Mustaqil O’zbekiston va uning Yevropa davlatlari bilan olib borgan iqtisodiy va siyosiy aloqalari


Download 133.5 Kb.
bet13/14
Sana24.12.2022
Hajmi133.5 Kb.
#1052319
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   14
Bog'liq
Mustaqil O

Evropa Ittifoqi Orol fojiasi, Orolbo‘yi mintaqasining ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy va demografik muammolariga nisbatan hamda Orol dengizining hayotbaxsh manbalari – Amudaryo va Sirdaryo suvlaridan oqilona foydalanish sohasida ilgari surayotgan O‘zbekiston Respublikasi rahbariyatining rasmiy munosabatiga o‘z xayrihohligini bildirib kelmoqda.
Global va mintaqaviy xavfsizlik tizimining eng zaif nuqtasi bo‘lib qolayotgan Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish va barqaror taraqqiyotga yo‘l ochish borasida ham manfaatlar uyg‘unligi va o‘zaro izchil hamkorlikni kuchaytirish istagi yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Eslatib o‘tish joizki, Yevropa Ittifoqi Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish va mamlakat iqtisodiyotini tiklash ishiga eng katta ulush qo‘shayotgan homiy tashkilotdir. U 2010 yilda bo‘lib o‘tgan Afg‘on muammosiga bag‘ishlangan Qobul va London xalqaro konferensiyalarining tashkilotchisi sifatida maydonga chiqdi. 2002 yildan beri Ittifoqning Afg‘onistonga ajratgan insonparvarlik va iqtisodiy yordami qariyb 4 mlrd. yevroni tashkil etadi. Afg‘onistonning Markaziy Osiyo respublikalari bilan chegaralarini mustahkamlash orqali Yevropa Ittifoqi mintaqamiz xavfsizligini ta’minlashga hissa qo‘shib kelmoqda. O‘z navbatida, O‘zbekiston Afg‘onistonda tezroq tinchlik va barqarorlik o‘rnatish istagini bildiribgina qolmay, ushbu mamlakatga xalqaro insonparvarlik yordamini yetkazib berish va milliy iqtisodni tiklash ishlariga faol ishtirok etib kelmoqda. 2018 yil 27 martda Toshkentda o‘tkazilgan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi uchrashuvlar tomonlarning qarashlarini yanada yaqinlashtirdi. Unda nutq so‘zlagan YEIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Federika Mogerini Afg‘onistondagi vaziyatni baraqarorlashtirishga oid rasmiy Toshkent tashabbusini qo‘llab-quvvatlashi, bu masala Bryusselning ham doimiy e’tiborida ekanini qayd etdi. Shu bois, Yevropa Ittifoqining nufuzli siyosiy arbobi Afg‘oniston iqtisodi va infratuzilmalarini tiklash borasida O‘zbekiston ilgari surayotgan aniq taklif va loyihalar hamda amaliy sayi-harakatlar uchun mamlakatimiz prezidentiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish uchun tomonlar muhim strategik hujjatlar qabul qilmoqda. 2019 yil 19 iyunda Ittifoq Markaziy Osiyo bo‘yicha o‘zining yangi strategiyasini qabul qildi. “Evropa ittifoqi va Markaziy Osiyo: mustahkam hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar” deb nomlangan hujjat Byursselning mintaqa davlatlari bilan munosabatlari tarixida yangi sahifa ochishga xizmat qiladi. Bryussel rasmiylariga ko‘ra, yangi geosiyosiy voqelik hamda hamkorlik aloqalarini mustahkamlash zarurati ushbu hujjatni ishlab chiqishga undagan. Ayni paytda Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston uchun 2021-2027 yillarga mo‘ljallangan dasturi ishlab chiqilmoqda. O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 dekabrida qabul qilingan Bayonnomasi bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish Rejasi amalga tizimli tatbiq etib kelinmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2020 yil iyunda “Evropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangilangan Strategiyasini amalga oshirishda O‘zbekistonning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi” ishlab chiqilgan.
Evropa Ittifoqi O‘zbekistonni jahon hamjamiyatiga, ayniqsa, xalqaro iqtisodiy tuzilmalarga a’zo bo‘lib kirish orqali jahon iqtisodiyotiga integrasiyalashuviga alohida ko‘mak ko‘rsatib kelmoqda. 2019 yil 11 noyabrdayoq Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi uchun 5 million yevro grant ajratdi. Ushbu mablag‘ tashkilotga a’zo bo‘lish jarayonida zarur hujjatlarni tayyorlash, o‘zbekistonlik mutaxassislarning JST kelishuvlari va xalqaro savdo tizimiga oid bilimlarini oshirishda ishlatiladi.
2021 yil 9 aprel kuni yana bir muhim voqea sodir bo‘ldi. O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining Preferensiyalar bosh tizimi doirasida qo‘shimcha imtiyozlardan foydalanish huquqini qo‘lga kiritdi. Bu esa O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan 6200 turdagi mahsulotlarni bojxona bojlarisiz Yevropa Ittifoqi bozoriga eksport qilish imkonini beradi. O‘zbekistonga nisbatan GSP+ preferensiyalar tizimining, ayniqsa, mamlakatimiz COVID-19 inqirozi bilan kurashayotgan pallada taqdim etilishi, albatta, tahsinga sazovordir.
Fan va ta’lim sohasi O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi hamkorligining eng istiqbolli yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda. Mamlakatimizdagi ta’lim va tadqiqotchilik muassasalari Yevropa Ittifoqining “Erasmuz”, “Gorizont” kabi xalqaro grant dasturlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. Har yili yuzlab o‘zbekistonlik talabalar Yevropa universitetlarida ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Ayniqsa, Erasmuz Jan Mone grant loyihalari yo‘nalishida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Markaziy Osiyo mintaqasida eng peshqadam oliygoh hisoblanadi. 2020 yilgi tanlovlar natijasida universitet jamoasi tomonidan qo‘lga kiritilgan grant doirasida mintaqamizda yagona Toshkent Yevropa tadqiqotlari markazi tashkil etildi. Markaz direktori G.Ismailovaning so‘zlariga ko‘ra, “Bugungi kunda “kelajak”, “ta’lim” va “yoshlar” ayni bir mazmunni ifodalovchi bir ma’noli so‘zlarga aylangan ekan, fan va ta’lim sohasidagi hamkorlik ustivor yo‘nalish bo‘lib qolaveradi”.
Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda Yevropaliklar tomonidan “qo‘shnilarimizning qo‘shnilari” deb atalayotgan Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan aloqalari yangi sifat bosqichiga chiqdi. Ikki tomonlama aloqalar yangicha xarakter kasb etib, turg‘unlikdagi hamkorlikdan o‘zgarishlar davri sherikchiligiga aylanmoqda.

Download 133.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   14




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling