokatidan xursand bo‘lgan Rusa III chamasi, xo‘jalik ishlariga diqqat-e’tiborini qaratdi. Tushpada, Erebuni va Argishtixinilida yangi don ombori qurilishi haqida Rusa III dan bir nechta yozuvlar saqlanib qolgan. Old Osiyoda bu davrda muvozanat kuchi o‘zgardi. Urartuda ham Ossuriyada ham yangi xavfli dushmanlar paydo bo‘ldiki, oxir-oqibatda, ular ikkala davlatni ham vayron qildi. Skiflar va shimoldan kimmeriyliklar, janubiy-sharqdan esa, midiyaliklar Urartuga qarshi chiqdi. Midiyaliklar ko‘pgina Urartu qal’alarini, jumladan, qolgan Urartu qo‘shinini siqib chiqarib, Urartu poytaxti Tushpa va Rusaxinilini tartibli ravishda vayron qildi. Bu davrda Urartu poytaxti Kavkaz ortida joylashgan Teyshebaniga ko‘chirilgan. Urartuni barbod qiluvchi so‘nggi zarba bilan bu qal’a vayron etildi. Garchi Teyshebani midiyaliklar yoki bobilliklar tomonidan vayron etilgan degan taxminlar bildirilganligiga qaramasdan, ko‘pchilik olimlar hozirgi vaqtda buni skiflar va kimmeriyliklar amalga oshirgan deb hisoblaydilar. Download 0.73 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling