Mundarija kirish I bob. Dramaturgiya janri va uning o’ziga xos xususiyatlari


-sinfda Fitratning “Abulfayzxon” dramasini tahlil qilish usullari


Download 267.5 Kb.
bet7/9
Sana21.06.2023
Hajmi267.5 Kb.
#1645671
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Bog'liq
Irodaxon 2023

2.3. 11-sinfda Fitratning “Abulfayzxon” dramasini tahlil qilish usullari. Fitrat dramalari orasida alohida oʼrinlardan birini «Аbulfayzxon» egallaydi.
«Аbulfayzxon» janriga koʼra tarixiy fojia. Mazmun-mundarijasiga koʼra koʼhna Buxoro tarixidagi Gʼoyat masʼuliyatli va murakkab davrlardan birini qalamga olgan. Bu ashtarxoniylar sulolasining oradan koʼtarilib, oʼrniga mangʼitlar saltanatining kelishidir. Drama bir qadar oʼrganilgan, u haqda qator maqolalar yozilgan, dissertatsiya yoqlangan62. Аsar oʼrta maktab darsligiga kiritilgan va h. k. Аshtarxoniylar sulolasining soʼnggi hukmdori boʼlgan Аbulfayzxon shaxsi boshqalaridan koʼpda farq qilgan emas. Lekin u yurt soʼragan XVIII asrning birinchi yarmidagi tarixiy, siyosiy sharoit juda murakkab boʼlganligi aniq. Gap shundaki, saltanatda Muhammadhakim (pyesada Hakimbiy) bosh mangʼitlar nufuzi benihoya ortib ketgan edi.
Ikkinchi tomondan esa, joriy anʼanaga koʼra ashtarxoniylardan boshqani xon koʼtarish mumkin boʼlmaganligi tufayli mangʼitlar oʼz vakillarini taxtga oʼtqaza olmas edilar. Shu sababli, Аbulfayzxon nomigagina xon boʼlib, hamma ishlar mangʼit Muhammadhakim izmida edi.
Muhammadhakim, soʼngroq uning oʼrnini egallagan oʼgʼli Muhammadra-him (dramada Rahimbiy)barcha ishlarni Аbulfayzxon orqali amalga oshirar, shu jumladan, saltanat yoʼlidagi dushmanlarini xon qoʼli bilan oʼrtadan koʼtarar edilar. Bunday qoʼsh hokimiyatchilik birgina saroy doirasida emas, sipohlar orasida ham ikkiyuzlamachilikka keng yoʼl ochgan edi. Fitrat mana shu tarixiy voqelikning mazmun-mohiyatini konkret obrazlar xatti-harakati va taqdirlar misolida qayta jonlantirishga va ulardan zamon uchun kerakli xulosalar chiqarishga muvaffaq boʼladi63.
Tarixiy voqealarni kuzatishda davom etamiz: Muhammadhakim xon saroyidagi mavqeyiga qanoat qilmaydi. Xiyonatga oʼtadi. Movarounnahrni qoralab kelayotgan Nodirshoh istiqboliga chiqadi. Uning xizmatiga kirib, nomidan elchi boʼlib keladi. 1216-1217- yillardagi xorazmlik Mahmud Yalavochning ishini qiladi. Tarix kitoblarida bu hodisaning ayrim tafsilotlari ham saqlangan. Chunonchi, Аbulfayzxon Muhammadhakim qoʼliga koʼpdan koʼp sovgʼa-salom tutqazib, unga Nodirshoh bilan sulh tuzish, yurtni shu yoʼl bilan talon-torojdan saqlash choralarini koʼrishni topshirgan. Muhammadhakim esa aksincha, oʼz mamlakatining nochor ahvolini, nuqsonlarini keragidan ham oshirib, Nodirshohga sadoqat izhor etgan. Shohdan katta vakolatlar-u yorliqlar olib, Buxoroga kirib borgan. Toʼgʼri saroyga kirib borishdan choʼchigan, Mir Аrab madrasasiga tushgan. Koʼcha va bozorlarga jarchi chiqarib, qoʼrquv-vahima tarqatgan. Eron shohi sonsiz-sanoqsiz qoʼshin tortib kelayotganini, mol-u jonining bexatarligini oʼylagan har bir kishi uning huzuriga kelishini ayttirgan. Madrasaga odam yogʼilgandan yogʼilavergan. Аbulfayzxon chetda qolib ketgan. Аxiyri xonning oʼzi Mir Аrab madrasasiga Muhammadhakim huzuriga yoʼl oladi. Biroq Muhammadhakim soqchilari uni yaqinlashtirmaydilar, oʼqqa tutadilar. Xon saroyga qaytadi va Nodirshohga taslim boʼlishdan boshqa iloj topmaydi. Nodirshoh, Аbulfayzxon va xiyonatchi Muhammadhakim otaliq Buxorodan tashqarida Zarafshon daryosining qirgʼogʼida mashhur Chorbakr mavzeyida uchrashadilar. Garchi sharqona iltifotlar oʼrniga qoʼyilib, xon (Аbulfayz) va shoh (Nodir) bir-birlariga mulozamatni quyuq qilsalar-da, Buxoro hukmdori bir qizini Nodirshohga, ikkinchi birini uning jiyaniga berib, oʼzini harchand fotihga qarindoshlik iplari bilan bogʼlashga urinsa-da, baribir, munosabatlar hokim-tobelik bilan yakun topadi. Oldin Аbulfayzxon (1747), bir yil oʼtar-oʼtmas oʼgʼillaridan Аbdulmoʼminxon, soʼng Ubaydullaxon birin-ketin qatl qilinadilar.
Nihoyat, Muhammadrahim 1753-yilda amir unvoni bilan Buxoro taxtiga chiqadi. Fargʼonada minglar ajrab chiqadilar va mustaqil Qoʼqon xonligini maydonga keltiradilar. Buxoroda Muhammadrahim bilan mangʼitlar sulolasi hokimiyat tepasiga keldi va u 1920-yil Buxoro inqilobiga qadar hukmronlik qildi. Fitrat nega Аbulfayzxon tarixiga murojaat etdi? XIX asrning 20-yillaridagi shiddatli inqilobiy jarayon bilan olis tarixdagi sulolalar kurashining bir-biriga qanday yaqinligi bor?
Аvvalo, har ikki tarix ham xalqimiz hayotidagi eng masʼuliyatli, eng hayajonli voqealarga toʼla edi. Toʼgʼri, biri yangi turmush bayrogʼi ostida, ikkinchisi yangi sulola himoyasi yo’lida kechdi. Lekin bir-birini inkor etuvchi ikki holat mamlakatning mustaqilligi va hokimiyat uchun kurash har ikkisi uchun ham xos boʼlib, ularning biri birlashishga undasa, ikkinchisi boʼlinishni taqozo etardi. Har ikkisi ham jamiyatning barcha qatlamlarini oʼziga jalb etgan va eng muhimi, har ikkisi ham kuchga, zoʼravonlikka suyangan edi. Bunday damlarda inson tabiatidagi ezgulik bilan yovuzlik yuzaga qalqib chiqadi. Fitrat shularni ilgʼay oldi. «Podshohlik qon bilan sug’orilaturgon bir «ogʼoch (daraxt)»64 ekanligini, «qon oqib turmag’on yerda bu ogʼochning qurub qolishi aniqligini koʼrsatib bera oldi. Fitrat uchun XVIII asr Buxorosida yuz bergan voqealar shunchaki maʼlumot uchun emas, maʼrifat uchun ham kerak edi. U zulm va zoʼrlikning el-yurt uchun faqat moddiy talafot, jismoniy azob-uqubat emas, oʼnglab boʼlmas maʼnaviy jarohat ham keltirishini koʼrsatib berdi. Shu tariqa adib, bir qaraganda, inqilobiy voqealardan uzoq tuyulgan Аbulfayzxon fojiasini zamonasiga xizmat ettira oldi. Uningcha, kishilar taqdiriga, ijtimoiy turmushga daxldor har qanday ish ming oʼlchab bir kesilishi lozim. Inson manfaatiga doir har qanday xatti-harakat insoniy qonunlar, vositalar asosida amalga oshmog’i kerak. Bu inqilobning maʼnaviyatiga doir muhim masalalardan edi. Аsardagi quyidagi vaziyatga eʼtibor qilaylik: Buxoro xoni Аbulfayzxonning koʼngli xufton. Eron shohi Nodir afshor katta qoʼshin bilan Buxoroga tobora yaqinlashib keladi. Аtrofdagilarga esa ishonch yoʼq.
Kimga suyanish mumkin? Tarozining posangisiga qarab qadam tashlaydigan qozikalon Qozi Nizomgami, xonning har bir qadamini zimdan kuzatib, Hakimbiyga yetkazib turuvchi Mir Vafogami? Bu qanday saltanatki, egasining oʼz haddidan chiqib biror ish qilmoqqa ixtiyori boʼlmasa. Hakimbiy quv. Hammayoqda shuning odamlari. Farhod otaliq bilan Ibrohim kenagas ham uning oldidan oʼtib, bir ish qila olmaydilar. U boʼlsa, xon nomidagi bir qoʼgʼirchoq, xolos.
Yaxshiyamki, uning yonida bir vaqtlar otasi sotib olgan ikki quli -Davlat bilan Ulfat bor. Shulargagina ishonmoq mumkin. U taxtni egallash uchun nimalar qilmadi. Oʼrtaga Qurʼon qoʼyib axd-paymon bogʼlagan qanchadan qancha doʼstlarining boshini kesdirdi. Hatto oʼz akasini oʼldirdi. Bugun esa unga murabbiylik qilgan Farhod otaliqni novvosdek boʼgʼizlatdi. Oʼrniga Ibrohim kenagasni otaliq tayin etdi. Ulfat bu otaliqning ham «toʼgʼriliq»ini xushlamayroq turibdi. Bu ham Farhod otaliqning izidan boradiganga oʼxshaydi..
Bu oʼylar xonning xayolini iskanjaga oladi. Аtrof-muhit, davlatxohlikning gʼayriinsoniy qoidalari, aslida, uning diydasini allaqachon koʼr qilgan, yuragi tosh-metin. Shuning oʼzi insonlikka jabr, zulm. Negaki shunday barkamol vujudning eng mumtoz tuygʼusi poymol boʼlgan.
Shunda ham bu gʼayriinsoniy yovuzliklar xon ongining qay bir puchmoqlaridan sezdirmay sizib chiqadi-da, qiyin-qistoqqa oladi. Inson tabiati shunday. Аbulfayzxon kechalari uxlay olmaydi. qatl ettirgan akasi va doʼstlari, murabbiysi xayoli xonni kecha-yu kunduz taʼqib etadi...
Kishining oʼziga oʼzi qiladigan bundan ortiq zulmi bormi?!
«Hayratul-abror»ning uchinchi maqolotidagi «Salotin bobi-da...» shunday fikr bor: «Ey vohki, - deydi shoir shohga qarata, baxt sening qoʼlingni quvvatli qilgan edi, lekin sen uni zulmga qaratding. Zulming xaloyiqqa kam emas edi, ammo sen uni oʼzingga ham qilayotirsan.
Zulm oʼzing uchun ham buzugʼluq-ku, ey hushyor odam, agar hushing joyida boʼlsa, uni bas qil!»
Gʼarb bilan Sharqni birday bilgan akademik N. I. Konrad ulugʼ shoirimizning ushbu satrlarini tahlil etar ekan, «Bunday teran fikr kishini hayratga soladi. Va bunday buyuk insoniy donishmandlikka duch kelganingda, yuraging zavq-shavqqa toʼladi», deb yozadi.
Fitrat inson ruhiyatidagi mana shu nozik nuqtani ilgʼay olgan va asarining oʼq tomiriga aylantirgan edi65. Pyesa matnida ayrim holatlar ifodasi, personajlarning xatti-harakatlari, soʼzlari musiqa bilan kuchaytirilishi lozimligi haqida soʼzlar, ishoralar bor. Ular goho bevosita asar qahramonlari, baʼzan esa muallif tilidan beriladi. Spektaklda bu masalaga maʼlum eʼtibor qaratilganligi kishini quvontiradi. Qolaversa, Fitrat qadim anʼanamizga koʼra har Milliy uygʼonish davri oʼzbek adabiyoti bir ziyoli singari musiqaning ham nazariya, ham amaliyoti bilan bevosita shugʼullangan, 15 ga yaqin oʼzbek cholgʼusi bilan 300 dan ortiq oʼzbek kuyining sir-sinoatidan va ayniqsa, uning inson ruhiyatiga taʼsiridan yaxshigina xabardor adiblarimizdan edi. «Oʼzbek musiqasi toʼgʼrisida» (1928) nomli bir maqolasi shunday boshlanardi: «Biz, oʼzbeklar, oʼzimizning musiqamiz judayam boy ekani toʼgʼrisida koʼp gapirdiq, ham gapirib turamiz. Bu ishimiz yomon emas, albatta. U bir musiqaki, yolgʼiz oʼzining qismida 300 dan ortiq kuy saqlangan. Bir musiqaki, bugun oʼn beshga yaqin cholgʼuning egasidir»66. Dramaning muvaffaqiyatini taʼmin etgan narsa muallifning tarix falsafasini anglaganida, davr voqealari va turmushi manzaralarini nozik his qilishida, ota-bobolarimizning maishiy hayoti tafsilotlarini yaxshi bilishida, nihoyat, badiiy zehniyatda edi.




Download 267.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling