Mirzo ulug‘bek nomidagi o‘zbekiston milliy universiteti jahon tarixi
Download 0.73 Mb.
|
Mirzo ulug‘bek nomidagi o‘zbekiston milliy universiteti jahon ta
Qadimgi Lidiya davlati. Keyinchalik Kichik Osiyoda markazi Sard shahri bo‘lgan Lidiya podsholigi etakchi rol o‘ynay boshladi. Lidiya hududi Kichik Osiyoning g‘arbiy qismini markaziy hududlarini egallagan. Mil. avv. I ming yillikda Lidiya qudratli Frigiya davlati tarkibiga kirgan, biroq u kuchsizlangani va qulaganidan so‘ng, mustaqil davlatga aylanadi. Lidiya iqtisodiyotining asosini dehqonchilik xo‘jaligi tashkil qilgan. Germ, Paktol, Meandr daryolaridan oqib kelgan unumdor loyqa bilan o‘g‘itlangan Lidiya yerlari hosildorligi bilan ajralib turgan. Vodiylarda boshoqli ekinlar ekishgan, tog‘ yonbag‘irlarida bo‘lsa uzum, anjir va boshqa bog‘dorchilik madaniyati rivojlangan. Ulkan yaylovlar keng miqyosli chorvachilik, ayniqsa, yilqichilik bilan shug‘ullanish imkonini bergan. Qimmatbaho metall konlarini mavjudligi (oltin, kumush, temir, mis, rux) metallurgiya xo‘jaligini rivojlantirish imkonini bergan. Paktol daryosidan sof holatdagi oltin va oltin qumi qazib olingan. Lidiyaliklar tog‘ jinslaridan oltin olishni va uni tozalash usullarini bilganlar.
Mahalliy xalqlar naqshinkor gazlamalar, hashamatli kiyimlar, ajoyib bosh va poyabzal tayyorlashni bilishgan. Ular kulolchilik buyumlari bilan ham nom taratgan. Ayniqsa, guldor idishlar va sirli sopol taxtachalar shular jumlasidandir. Ular mustahkam g‘isht, mineral bo‘yoqlar tayyorlashni kashf qilishadi, masalan, mashhur sard oxrasida to‘q qizil rangli bo‘yoq ishlatilgan. G‘arb (yunon) va sharq dunyolari kesishuvida joylashgan Lidiya qo‘shni davlatlar bilan faol savdo-sotiq olib borgan. “Uddaburon” Lidiya savdogarlari haqida antik mualliflar o‘z asarlarida bir necha marotaba eslatib o‘tganliklari ham bejizga emas. Lidiya shaharlariga kelgan savdogarlar uchun qulaylik yaratish maqsadida maxsus karvonsaroylar qurilgan. Antik an’anaga muvofiq, Lidiyaning savdo munosabatlarida nisbatan qulay bo‘lgan tangalarni mavjud bo‘lganligi kuzatiladi. Mil. avv.VII asr podsho Giges davrida elektrum – oltin va kumushning tabiiy qotishmasidan tangalar zarb qilingan, keyinchalik kumush tangalar , mil. avv. VI asrga kelib, Krez davrida oltindan chiqarilagan. Lidiya tanga-pul tizimi o‘sha davrda keng tarqalgan bo‘lib, masalan, yunon Ioniya shaharlari undan keng foydalanishgan. Lidiya jamiyatida hukmron mavqeni yirik er egalari, ruhoniy va harbiylar, shuningdek, savdo aristokratiyasidan iborat tabaqa tashkil qilgan. Gerodotda qandaydir Pifiy ismli Lidiya zodagoni podsho Doro I ga sof oltindan yasalgan buyum va uzum novdasi sovg‘a qilgani hamda Yunonistonga urushga ketayotgan Kserks qo‘shiniga esa dabdabali qabul uyushtirgani haqidagi qiziqarli ma’lumotlar uchraydi. Asosiy ishlab chiqaruvchilarni ibodatxona va podsho xazinasiga soliq to‘lovchilar bo‘lgan erkin mayda dehqonlar, chorvadorlar hamda hunarmandlar tashkil etgan. Lidiya jamiyatida ijtimoiy va tabaqaviy ierarxiyaning eng quyi qismini xususiy va boshqa turdagi qullar tashkil qilgan. O‘zining siyosiy tuzilishiga ko‘ra Lidiya monarxiya bo‘lgan. Davlatning tepasida podsho turgan. Uning hokimiyat tayanchini tansoqchilar guruhi va qo‘shin tashkil qilgan. Ayniqsa, otliqlar va Lidiya jang aravalari mashhur bo‘lgan. Lidiya podsholari harbiy xizmatga yollanma askarlarni ham jalb qilgan bo‘lib, ko‘p hollarda ular qo‘shnilari – kariy, ioniy va likiy xalqlari safidan olingan. Podsho saroyida katta rolni ko‘zga ko‘ringan aristokratlar urug‘idan chiqqan podsho ayonlari o‘ynagan. Ehtimol, aristokratik kengash ham bo‘lgandir. Tashqi va ichki siyosatga doir muhim masalalarni hal qilish uchun xalq kengashi chaqirilgan. Biroq, asta-sekinlik bilan podsho hokimiyati kuchayib borishi natijasida u o‘z ahamiyatini yo‘qota bordi. Lidiyaning ijtimoiy va siyosiy hayotida qabilaga mansubligiga ko‘ra bo‘linish, ajdodlar odatlari, qadimgi urug‘ normalari kabi arxaik ijtimoiy munosabatlar qoldiqlari saqlanib qolgan edi. Lidiya podsholigining taraqqiyoti mil. avv. VII—VI asrlarda podsho Giges tomonidan asos solingan Mermnadlar sulolasi hokimiyat tepasiga kelgan davrga to‘g‘ri keladi. U podsho urug‘idan emas, balki zodagonlar toifasidan kelib chiqqan bo‘lib, saroy to‘ntarilishi natijasida hokimiyatni egallaydi. Giges Lidiyaning qudratli podsholaridan biri bo‘lgan. U Lidiyaga Frigiyaning bir qismi, Kariya, Troyada va Misiyani qo‘shib oladi. Natijada, Qora dengiz bo‘yidagi muhim savdo yo‘llari va dengiz bo‘ylariga chiqish imkoniyatini qo‘lga kiritadilar. Lekin, savdo munosabatlarining rivojlanishi Egey dengiziga chiqishni talab qilardi. Shuning uchun ham Giges yirik yunon shaharlari bo‘lmish Milet va Smirnaga muvaffaqiyatsizlik bilan tugagan yurishlar uyushtirgan, biroq Kolofon va Magneziyani bosib olishni uddalagan. Shu bilan birga, uni taxtga chiqishini qo‘llab-quvvatlagan yunon ibodatxona markazi Delfiga saxiy sovg‘alar jo‘natadi. Lidiya G‘arbda muvaffaqiyatli bosqinchilik siyosatini olib boradi. Shharqda esa Kilikiya orqali Sharqiy O‘rta yer dengiziga chiqishga xarakat qiladi, biroq, ko‘zlagan natijasiga erisha olmaydi. Shuningdek, qiyinchilik bilan Kappadokiyani qamal qilgan kimmeriylardan himoyalangan. Kimmeriyaliklar bilan urushda Ossuriyadan yordamga umid qilib, ularga elchi jo‘natadi va ularning oliy hokimiyatini tan oladi. Bu ittifoqqa tayangan holda u kimmeriylar ustidan g‘alaba qozonadi. Ammo, tez orada Lidiya Misr va Bobil kabi Ossuriya hukmronligidan ozod bo‘lishga chanqoq bo‘lgan ittifoqchilarni topadi. Mil. avv. VII asrda esa Ashshurbanipal tomonidan shafqatsizlik bilan bostirilgan aksilossuriya harakatida qatnashadi. Lidiyaga Ossuriya qutqusi bilan kimmeriylar qo‘shini bostirib kiradi. Ular bilan jangda Giges taxti va hayotidan mahrum bo‘ladi, butun mamlakat poytaxt Sard bilan birga bu dahshatli ko‘chmanchilar tomonidan bosib olinadi. Garchi bosqinchilar shaharni xonavayron qilgan bo‘lsalarda, Lidiya poytaxtining mustahkam akropolini egallashni uddalay olmaydilar. U yerda Gigesning vorisi – yangi podsho Ardis qamalib olgan bo‘lib, Ossuriyaning Lidiya ustidan hukmronligini tan olish evaziga kimmeriylardan qutulishni uddasidan chiqadi. Ardis (mil. avv. VII asr) o‘zining sharqiy chegaralarida ehtiyotkorona tashqi siyosat olib borsada, kimmeriylar mamlakatga xavf solib turadi. Lekin, u Sharqda Priena va Milet shaharlari bilan jang qilib, Egey dengiziga shiddat bilan joylashib oladi. Milet bilan jang 12 yilga cho‘ziladi, natijada Milet uchun foydali tinchlik shartnomasi bilan tugaydi. Lidiya Ossuriyaning qulashidan foydalanib, o‘zining sharqdagi chegaralarini kengaytirishga intiladi. Bu esa, Old Osiyoning shimoliy qismidagi Midiya bilan to‘qnashuvga olib keladi. Natijada Lidiya va Midiya o‘rtasida 5 yillik (mil. avv. 590-585 yillar) urush kelib chiqadi. Mazkur jang mil. avv. 585 yil 29 mayda noxush alomat sifatida tan olingan quyosh tutilishi (jang vaqtida ikkala taraf dahshatdan qurollarini tashlab yuboradi) ta’sir qilgan tinchlik shartnomasi tuzilishi bilan yakunlanadi. Yovlashayotgan tomonlar o‘rtasidagi chegara etib Galis daryosi tan olinadi. SHartnoma sulolaviy nikoh bilan mustahkamlanadi: Midiya shahzodasi Astiag Lidiya malikasiga uylanadi. Lidiyaning bu davrdagi eng katta muvaffaqiyati Kichik Osiyodan kimmeriylarni haydab chiqarilishi bo‘ldi. Lidiyaning tashqi siyosatda gullab-yashnashi polsho Krezning (mil. avv. 562-547 yillar) hukmronlik davriga to‘g‘ri keladi. U Kichik Osiyodagi yunon shaharlarini bo‘ysundirib, ularni Lidiyaga o‘lpon to‘lashga majbur qiladi. Lidiya hukmdori Krez mil. avv. VI asrda o‘zining boyliklari bilan shuhrat qozongan. Fors davlatining qudratidan xavfsiragan Lidiya ehtiyotkorlik bilan birmuncha yirik va ta’sirli yunon markazlari: Sparta, Afina va Samos bilan aloqalar o‘rnatdi, Bobil va Misr bilan ittifoq shartnomalarini imzoladi. Krez katta yollanma qo‘shin tuzadi, lekin na armiya, na ittifoqchilar Lidiyani qutqarib qola olmaydi. Mil. avv. 547 yilda Krez birinchi bo‘lib Galis daryosini kechib o‘tadi va Kappadokiyaga bostirib kiradi. Forslar bilan urush hech bir tarafga muvaffaqiyat keltirmaydi. Krez qo‘shinlarini ortga, Sardga qaytarishga majbur bo‘ladi. Bundan darhol foydalangan fors podshosi Kir II Lidiyaga bostirib kiradi va tez orada poytaxtni egallab, podsho Krezni asir oladi. So‘ngra fors sarkardasi Xarpag Lidiyaga satrap etib tayinlanadi. Mil. avv. 547 yildagi ushbu harbiy mag‘lubiyat bilan Lidiya podsholigining 150 yillik mustaqillik tarixi tugaydi. Lidiya fors podsholigi tarkibiga uning satrapliklaridan biri sifatida kiradi. Lidiya madaniyati ham Kichik Osiyodagi boshqa xalqlar madaniyati kabi o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Lidiyaliklar o‘zlarining yozma alfavitini Kichik Osiyo yunonlaridan o‘zlashtirganlar. Ularda maxsus gimnastik harbiy o‘yinlar va harbiy raqslar, kub, koptoklarda turli o‘yinlari bilan mashhur bo‘lgan. Ularning musiqiy madaniyati yuqori darajada rivojlangan. Lidiyada musiqa asboblari (sibizg‘a, qamish surnay, shaqildoq, timpan, kimval, ko‘p torli liralar) qadrlangan. Lidiyada mohir tabiblar bo‘lgan, dori-darmonlar haqida bilimlar yig‘ilgan. Download 0.73 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling