Mirzo ulug‘bek nomidagi o‘zbekiston milliy universiteti jahon tarixi


Download 0.73 Mb.
bet44/53
Sana02.06.2024
Hajmi0.73 Mb.
#1840239
1   ...   40   41   42   43   44   45   46   47   ...   53
Bog'liq
Mirzo ulug‘bek nomidagi o‘zbekiston milliy universiteti jahon ta

Kushonlar imperiyasi


Miloddan avvalgi II asr o‘rtalarida Markaziy Osiyo hududlarida siyosiy vaziyat murakkablashadi. Mo‘g‘uliston va Shimoliy Xitoy yerlarida kuchayib borayotgan ko‘chmanchi Xunnlar imperiyasining ta’siri natijasida boshqa chorvador xalqlar o‘z erlaridan g‘arbga siljishga majbur bo‘ladi. Yoki bo‘lmasa ushbu ulkan imperiya tarkibiga kirib ketishi xavfi paydo bo‘ldi. Xususan ko‘chmanchi yue-chjilar va xunnlar o‘rtasidagi qarama-qarshilik bunga misol bo‘la oladi.


Taniqli olimlar Bernshtam A.N., Xazanov A.M., Kichanov E.I., Kradin N.N., Asqarov A., Buryakov Y.F., .Shoniyozov.K., Rtveladze. E. va boshqalarning ilmiy izlanishlarida, Markaziy Osiyo ko‘chmanchilari va o‘troq ziroatkorlar o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy hamda siyosiy munosabatlar o‘z aksini topgan.
Xunnlar hukmdori shanyuy Mode (yoki Maodun) dan so‘ng mil. avv. II asrda yue-chjilarga shanyuy Laoshan oxirgi qaqshatqich zarbani bergach, ular g‘arbga O‘rta Osiyoga chorvalari bilan ko‘chib ketishga majbur bo‘ldilar. Usun yerlari (Yettisuv) orqali ikki daryo oralig‘i (Oks va Yaksart) hududlariga chiqdilar. Mahalliy ko‘chmanchi xalqlar bo‘lmish saklarning ayrimlari Baqtriya orqali
Parfiyaga o‘tib ketishga majbur bo‘ldilar, qolganlari esa, yue-chjilar qabilaviy ittifoqi tarkibidan o‘z o‘rnini topgan.
Katta yue-chjilar kelguniga qadar ham ikki daryo oralig‘i erlarini egallash borasida saklar o‘rtasida doimiy kurashlar bo‘lgan. Misol uchun saklarning bir qismi hisoblangan qang‘arlar, yue-chjilar kelguniga qadar o‘zlariga bo‘ysunishni xohlamagan mahalliy ko‘chmanchilar (saklarning boshqa guruhi) assiylar (yoki assian), passianlar, toxarlar va sakaroakalarni Yunon-Baqtriyaga siqib chiqarganlar. Ushbu ko‘chmanchilar Baqtriyadagi (Xan davlati solnomalarida Daxya yoki Dasya) markazlashgan ammo kuchsizlanib qolgan yunonlar hokimiyatini tugatganlar. Strabonning ma’lumotiga qaraganda aynan yuqorida aytib o‘tilgan nomadlar Yunon-Baqtriya davlatini ag‘darib tashlaganlar. Ularning ichida yue-chjilar borligi to‘g‘risida olimlar o‘rtasida mulohazali fikrlar bildirilmoqda.
Saklarning katta bir qismi Hindistonning shimoli-g‘arbidagi Seyiston viloyatiga borib o‘rnashdilar. Ikki daryo oralig‘i (Amudaryo va Sirdaryo) esa siyosiy jihatdan yue-chjilar va qang‘arlar o‘rtasida bo‘lib olingan. Ammo iqtisodiy jihatdan ko‘chmanchilar o‘troq ziroatkorlar bilan bir joyda yashay olmaganligi sababli chorvadorlar yaylov va tog‘ oldi qirlarida qo‘shni bo‘lib hayot kechirganlar. Amudaryo daryosi qirg‘oqlari erlarida dastlab o‘ziga makon tutgan katta yue-chjilar qabilaviy ittifoqi, Baqtriyaga hali to‘liq kirib bormagan edi.
Oldin Amudaryoning o‘ng sohilida joylashgan Yunon-Baqtriyaning shahar va qal’alari ko‘chmanchilar nazorati ostiga o‘tadi. Misol uchun Dalvarzin-tepa manzilgohi ko‘chmanchilar hukmronligi davrida taraqqiy eta boshladi. Dastlab yunon-baqtriyaliklar hukmronligi yillarida 4 gektarni tashkil qilgan shaharcha mil. avv. I asrlarda yirik siyosiy markazlardan biriga aylangan edi. Bu orada mil. avv. 90 yilga kelib, yue-chjilar deyarli butun Baqtriyani bosib olishga erishadilar. Ya’ni, Amudaryodan janubda joylashgan kichik yunon knyazliklarini birin-ketin bosib oladi. Iqtisodiy jihatdan bir ko‘chmanchi oilani boqish uchun taxminan o‘rta hisob bilan 100 ta qo‘y va echki hamda 15 yoki 25 ta yirik shohli qora mol kerak bo‘ladi. Agarda katta yue-chjilarning umumiy soni 100000 ta oilaga yaqin bo‘lsa,
boqiladigan chorva soni Shimoliy Baqtriyada uzoq tura olmasligi ma’lum bo‘ladi. Zero, shimoldagi So‘g‘d yerlari qang‘arlar ta’sirida bo‘lganligini hisobga olsak, ular faqatgina saklar talon-taroj qilib o‘tgan Baqtriyaning qolgan qismiga kirib borishdan boshqa ilojlari ham yo‘q edi.
Ushbu vaziyatdagi Markaziy Osiyodagi siyosiy omilni tahlil qiladigan bo‘lsak, butun Baqtriya yunon-baqtriyaliklarning o‘zaro urushi va saklarning bosqinidan so‘ng oson o‘lja bo‘lib qolgan. Taniqli olimlar Staviskiy B.Y., Pugachenkova G.A. va Rtveladze E.V.larning bu boradagi fikri turlicha talqin qilingan. Ammo yue-chjilarni besh mustaqil knyazlikka (Xitoy mabalarida “xi- xou”) bo‘linishidan oldin deyarli butun Baqtriya egallanib bo‘lganligi aytib o‘tiladi. Shundan so‘ng Baqtriya (Daxya) yerlari Xyumi, Shuanmi, Guyshuan, Xisi va Dumi knyazliklariga bo‘linib ketgan. Ko‘chmanchilar o‘zlaridan keyin kam yozma manbalar qoldirganligi sababli, yuqorida ta’kidlangan knyazliklarni chegaralari borasida aniq ma’lumotlar hozircha yaxshi o‘rganilmagan.
Mahalliy va ellin boshqaruv tizimi ko‘chmanchi katta yue-chjilar tomonidan tez o‘zlashtirildi. Buni biz yozma va numizmatik manbalarda ko‘rishimiz mumkin. Ko‘chmanchi chorvachilik sekin inqirozga yuz tuta boshladi.
Mil. avv. I asrga kelib aksariyat katta yue-chjilar o‘troqlashib bo‘lgan edi. O‘troq ziroatkor erlardagi aholi bilan aralashuv, jadal rivojlanib borgan. Dasht chorvadorlari harbiy davlatchilik tizimi bevosita saqlab qolingan edi. Arxeologik ma’lumotlarga tayanadigan bo‘lsak, katta yue-chjilar davlat boshqaruvida dastlab Baqtriyadagi mahalliy yozuvlardan keng foydalanganlar.
Milodiy I asr boshlarida katta yue-chjilarning Guyshuanlar urug‘idan bo‘lgan hukmdori (yabg‘u) Kudzula Kadfiz Baqtriyani birlashtirishga erishadi. Yue-chjilarning 5 ta knyazligini birlashtiradi, so‘ngra Ansi (Parfiya) bilan urush boshlab, Hindikush janubidagi Pudu (Kashmir)ni bosib oladi va Gibon (Qobul viloyati) yerlarini ham egallaydi. Bularning barchasiga Baqtriya, iqtisodiy va siyosiy platsdarm bo‘lib xizmat qilgan edi. Kudzula Kadfiz Kushonlar davlatini imperiyaga aylantirishda dastlabki qadamni qo‘yib berdi. Rabotak yozma manbasidagi sulolaviy ro‘yxatga ko‘ra undan so‘ng taxtga kelgan Vima Takto
“noma’lum podsho” yunoncha Soter Megas nomi ostida podsholik qilgan. Soter Megas olimlarning fikricha uzoq hukmronlik qilmagan bo‘lsada uning nomidan tangalar zarb etilgani ma’lum. Ammo hukmronlik qilgan yillari borasida olimlar orasida munozarali fikrlar ko‘p uchramoqda.
Milodiy I asr o‘rtalarida Vima Taktodan keyin hokimiyatga kelgan Vima Kadfiz Hindistonning markaziy qismlarigacha imperiyani kengaytirdi. Uning davrida pul islohoti o‘tkazildi, hamda oltin tangalar keng muomalaga kiritila boshladi. Oltin tangalarning aksariyati aholi zich bo‘lgan Hindistonda keng tarqaldi. Matxura va Taksilla shaharlari Kushonlar ta’siriga tushgan o‘z rivojlanishining yangi bosqichiga chiqadi va iqtisodiy jihatdan yuksaladi. Vima Kadfizdan keyin, milodiy 78- yilda hokimiyatga kelgan Kanishka I davriga kelib, mamlakat siyosiy markazi Hindiqushdan janubga Hindistonga siljiy boshladi. Chunki Buyuk ipak yo‘li savdosining muhim qismi sifatida Shimoliy va Markaziy Hindistonning e’tibori oshgan edi. Hindistonda aholi ko‘p bo‘lganligi tufayli iste’mol bozori katta edi. Kushonlar Kanishka I (taxminan milodiy 78-123- yy) hukmronligi yillarida yunonlar alifbosi asosida davlat ishlarini yuritishni cheklab qo‘yadi. Kushonlarning alohida yozuvi paydo bo‘lsada imperiyaning hududlarida aholi o‘z yozuvini ishlatib kelgan. Kanishka I buddaviylarning soborini Ashokadan keyin qayta tiklagan hukmdorlardan biri bo‘ldi. Uni podsholigi davrida, buddaviylikning maxayana (katta g‘ildirak) yo‘nalishi yanada rivoj topishi uchun keng imkoniyat yaratildi. Buddizm davlat diniga aylanib boradi. Ammo Kushonlar imperiyasida mahalliy dinlarga tolerantlik va diniy bag‘rikenglik imkoniyatlari yaratilgan edi. Arxeologik ma’lumotlarga ko‘ra Eski Termiz, Qora-tepa, Dalvarzin-tepa va Ayritom manzilgohlaridan topilgan topilmalar, Baqtriyada zardushtiylikning o‘rni yuqori bo‘lganligini ko‘rsatadi.
Kushonlar Hindistondagi qaram knyazliklar (rojaliklar) ichki ishlariga kam aralashganligi tarixdan ma’lum. Kushonlar tayinlagan kshatraplar (hokimlar) markaziy hokimiyatga nomiga bo‘ysunib, ichki ishlarda mustaqil bo‘lganlar. Hukmdorlar Xuvishka, Vasishka Vasudevalar davrida Kushonlar konfederativ boshqaruv tizimini saqlab tura oldilar. Milodiy III asr o‘rtalariga kelib, Kushonlar
tuzgan imperiya ichki nizolar va o‘zaro urushlar natijasida inqirozga yuz tutdi. Podsho Kanishka III davrida ko‘p millatli mamlakat parchalanishni boshladi. Milodiy 276 -yilga kelib Kushonlar imperiyasi tarix sahnasidan o‘chib ketadi.
Ko‘p millatli Kushonlar imperiyasi Buyuk ipak yo‘lida joylashgan ulkan davlat sifatida shuhrat qozonadi. G‘arbda qudratli Parfiya (keyinchalik Sosoniylar) Shimolda Qang‘ davlatlari bilan chegaradosh bo‘lgan. Savdo yo‘li tranziti ushbu davlatni ikki asrdan ortiq dunyoning eng kuchli imperiyalari ichidan o‘z o‘rnini egallash imkonini bergan. Kushonlar imperiyasida siyosiy hokimiyat, kelib chiqishi ko‘chmanchilardan bo‘lgan sulola qo‘lida bo‘lsada, ular mahalliy boshqaruvni o‘zlariga moslashtira oldilar va keng sarhadli hududlarda hukm surgan edilar.
Ko‘chmanchilar ko‘p millatli imperiya tuzish bilan birga, ushbu davlat tarkibidagi xalqlarni umumiy manfaatlarini himoya qilib, o‘troq va chorvador madaniyatlarni yagona chegaralar ostida birlashtira oldilar. Umum imperiya qonunlari konfederativ tusda bo‘lsada, ammo mahalliy urf-odatlar ham etibordan chetda qolmagan edi.

Download 0.73 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   40   41   42   43   44   45   46   47   ...   53




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling