Mirzo ulug‘bek nomidagi o‘zbekiston milliy universiteti jahon tarixi
Download 0.73 Mb.
|
Mirzo ulug‘bek nomidagi o‘zbekiston milliy universiteti jahon ta
Qadimgi UrartuUrartu davlatning gullab-yashnashi. Qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlari. Urartu – Osiyoning janubiy-g‘arbiy qismidagi qadimgi davlat bo‘lib, uning markazi Qora dengiz janubiy-g‘arbiy qismining tog‘li hududlari va Kaspiy dengizining janubiy-g‘arbiy qismi hisoblangan. Hozirgi kunda mazkur joylar Armaniston, sharqiy Turkiya va janubiy-g‘arbiy Eron hududlariga to‘g‘ri keladi. “Urartu” davlatining nomi qadimgi Ossuriya tilidan olingan. Urartlar o‘zlarining mamlakatini Biaynili deb atashgan. Bibliyada esa, “Ararat podsholigi” deb tilga olinadi. Urartu poytaxti hozirgi Van shahri hududida bo‘lgan. O‘sha vaqtlarda esa, poytaxt Tushpa yoki Turushpa deb nomlangan. Urartu manzilgohlarining katta qismi to‘rtta yirik ko‘llar Childir va Van Turkiyada, Urmiya Eronda, hamda Sevan (hoz.Ko‘kcha) Armanistonda, G‘arbda Frot daryosiga qadar joylashgan. Urartu hududi barcha tomondan tog‘ tizmalari bilan himoya qilingan. SHu sababdan, tabiiy shart-sharoitlar mazkur hududda mustaqil davlatning vujudga kelishiga katta zamin yaratdi hamda qudratli qo‘shnilardan muvaffaqiyatli himoya qildi. Urartu mamlakatida tog‘lar o‘tzorlar bilan qoplab olingan, chekka hududlarining ayrim qismini esa o‘rmonzorlar tashkil qilgan. Araks va Aratsani daryolarining vodiysi Ararat tekisliklari yoki Mushk unumdor past- tekisliklarigacha kengayib boradi. Ayrim past-tekisliklar cho‘l hududlarni, ba’zi joylari yarimcho‘l zonalarni o‘zida aks ettiradi. Afsuski, Urartu xalqining aniq kelib chiqishi haqida bugungi kunga qadar kam ma’lumotlar saqlangan. Ayrim olimlarning fikricha, urartlar G‘arbiy Yevropadan Kavkaz orti, Arman tog‘lari, Nairi hududlariga ko‘chib o‘tganlar. O‘zlarining tadqiqotlariga asoslangan sovet tadqiqotchilari, Kavkaz ortida juda qadim davrlardan o‘troq dehqonchilik turmush tarziga asoslangan madaniy qabilalar yashaganligini qat’iy ishonch bilan qayd etadilar. Bunga arxeologik yodgorliklar, xususan, Qizil-Vankdan topilgan naqshlangan sopol buyumlari guvohlik beradi. Urartu qabila qatlami ko‘p munosabatlarda (til, madaniyat, shuningdek, antropologik belgilar) xettlarga, xurritlarga va subariylarga juda yaqin hisoblanadi. Aniqrog‘i, ko‘pgina zamonaviy olimlarning fikriga ko‘ra, Old Osiyo qadimiy mahalliy aholisi “osiyo tipiga oid” xalq guruhlariga tegishlidir. Urartu tili xaldey yoki vannik tili deb nomlanib, hind-evropa tili bo‘lmagan, kelib chiqishi bo‘yicha xurrit qadimgi til oilasiga mansub bo‘lgan tilga borib taqaladi. Miloddan avvalgi II ming yillikning o‘rtalarida Araks daryosi serunum vodiysi va daryo vodiylarida janubda joylashgan xett-subariy qabilalari orasidan urart xalqi ajralib chiqdi va keyinchalik o‘zining kuchli davlatini tuzdi. Urartu davlati ilk bosqichlarda qabila boshliqlari tomonidan boshqariladigan qabilalar ittifoqini o‘zida ask ettirardi. Manbalarning guvohlik berishicha, Urartu qabilalar ittifoqi qadimda “Uruatri”, keyinchalik esa “Nairi” nomini olgan. Van Tosp teokratik monarxiyasining taxti Biaynili - ilk davlatining poytaxti hisoblangan Tushpa shahrida joylashgan. Arman tarixchisi Moysey Xoren (Xorenatsi) Van to‘g‘risida “Tosp o‘lkasidagi viloyat” deb qayd etadi. Urartu o‘z hukmronligi davrida qo‘shnisi kuchli Ossuriya davlati bilan doimiy urushlarni olib borgan. Arxeologlar tomonidan topilgan ossur qadimiy yozuvlari va hujjatlari Urartu haqida ko‘pgina ma’lumotlar beradi. SHunday topilmalarning birida, “yangi shahar - Tuspasga asos solgan, Biaynili podshosi” haqidagi ma’lumot qayd etilgan. Ossuriya podshosi Tiglatpalasar I mil. avv. 1114 - yilda Nairi mamlakatining 23- podshosini zabt etganligini ta’kidlaydi. Boshqa Ossuriya podshosi Shulmanished (mil. avv. 1028-1017- yy) zavq-shavq bilan shunday qayd etadi: uch kungina vaqt davomida “barcha Uruatru mamlakatini” zabt etdim. Ashshurnatsirpal (mil. avv. 883-859- yy) yozuv ma’lumotlarida mamlakat Uruadxu yoki zamonaviy nomi Urartu deb nomlangan. Ossuriya podsholarining keyingi vakili, hozirda aksariyat tarixchilar tomonidan Salmanasar III o‘zining qo‘shinlarini Urartu podshosi Aramuga qarshi yuboradi. O‘sha vaqtda Urartu davlat poytaxti Van ko‘lidan shimolda hozirgi Melazgerd Arzasku yoki Arzaskun shahrida joylashgan. Podsho Aramu Urartu davlatining asoschisi hisoblangan. Aramu va Lutiprilar siyosiy birlashma sifatida Urartuning ilk hukmdorlari bo‘lishgan. Aramuning eng muhim xizmatlaridan biri, u eng avval “Nairi mamlakatlari” barcha alohida qabilalar ittifoqini Xaldi (Khaldis) xudosi himoyasi ostida konfederatsiyaga birlashtirdi. Urartu podshosi Aramuning vorisi Lutipri xususida afsuski, ilm-fan olamida kam ma’lumotlar saqlangan. Vannik yozma manbalarning guvohlik berishicha, u buyuk podsho Sardur I ning otasi bo‘lgan. Ehtimol,u Tushpa poytaxtiga asos solguniga qadar mil. avv. 844-834- yillarda boshqargan bo‘lishi mumkin. Ayrim tarixchilar urartuliklar qabilaviy konfederatsiyasi asoschisi Aramu emas, balki uning nevarasi Sardur I (mil. avv. 834-828- yy ) bo‘lgan deb hisoblaydilar. Sardur I, podsho Lutiprining o‘g‘li bo‘lib, o‘zidan oldingi ajdodlariga qaraganda nisbattan ko‘proq shuhrat qozongan. U ossur tilida yozuv qoldirib, o‘zini Sura qiroli deb atagan. Professor Albrext Gretsuning ta’kidlashiga ko‘ra, bu o‘sha bizga ma’lum Subarudir. Agar bu shunday bo‘lsa, Urartu podsholarining xurritlardan kelib chiqishiga da’vo qilishi, ularga Subareyaga yoki Yuqori Mesopatamiyada ustunlik qilishiga imkon berardi. Podsho Sardur I ossur va bobil yozuvlariga muvofiq, «Shar-Kishshati» ya’ni “Buyuk podsho” yoki “To‘rt iqlim podshosi” degan unvon bilan tilga olingan. Urartu podshosi Sardur I o‘zining hukmronligi davomida, Salmansar I davridan Urartuga tez-tez talonchilik hujumlarni amalga oshiruvchi Ossuriya qo‘shiniga qarshi zarba berishga muvaffaq bo‘ldi. Ossurlar mollarni haydab ketish va asirga olish kabi qo‘lga kiritilgan boy o‘ljalar bilan chegaralanib qolmasdan, ular o‘lpon solishga va Ossuriya podsholari sharafiga turli xil “hadyalar” qilishga majbur qilardilar. Ossuriya qo‘shinlari mazkur yurishlarining natijasi o‘laroq, Frot va Araks daryolari boshiga, Van va Urmiya ko‘llariga tomon yo‘l ochib, Urartu mamlakatining shimoliy qismlariga qadar kirib borishga muvaffaq bo‘ldilar. Sardur I mudofaa maqsadida Urartuda yirik tosh bo‘laklaridan mustahkam qal’alar qurdirtirdi. Keyinchalik bu Sardur I ning o‘g‘li Ishpuinining qarorgohi va muqaddas ibodatxonasiga aylantirildi. Urartu davlatini boshqargan Sardur I o‘zini g‘urur bilan “qudratli hukmdor, butun olam podshosi, Naira mamlakatlarining hukimdori, “podsholarning podshosi” deb ataydi. Miloddan avvalgi IX asrning oxiri va VIII asrning boshlarida hukmronlik qilgan keyingi Urartu podsholari Ishpuini va Menualar, Urartuning davlatchiligi rivojlanishiga katta hissa qo‘shganlar. Ishpuini Ossuriya podshosi Salamansar III ning o‘g‘li va Shammuramatning (Semiramida) eri Shamshi-Adad V bilan zamondosh bo‘lgan. Podsho Ishpuini Ossuriya podshoi timsolida qudratli raqibi bilan kurash olib bordi va g‘alabaga erishdi. Shu tarzda, u ikki tilda – xaldey va ossur tillarida esdalik toshini barpo ettirib, Kelishinin dovonidan g‘arbda, Mutsatsireda Xaldey koloniyasiga asos soldi. U va uning vorisi Menua, Urartu davlatni yuksaltirdi. Uning chegara hududlarini sharqda Zagros tog‘idan, to shimolda Palu va g‘arbda Malatiyagacha kengaytirdilar. SHuningdek, ular Van va Urmiya ko‘llari orasidagi hududlarni o‘zlariga mustahkam biriktirdilar. Urmiya ko‘lining janubiy sohiliga tutashuvchi viloyatlarni bosib olib, shimolga ya’ni Araks daryosi tekisliklariga bosqinchilik yurishlarini amalga oshirdilar. Menua (mil. avv. 810-781 yy) o‘z esdaliklarida Urmiya mamlakatini ishg‘ol etishi haqida va Frotdan sharqda joylashgan Shashiluni shahrining bosib olinishi to‘g‘risida xabar beradi. Urartu podsholari shaharlar, ibodatxonalar, qal’alar quradilar va kanallar o‘tkazadilar. Ishpuini Vandan 7 km uzoqlikda Urartu ilohlari uchun ibodatxona qurdirtiradi. Bu haqda ustun shaklidagi yodgorlik yozuvlarida qayd etilgan. Hozirgi vaqtda bu yodgorlik Tbilisi muzeyida saqlanmoqda. Mazkur hukmdorlar davrida Van atrofida keng ko‘lamda qurilish ishlari olib borilgan. Jumladan, 45 mil uzunlikdagi Shamiram-Su suvquviri bunga yorqin misoldir. Mazkur osma quvur podsho Menua tomonidan qurib bitkazilgan. Natijada suvi iste’mol qilish uchun yaroqsiz bo‘lgan Van ko‘li sharqiy sohillariga, Koshab (Xoshab) daryosidan toza ichimlik suvi olib kelingan. O‘sha yerda aynan Menuaning sharafiga yangi hashamatli shaharga asos solingan. Ming yil ilgari qurilgan kanal bugungi kunda ham shaharni toza suv bilan ta’minlab turibdi. Hozirda Gruziya muzeyida saqlanayotgan, Vandan 10 km uzoqlikda topilgan qadimiy yozuvda, Ishpuinining o‘g‘li podsho Menua tomonidan saroy qurilishi haqidagi ma’lumotlar qayd etilgan. Bu esa, qadimgi Urartuda yuqori darajada qurilish ishlari olib borilganligidan dalolat beradi. Kanallarda tozalikni saqlash, suvni o‘z vaqtida taqsimlash va kanallarda suv toshishini oldini olish, samarali chora-tadbirlar qabul qilish va h.k. uchun maxsus lavozimlar joriy qilingan. Menua buyrug‘i bilan, hashamatli bog‘ barpo etiladi. SHuningdek, Menua Vaneda Xaldi ibodatxonasini qayta tiklab, bezatish ishlarini olib bordi va Melazkert ulkan istehkomini qurdirtirdi. Yuqoridagi dalillar Sardur I vorislari davrida imperiya jadal sur’atlar bilan rivojlanganligidan dalolat beradi. Sardur I, Ishpuini va Menua hukmronligi davrida Urartu podsholigi gullab-yashnagan davr hisoblanadi. Urartuning siyosiy hukmronligi bir vaqtlar qudratli qo‘shnisi hisoblangan Ossuriyaning zaiflashuvi hisobiga kengaydi. Podsho Salamansar hukmronligi davrida Ossuriyaning zaiflashuvi Urartu podsholari, ayniqsa, Argishti va Sardur II larning qator muvaffaqiyatli harbiy urushlarni olib borishi hisobiga, Kavkaz ortining bir talay viloyatlari, Frot daryosi o‘rta oqimi hududlari hamda Suriya viloyatiga qadar siljib borib, o‘zlarining chegaralarini yanada kengaytirish uchun imkoniyat berdi. Shu tarzda, Urartu miloddan avvalgi VIII asrning ikkinchi yarmida Kichik Osiyoning shimoliy qismida Ossuriyaning raqibi bo‘libgina qolmasdan, Ossuriyaning mavqeini ancha pasaytirib, birinchi darajali kuchga aylandi. Urartu podshosi Argishti (mil. avv. 781-760 -yy) Ossuriya podshosi Ashurdanni tor-mor etib, Ossuriya bilan bo‘lgan jangda g‘alabaga erishdi. U boshqa Ossuriya hukimdorlari, jumladan, Salmanassar IV bilan nihoyasiga yetmagan qator ixtiloflarda ishtirok etdi. Argishti, Suriyaning shimoliy qismini bosib olib, Urartuni xettlardan keyingi Kichik Osiyoda eng qudratli davlatga aylantirdi. Argishti Urartu davlatining shimoliy chegaralarini kengaytirib, Kavkaz ortida joylashgan Etiuni mamlakatini bosib oldi. Mil. avv. 776 -yilda mamlakat markazini Kavkaz ortida Araks shimoliy sohiliga, hozirgi Armavir qishlog‘i yaqinida joylashgan Argishtixinili shahriga ko‘chirdi. Mil. avv. 782- yilda esa, uning buyrug‘iga binoan, Hozirda Armaniston poytaxti Erevan shahri bo‘lgan, Erebuni qal’asi (“Qon qal’asi”) qurildi. Argishtining, mil. avv. 764-735- yillarda hukmronlik qilgan katta o‘g‘li Sardur II ga meros qoldirdi. Uning davrida Urartu podsholigi har tomonlama o‘zining rivojlanish cho‘qqisiga erishdi. Sardur II o‘zining hokimligiga shu qadar ishonch bilan qarardiki, Tushpa shahri (hoz. Van) atrofiga ulkan devor qurdirib, quyidagi so‘zlarni qayd ettirdi: “Buyuk podsho, qudratli hukimdor, butun olam podshoi, Naira eri podshosi, tengi yo‘q olampanoh, o‘z xalqi tomonidan tasannolar aytiluvchi hukimdor, janglarda qo‘rqmas, uning kuchli hokimiyatiga bo‘ysunmaydigan har qanday kishini jazolovchi podsho” deb ataydi. Sardur II o‘zining otasi Argishtining zafarli yurishlarini davom ettirdi. Sakkiz yil vaqt oralig‘ida amalga oshirgan harbiy yurishlari xususida, o‘zining solnomasida batafsil xabar beradi. Uning matni Vaneda topilgan va akademik N.Y. Mar tomonidan nashr etilgan. Mazkur qiziqarli solnomaga ko‘ra, Sardur II Urmiya oldi viloyatida o‘zining hokimiyatini mustahkamladi. Sevan ko‘lidan shimoliy-g‘arbda joylashgan Erax mamlakatiga yurishini amalga oshirdi. Kavkaz ortiga va hattoki, shimoliy Suriyaga urush qilib, shu tarzda, Urartu podsholigi chegarasini kengaytirdi. Bu davrda Urartu mamlakati nafaqat siyosiy jihatdan taraqqiy etibgina qolmasdan, balki iqtisodiy jihatdan ham ancha qudratli davlatga aylandi. Shuningdek, Sardur II o‘zining solnomasida yaxshi haydaladigan, mo‘l hosil beradigan ziroatchilik yerlarini egallab olgani xususida, son-sanoqsiz mollarni qo‘lga kiritgani to‘g‘risida, qimmatbaho metallar, oltin, kumush, qo‘rg‘oshin va bronzaga ega bo‘lgani va nihoyat, qulga aylantirilgan son-sanoqsiz asirni qo‘lga olgani haqida ma’lumot beradi. Bu podshoga tegishli boshqa bir yozma manbalarda Sardur II ning qurilish sohasida olib borgan faoliyati tilga olinadi. Xususan, ibodatxona (Armavir yaqinidagi) qurilishi haqida, mazkur tumanda suv ta’minoti inshooti to‘g‘risida, saroy qurilishi yangidan boshlanishi xususida ko‘plab ma’lumotlar keltirilgan. Bularning barchasi, mazkur davrda Urartu podsholari tomonidan bosib olingan Araks vodiysiga xaldey madaniyatining tarqalganligidan dalolat beradi. Kichik Osiyoda ustunlik mash’alasini tutib turuvchi Urartuning keyingi podshosi Sardur II ning o‘g‘li Rusa I bo‘ldi. Rusa I ning (m.a .735-713 -yy) hokimiyat tepasiga kelgunigacha, uning otasi Sardur II davrida mamlakat hududi janubiy-sharqiy Anatoliyagacha kengaytirilgan edi. Qisqa muddatli zaifligidan foydalanib, Ossuriya hukmronligi ostida bo‘lgan Anatoliya viloyatlari ham qaytarib olingan edi. Rusa I ning o‘zi Kavkaz orti viloyatlarini to‘la bosib olish uchun shiddatli kurash olib bordi. Hozirgi Nor- Boyazid rayonida qator qal’alar qurdirtirdi. Rusa I taxtni meros qilib olganida, ossurlar podshosi Tiglatpalasar III rahnamoligi ostida qaytadan birlashib, qisqa davr ichida yana Urartu podsholigiga tahdid sola boshladi. Ossurlar bir necha marotaba Urartuga bostirib kirib, xonavayron qiluvchi hujumlarni amalga oshirdilar. Rusa I hukmronligining dastlabki yillarida Ossuriya bilan doimiy urushlarni olib borishga majbur bo‘ldi. Mil. avv. 735- yilda Tiglatpalasar III o‘zining qo‘shinlari bilan Urartu hududiga bostirib kirib, poytaxti Tushpa shahrigacha yetib bordi. Ammo poytaxtni egallay olmadi va Mutsatsir shahrini talon-taroj qilish bilan cheklandi, xolos. Tabiiyki, doimiy to‘qnashuvlar Urartuga katta talofat keltirdi. Ayniqsa, bu mamlakatning iqtisodiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Ko‘pgina muvaffaqiyatsizlikni boshidan kechirgan Urartu Sardur II davrida bosib olingan hududlarini yo‘qotdi. Ossuriyaga yillik o‘lpon to‘lashga majbur bo‘ldi. Ossuriya podshosi Tiglatpalasar III o‘limidan keyin, uning vorisi Salmansar V davrida Urartu biroz erkinliklikni qo‘lga kiritadi. Ammo bu uzoqqa cho‘zilmadi. Mil. avv.722 -yilda taxtga o‘tirgan Ossuriya podshoi Sargon II Urartuga nisbatan dushmanlik siyosatini olib borishni boshladi. Ossuriyada o‘zining tasirini mustahkamlab, mil. avv. 715- yilda Urartuga qarshi urush e’lon qildi. Qirg‘inbarot Urartu-Ossuriya urushi boshlandi. To‘qnashuvning boshidayoq, Urartu hukmdori Rusa I qo‘shini tor-mor etildi. Urartu yana Ossuriyaning temir iskanjasida qoldi. Yana g‘olib tomonga og‘ir o‘lpon to‘lash majburiyatini oldi. Rusa I ning o‘zi esa qochib ketib, oxir-oqibatda, mil. avv. 714- yilda o‘z joniga qasd qildi. Biroq, Ossuriya Urartu podsholigini batamom bo‘ysundirishga muvaffaq bo‘lmadi. Urartu xalqi hattoki, podshosi o‘lganidan keyin ham Ossuriya bosqiniga qarshi muttasil va qahramonlarcha kurash olib bordilar. Sargon II Urartu qo‘shinini tor-mor qilindi va butun mamlakatni talon-taroj qildi. Boy Urartu shahri Mutsatsirni bosib olib, Xaldi ibodatxonasini xonavayron qildi. Shunday bo‘lsa ham, Urartu o‘zining ichki mustaqilligini saqlab qoldi. Bundan tashqari, Ossuriyaning zaiflashuvi urartlar qarshiligining asosiy sabablaridan biri bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Download 0.73 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling