Mundarija: kirish asosiy qism I bob. Tovar ishlab chiqarish har qanday boylikning asosidir
Download 431.69 Kb.
|
ohhhhhhhiri
- Bu sahifa navigatsiya:
- Me’yoriy naflilik deb qo’shimcha iste’mol qilingan mahsulotdan qo’shimcha olinadigan nafga aytiladi.
1.3. Tovar va uning xususiyatlari haqidagi nazariyalar
Bozor iqtisodiyoti tovar ishlab chiqarishga asoslangan iqtisodiyotdir. Shuning uchun ham bozor iqtisodiyotining markaziy kategoriyasi tovar bo’lib, uning tarixiy va mantiqiy o’tmishdoshi umumiy tarzda «ne’mat» deb ataladi. Ne’matlar nihoyatda xilma-xil. Ularni turli jihatlariga ko’ra guruhlarga ajratish mumkin. 1. Ehtiyojlarni qondirishiga ko’ra: a) individual ehtiyojlarni qondiruvchi ne’matlar. Bularga iste’mol buyumlari va ishlab chiqarish vositalari kiradi. Bu tovarlarni asosan nodavlat sektori iste’mol qiladi; b) ehtiyojlarni birgalikda qondiradigan ne’matlar. Bular kutubxona, muzeylar, meditsina xizmati, maktab, institut, saroylar, sport komplekslari va hokazolar; v) ijtimoiy ne’matlar. Bular tovar bo’lmaydi, ularga jamoat xavfsizligini, aholi tinchligini saqlash, o’t o’chirish, milliy mudofaa va boshqalar kiradi. 2. Ne’matlarni serob yoki kamyobligiga ko’ra iqtisodiy va noiqtisodiy guruhlarga ajratiladi. Iqtisodiy ne’matlar, bu iqtisodiy faoliyat bilan bog’liq cheklangan ne’matlar bo’lsa, noiqtisodiy ne’matlar esa tabiat tomonidan cheklanmagan tarzda in’om etilgan. Noiqtisodiy ne’matlarni yaratish uchun hech qanday kuch sarflanmagan. Bu ne’matlar tabiatda erkin, insonning ma’lum bir ehtiyojini qondirish uchun yetarli darajada (havo, suv, quyoshning yorug’ligi, issiqligi va hokazo shunga o’xshash) mavjud. Jamiyat taraqqiyotining ma’lum bir bosqichida iqtisodiy ne’matlar tovar shaklini oladi. Ma’lumki, tovar ishlab chiqarish ijtimoiy mehnat taqsimoti va ishlab chiqaruvchilarning mulk egasi sifatida iqtisodiy jihatdan alohidalashuvi tufayli vujudga kelgan. Tovar deb insonning biron-bir ehtiyojini qondirib, ayirboshlash uchun ishlab chiqarilgan ne’matga aytiladi. Ko’rinib turibdiki, tovar ikki xossaga ega: a) biron-bir ehtiyojni qondirish; b) ma’lum miqdordagi tovarni boshqa tovarga almashish xossasi. Tovarning insonning biron-bir ehtiyojini qondirish xossasi iste’mol qiymati deyiladi. Tovarning iste’mol qiymati uning naf keltirishida ifodalanadi. Naf deb, tovar va xizmatni iste’mol qilishdan olinadigan qoniqishga aytiladi. Masalan, sigareta foydali bo’lmasa ham iste’mol qilinadi, demak u chekadigan kishilarni iste’molini qondiradi. Naflilik shu tovarning naqadar zarurligi, sifati, kamyob yoki serobligi kabilarga bog’liq. Xizmatlar iste’mol qiymati sifatida, asosan moddiy ko’rinishga ega emas. Shuning uchun bevosita jamg’arib bo’lmaydi, balki xizmat ko’rsatish jarayonida iste’mol qilinadi. Ayirboshlanganda turli xil iste’mol qiymatlari, ya’ni bir turdagi tovar, ikkinchi bir turdagi tovarga almashtiriladi. Almashtirish uchun ular miqdorini taqqoslash kerak. Buyuk mutafakkir Aristotel (miloddan avvalgi 384—322- yillar) tenglik bo’lmasa, ayirboshlash mumkin emas, tenglik bo’lishi uchun esa taqqoslash mumkin bo’lishi kerak, deydi. Odatda, har xil tovarlar ayirboshlanadi, ularning o’lchov birliklari ham har xil. Masalan, mato, deraza, guruch almashtiriladi desak, biri metrda o’lchansa, ikkinchisi dona, uchinchisi kilogrammda o’lchanadi. Demak, miqdor jihatdan ularni bir-biriga tenglashtirib bo’lmaydi. U holda tovardagi nimani taqqoslash mumkin. Boshqacha aytganda, tovarning narxi qanday belgilanadi? Bu savolga iqtisodiy nazariya uzoq vaqt javob bera olmadi... XVIII—XIX asrga kelib, uzoq kutilgan javob topildi. Bu tovarda mujassamlashgan qiymat bo’lib, uning birinchi ta’rifini siyosiy iqtisod klassiklari V. Petti, A. Smit, D. Rikkardo va boshqalar berishdi. Ularning fikricha, har qanday tovar qiymatining asosida unga sarflangan mehnat yotadi. Mehnatning o’lchovi esa ish vaqti. Bir xildagi tovar ishlab chiqarish uchun ishlovchi turlicha vaqt sarflaydi. Bu vaqt individual ish vaqti bo’lib, u individual qiymatni yaratadi. Individual ish vaqti ishlab chiqarish sharoiti, ishchilarning malakasi, tajribasiga ko’ra farqlanadi. Bozorda tovarlar individual ish vaqti sarfi bo’yicha emas, balki ijtimoiy zaruriy ish vaqti bo’yicha sotiladi. Ijtimoiy zaruriy ish vaqti deb o’rtacha mehnat unumdorligi va mehnat intensivligi sharoitida tovarlarning asosiy massasini ishlab chiqarish uchun zarur bo’lgan vaqtga aytiladi. Qiymat ijtimoiy munosabat sifatida faqat almashuv jarayonida yuzaga chiqadi va almashuv qiymatida namoyon bo’ladi. Iqtisodiy nazariya ko’rsatadiki, qiymatning mehnat nazariyasi hamma savollarga javob beradigan benuqson nazariya emas ekan. Bu nazariyani sobiq Ittifoqda qo’llashga qilingan harakat narx belgilashning xarajatlar mexanizmi shakllanishiga olib keldi. Xarajatlarni ko’paytirish ishlab chiqaruvchilarga juda qo’l keladi. Undan tashqari, amaliyotda bu nazariyani qo’llashda yana bir muammo sarflangan ijtimoiy zarur mehnatni aniq o’lchab bo’lmasligidir. Bu yerda yana bir savol tug’iladi, agar tovarning qiymati individual mehnat bilan o’lchanmasa, Van-Gog yoki Leonardo da Vinchining chizgan suratlari qiymati qanday o’lchanadi? Agar tovarning qiymati mehnat xarajatlari bilan o’lchanadigan bo’lsa, uning sifati va miqdori qanday o’lchanadi? Mehnat oddiy malaka talab etmaydigan yoki murakkab, maxsus malaka talab qiladigan mehnat bo’lishi, og’ir jismoniy yoki aqliy mehnat bo’lishi mumkin. Qiymat nazariyasining eng jiddiy kamchiliklaridan biri tovarning iste’mol qiymatiga ahamiyat bermaslikdir. Shuning uchun ham iqtisodiy nazariyaga aynan ana shu kamchilikni bartaraf etishga qaratilgan yangi nazariya kirib keldi. Iqtisodiy nazariya tarixida «Avstriya maktabi» nomi bilan atalgan «me’yoriy naflilik» nazariyasi asoschilari ne’matlarning qiymati ularning naf keltirishiga qarab, xaridorning iqtisodiy psixologiyasi nuqtai nazaridan aniqlanadi, degan fikrni ilgari suradilar. Ular naflilikni tovarning obyektiv xossasi bilan aralashtirmaslik kerak, naflilik bu xaridorning o’z ehtiyojini qondirish nuqtai nazaridan bergan individual subyektiv bahosidir deyishadi. Qiymat nazariyasi bilan naflilik nazariyasining bosh maqsadi turli iste’mol qiymatlarini yoki naflilikni taqqoslash muammosini hal qilishdir. Olma, tanbur, kostyumdan qay biri foydaliroq? Bir tomondan qarasangiz, bunday savolning o’zi tuturiqsiz, bema’nilikka o’xshaydi. Ammo har bir aniq holatdan kelib chiqadigan bo’lsak, bu savolda jon bor. Umumiy tarzda olsak, bu savolga javob berib bo’lmaydi. Bu me’yoriy naflilik nazariyasining xato ekanligini ko’rsatadigan ishonchli dalil. Lekin yuqoridagi savolga individual jihatdan yondashilsa, uni har bir kishi subyektiv tarzda yechadi. Vitamin zarur kishi uchun olma, artist uchun tanbur, kostyum zarur kishi uchun esa boshqa narsalardan ko’ra kostyum afzal. Chunki, har bir odam birinchi galda eng zarur ehtiyojini qondirishga harakat qiladi. Har xil ehtiyojlar ichida eng zarur ehtiyojni qondirish uchun turli tovarlar ichidan eng kerakligini tanlab oladi. Demak, u yoki bu tovarni sotib olishni har bir odam subyektiv tarzda hal etadi. Undan tashqari, inson ehtiyojini qondirgan tovarni iste’mol qilishni davom ettirar ekan, uning ehtiyoji tobora to’yinib boradi, nafliligi esa kamayib boradi. Masalan, qorni och odam birinchi burda nonni katta ishtaha bilan yeydi, keyingilarini yegan sari to’yib, oxir-oqibat boshqa non yegisi kelmay qoladi. Barcha yeyilgan non miqdori to’yinish miqdorini ifodalaydi. Shaxsiy iste’mol jarayonida yuz beradigan ana shu hodisani nemis iqtisodchisi German Gossen (1810—1858) tadqiq qilib, naflilikni pasayib borishi qonuni amal qilishini ko’rsatib beradi. U bu qonunni «Aynan bir mahsulot bilan ehtiyojlarni qondirishni uzluksiz davom ettirsak, borgan sari ehtiyoj to’laroq qondirilib, oxir-oqibat to’yinadi, lekin mahsulotning nafliligi esa pasayib boradi», deb ta’riflaydi. Ehtiyoj to’yingandan keyin ham iste’mol davom ettirilsa, u naf o’rniga zarar keltiradi. Demak, iste’mol qilishda qandaydir me’yor bo’lar ekan. Me’yoriy naflilik deb qo’shimcha iste’mol qilingan mahsulotdan qo’shimcha olinadigan nafga aytiladi. Ne’matning qiymatini ana shu me’yoriy naflilik belgilaydi. «Avstriya maktabi» asoschilari naflilikni pasayishi qonuniga umumiy tus berishga harakat qilishgan. F. Vizer bu qonun «hamma narsaga, ochlikdan tortib muhabbatgacha» tegishli deb ko’rsatadi. Bu qonunga binoan ehtiyojlar qondirilishiga qarab to’yinish darajasi o’sadi, naflilik esa pasayadi, ya’ni ehtiyojni qondiruvchi ne’matning har bir yangi birligi avvalgisiga qaraganda kamroq naf keltiradi. Ana shu ne’matning zaxirasi talabni qondirishning chegarasi bo’ladi. Zaxiraning o’zgarishiga qarab chegara ham o’zgaradi. Me’yoriy naflilikni E. Bem-Baverk, K. Menger keltirgan misol bilan quyidagicha tushuntiradi: tarki dunyo qilgan, o’rmonda yashovchi zohidning 5 qop doni bor. Uning birinchi qopi o’z iste’moli uchun, ikkinchi qop zaxira, uchinchisi parrandalar boqish uchun, to’rtinchisi pivo tayyorlash uchun, beshinchisi ermakka boqilayotgan to’tiqush uchun mo’ljallangan. Agar u qoplardan birini yo’qotsa, birinchi navbatda to’tiqush boqishdan voz kechadi. Chunki, u ehtiyojlarni qondirish zarurligi nuqtai nazaridan qaralsa, eng oxirida turibdi. Donning qiymati aynan ana shu beshinchi qopning qadri bilan o’lchanadi. Ana shu eng oxirgi ehtiyojni qondiradigan naflilik me’yoriy naflilik bo’ladi. Ehtiyoj o’zgarmagani holda zaxira ko’paysa, me’yoriy naflilik kamayadi, aksincha bo’lsa, naflilik ko’tariladi. Shunga muvofiq ravishda narx ham o’zgaradi. Shunday qilib, har bir ne’matning qadr-qimmati: a) ehtiyojni qondirishning zarurlik darajasiga; b) shu ne’matning to’kinlik darajasiga bog’liq. Har xil ehtiyojlar va ularni qondirishning to’yinish darajasi insonning farovon turmush kechirishini ta’minlashda har xil rol o’ynaydi. Ehtiyojlar to’yingan sari nafliligi kamayib boradi. Narxni me’yoriy naflilik asosida tushuntirish hayotdagi ko’pgina jumboqlar, paradokslarni yechib beradi. Ko’pincha misol tariqasida mashhur «Smit paradoksi» yodga tushiriladi. Nima sababdan inson uchun zarur suv shunchalik arzon, olmos esa undan keladigan naf kam bo’lishiga qaramay qimmat turadi? Bu savolga A. Smit quyidagicha javob beradi: Ko’pincha katta iste’mol qiymatiga ega narsalar uncha ko’p bo’lmagan almashuv qiymatiga, hattoki hech qanday almashuv qiymatiga ega bo’lmasligi mumkin. Suvdan foydaliroq narsa yo’q, lekin unga deyarli hech narsa almashib bo’lmaydi. Aksincha, olmos deyarli hech qanday iste’mol qiymatiga ega emas, lekin unga juda ko’p miqdorda boshqa tovarlarni olish mumkin. Xuddi shu savolga me’yoriy naflilik nazariyasining asoschilaridan K. Menger shunday javob beradi: Brilliant va oltin shunday kamyobki, birinchisini barchasini yig’ishtirsa bir yashikka, ikkinchisini esa bir xonaga joylashtirsa bo’lar edi. Aksincha, ichimlik suv yerda shunday katta miqdorda mavjudki, uning hammasini sig’diradigan rezervuarni ko’z o’ngimizga keltirish qiyin. Mohiyati jihatdan xarakterli ikki misol bir-biriga yaqin, deyarli bir xil bo’lsa ham, uning sababini izohlash printsipial jihatdan farq qiladi. Adam Smit fikricha, brilliant bilan suv qiymatining notengligi ularni olish uchun zarur bo’lgan mehnat xarajatlarining farqida bo’lsa, K. Menger fikricha, ularning Er yuzidagi zaxirasining turlichaligida: birining serobligi, ikkinchisining kamyobligida. Kundalik hayotda ham qadr-qimmat tushunchasi, odatda cheklangan kamyob ne’matlarga nisbatan qo’llaniladi. Shuning uchun ham «xalqimizdagi «oldingdan oqqan suvning qadri yo’q» naqli ham naflilik nazariyasi mohiyatini ifodalaydi. Naflilik nazariyasi iste’mol qiymatiga ahamiyat berib, qiymat nazariyasi izohlab bera olmagan savollarga javob bergan bo’lsa ham, ayirboshlashdagi nisbatni to’la tushuntirib bera olmadi. Chunki, birinchidan, subyektiv naflilik tarzida qandaydir miqdorni ko’rsata olmaydi, sababi uni o’lchash uchun obyektiv birlik yo’q. Nazariyada qo’llanilgan me’yoriy naflilikni ko’rsatuvchi miqdoriy belgilar real mazmundan yiroq, ixtiyoriy xarakterga ega. Natijada juda ko’p marta naflilik va uning me’yoriy miqdorini o’lchash uchun ko’p marta behuda urinishlar qilindi. Ikkinchidan, naflilikning pasayib borish qonuni universal emas, u odatda eng cheklangan, birinchi navbatda, zarur kundalik ehtiyojlar doirasidagi tovarlarga tegishli bo’lib (oziq-ovqat, kiyim-bosh, turar joy), har bir inson uchun individual bo’lib, ma’lum bir to’yinish chegarasi mavjud. Lekin bu qonunni tovarlarning asosiy massasi, ko’plab nooziq-ovqat mahsulotlari, ayniqsa ishlab chiqarish vositalariga nisbatan qo’llab bo’lmaydi. Uchinchidan, K. Menger naflilikning pasayib borishini ko’rsatish, aniq biron-bir tovarni nafliligini taqqoslashda mavjud narxlar va iste’molchilarning daromadlaridan kelib chiqib tahlil qiladi. Demak, sub’ektiv baholashning o’zi (me’yoriy foydalilik, naflilik ko’rinishida) narx darajasi va daromad miqdori bilan bog’liq ekan. U holda mantiqan noto’g’ri fikr vujudga keladi, tovarlar narxini sub’ektiv baholash kelib chiqadi, sub’ektiv baholash esa narxlarga bog’liq. To’rtinchidan «Avstriya maktabi» asoschilari tovar nafliligini sub’ektiv baholashdan qanday qilib real bozor narxlariga o’tiladi degan savolga javob berolmaydi. Chunki, har bir kishining shaxsiy, sub’ektiv his-tuyg’usini ob’ektiv qiymat va pul birliklari bilan o’lchab, taqqoslab bo’lmaydi. Naflilikni ko’rsatuvchi yagona o’lchov topishga harakat qilindi. Naflilikning o’lchov birligini yutil (inglizcha utility — naflilik) deb ataldi. Lekin uni ob’ektiv miqdor o’lchovi sifatida qo’llab bo’lmaydi. Chunki naflilik har bir kishi uchun qat’iy individual tarzda belgilanadi. U butun insoniyat uchun umumiy bo’lishi mumkin emas. Uning yordamida turli-tuman ne’matlarni o’lchab bo’lmaydi. Aytaylik, basseyn bilan musiqa, non yoki avtomobilni yutil bo’yicha hisoblab taqqoslab bo’ladimi? Albatta, yo’q. Nobel mukofoti laureati P. Samuelson va professor V. Nordxaus bu haqda shunday deyishadi. Naflilik — bu mahsulotni iste’mol qilishdan olingan sub’ektiv qonunni ifodalovchi abstraktsiya. Naflilikni o’lchab bo’lmaydi. U faqat tahliliy konstruktsiyaning mohiyatini ko’rsatuvchi iste’molchilarni o’zlarining cheklangan daromadlarini naf keltiradigan tovarlar o’rtasida ratsional taqsimlashlarini tushuntirishga mo’ljallangan sxema, xolos. Xullas, bozorda tovarlarni ayirboshlash mohiyatini har ikki nazariya ham to’la tushuntirib bera olmaydi. Bir-biriga qarama-qarshi turgan har ikki nazariyadan biri asosiy e’tiborni sarflangan mehnat xarajatlariga qaratsa, ikkinchisi uni naf keltirishiga qaratadi. Buning natijasida har ikki nazariya ham tovarning almashtirish miqdori, ya’ni narxining kelib chiqishini tushuntirib bera olmaydi. Aynan shu vazifani mashhur iqtisodchi A. Marshall bajardi. U har ikki nazariya bir-birini to’ldira olishi mumkinligini ko’ra bildi. U har ikki nazariyani sintez qildi. Marshalldan boshlab qiymat va narxning monistik nazariyasidan chekina boshlandi. Monizm printsipi bu qiymatning yagona manbaini, narxning yagona asosini, jamiyat daromadlarining yagona manbaini topishga qaratilgan. Bunday manba sifatida qiymatning mehnat nazariyasida mehnat va faqat mehnat ko’rsatilsa, «Avstriya maktabi» nazariyotchilari yagona manba sifatida me’yoriy naflilikni ko’rsatishgan. Marshall nazariyasida esa qiymat va narxni aniqlash bozor kuchlari o’zaro ta’siri, talab (me’yoriy naflilik) hamda taklif (tovar ishlab chiqarish xarajatlarining o’zaro ta’siri) asosida shakllanishini ko’rsatib bergan. Ishlab chiqarish xarajatlari me’yoriy mahsulot ishlab chiqarish uchun sarflangan me’yoriy xarajatlar bilan o’lchanadi (VIII bob). Me’yoriy xarajatlar esa ishlab chiqarish omillarining me’yoriy unumdorligi bilan bog’liq. Bunda faqat mehnat emas, boshqa ishlab chiqarish omillarini ham hisobga olish zarur. Chunki u yoki bu iste’mol qiymati yaratilar ekan, uning uchun faqat mehnat emas, balki boshqa omillar, boshqacha aytganda resurslar ham zarur. Shunday qilib, tovar insonning biror-bir ehtiyojini qondiradi. Uni ishlab chiqarish uchun iqtisodiy resurslar sarflanadi hamda ayirboshlanadi. Tovarning ana shu sifatlari uning nafliligi (ehtiyoj qondirishi), kamyobligi (ishlab chiqarish uchun resurslarning cheklanganligi), resurslar sig’imi (bir birlik tovar ish-lab chiqarish uchun sarflangan resurslar miqdori)da namoyon bo’ladi va bir-biridan farqlanadi. Download 431.69 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling