Mustaqil O’zbekiston va uning Yevropa davlatlari bilan olib borgan iqtisodiy va siyosiy aloqalari


O‘zida 27 ta davlatni birlashtirgan, aholisi jihatdan


Download 133.5 Kb.
bet12/14
Sana24.12.2022
Hajmi133.5 Kb.
#1052319
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   14
Bog'liq
Mustaqil O

O‘zida 27 ta davlatni birlashtirgan, aholisi jihatdan Xitoy va Hindistondan keyingi uchinchi, yer maydoni jihatdan esa, dunyodagi yettinchi o‘ringa chiqib olgan Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston tashqi siyosatidagi o‘rni salmoqlidir. Yevropa Ittifoqi tashkiloti va uning a’zo davlatlari bilan ko‘p tomonlama va ikki tomonlama aloqalar mamlakatimiz tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston tashqi siyosatining tub prinsiplarini belgilab beruvchi hujjatlarda mazkur ustivorlik alohida qayd etib o‘tilgan. Ikki tomonlama munosabatlarning O‘zbekiston uchun ahamiyati quyidagilarda o‘z aksini topadi:
Birinchidan, Yevropa Ittifoqining ilg‘or davlatlari (Germaniya, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Niderlandiya va boshqalar) O‘zbekiston uchun yuqori texnologiyalar manbaidir. Samolyotsozlik, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, farmasevtika, qurilish va, umuman, ishlab chiqarishning barcha sohalariga eng zamonaviy g‘arb texnologiyalarini jalb etish respublikamizda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ikkinchidan, Yevropa Ittifoqi o‘zining barcha a’zo davlatlari bilan bir butunlikda O‘zbekistonning tayyor va xomashyo mahsulotlari uchun MDHdan keyingi eng katta iste’mol bozorini tashkil qiladi. Biroq iste’molchilarning xarid quvvatini inobatga olganda Yevropa bozori O‘zbekiston tovarlari uchun har qanday bozordan ko‘ra jozibaliroqdir.
Uchinchidan, G‘arbiy Yevropa savdo-sotiq sohasida mamlakatimizning asosiy hamkorlaridan bo‘libgina qolmasdan, shu bilan birga, sarmoyalarning ham asosiy manbaidir. Ittifoqning xorijiy davlatlarga yo‘naltirilgan sarmoya hajmi salkam 10 trln. dollarni tashkil etadi. Buni inobatsha olgan holda Yevropa sarmoyalarini mamlakatimizga jalb etish masalasiga katta e’tibor qaratilib, ular uchun qulay investisiyaviy iqlim yaratib kelinmoqda.
To‘rtinchidan, mintaqaviy va global xavfsizlikni saqlash hamda ta’minlash har ikki tomon uchun ham dolzarb vazifadir. Xalqaro terrorizm, narkobiznes, ekstremizm va boshqa ko‘rinishdagi transmilliy tahdidlarga qarshi kurash va mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashdan har ikki tomon birdek manfaatdordir. Yevropalik mutaxassislar ta’biri bilan aytganda, “xavfsizlik nuqtai nazaridan Yevropaning chegarasi Afg‘oniston sarhadlaridan boshlanadi”.
O‘zbekiston bilan keng jabhali hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish Yevropa Ittifoqi va uning a’zo davlatlari uchun ham ayni muddaodir. Xususan, Yevropa Ittifoqi Komissiyasi o‘zining 1995 yilda qabul qilingan dastlabki hujjati bo‘lmish “Markaziy Osiyoning yangi mustaqil davlatlari bilan aloqalar to‘g‘risida Kommunikasiya”sida bu haqda alohida to‘xtalib o‘tadi. Kommunikasiyada “Ittifoq Markaziy Osiyoda muhim manfaatlarga ega. Bu manfaatlar ham iqtisodiy, ham geosiyosiy ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, mazkur mintaqani xizmatlar, turli jihozlar va sarmoya bilan ta’minlab turuvchi Yevropa Ittifoqi, ayni vaqtda, mintaqadan chiquvchi energetika zaxiralarining sezilarli imkoniyatlarga ega bo‘lgan iste’molchisi ham ekanligidan kelib chiqib, bu hududda energetika sektorining rivojlanishidan alohida manfaatdorligi” qayd etiladi. Keyinchalik Yevropa Ittifoqi Kengashi tomonidan 2007 yilning 30 mayida qabul qilingan “Evropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo: Yangi sherikchilik uchun strategiya” deb nomlangan hujjatda Yevropa Ittifoqining mintaqadagi strategik manfaatlari yanada yaqqol ifoda etilgan.
O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi munosabatlari mana shunday o‘zaro teng manfaatdorlik asosida qaror topdi. 1991 yil 31 dekabrda “O‘n ikkilarning qo‘shma deklarasiyasi” bilan Yevropa hamjamiyatlari va ularning o‘sha paytdagi 12 ta a’zo davlati O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligini e’tirof etdi. 1992 yil 15 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Yevropa Hamjamiyatlari Komissiyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. 1994 yil 16 noyabrda tomonlar o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi. O‘zbekiston Respublikasining Yevropa Hamjamiyatlari qoshidagi Missiyasi 1995 yil 6 maydan e’tiboran Bryussel shahrida o‘z faoliyatini boshladi. O‘z navbatida, 2002 yil oktyabrda Yevropa Ittifoqi Komissiyasining mamlakatimizdagi faoliyatini amalga oshirish va boshqarishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Yevropa hamjamiyatlarining O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonasi vazifasini vaqtincha bajarib turuvchi “Evropa Uyi” Toshkentda o‘z faoliyatini boshladi va, keyinchalik, 2011 yil 31 may kuni Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi doimiy diplomatik vakolatxonasiga aylantirildi.
Evropa Ittifoqi hamda uning a’zo davlatlari bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida ko‘p tomonlama diplomatik aloqalarning o‘rnatilishi tomonlar orasidagi iqtisodiy, siyosiy, madaniy, ilmiy va boshqa sohalardagi hamkorlikning rivojlanishi uchun zamin yaratdi. Yevropa Ittifoqining yangi a’zo davlatlar hisobiga kengayishi ham o‘zaro munosabatlar ko‘lamiga va sifatiga kuchli ta’sir etib bordi.
O‘tgan yillar davomida o‘zaro aloqalarning shartnomaviy-huquqiy asoslari ham shakllanib va mustahkamlanib bordi. Hozirgi kungacha 20 dan ortiq ikki va ko‘p tomonlama shartnomalar amal qilib kelmoqda. 1996 yil 21 iyunda Florensiyaning (Italiya) “Fortezza de Basso” qal’asida bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi a’zo davlatlarining davlat va hukumat rahbarlari darajasidagi navbatdagi oliy sammitida Yevropa hamjamiyatlari va ularning a’zo davlatlari bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida “O‘zbekiston Respublikasi, bir tomondan, va Yevropa Hamjamiyatlari hamda ularga a’zo davlatlar, ikkinchi tomondan, o‘rtasida sherikchilik ta’sis etuvchi Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim” imzolandi.
Bitim ikki tomonlama munosabatlarning juda keng ko‘lamini qamrab olgan bo‘lib, unda tomonlar o‘rtasidagi iqtisodiy, siyosiy, savdo munosabatlarini tartibga solish, ijtimoiy, moliya, ilm-fan, texnologiya va madaniy sohalarda hamkorlik qilish uchun mustahkam asos yaratish kabi maqsadlar o‘z aksini topdi. Ayni paytda, u hamon ikki tomonlama aloqalarga asos bo‘lib kelayotgan “Savdo va iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi” Yevropa hamjamiyatlari va Sovet Ittifoqi o‘rtasida 1989 yil 18 dekabrda tuzilgan bitimning o‘rnini egallashi o‘laroq, sobiq imperiyaning o‘tmish sarqitlariga barham berishdek muhim siyosiy vazifani ham bajardi. Hozir kunda Sheriklik va hamkorlik bitimining “Kuchaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim” shaklidagi yangi matnini tayyorlash ishlari yakunlanmoqda.
2001 yil 11 sentyabr voqealaridan so‘ng ikki tomonlama munosabatlar rivoji, ayniqsa, yangicha tus oldi. Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoning strategik ahamiyati va mintaqadagi barqarorlikni ta’minlashda O‘zbekistonning hal qiluvchi mavqeini tushunib yetdi. Shundan kelib chiqqan holda, Yevropa Ittifoqining Lyuksemburg Kengashi va Gent sammiti tashkilotning Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarini kuchaytirishni zarur deb topdi. Shuningdek, mintaqa mamlakatlari, ayniqsa, O‘zbekiston bilan aloqalarga ustuvor mavqe berish, siyosiy, transport, energetika, savdo, investisiya sohalaridagi hamkorlikni yanada kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi.
Ikki tomonlama munosabatlarda iqtisodiy va savdo-sotiq aloqalari eng ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi va uning a’zo davlatlari bilan savdo aloqalari katta salmoqni tashkil etadi.
Ikki tomonlama savdo aloqalarining umumiy hajmi 1993 yilda 545 mln., 2006 yilda 1.1 mlrd. AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2010 yilda bu ko‘rsatkich 1 mlrd. 759 mln. AQSh dollariga yetdi. 2020 yil yakunlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston bilan savdo aylanmasi hajmi 2,228 mln. yevroni tashkil etdi. Germaniya (874 million), Italiya (340 million) hamda Fransiya (267 million) O‘zbekistonning YEIdagi asosiy savdo hamkorlari sanalsa-da, tovar ayirboshlashda Kipr, Chexiya, Litva, Latviya, Sloveniya, Estoniya, Polsha kabi Yevropa Ittifoqi yangi a’zo davlatlarining ulushi ortib borayotganligi quvonarli holatdir.
Evropa eksporti mahsulotlarining asosiy qismini elektr jihozlari va mashinalar, qishloq xo‘jaligi va plastik materiallar tashkil etsa, O‘zbekiston eksportining katta ulushi to‘qimachilik mahsulotlari va qimmatbaho metallardan iborat.
Hozirgi paytda mamlakatimizda Yevropa Ittifoqi davlatlarining 1000 dan ortiq korxonasi, jumladan, 612 ta qo‘shma korxona va 100 foiz Yevropa mablag‘i asosida tashkil etilgan 209 korxona faoliyat yuritadi. Ittifoq mamlakatlari 275 ta kompaniyasining vakolatxonalari yurtimizda tegishli tartibda akkreditasiyadan o‘tgan.
Qisqacha qilib aytganda, O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi iqtisodiy va savdo munosabatlari bir maromda rivojlanib kelmoqda. Tomonlar orasidagi tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan 25 yil ichida salkam to‘rt barobarga ko‘paydi. Biroq ikki tomonlama savdo aloqalarining imkoniyatlari cheksizdir. Afsuski, hozirgi kunda Yevropa Ittifoqi umumiy tashqi savdo aylanmasida O‘zbekistonning ulushi bor-yo‘g‘i 0.1 foizga tengdir, xolos.
O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi aloqalari mintaqalararo miqyosda ham rivojlanib bormoqda. O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining BOMKA (Chegara hududlarida xavfsizlikni ta’minlash), KADAP (giyohvand moddalarga qarshi kurashish), TRASEKA (transport), INOGEYT (energetika), TEMPUS/Erasmus (ta’lim), INTAS (fan va tadqiqot) kabi mintaqaviy dasturlarda ishtirok etmoqda. Yevroittifoq 2003-2019 yillar davomida birgina BOMKA dasturi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun 40,1 million yevro ajratdi. BOMKA (Border Management Programme in Central Asia) dasturi 2003 yilda amaliyotga joriy etilgan bo‘lib, u Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida chegaralar boshqaruvi bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
O‘zbekiston 2004 yilda Yevropa Ittifoqi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Evropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” mintaqalararo muloqot raundi a’zosidir. Bunday turdagi muloqotlar mintaqaviy muammolarni hal qilishda muhim ahamiyatga egadir.
O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan aloqalari o‘ziga xos xususiyatga ega va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan bo‘ladigan aloqalaridan tubdan farq qiladi. Yevropa Ittifoqining davlatsimon murakkab qurilmasi, a’zo davlatlarga nisbatan ustivor mavqei, tashkilot maqsad va vazifalarining oddiy fuqarolar manfaaatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysindirilganligi o‘zaro aloqalarga alohida xususiyat baxsh etadi. O‘tgan yillar davomida o‘zaro munosabatlar murakkab sinovlar davrini bosib o‘tdi. Eng ahamiyatli jihati shundaki, oxirgi yillarda Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston munosabatlarida jadal rivojlanish ko‘zga tashlanmoqda. Teng manfaatli aloqalar yangi sifat bosqichga chiqdi.
Mamlakatimizdagi barqaror siyosiy va iqtisodiy rivojlanish, huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini qurish yo‘lidagi birdamlik va zabt etilayotgan yangi marralar, global va mintaqaviy muammolarni hal etish yo‘lidagi davlatimiz rahbarining aniq va dadil tashabbuslari, umuman, qo‘lga kiritilayotgan barcha muvaffaqiyatlarimiz Yevropalik hamkorlarimizning bundan o‘n yil avvalgi qarashlarini tubdan o‘zgartirib yubordi. Har qaysi zamonda tashqi siyosat ichki siyosatning mantiqiy davomi sifatida ko‘rilar ekan, yangilanayotgan O‘zbekistondagi xalqchillik, ochiqlik, shaffoflik va o‘zaro manfaatdorlik tamoyillari mamlakatimiz tashqi siyosatida ham o‘z aksini topayotganligi, ichki va tashqi siyosatning uyg‘unligi buning uchun zamin yaratgan bo‘lsa, ajabmas. E’tirof etish mumkinki, mamlakatimiz ichkarisidagi o‘zgarishlarning xalqaro maydondagi evrilishlarga hamohangligi va to‘liq uyg‘unlashib borayotganligi Yevropalik hamkorlarimizda ishonch ruhini yanada kuchaytirdi.
Ayniqsa, 2017 yilda O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi aloqalarida yangi bosqich boshlandi. Hozirgi paytda zamon va u bilan birgalikda xalqaro vaziyat, xalqaro hamjamiyat va xalqaro aloqalar tabiati shiddat bilan o‘zgarmoqda ekan, o‘zgarishlar davri da’vati mazkur bosqichning mantiqiy asosini tashkil etadi. Shu bois, 2017 yil noyabr oyida azim Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzusidagi xalqaro anjumanda ishtirok etish uchun yurtimizga birinchi marta tashrif buyurgan Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili F.Mogerini Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo munosabatlarining ustuvor yo‘nalishlari xususida gapirar ekan, o‘zgarishlar davri sherikchiligi g‘oyasini ilgari surdi. Shu asnoda, aytish mumkinki, ikki tomonlama aloqalardagi turg‘unlik kayfiyatini shiddatli o‘zgarishlar davrining uyg‘oq ruhi egalladi.
O‘tgan qisqa vaqt ichida diplomatik aloqalar “quyuqlashdi”. Tashqi siyosatning haddan tashqari siyosiylashgani va mafkuraviylashgani “sovuq urush” davrining asoratidir. Har narsadan hadiksirash, xavfsirash va yovqarash buning asosiy alomatlari edi. Biz bu davrni o‘z boshimizdan kechirdik. Harakatsiz hech narsaga erishib bo‘lmasligi, eng kichik imkoniyatlar maylida ham harakatdan to‘xtamaslik lozimligi, buyuk natijalarga, ba’zan, mayda qadamlar bilan erishilishi, jarayonlar qutqusida faqat va faqat tezkor harakat qilish kerakligi yangi O‘zbekistonning yangi davlat rahbarini shiori edi. O‘z-o‘ziga talabchanlik va ichki ma’suliyat hissi orqaligini voqealar izmini bo‘ysindirish, undan oldinga o‘tib olish va uni “etaklash” lozimligi Davlatimiz rahbari tomonidan qat’iy ilgari surildi hamda o‘zining xatti-harakati va xulq-atvori bilan barcha darajadagi diplomatlarimiz uchun namuna bo‘ldi. Bularning barchasi Yevropalik hamkorlarimizni aniq qadamlar tashlashga undadi.
2017 yil 9 noyabr kuni Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Federika Mogerini va Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida o‘zaro ishonchga asos yaratgan g‘oyat yuqori darajadagi muloqot tashkil etildi. 2019 yil 31 mayda esa Toshkentda O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev hamda Yevropa Ittifoqi Prezidenti Donald Tusk uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Yevropa Ittifoqi rahbarining O‘zbekistonga ilk tashrifi diplomatik aloqalarning 25 yilligiga to‘g‘ri keldi. 2017 yildan Yevropa investisiya banki (EIB) hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (ETTB) O‘zbekiston bilan hamkorlikni yangidan yo‘lga qo‘ydi. 2017 yil oktyabrda O‘zbekiston YEIB bilan hamkorlik bo‘yicha bitim imzolandi, 2017 yil noyabrda YETTB Toshkentda o‘z vakolatxonasini ochdi.
Global va mintaqaviy muammolarni hal etishda tomonlarning o‘zaro anglashuv va tushunish asnosidagi qarashlari tobora yaqinlashib bormoqda. Fikrimiz isboti sifatida quyidagilarni keltirib o‘tish mumkin.

Download 133.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   14




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling