Mundarija kirish I bob fransuz adabiyotidagi she’riy janrlarga xos xususiyatlar
Download 418 Kb.
|
М.ЖУРАЕВА
- Bu sahifa navigatsiya:
- 3. 3. Triolet, musallas va uchlik janrlariga xos umumiy xususiyat va tafovutlar .
3.2. Elegiya va marsiya munosabati Jahon she’riyati tizimida elegiya janri alohida o’ringan ega. Yunon adabiyotidan hozirga qadar bu janr o’ziga xos badiiy taraqqiyot yo’lini bosib o’tdi. Ma’lumki, elegiya frigiyaliklar tilida “qamishdan yasalgan nay” , hozirgi ma’nosida ko’proq falsafiy mazmundagi, qayg`uli o’ylarni ifodalovchi she’r; mazmun jihatidan tasniflanuvchi janr22. “Elegiya (gr. elegos – shikoyat so’zidan) she’riy janrlardan biri. Meloddan oldingi VII asrda paydo bo’lgan bo’lib, she’rning mazmunidan qat’iy nazar elegik bayt usulida yozilgan she’rlar shu termin bilan yuritilgan. Elegiyaning vatani Kichik Osiyodagi Fregiya viloyati bo’lgan. Janrning nomi shu yerning xalqi tilidagi “elegn” – (“qamish”) so’zidan olingan bo’lib, bu toifa asarlar ushbu o’simlikdan yasalgan musiqa asbobi – fleyta (nay) jo’rligida ijro etiladi”23. Ko’rinadiki, yuqoridagi ikkita ta’rif ham bir birin to’ldiradi. Ya’ni nay jo’rligida kuylanganligi va mahzun ruhi nuqtai nazaridan janr ta’riflari mos keladi. Dastlab elegiyaning mavzu doirasi juda ham keng bo’lgan. Unda vatanparvarlik, insonparvarlik, fuqarolik, qahramonlik kabi mavzular ifodalangan. Keyinchalik elegiyaning mavzu doirasi torayib, faqat shaxsiy kechinmalar bilan chegaralanib oldi. Yangi davr Evropa adabiyotida elegiya o’zining an’anaviy shaklini yo’qotsa ham, biroq mavzusi jihatidan bir daraja qat’iylashdi. Elegiyada falsafiy o’ylar, og`ir iztirob va qayg`u bayon qilinadigan bo’ldi. Hozirgi zamon adabiyotshunoslik ilmida hazin tuyg`ularni ifoda etuvchi she’riy asarlar shu nom bilan yuritiladi. Elegiyani bu ma’noda tushunish qadimgi yunonlar uchun tamomila begona. Elegik asarlarda ular aksincha ruhiy tetiklik kayfiyatlarini, botirlik g`oyalarini, jangovor hislarni talqin etganlar. Elegiya qayg`uli she’r bo’lib, unda mahzun ruh ustuvorlik qiladi. Ushbu she’r shakli yunon adabiyotida XVIII asr atrofida paydo bo’lgan. Miloddan avval bu janr nay hamrohligida kuylanadigan she’r ko’rinishida bo’lgan. Chunki nay ohangida mahzunlik, o’ziga xos mung bor. Shunga ko’ra elegiya “elegiac distich” deb nomlangan. Fransuz she’riyati tarixiga nazar solsak, dunyo she’riyatida shakllanib, takomil topgan bu janr namunalari ko’pchilikni tashkil etadi. Jumladan, Alfonse de Lamartin, Aleksadr Sume kabi shoirlar bu sohada katta muvaffaqiyatga erishganlar. Jumladan, Aleksandr Sume (1788-1845) shoir va dramaturg sifatida mashhur bo’lgan. U 1824 yilda Fransuz Akademiyasi a’zolikka qabul qilingan. U elegiya janrida samarali qalam tebratgan. «Clytemnestre », «Saul » (1822), «Cléopâtre » (1824), «Une fête de Neron » (1830) kabi tragediya va elegiyalari opera va teatr saxnalarida namoyish etildi. Bular orasida shoirning «La pauvre fille» (1814) elegiyasi alohida ajralib turadi. O’zbek adabiyotida esa elegiyaga shaklan va mazmunan muvofiq keladigan janr marsiyadir. Marsiya arabcha so’z bo’lib, yig`lamoq, aza tutmoq, achinmoq degan ma’nolarni bildiradi. Biro kishining vafoti munosabati bilan, uning fazilatlarini e’tirof etish, vafotidan afsuslanish mazmunida yoziladigan lirik she’r24. Bu janr genezisi, avvalo, xalq og`zaki ijodiga borib tutashadi. M.Qoshg`ariyning “Devonu lug`otit-turk” asaridagi “Alp Er To’nga marsiyasi” buning yorqin dalilidir. Xalq qahramoni, jasur Alp Er To’nga vafoti munosabati bilan yozilgan bu marsiya xalq og`zaki ijodida mahzun ruhdagi she’rlar yozilganligini asoslab turadi. Marsiya, aytish mumkinki, o’zbek she’riyatida ham o’ziga xos tadrijiy yo’lni bosib o’tdi. O’zbek mumtoz she’riyatida bu janrdagi asarlar ko’proq mashhur shaxslar, hukmdorlar, amaldorlar, ustozlar vafoti munosabati bilan yozilgan. Jumladan, Alishern Navoiyning ustozi Abdurahmon Jomiyning vafoti munosabati bilan, Nodiraning turmush o’rtog`i Amiriy vafoti munosabati bilan muashshar shaklida yozilgan “Firoqnoma” asarlari fikrimizga o’rqin dalildir. Zamonaviy o’zbek adabiyotida esa M.Shayxzoda, Zulfiya, Mirtemir, A.Oripov, R.Parfi kabi shoirlarning bu janrdagi asarlari mashhur. Ko’rinadiki, jahon she’riyati tizimida olsak, marsiya va elegiya mazmun jihatdan bir qatorda turuvchi janrlardir. Evropa she’riyatida elegiya vazni bilan bog`liq qat’iy qarashlar bor. Marsiya esa shakl jihatidan o’zining qat’iy qonunlariga ega emas. Ya’ni u she’riy shaklni boshqa lirik janrlardan, masalan, g`azal, ruboiy, muashshar kabilardan “ijara”ga olib turadi. Misol uchun, Uvaysiyning “Sog`indim” radifli she’ri farzandi vafoti munosabati bilan yozilgan marsiya bo’lib, g`azal shaklida qofiyalangan. Umuman olganda, marsiya va elegiya janrlari tipologik o’xshashliklarga ega. Bu o’xshashliklar jahon, fransuz va o’zbek she’riyatida marsiya-elegiya tizimida tadqiqotlar olib borish zarurligini ko’rsatib turadi.
Lirik adabiyotda uchlik ko’rinishlarining shakllanishi hamda taraqqiyoti so’nggi yillar o’zbek she’riyatida tez-tez ko’zga tashlanayotgan xususiyatlardan biridir. Binobarin, uchlik shaklining she’riyatimizda paydo bo’lishi va takomil topishi tasodifiy emas. Uchlik genezisi o’zbek mumtoz she’riyati ko’p asrlik an’analari va jahon adabiyotining badiiy estetik tajribalariga bog`liqdir. Ma’lumki, o’zbek she’riyatida uchlik bandlardan tashkil topgan musammat zanjiridagi musallas mavjud. Adabiyotshunos D.Quronovning yozishicha: “Musallas arabcha so’z bo’lib, uchlik) – musammat turlaridan biri, uch misrali bandlardan tarkib topuvchi she’r shakli; uch misrali band. Musallas she’r shaklida dastlabki band misralari o’zaro qofiyalanadi (a-a-a), keyingi bandlarning dastlabki ikki misrasi o’zaro, uchinchi misrasi esa birinchi band bilan qofiyalanadi. Xuddi shu shakl musallasning kanonik shakli sanaladi. Adabiyotimizda musallas she’r shaklining har bir bandidagi misralari o’zaro (a-a-a, b-b-b, v-v-v...), har bir bandi o’rama (a-b-a, v-g-v, d-e-d...) tarzida mustaqil qofiyalanuvchi, shuningdek, bandlararo kesishgan (a-b-a, b-v-b, v-g-v...) qofiyalanish tartibidagi ko’rinishlari ham uchraydi”25. Binobarin, janr belgilari turg`un bo’lsa-da, tarixiy taraqqiyot bosqichlarida mazmunan yangilanadi, o’zgaradi. Bu haqda D.Quronov yozadi: “Badiiy tafakkur taraqqiyotining muayyan bosqichida turg`un janr shakllarining etakchi mavqe egallashi umuman jahon adabiyotida kuzatiladigan hodisadir. Masalan, Evropa adabiyotidagi sonet, rondo, rondel, terstina, oktava kabi shakllar fikrimizni dalillash uchun etarlidek. Biroq badiiy tafakkur rivojining keyingi bosqichlarida jahon adabiyotida turg`un shakllarni inkor qilish, she’riyatning qat’iy ramkalar doirasidan erkinlik tomon intilishi kabi umumiy tendenstiya kuzatiladi26. E’tibor berilsa, adabiyotshunos olim musallasning janriy belgilarini to’g`ri va aniq ochib bergan. Mumtoz adabiyotda bu janrdagi asarlar, asosan, Uvaysiy, Hamza kabi shoirlar ijodida mavjud bo’lib, aruz vaznida yozilganligi bilan alohidalik kasb etadi. Zamonaviy o’zbek adabiyotida esa badiiy shakl sifatida Oybek, Mirmuhsin, A.Muxtor, Shuhrat, G`.G`ulom, R.Parfi, O.Matjon, O.Hojiyeva, A.Obidjon, I.Subhoniy kabi shoirlar ijodida ko’zga tashlanadi va barmoq vaznida bitilishi bilan xarakterlanadi. Musallas va bugungi she’riyatimizdagi uchlik shakli orasida bir qator mushtarak va farqli jihatlar mavjud. Aytish kerakki, so’nggi yillar she’riyatida yuz ko’rsatgan uchlik yana ikki xil ko’rinish kasb etgan: 1. Mumtoz she’riyatdagi kabi uchlik bandlardan tashkil topgan she’rlar. O.Hojiyeva, R.Parfi, E.Shukur ijodiy izlanishlari bunga misol bo’la oladi. 2. Uch misradan iborat yaxlit she’r. Bu mohiyatan mumtoz adabiyotdagi ruboiy, zamonaviy she’riyatdagi to’rtlik janrlariga hamohanglik qiladi. A.Obidjon, F.Afro’z she’rlari bunga yorqin misoldir. 1. Uchlik bandlardan tashkil topgan poetik shakl bilan musallas o’rtasida mushtaraklik she’r tuzilishida va qofiyalanish tartibida kuzatiladi. Tafovut esa vaznda ko’zga tashlanadi. Uch misradan iborat yaxlit she’r esa axloqiy-ma’rifiy mazmuni jihatidan ruboiy va bugungi to’rtliklarga mos keladi. Farqi esa, avvalo, vaznida va qofiyalanishida ko’rinadi. Adabiyotshunos Q.Yo`lchiyev uchliklar haqida fikr yuritar ekan, yozadi: “Farida Afro’zning uchlik(tasbeh)lari esa lirik, hissiy-falsafiy mazmuni va erkin vazni bilan ko’zga tashlansa, Abdulla Sher “xokku”lari yapon she’riyatiga yaqinligi va badiiy-estetik jihatdan boshqalardan farq qiladi. Ulug`bek Hamdamning uchliklari esa kam sonliligi hamda sarlavhaga egaligi va turli vaznlarda ekanligi bilan o’ziga xosdir. O’zbek she’riyatidagi kichik lirik janrlarning bunday rang-barangligi, shubhasiz, she’rdagi qator shakliy-uslubiy izlanishlarning mahsulidir”27. Farida Afro’z va Anvar Obidjon she’rlari asosida uchlik badiiy shaklidagi she’rlarni tahlil qilishga harakat qilamiz. Farida Afro’z uchliklarini “tasbeh” deya nomlaydi. Bu bejiz emas. Adabiyotshunos H.Umurov uchliklarning kelib chiqishini, genezisini diniy sarchashmalarimizga, aniqrog’i, muqaddas kalima “Bismillohir rohmanir rohiym”ga bog’lab talqin etadi: “Bu qudsiy kalimaning ma’nosini, barakotini, muhofazasini anglab, so’ngra ishlatsak, uning azizligini, foydaligini, mo’jizakorligini tushunamiz. Uchta so’zdan iborat “uchlikning” qudratini, nurini qalbimizga singdiramiz. Qalbimiz yonib ishga kirishamiz”28. Shu tarzda olim uchlik asosini “Qur’oni Karim” va muqaddas hadislarga bog’laydi va mumtoz adabiyotdagi musallas, jahon she’riyatidagi terset bilan qiyoslaydi. Farida Afro’z uchliklari hayotiy-axloqiy mazmunga ega: Odamzod hech narsaga begona emas, Ishqqa ham, Qotillikka ham 29. Haqiqatan, inson murakkab xilqat. U muhabbat, ishqqa ham qodir, ayni zamonda qotillik ham qiladi. Bu uning tiynatidan kelib chiqadi. Shoira ana shu achchiq haqiqatni badiiy ifoda etmoqda. Qashshoqlik – Davlatdir, Nodonlikdan ko’ra. Mazkur uchlik maqol xarakteriga ega. Nodon bo’lib, odamlarga ozor bergandan ko’ra qashshoq kambag`al bo’lib yashash afzal, deydi shoira. Sen unchalar badbaxt emassan, Tanimaysan, Baxtingni xolos! Ko’p hollarda inson o’zini baxtsiz deb hisoblaydi. Baxt boylik, hashamat bilan o’lchanmaydi. U qalb boyligi bilan o’lchanadi. Inson salomat yurishi, yaqinlari qurshovida ularning mehridan bahramand bo’lib yashashi, aslida baxtdir. Shu bois shoira “Baxt sening yoningda, faqat sen uni tanimaysan” deya Baxtni insonlashtiradi. Quyushqonga sig’mas ijodkor, Sarhad uning o’limi demak, Chegaradir unga qabriston. Bu uchlikda haqiqiy ijodkor siyrati aks etgan. Ya’ni, hamisha qalbi yonib turgan ijodkor uchun sarhad yo’q. Bu uning uchun o’lim, to’xtab qolish demak. To’xtab qolish chegarasi esa qabristondir. Chunki bu maskan sokinlikka burkangan. Shoira qanchalik qayg`uli va mahzun bo’lmasin, ijodkorning ijoddan to’xtab qolishini sokinlik hukm suruvchi mangulik maskaniga qiyoslaydi. Mening juda tarixim uzun, Ildizim ham naqadar, chuqur, Faqat paxta ekib o’tmagan otam. Mazkur uchlikda xalq obrazi aks etgan. Unda ko’p asrlik xalqning ko’hna tarixiga ishora mavjud. Ayni paytda bunda kinoya ham bor. “Faqat paxta ekib o’tmagan otam” misrasida xuddi shu ifoda va mazmun aks etgan. Aytganingni hammasini qil, Ammo, Qilganingni yarmini ayt. Bu uchlik ham xalq maqollariga hamohang. Ya’ni xalqimizda “Yaxshilik qil, suvga sol, suv bilmasa, baliq bilar, baliq bilmasa, xoliq bilar” degan hikmatli so’z bor. Shoira aytmoqchi bo’lgan poetik fikr ham shuning davomidir. Ayrim insonlar “unday qilaman, bunday qilaman” deya og`izda jar soladi. Amalda esa hech narsa qilmaydi. Xiyonat qildi u O’ldirdilar, suvga otdilar, Tupirib tashladi dengiz ham. Bunda xiyonatga badiiy ta’rif berilgan. Xiyonatni hatto dengiz ham qabul qilmadi, tupurib tashladi, deyapti shoir. Bunda dengiz insonlashtirilgan. Hayotdaa kechirilmaydigan holatlar bor. Xiyonat shulardan biri sifatida qoralangan. Chuqur mazmundagi bu uchlikda ana shu holat badiiy ifoda etilgan. Rayhon! Ismingni kim qo’ygan, Kim hidlagan seni birinchi bo’lib, Ollohdan keyin?!. Mazkur uchlikdagi lirik obraz rayhondir. Rayhon jannat guli hisoblanadi. Shunga ishora tarzida rayhon obrazi yaratilgan. 1985 yilda Anvar Obidjonning “Ketmagil” nomli to`plami G`. G`ulom nomidagi adabiyot va san`at nashryoti tomonidan chop qilindi. Shu to`plamda “Uch chanoqlar” nomi ostida shoirning uchliklari berilgan. Adabiyotshunos N.Jumaxojaning yozishicha: “Anvar Obidjonning kitobida “Uchchanoqlar” deb nomlangan turkum ham bor... Uchliklar yapon she`riyatida mustaqil janr hisoblanadi”2. Olimning aytishicha, yapon uchliklari yo oniy mavzuni, yo lahzalik ruhiy holatni, yo teran falsafani ifodalashi lozim. Anvar Obidjon uchliklari ixcham, tabiiy, aniq falsafiy xulosalarga, hayotiy kuzatishlarga boy she`rlardir: Ko`pdir amalning turi Amaldorning eng zo`ri Faqat ochiq oladi. Shoirning uchliklarga qaytsak, avvalo, “Uchchanoq so`ziga to`xtalsak. Chanoq ko`sakda bo`ladi, paxta ko`saklarida uchchanoq uchraydi. Xalq uni alohida e`zozlaydi. Bolalar orasida uchchanoqni olgan o`rtog`iga berish o`yini bor. Uchchanoqni olgan bola uni asrab yurishi lozim. Bergan kishi “Uchchanoq” deganda topib bera olsa, yutqazmaydi, topib bera olmasa uchchanoqni bergan bolaning shartlarini bajarishga majbur. Shoir xalq mashhur uchchanoq so`zini olib, janrning nomi sifatida qo`llagan. Negaki, she`r uch misradan iborat, chanoqning uch qirrasi bo`lgani kabi she`rning uch qirrasi mavjud. Anvar Obidjonning uchliklari aynan musallas bo`la oladi. Negaki, musallas aruzda yoziladi va har bandi uch misra bo`ladi. Yapon xakkulariga shaklan o`xshaydi, mohiyati o`zbekona. Shu bois shoir mumtoz va dunyo she`riyatidagi an`analarni davom ettirib, o`ziga xos, takrorlanmas uchlik – uchchanoq yaratdi. Anvar Obidjon bir o`rinda uchligini “uch paxsa” deb ataydi:
Sohibi yurar shodon. Kuymadi deb soqolim.2
Anvar Obidjon uchchanoqlarida ham bolalik ifoda etilgan o`rinlar bor: Nega buncha xafasiz? Xafa bo`lmang topasiz O`tkan kundan boshqasin Shoir bolalarbop she’r yozadi, bolalarga tavsiya qiladi, ammo she`rdagi ko`p ma`nolilik kishilarni o`ylantirib qo`yadi. Hatto kattalar ham shoirning jumboq she`rlaridagi fikrni o`qish uchun uzoq o`ylanishlariga to`g`ri keladi. Inson goh arzimas narsalarga xafa bo`ladi. Nimalarindir yo`qotganiga kuyunadi, ammo o`tkan kuniga achinmaydi. Holbuki, o`tkan kundan boshqa hammasini topish mumkin. Bu o’rinda vaqtni qadrlash, uning har bir daqiqasidan unumli foydalanish kerakligi hikmatini tuyamiz. So`ng kitobxon qo`shib qo`yadi: Dunyodan o`tkan insonni ham topib bo`ladi. Kitobxon shoir fikrlari hikmatomuz bo`lsa-da, nisbiy ekanligini o`ylaydi, demak, kitobxon ham fkirlay boshlaydi. Anvar Obidjonning uchchanoqlari insonni aynidam, bolalarni o`ylashga undaydi. Bu shoirning yutig`idir: Dedi menga bir jinni – Jumani yedik. Ini, Shanbani yeb g`ajiymiz!
Umr shunday bir taom – Mazalimi, sho`rm, xom. Yeyishimiz shart borin. XX asrning ikkinchi yarmida 1979 –1981 yillarda yaratilgan uchchanoqlar inson umri mohiyatini ifodalashga harakat qiladi. Oddiy so’zlar, hamma biladigan so`zlar, ammo ular shunday tartib berilganki. Biz uchun kitobga teng xulosani tashiy olgan. Inson o`z umrini yeyishi rost. Ammo shu umr kimga qanaqa: mazali, sho`r, xom, qanday bo`lmasin yeyishga majburmiz. Anvar Obidjon uchchanoqlarida bolalik ochiq-oshkor ko`rsatilmaydi. Bolalarga fikrlashday tuyulgan satrlar ostida yetuk tafakkur egasi bor. Yetuk tafakkur hosilasiday ko`ringan satrlari ortida beg`ubor bolalik tabassum qilib turibdi. Menga ishon, shamollar tindi, Yoshlik kabi o’tdi bulutlar, Borsa-kelmas yo’llar qolmadi. Inson umri haqidagi bu uchlikda shoira an’anaviy obrazlardan foydalanadi. Inson umri shamolga o’xshatiladi. Shoiraning badiiy topilmasi “Yoshlik kabi o’tdi bulutlar” misrasidir. Bulutning osmonda suzishi yoshlikning o’tishiga qiyoslanadi. “Borsa kelmas yo’llar” xalq ertaklaridagi uch yo’lning biri. Shoira “borsa kelmas yo’llar qolmadi” der ekan, shunga ishora qiladi. Sen ham juda-a-a toza emassan, Xojang shuncha yalagan bilan Itning yalog’i. Bunda it yalog’i timsol hisoblanadi. Hayotda o’zini toza, pok deb hisoblovchi, aslida esa nopok bo’lgan insonlar obrazini ifoda etadi. Yarim tunda uyg’ondim cho’chib Ushlab oldim yarim umrimni Shuginami Umrning Yarmi?!
Anvar Obidjon uchliklari nafaqat kattalar adabiyotini, balki bolalar she`riyatini ham boyita oldi. Bu shaklni bolalar shoirilaridan Dilshod Rajab ham qo`lladi. Faqat Anvar Obidjon uch satr yozsa, Dilshod Rajab musallas singari har bandi uch misrali she`r yozdi. Ko`rinadiki, Anvar Obidjon uchchanoqlarida an`ana davom ettirilgan va ayrim o’rinlarda an`analardan chekinilgan jihatlar bor. Tersina (ital.terza rima – uchinchi qator) – italyan sheʼriyatidagi uch misrali bandlardan tarkiblangan sheʼr shakli. Tersina – (Yu.Q.) band shaklida yozilgan sheʼr aba bcb cdc ded… shaklida, yaʼni bandning 1 va 3 misralari oʼzaro qofiyalanadi. Tersina shaklida yozilgan sheʼr (yoki dostonning bobi) bitta alohida misra bilan yakunlanib, u oxirgi bandning 2-misrasi bilan qofiyalanadi: shu tariqa sheʼr ritmik-intonatsion jihatdan tugallik kasb etadi. Dante Aligyerining mashhur “Ilohiy komediya”si tersina shaklida yaratilgan boʼlib, bu asar mazkur band shaklining etaloniga aylanib qolgan. Sheʼrshunoslikda uchlik nomi bilan bogʼliq terset atamasi ham uchraydi. Terset – uch misrali band shakli, uning uchta koʼrinishi borligi qayd etilgan. Demak, tersina bandlari uch misradan iborat sheʼriy shakl, terset esa band shaklidir . Oʼzbek mumtoz sheʼriyatida musallas mohiyatan tersetga oʼxshaydi. Bu oʼxshashlik tuzilishida – bandlardan tashkil topishida koʼrinadi. Tafovuti – qofiyalanish tizimi bilan bogʼliq. Keyingi yillar o’zbek she’riyatida musallasga yaqin she’rlar yozildi. Eshqobil Shukur izlanishlari bunga guvohlik beradi. “Ruhim” deb nomlangan she’r xalqona ohangda bitilgan: Ahay-aha-hay. Ahay-aha-hay! Men qushlarning tushlarida ko’rinay, Men tushlarning qushlarida ko’rinay. Ahay-aha-hay.Ahay-aha-hay! Men tillarning gullarida ko’rinay, Men gullarning tillarida ko’rinay. Ahay-aha-hay. Ahay-aha-hay! Men to’ylarning kuylarida ko’rinay, Men kuylarning to’ylarida ko’rinay.
Men ko’zlarning so’zlarida ko’rinay, Men so’zlarning ko’zlarida ko’rinay. Ahay-aha-hay. Ahay-aha-hay! E’tibor berilsa, har bir banddagi dastlabki satr naqorat xarakteriga ega. She’r boshdan-oyoq tarse’ san’ati asosiga qurilgan. Lirik qahramon ruhiyati aks etgan bu satrlarda mumtoz adabiyotdagi musallas kabi bandlardan tashkil topgan. Faqat qofiyalanishi boshqacha: har bir banddagi ikkinchi va uchinchi misra o’zaro xuddi masnaviy kabi a a, b b... shaklida qofiyalangan. “Mening qo’shig`im” she’ridagi manzara yana boshqacha. Endi har bir band so’ngidagi misra naqorat xarakteriga ega. Bandlardagi dastlabki ikki misra masnaviy kabi a a, b b, v v... shaklida qofiyalangan. Men seni boladay suysam, netayin, Ko’yingda bevaday kuysam, netayin, Suygunchigim mening, suygunchigim-ay...
Quvongim kelar-da, nega yig`laram, Suygunchigim mening, ovunchig`im-ay...
Men yig`lab olayin, sen esa o’ynab Suygunchigim mening, suyanchig`im-ay...
To’yib-to’yib yana seni suyaram, Suygunchigim mening, kuyunchagim-ay...
Bir kuni senga aylanib ketarman, Suygunchigim mening, suygunchigim-ay... Muhabbat mavzusidagi bu uchlik ohorli oʼxshatish hayotiy fikrlarga boyligi bilan ajralib turadi. Lirik qahramon suyuklisini boladay sevadi, uning yoʼlida bevaday kuyadi. Qolaversa, “suygunchi” soʼzini oʼzbek leksikasiga olib kiradi. Emotsionallik boʼyoqdorlik kasb etgan bu soʼz quloqqa xush yoqadi va chiroqli jaranglaydi. Mazkur soʼz lirik qahramon qalbidagi ishqiy tugʼyonlar yolqinini aks ettiradi, deyish mumkin. Sheʼr shakl jihatidan ham musallasga oʼxshaydi. Deyarli musallas kabi qofiyalangan. Faqat E.Shukur bu sheʼrni barmoq vaznida yozgan. Oydin Hojieva ijodiy izlanishlarida ham uchlik bandlardan tashkil topgan sheʼrlar mavjud. U o`z she’rlarining birida umr ma’nosini anglatishda uch misralik bandlarda o`z fikrlarini bayon etadi:
Umr – bu Allohdan bizga omonat, Allohning farzi bor aziz jonlarda Omonatga qilma hargiz xiyonat. Umr – yombi oltin, bug`doy doniday, Maydalama uni tegirmonlarda Allohning farzi bor aziz jonlarda.
Yoki:
Ey, dunyo! O`kindim – dardlarim majnuntol bo`ldi, Yukindim – chechaklar bargi bol bo`ldi, O`tindim – teraklar purxayol bo`ldi. Bunda lirik qahramon “men”ning azal va abad dunyoga ta’sirli hayqirig’i beixtiyor e’tiborni tortadi. Go’yoki shu uchtagina fe’l so’z turkumida – uch so’zda butun olamning mohiyati aks etgandek. O’kinch – dardlarni aritmasligi, ko’ngilning taskin topmasligiga ishora qilsa, yukinmoq – ya’ni o’zini topshirmoq, ishonmoq, bosh egmoq, tavakkul qilmoq esa qalb osoyishtaligiga olib keladi. O’tinmoq – o’zlikni anglashning oliy nuqtasi. Bunda lirik qahramonning insoniylik bosqichlarini birma-bir bosib o’tganligi va yuqoriga ko’tarila olganligi anglashiladi. Xokku XVI-XVIII asrlarda shahar madaniyatining o`ta darajada rivojlanishi oqibatida yuzaga kelgan. Uning qadimgi maktabi kufu bo`lib, bu maktab tankaning hajmini biroz qisqartirish, mavzu doirasini kengaytirish, mazmunan soddalashtirish hisobiga xokku yaratdi. Shuning uchun ham kufu yaratgan xokkuning an’anaviy vazni quyidagichadir: birinchi misra –5, ikkinchi misra –7, uchinchisi –5 hijodan iborat”. Bu janrda hissiyot va o`y-xayollarni bitta to`liq jumla orqali berish mumkin. Qofiya talabi yo`qligi esa shoirga yanada qulaylik tug`diradi. Quyidagi yapon shoiri Kabayashi Issaning xokkusida ham o`ta chuqur ma’no aks etgan: Umrim bo`yi Buddaga sig`inaman, Lekin hamisha Chivinlarni o`ldiraman[17]. Misralardan insonning o`z e’tiqodiga qarshi borishi , xohlamagan ishni qilishga majbur bo`lishi, ishi va dili bir bo`lmagan insonlar tasviri yoxud yana boshqa ma’nolarni topishimiz mumkin. Rauf Parfi yapon ijodkorlari asarlarini tarjima qilgan. U xokkuning ilk tarjimoni. “Xokkular” nomi ostida chop etilgan uning ilk uchliklari 1963-yilda yozilgan edi. 1961-yilda tarjima qilingan oltmishta xokku esa shoirning yapon she’riyati bilan juda erta qiziqqanini ko’rsatadi. Rauf Parfi – milliy adabiyotimizdagi mana shunday she’riyat bilan birinchilardan oshno bo’lgan va boshqalarni ham oshno etgan shoir. Uning: “Xokku yozish katta mazmunni oz so’z bilan ifoda etish san’atidir”, deyishi ham xokku qonuniyatini yaxshigina o’zlashtirganidan dalolat beradi. Tarjimon xokkular tarjimasida ham “oz so’z bilan katta mazmunni” san’atkorona ifoda etishga harakat qilgan. Quyidagi Esa Syoxakudan qilingan birgina uchlikka e’tibor bering: Yulduzlar ko’kda: Oh, na-da katta! Oh, na-da yuksak! Har uchala misraning bir vaznda (3+2) kelishi(1); ikkinchi va uchinchi misralardagi bir xil intonatsiya(2); so’ngi bo’g’inida urg’u olgan “Oh, na-da” so’zlarining vertikal takrori(3); misralar so’ngidagi “ko’kda”, “katta”, “yuksak” so’zlarining birinchi bo’g’inlari bir xil vaznda (undosh+unli+undosh) kelishi (4); “ko’k” va “yuk-” bo’g’inlaridagi hamda “na-da” va “katta” so’zlaridagi o’zaro ohangdoshlik(5); yana aynan o’sha so’zlarning ikkinchi bo’g’in ikkinchi tovushi sifatida bitta unli – “a”ning takrorlanishi(6); aynan shu “a”ning matndagi “na-da” va “katta” so’zlarida ikki martadan kelishi(7) xokku ohangiga boshqacha joziba baxsh etgan. Rauf Parfi shundan keyin xokkular tarjimasiga boshqa qo’l urmasa-da, boshqalarni bu ishga qiziqtirish va da’vat qilishdan charchamadi [30]. Shoira Farida Afro’zning quyidagi xotirasi shunday fikrga kelishimizga asos bo’ladi: “Bir kuni Rauf aka uchliklardan iborat bo’lgan yapon xaykularining ruscha tarjimasini qo’limga tutqazdilar va siz shuni tarjima qiling, dedilar. Men kitobni u yoq-bu yoqlariga ko’z yugurtirib chiqdim. Menga yoqmadi, juda jo’n va tayinsizdek tuyuldi. Bir ozdan keyin Rauf aka “Xo’sh”, deb kirib keldilar xonamizga. “Yoqmadi, shu ham she’riyatmi?!” dedim. “Yo’q, aslo shoshmang, ichiga kiring”, dedilar. Biroz ranjigandek bo’lib, tezgina chiqib ketdilar. Men bu uchliklarni qayta-qayta, qayta-qayta o’qiy boshladim. Rauf aka aytganidek, ichiga kirdim va o’sha yerda yashay boshladim. O’z-o’zidan tarjimalar quyulib keldi. Yetmish uchta uchlikni tarjima qildim”.30 Rauf Parfi Isikava Takuboku she’rlaridan uslub o`zlashtirgan. Bu she’rlar shoirning xokku janridagi she’rlarining dunyoga kelishi uchun maktab vazifasini o`tagan. Rauf Parfi keyinchalik bu janrni o`z uslubiga moslashtirib “uchliklar” deb atagan. Uning “Chag`alay” nomli uchliklar turkumini o`qisak, u xokkuning ham o`zgacha shakldagi na’munalari ekanligining guvohi bo`lamiz:
“Chag`alay” she’rida Vatan mavzusi kuylangan bo`lsa, “Shamolga osilib yashadim” turkumida ijodkorning dunyo ishlaridan norozilik tuyg`ulari, nafs bilan kurashuvi, ishq bilan yuzlashuvi o`z ifodasini topadi: 1.Shamolga osilib yashadim, Mingga kirdim, chiridi jismim, So`ngaklarim oqardi qaqshab. 2.Dunyosiga qo`ydim qo`limni, Oyog`imni bosdim yuziga, Ko`zlarini yumdi bu dunyo. 3.Bir payola may ber, azizim, Bag`rim yonib bitdi, kul bo`ldim. Chivg`inlarga sotdim o`zimni. 4.Qorlarga ko`mildi bog`larim, Tog`larimga cho`kdi osmon. Sen yo`qsan. Sen yo`qsan? Sen yo`qsan! 5 .Balki men Majnunman, Balki siz , Laylo, Balki men mahkumman, balki siz jallod. [19, 240-b] Mana bu turkumni “Parfiyona” desak bo`ladi. Modern shakl, mumtoz an’ana, tasavvufiy mazmun yuklangan bu uchliklar Rauf Parfi mahoratidan darak beradi. Ikkinchi qismdagi uchlikni o`qigan o`quvchining xayoliga birinchi navbatda Mashrabning quyidagi g`azali esiga keladi: Dunyo yasanib, jilva qilib oldimga keldi, “Borg`il nariga!” – deb ketiga shattalab o`ttum. Bildimki, oni dushmani makkorai ayyor, “Lo” –tirnog`i birla yuzini tirmalab o`ttum. Xomush pichog`in har dam oning bog`ziga qo`ydim, Cho`g` nayzasi birla ko`zini nayzalab o`ttum[11]. “Shamolga osilib yashash” bir umr erkinlikka intilish, o`z fikrlariga erk tuyg`ularini yuklash, ozodlikni talab qilishdir. Shoir ruhiyati hech qanday tutqunliklarga bo`ysunmas. She’rda tasavvufiy obrazlarni: dunyo, mayni uchratamiz. “Balki men Majnunman, Balki siz, Laylo” deganda ham shoirning Ollohga intilishini tushunish qiyin emas. “Sen yo`qsan. Sen yo`qsan? Sen yo`qsan!” misralarida shoirning haqiqatni topolmayotganini sezish mumkin. Xuddi shu misradagi mazmun singdirilgan xokkusi “Tuyg`ular” turkumidan joy olgan. Seni topgunga qadar, Qanday yashadim men? Nahotki yashadim? Bu xokkuda intiqib kutilgan mustaqillikning sevinchlarini o`qishimiz mumkin. Kuygan daraxt bo`yniga osilar, Oq bulut oppoq bulut, Yig`lagali ketar keyin[23,90-b]. Yuqoridagi uchlikda teran ma’no yashiringan. “Tarixan hosildorlik kultlariga ishonch va uning suv, olov, o`simliklar kabi obyektlari xotin-qizlar qalb dunyosini ifodalashga qo`l kelgan. Xalq lirikasida O`zbekiston hududida mavjud mevali daraxtlarning deyarli barchasi tilga olinadi, ammo olma , tut, jiyda , o`rik, anor, bodom, olcha kabi sermeva va serurug` daraxtlar juda faol qo`llaniladiki, genezesiga ko`ra bu xususiyatlar ham hosildorlik va serfarzandlik g`oyasi bilan bog`liqdir”[8]. Rauf Parfi ijodida daraxt obrazi turli ramziy ma’no tashiydi. Xalq og`zaki ijodida mevali daraxt –to`kin-sochinlik, kelajakdan umudvorlik ma’nolarida bo`lsa, Rauf Parfi yuqoridagi xokkusida uning oldigan “kuygan” sifatlashini qo`yib noumidlik, ishonchsizlik ma’nolarini ifoda etyapti, chunki olovlarda kuygan daraxt meva bermaydi. “Bulut” obrazi oq rangda tasvirlanyapti. Bu tinchlik, erk ramzidir. She’rda Sovet tuzumi davriga ishora qilinib, erkning erksizligini tasvirlayapti. Rauf Parfi quyidagi xokkusida “yaxshilik qil suvga sol, baliq bilmasa Xoliq bilar” maqolini ajoyib tarzda she’rga singdirgan: Men hammasini chindan aytdim, eh, sizlarim, Siz nafasni mendan qizg`ondingiz-a?! Qolganini … baliqlar…aytsin… Nafas – erk ma’nosini ifodalayapti. She’rdagi ko`p nuqtali tinish belgisi shoir dardlarining bog`ziga tiqilib qolib, nafasi yetishmayotganining shakily ifodasiday go`yo. Rauf Parfi ijodining janriy yangiliklari ko`p. bu yangiliklarning o`ziga xos tomoni esa o`zbek milliy she’riyatining asosiy tamoyillariga bo`ysundirilib yangi uslubning yaratilganligidadir. Ko’rinadiki, uchlik tizimida o’zbek va jahon she’riyatida musallas-rondo-triolet-terstina-xokku-uchlik tizimi yuzaga kelgan. Bu tizim bir qator o’ziga xosliklarga ega: 1. Rondo, triolet ko’proq fransuz she’riyati tabiatini aks ettiradi va bandlardan tashkil topadi. Shu jihatdan musallas bilan bir qatorda turadi. 2. Xokku, avvalo, yapon, shu bilan birga, dunyo she’riyatida an’anaviylashgan janrdir. Bu ham uchlik bandlardan tuzilishi, ya’ni badiiy shakli nuqtai nazaridan musallas bilan yaiqnlashadi. 3. Uchlik shakli zamonaviy she’riyatda olib borilgan ijodiy izlanishlar mahsuli. U shaklan va mazmunan mumtoz she’riyatdagi fardga yaiqnlashadi. Farqi, avvalo, she’riy vaznida kuzatiladi. Mazmun axloqiy mazmunni aks ettiradi. Download 418 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling