Murod mansurov ijodida hikoya janrining o'ziga xosligi mundarija: kirish I bob. Hikoya janrining o'ziga xosligi


Download 126 Kb.
bet7/8
Sana10.03.2023
Hajmi126 Kb.
#1257075
1   2   3   4   5   6   7   8
Bog'liq
MUROD MANSUROV IJODIDA HIKOYA JANRINING O\'ZIGA XOSLIGI

2.2. Oydinda uchgan turnalar hikoyasi
Yarim kechamidi, bir uyg‘onsam, qovug‘im to‘lib, sim-sim achishib ketyapti. Ammo hech ko‘zimni ochgim yo‘q, shunaqa shirin uyquda ekanman! Qovoqlarim qumga to‘lganday, kipriklarimni birov shirachlab tashlaganday. Shu yotishimda qulog‘imga bir ajib qur-qurlagan tovushlar kiradi. Bu tovush-nag‘malar tomimiz tepasidan kelyaptimi yo bog‘ tomondanmi — bilolmayman. Turnalar shekilli? Boyaqishlar shunaqa kech qolib ketishibdimi? Unday desam… buncha yaqindan kelmoqda bu ovozlar? Xuddi ustimda g‘ujg‘on o‘ynashayotgan kabi?..
Amal-taqal qilib ko‘zimni ochib oldim. Shirach yuvildi, qum aridi go‘yo. Shundagina ko‘rdim: deraza tagida yotgan ekanman, ustimga kelib qolgan to‘lin oy — ko‘kning yolg‘iz kelinchagi derazaning tepa ko‘zidan mo‘ralab turibdi.
Bog‘ tomondan boyagi qur-qurlar, noma’lum qushlarning sirli chug‘ur-chug‘urlari eshitiladi. Go‘yo turnalar tungi olis uchishidan toliqib, bir zumga yoni-mizdagi hovuz bo‘yiga qo‘nganu bir-birlariga yo‘lda ko‘rganlarini hovliqa-hovliqa so‘ylab berayotganday.
Dik etib tura, hovliga chiqdim. Beixtiyor oyog‘im bog‘ eshikka tomon tortdi. Tashqari — butun olam sutdek oydinga cho‘milib yotibdi: ishkomlaru devor sarxoklarigacha allatovur ko‘rinadi.
Tambani olib, eshikni ochdimu ostonada lol qoldim. Hali-hanuz anglab yetolmaymanki, tushimmidi yo o‘ngim? Bir talay ajib qushlar oy nurlarini emib yotgan xaroba qo‘rg‘on tepasidan pastlab kelib, oydanda oq — jujun qanotlarini yoyganicha hovuz bo‘yiga qo‘nishar, qaybirlari «qur-ey, qur-ey»lab suvga talpinishar, suvga qongan qaybirlari esa, juft-juft bo‘lib, hovuz atrofida raqsga tushishar, o‘z tillarida bir-birlariga roz aytib, nag‘malar chalishar edi.
Har ko‘klam va har kuzda osmoni falakdan arg‘amchi solib o‘tguvchi, «qur-ey, qur-ey»lari biz bolalarni dalalarga yo tomlarga chorlaguvchi bu qushlarni hozir men juda yaqindan, ellik qadam beridan ko‘rib turardim, ularning xuddi tushdagiday, oydinda uchib-qo‘pishlaridan hayratda edim. Ular shunday ovloqlarni xush ko‘rishadi. Ilgarilari Qo‘shilish ga qo‘nib, Bo‘zsuv bo‘ylarida suvlab quvnagan bo‘lsalar, bugun xolamgilarning tashlandiq qo‘rg‘oniga oralabdilar. Yo‘ldan adashdilarmi yo kimsasiz hovuz oydinda ko‘zlariga xarobalar orasiga tushib qolgan dumaloq ko‘zgu bo‘lib ko‘rinib, o‘zlarini oynakka solgilari kelib, bu yerga qo‘ndilarmi? Manzara chindanam g‘aroyib edi.
Balki men hamon tush ko‘rayotgandirman?..10
Yo‘q, bu ovloq, bu xaroba qo‘rg‘onning shunaqa jozibasi ham bor: ayniqsa na’matak gullaganda, safsar gullar ochilganda biz bolalaru qizlar shu yerga tanda qurib olamiz. Anuv qarovsiz bog‘ ortida hali qo‘ziqorinlar potrab, maymunjonlar ham pishib bersin-chi!..
Balki bular turna ham emasdir? (Axir bundayin jujunqanot turnalarni kim ko‘ribdi? Ovozini demasa, nimasi o‘xshaydi?) Balki bir nimalar meni yotgan yerimdan avrab olib chiqib… Va o‘zlari qush bo‘lib ko‘rinib…
Sovuqdanmi, boshqadanmi junjikib, bog‘ eshikni sekingina yopdimu tambani bosa, uyga chopdim. O‘rnimga kirasolib, ko‘rpani boshga tortarkanman, taxmon tomondan oyimning ovozlari keldi:
— Ha, Maqsudxo‘ja, uyqusiradingmi?
— Yo‘q, oyi, o‘zim, — dedim uyalib.
— Hayallab qolding?
Xayriyat, tutnim ham, ajinalar ham emaskan. Oyim sezib yotgan ekanlar. O‘zimga kelib, ko‘rganlarimni aytishga oshiqdim. Boshimdan ko‘rpani otib tashlab, azza-bazza o‘tirib oldim.
— Oyi-chi, oyi, xolamgilarning qo‘rg‘onida nimalarni ko‘rdim, aytaymi?
— Nimani ko‘rding?
— Allaqanday katta-katta, g‘alati qushlar uchib yuribdi. Turnaga o‘xshaydi, lekin oq, kulrang, yashil — har xil. Hovuz bo‘yida g‘ujg‘on o‘ynab yotibdi. Rosa zo‘r sayrayaptida o‘ziyam.
— La havla va la quvvata… «Subhonolloh», de, bolam.
— Aytdim, oyi…
— Yana ayt-da, yot, uxla. Ko‘zingga ko‘rinishibdi…
— Nima, oyi? — dedim hayratga tushib.
— Boyaqishlar, — deb pichirladilar oyim.
— Kim, oyi? Kim ko‘zimga ko‘rinibdi?
Axir, o‘zim ko‘rdim-ku! Rostdanam u qushlar uzoq yurtlardan uchib kelaturib qo‘ngan turnalardi.
Oyim chuqur tin olib, xo‘rsindilar. Ovozlari ham qaltirab chiqdi.
— Xudo rahmat qilgan bo‘lsin hammalarini. Chirqirab yuribdi ekan haliyam boyaqishlarning ruhlari.
Men hayron qoldim.
— Nega unaqa deysiz, oyi?
— Boyaqish xolangni, Abdurahim eshon pochchani aytaman-da. Shunday xonadon… tariqday sochilib ketdi-ya, xonavayron etdilar-a! — Oyim o‘rnilaridan turib o‘tirib, ro‘mollarini o‘rashga tutindilar. — Xudoyim o‘zi bilib-ko‘rib turgandir? Qasd qilganlarni qoldirmas bunday!
Oyim azza-bazza ro‘mollarining uchini mijjalariga bosdilar. Ovozlari yana qaltirab chiqdi.
Darvoqe, o‘zi nima bo‘lgan? Shu qo‘rg‘on haqida gap ochildi deguncha ko‘zlari yoshlanib, ovozlari o‘zgarib kelaveradi. Rahmatli xolang, rahmatli Abdurahim eshon pochcha, deydilar-u, u yog‘ini aytolmaydilar. Biz esimizni tanibmizki, bu uylarning tomi ochiq, paxsa devorlari qor-yomg‘irlarda nurab yotadi. Shuncha yilning badalida bu yerga hech kim ko‘chib ham kelmadi, tomlarini tiklashga urinmadi ham. Qarg‘ish tekkanday, so‘ppayib yotadi. Hovuzga ham suv kirib-chiqib turadi-yu, lekin bizdan bo‘lak hech kim ichmaydi.
«Oyi-i, ular qayoqqa ketishgan, nimaga qaytishmaydi?» deb so‘ragim keldi-yu, jur’at eta olmadim. Oyim o‘z yumushlari bilan chiqib borardilar.
Ha, oyimlarga ham osonmas. Yarim kechagacha qora chiroqda ish tikib, moshinachilik qiladilar. Bomdodni o‘qiboq sigir sog‘adilar. Kechqurun sog‘ilganini dokada suzib, ikkita idishni to‘ldiradilar-da, paranjini qiyshiq yopinib, Cho‘lponotaning sut bozoriga yo‘l oladilar. Qaytishda ro‘zg‘orga bozor-o‘char qilib keladilar. Ungacha kun ham yoyilib ketadi. Keyin dalaga qarab chopadilar. Tushgacha bir qop, tushdan keyin bir qop dagirga o‘t olib kelmasalar, boshqa hech vaqo yo‘q. Kunimiz shu sigirga qolgan. Maktabdan kelgunimcha, u ko‘chamizdagi tol tagida «ro‘za tutib» yotadi. Tushdan keyin men bitta kitobni qo‘ltig‘imga qisib, Izzaga o‘tlatgani olib ketaman. Cho‘milib, baliq tutib, chimzorlarda gurpaklashib umrimiz o‘tadi. Zeriksam, tolning soyasiga o‘tib, chimzorga cho‘zilaman-da, pag‘a-pag‘a bulutlarning ming shaklga kirishiyu so‘fito‘rg‘aylarning chug‘urlashiga mahliyo bo‘lib, soatlab ko‘kka tikilib yotaman…
Bunday qarasam, oy allaqachon derazamiz ko‘zidan o‘tib havolab ketibdi. Endi bir parcha nuri taxmon tomonga cho‘zala tushib turardi. Boyagi ovozlarni qo‘msab, tashqariga quloq tutdim. Ammo bu safar nimagadir qurildoqlar ovozidan bo‘lak hech tovush eshitilmadi.
Boyagi qushlar nima bo‘ldi ekan? Oyim «ko‘zingga ko‘rinishibdi-da» deb nimani, kimni nazarda tutdilarkin? Shu xayollar og‘ushida ekanman, totli bir uyqu eltib kelib, sekin o‘rnimga cho‘zildim va o‘zim sezib-sezmay xayoliy olamlarga suzib kirib ketdim.


XULOSA
"Hikoya" atamasi kengroq ma'noda biror voqeani gapirib berishni ham anglatadi. So'zlab berilgan bunday voqelik o'z qamrovi, hajmi, rang-barangligi bilan qissa yoki romanga xos bo'lishi ham mumkin. Bunday hollarda bu atama janr ma'nosida tushunilmaydi. Masalan, O'.Hoshimovning "Ikki eshik orasi" romani 9 personajning 49 ta hikoyasidan tashkil topgan. Sh.Xolmirzayev "Olabo'ji" asarini "romandan katta hikoya" deb ataydi. Hozirgi o'zbek hikoyachiligi O.Muxtor, N.Aminov, S.Siyoyev, F.Musajonov, X.Sultonov, E.A'zamov, N.Eshonqulov, Sh. Bo'tayev va boshqa yozuvchilar bilan boyidi. Hikoya inson hayotida yuz bergan ixcham voqeani lo'nda ifodalashga mo'ljallangan. Unda shu voqeaga qadar personaj hayotida nima bo'lgan, qanday ro'y bergan, kim bilan — bular to'g'risida ma'lumot berish shart emas. Juda zarur bo'lsa, ayrim detallar orqali ishora qilinishi mumkin. Xulosa qilib aytganda, hikoyachilik bu shunchgaki ma'lum sujetga asoslangan voqelik yozish emas, balki aynan shu sujet orqaliu o'quvchiga ezgulik ulashish. Bugungi zamonaviy hikoyalar ayni shunaqa faqat voqelik asosida yozilayotgani biroz achinarli. Lekin guruch kurmaksiz bo'lmaydi deganlaridek, ayni shu kurmaklar zamonaviy hikoyachilikka berilgan aksariyat ta'riflarning sababidir. Hikoya yozuvchi tilga olgan davr va ayni hikoya yozilayotgan davr o'rtasidagi masofa saqlanishi lozim. Hikoya qahramonlariga to'xtalsak, biz o'zbek xalqi qadim-qadimdan bolalarimizga ayni hikoyalar, ertaklar aytib ularga axloqni, odobni o'rgatib kelganmiz. Abdulla Oripov ta'kidlaganidek, Sharqqa xos donishmandlik bilan yo'l tutganmiz. Shu boisdan yozilajak hikoyalarimizning bosh qahramonlarida butun millatga ta'sir etajak xususiyatlarni ifodalashimiz kerakligini unutmaylik.

Download 126 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling