Muskul sistemasi uning tuzilishi va vazifalari


Download 19.43 Kb.
bet3/5
Sana20.12.2022
Hajmi19.43 Kb.
#1039091
1   2   3   4   5
Bog'liq
Muskul sistemasi uning tuzilishi va vazifalari

Ko'krak muskullari Ko'krak muskullari yuza va chuqur muskullarga bo'linadi. Yuza ko'krak muskullari yelka kamarini va qo'l suyaklarini harakatga keltiradi. Shu sababli bu muskullar ko'krakning qo'lga tegishli muskullari deb ataladi. Ko'krakning chuqur muskullari qovurg'alarni va umuman, ko'krak qafasini harakatga keltirib, nafas olish va chiqarishda ishtirok etadi. Chuqur muskullar ko'krakning xususiy muskullari deyiladi. Ko'krakning qo'lga tegishli (yuza) muskullariga: ko'krakning katta muskuli, ko'krakning kichik muskuli, o'mrov osti muskuli va oldingi tishli muskullar kiradi. Ko'krakning xususiy (chuqur) muskullariga tashqi va ichki qovurg'alararo muskullar kiradi. Bundan tashqari, ko'krak qafasining ichki yuzasida ko'krakning ko'ndalang muskuli va qovurg'a osti muskuli bor.
Ko'krak bo'shlig'i bilan qorin bo'shlig'ini ajratib turadigan gumbaz shaklidagi yupqa muskul-pay plastinka ko'krak bilan qorin o'rtasidagi to'siq yoki diafragma deb ataladi. Diafragmaning qavariq tomoni ko'krak bo'shlig'i tomonga qaragan. Diafragmaning pastki qismlari muskul to'qimasidan tuzilgan. Diafragma gumbazining markazi pay markazi deb ataladi. Diafragma muskullari bel umurtqalaridan, qovurg'alardan va to'sh suyagidan boshlanadi. Diafragmada uchta yirik teshik bor. Bu teshiklardan aorta, qizilungach va pastki kovak vena o'tadi. Aorta va qizilungach o'tadigan teshik esa Diafragmaning pay qismida joylashadi. Diafragma nafas olishda va chiqarishda aktiv katnashadi. Diafragma muskullari qisqarganda, u pastga tushib, ko'krak qafasi kattalashadi va o'pkalar kengayadi. Bu muskullar bo'shashganda, diafragma yuqoriga qutariladi va ko'krak qafasi torayadi.
Qorin muskullari. Qorin muskullari qorin bo'shlig'ining oldingi, yon, hamda orqa devorini hosil qiladi. Qorin muskullari asosan ko'krak qafasi bilan chanoq suyagi o'rtasida joylashadi. Qorinning oldingi- yon devori tashqi qiyshiq, ichki qiyshiq va ko'ndalang qorin muskullaridan tashkil topgan. Bu muskullar serbar muskullar bo'lib, tananing o'rta chizig'ida tamom bo'ladigan keng yassi pay - aponevrozlar hosil qiladi. Tashqi qiyshiq qorin muskuli aponevrozning pastki chekkasi ichkariga bukilib, tarnov hosil qiladi. Bu tarnov chov boylami (pupar boylami) deb ataladi. Chov boylami yonbosh suyagining oldingi yuqorigi o'sig'i
bilan kov o'rtasida tortilgan. Qorinning to'g'ri muskullari qorin bo'shlig'ining oldingi devorini hosil qiladi. Bu muskullar tana o'rta chizigining ikki tomonida, tashqi qiyshiq, ichki qiyshiq va ko'ndalang qorin muskullari aponevrozlardan hosil bo'lgan qin ichida joylashadi. Qorin bo'shlig'ining orqa devori belning kvadrat muskulidan iborat. Belning kvadrat muskuli XII qovurg'a bilan yonbosh suyagi orasida joylashadi va umurtqa pog'onasining bel qismini bukishda ishtirok etadi. Organizmda qorin muskullarining ahamiyati ayniqsa katta. Bu muskullar hammasi bir vaqtda qisqarishi sababli qorin devorining hajmi kichrayadi, qorin organlari yuqoriga siljiydi, ko'krak bo'shlig'i ichidagi bosim oshadi. Bularning hammasi siydik va axlat chiqarish, tug'ishga yordam beradi. Shu bilan bir qatorda qorin muskullari nafas olish va chiqarishda, tanani bukish va yon tomonga engashtirishda ham ishtirok etadi. Shuning uchun qorin muskullari qorin pressi deb ataladi. qorin bo'shlig'i devorida qorinning oq chizig'i, kindik va chov kanali joylashgan. qorinning oq chizig'i (linea alba abdominis) o'ng va chap tomondagi qorin devori muskullarining aponevrozlari bir-biri bilan birikkan joyda hosil bo'ladi. Oq chiziq to'sh suyagining xanjarsimon to'sig'idan boshlanib, kov birikmasi (simfoz)da tugaydi. Qorin oq chizig'ining o'rtasida kindik joylashadi. Chov kanali qorin devorining pastki tomonida, chov boylamidan yuqoriroqda va unga parallel joylashgan. Bu kanal uzunligi 4-5 sm bo'lgan yoriqsimon kamgakdir. Chov kanalining tashqi teshigi teri ostiga, ichki teshigi esa qorin bo'shlig'iga ochiladi. Chov kanalidan erkaklarda urug' tizimchasi, ayollarda bachadonning yumaloq boylami o'tadi. Patologik holatlarda qorinning oq chizig'i, kindik xalqasi va chov kanali kengayishi natijasida ichki organlar teri ostiga chiqib, churra hosil bo'lishi mumkin.

Download 19.43 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling