Mundarija: Kirish I. Bob. O`Zbekistonning tabiiy sharoiti va resurslari imkonyatlari
Tabiiy sharoit va tabiiy resurslar haqida tushuncha
Download 0.74 Mb.
|
Mundarija
1.2.Tabiiy sharoit va tabiiy resurslar haqida tushuncha.
Tabiiy sharoit va tabiiy resurslarning umumiy jihatlari bilan bir qatorda ularning o’zaro farqlari ham mavjud. Umuman olganda, tabiiy sharoit ko’prok muhit ma’nosida tushuniladi, u ishlab chiqarishda bevosita ishtirok etmaydi, undan moddiy ne’matlar yaratilmaydi; tabiiy sharoit aholi yashashi va ishlab chiqarishni joylashtirish uchun sifat ko’rsatkichlar kasb etadi, ya’ni u qulay yoki noqulay bo’lishi mumkin. Masalan, joyning iqlimi, yer usti tuzilishi kabilar uning tabiiy sharoitini ifodalaydi. Tabiiy resurslar esa (resurs-zahira, boylik) ishlab chiqarish jarayonida bevosita ishtirok etadi va ular miqdor ko’rsatkichlariga ega bo’ladi. Tabiiy resurslar tugaydigan va tugamaydigan kismlarga, tugaydiganlari esa, o’z navbatida, tiklanadigan va tiklanmaydiganlarga bo’linadi. Chunonchi, o’rmon, suv, tuproq va boshqalar nisbatan uzoq muddatda qayta tiklanishi mumkin. Tabiiy resurslarning bunday xususiyatlari ulardan oqilona foydalanishni taqoza etadi. Biroq unutmaslik lozimki, tabiiy geografik komponentlarning tabiiy sharoit yoki resurs ekanligi ulardan qaysi maqsadda foydalanishga bog’liq. Shu sababdan, ma’lum bir sohada tabiiy sharoit hisoblangan komponent boshqa sohada resurs bo’lishi mumkin. Iqlim yoki relef sanoat geografiyasi nuqtai nazaridan umumiy tarzda tabiiy sharoit sanalsa, qishloq xo’jaligi uchun (harorat, namlik, tuproq) muhim agroiqlimiy resurslar hisoblanadi. Xuddi shunday, quyosh nuri, o’rmon, dengiz rekreatsiyada yetakchi tabiiy resurslardir. Ko’rinib turibdiki, tabiiy sharoit va tabiiy resurslar o’rtasida katga farq yo’q, ular bir-birlariga (aniq holatda, maqsadda) o’tib turadi. Shuning uchun bo’lsa kerak, ba’zi xorijiy mamlakatlarda bu tushunchalar farq qilinmaydi va ular umumiy tarzda “tabiiy sharoit”, deb qabul qilingan (demak, tabiiy sharoit - tabiiy resurs ekan). Iqtisodiy va ijtimoiy geografiyada tabiiy sharoit va tabiiy resurslarning faqat “tabiiyligi” emas, ularning inson hayoti va xo’jalik faoliyati uchun zarurligi asosiy sanaladi. Boshqacha qilib aytganda, yer, suv, o’rmon, qazilma boyliklar, eng avvalo, inson uchun kerak. Shu bois, ushbu fanda tabiat komponentlariga iqtisodiy geografik baho berishda antropotsentrik yoki demotsentrik tamoyilga asoslanish talab etiladi. Qolaversa, iqtisodiy geografiya fanining dastlabki kelib chiqishi, ilk davri, ildizi ayni tabiiy geografik sharoit va resurslarga borib taqaladi. Ijtimoiy va hududiy mehnat taqsimotining rivojlanishi har xil va turli joylardagi tabiiy imkoniyatlardan foydalanib borish jarayoni negizida amalga oshgan. Jumladan, birlamchi iqtisodiy geografiya fanining tarmoqlari - qishloq xo’jaligi, o’rmon xo’jaligi, baliqchilik, tog’-kon sanoati geografiyasi tabiiy geografiya ta’sirida vujudga kelgan. Foydali qazilma konlar zahiralari, ularning geologik o’rganilganligiga qarab turli kategoriyalarga bo’linadi . Yaxshi o’rganilgan zahiralar sanoat ahamiyatiga ega bo’lgan zahiralar, barcha zahiralar esa taxminiy yoki prognoz zahiralar deyiladi. Qazilma boyliklar zahiralari xalq; xo’jalik ahamiyatiga ko’ra balans va nobalans zahiralarga bo’linadi. Balans zahiralar qo’lay geografik o’rin va yaxshi texnik-iqtisodiy ko’rsatkichlarga (konning umumiy zahirasi, sifati, qatlamlarning tuzilishi va x-k.) hamda ularning qazib olishga ehtiyoj mavjud bo’lganlarni o’z ichiga oladi. Bu talablarga javob bermagan konlar nobalans zahiralar tarkibiga kiradi. Foydali qazilmalar zahiralari, ularnnng miqdori, kategoriya va ahamiyati vaqt o’tishi bilan o’zgarib boradi; yangi zahiralar ochiladi, zahiralarning o’rganganlik darajasi va balans zahiralarni to’ldirib borishi ro’y beradi. O’zbekiston ayrim foydali qazilma zahiralari bo’yicha dunyoning yetakchi mamlakatlari qatoridan joy oladi. Bunga eng avvalo oltin, mis, volfram, uran, tabiiy gaz kabilar kiradi. Jumladan, respublikamiz oltin zahirasiga ko’ra dunyoda 4-chi, qazib olishi bo’yicha esa yettinchi- sakkizinchi o’rinlarni egallaydi (ma’lumot uchun: 2007-yilda Avstraliya, JAR va Xitoyda, ularning har birida 250 tonnadan ziyodroq, AQShda shunga yaqin miqdorda oltin qazib olingan).Har bir mamlakatning milliy iqtisodiyoti xavfsizligini ta’minlashda uning yokilg’i-energetika mustaqilligi katta ahamiyatga ega. Respublikamiz bu borada yirik tabiiy gaz konlariga ega. Ular asosan Qashqadaryo viloyatida (Sho’rtang, Muborak, Uchqir, Sho’rxok, Zevardi va b.) joylashgan. Buxoro viloyatida ham tabiiy gaz konlari mavjud (Qandim va b.), biroq ularning ko’pchiligini zahiralari tugash arafasida. Ayni vaqtda Ustyurtda yangi-yangi gaz konlari topilmokda. Ularning eng yirigi Surgil koni hisoblanadi. Garchi mamlakatimizdagi dastlabki neft konlari Farg’ona vodiysida ochilgan bo’lsada (masalan, Sho’rsuvda 1886-yilda), Hozirgi kunda uning asosiy zahiralari Qashqadaryo viloyatiga to’g’ri keladi. Shuningdek, bu yerda Ko’kdumaloq eng katta kon sanalanadi va uning asosida Buxoro viloyatining Qorovulbozor shahrida yirik neftni qayta ishlash zavodi qurilgan. Neft konlari Surxondaryoda (Xovdog’, Kokaydi, Lalmikor), Farg’ona vodiysida (Janubiy Olamushuk, Polvontosh, Mingbuloq va x.k.). Qoraqalpog’iston Respublikasida (Oqsholoq, O’rga, Shoxpaxti va b.) mavjud. Ustyurt platosi, Orol ko’li akvatoriyasi va unga tutash hududlarda yangi neft konlarini aniqlash bo’yicha Hozirgi vaqtda Rossiya Federatsiyasi bilan hamkorlikda (“Lukoyl” kompaniyasi) geologik- qidiruv ishlari olib borilmokda. Bunday ishlar Surxondaryo viloyatida Malayziya va Eron mamlakatlari mo’taxassislari bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. Respublikada ko’mir konlari geografiyasi nisbatan keng tarqalmagan. Katta zahiraga ega bo’lgan Angren konida (2 mlrd t.) qo’ngir ko’mir asosan ochik usulda qazib olinadi va u ko’prok issiqlik elektr stantsiyalarida ishlatiladi. Surxondaryo viloyatida Sharg’un va Boysun (To’da) toshko’mir konlari mavjud. Yoqilgi resurslariga baho berganda quyidagi xulosa chiqarish mumkin: tabiiy gaz bilan mamlakatimiz yaxshi ta’minlangan va u eksport ham qilinadi; neft zahiralarini ko’paytirish kerak; ko’mir zahiralari esa uncha yuqori sifatli emas va ularning sanoat ahamiyati kamroq. O’zbekistonda temir ruda zahiralarining ham sanoat ahamiyati cheklangan. Bunday konlar Qorakalpog’istonning Sulton Uvays tog’ida (Tebinbuloq) hamda Toshkent (Temirkon) va Navoiy viloyatlarida (Surenota) topilgan. Volfram zahirasiga esa respublikamiz birmuncha boy. Uning asosiy konlari Qo’ytosh, Ingichka, Yaxton, Sargardon, Langar va boshqalardir. Marganets Samarqand viloyatida, molibden koni Hisor, Nurota va Chotqol tizmasida topilgan. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, mamlakatimiz oltin, mis, kumush, qo’rg’oshin zahiralari bo’yicha ham ajralib turadi. Oltinning eng yirik konlari Muruntov va Ko’kpatasda joylashgan. Shuningdek, Marjonbuloq, Qizilolma, Chodok, Zarmiton kabi oltin konlari ham mavjud. Jami oltin zahirasining 4/5 qismidan ko’progi Markaziy Qizilqumda topilgan. Hozircha respublikada aniqlangan oltin konlarining taxminan 1/4 qismi, o’rganilgan konlarning yarmiga yaqini ishlatilmokda, xolos. Mis Olmaliq atrofida (Qalmoqqir, Dalnoe, Sarichek), polimetal rudalar (Xonjiza, Uchquloch, Lashkarak) zahiralari ham katta sanoat ahamiyatiga ega. Shu bilan birga, respublikada ko’rg’oshin, qalay, vismut konlari ham bor, alyuminiy xom ashyosi - kaolin esa Angren qo’ng’ir ko’mir qatlamlari orasida juda katta zahiralarga ega. O’zbekiston uran konlariga boy; uning asosiy konlari Markaziy Qizilqumda, Navoiy, Namangan va Toshkent viloyatlarida joylashgan. Mamlakatimizda turli tog’ kimyosi xom ashyolarining katta zahiralari mavjud. Ular eng avvalo Tubekatan kaliy, Xo’jaikon osh tuzi, Boybichekan tosh tuzi hamda Qoraumbet, Borsa Kelmas, Qo’ng’irot yaqinidagi turli tuz konlaridir. Fosforitning yirik zahirasi Navoiy viloyatida - Markaziy Qizilqumda topilgan va undan hozirgi paytda foydalanilmoqda. O’zbekistonda har xil qurilish materiallari - qum, gips, granit, marmar konlari bor. Marmar Samarqand, Qashqadaryo, Navoiy viloyatlari va Qoraqalpog’istonda qazib olinadi (G’ozgon, Langar, Omonqo’ton, Kitob va b.). Nometal foydali qazilmalar - flyuorit, dala shpati, grafit, asbest, talk, bentonit gillarining ham zahiralari mavjud. Shunday qilib, respublikamizda foydali qazilmalar asosan Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlarida joylashgan. Farg’ona vodiysi va, xususan, Sirdaryo hamda Xorazm viloyatlari bu borada deyarli ko’zga tashlanmaydi. Rangli, nodir va qimmatbaho metal konlarida “yo’ldosh” minerallar ko’p uchraydi. Binobarin, bunday rudalarni iloji boricha to’liq, kompleks qayta ishlash talab etiladi. Umuman olganda, mamlakatimizning foydali qazilmalari yoqilg’i, rangli metallurgiya, kimyo hamda qurilish materiallari sanoat tarmoqlarini rivojlantirishga qulay imkoniyatlar yaratadi. Boshqa sanoat tarmoqlari, ayniqsa qora metallurgiyani keng mikyosda rivojlantirish uchun esa sanoat ahamiyatiga ega bo’lgan tegishli resurs salohiyati hozircha mavjud emas. Download 0.74 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling