Mutafakkirlarning bola tarbiyasiga oid qarashlari va ulardan tarbiya jarayonida foydalanish
Download 121.14 Kb.
|
MUTAFAKKIRLARNING BOLA TARBIYASIGA OID QARASHLARI VA ULARDAN TARBIYA JARAYONIDA FOYDALANISH
Sharq Renessansi deb nom olgan IX-XV asr Markaziy Osiyo ma’naviy madaniyatining eng yuksaklikka ko’tarilgan, boy davri bo’lib, bu davrda ilm-fanning ikki yo’nalishi (birinchisi) inson uchun tabiiy fanlardirki, u aql ko’zi bilan egallanadi, (ikkinchisi) bu fanlar inson tomonidan (boshqa) kishilardan taqlid qilib o’rganiladi, ular asosida shariat qonunlari yotadi. Bu fanlarning asosini Qur’onda va Sunnada bo’lga Alloh va uning elchisining oldindan belgilab bergan yo’l-yo’riqlari tashkil etadi.
Bu davrda Sharq madaniyatini umuminsoniy qadriyat darajasiga ko’tarish markazi ”Ma’mun akademiyasi” (IX asr, Bag’dod, ”Baytul hikma”) tashkil etildi. Akademiya ilmiy ijodkorlari faoliyatida Yaqin va O’rta Sharq xalqlari moddiy va ma’naviy madaniyatining qo’shilishi asnosida hozirgi Markaziy Osiyo madaniyatining maxsus bir-biridan ajratilmagan ko’p qirrali qorishiq turi vujudga keldi.2 Bunday ko’p qirrali ilmiy qadriyatlarning madonga kelishida vatandoshlarimiz Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy (780-850), Ahmad al-Farg’oniy (247-861), Ahmad ibn Abdulloh al-Marvaziy (IX asr), Abu Nasr Forobiy (870-950), Abu Ali Ibn Sino (980-1037), Abu Rayhon Beruniy (973-1050) va boshqalarning xizmatlari katta bo’lgan. Sharq mutafakkirlarining ma’naviy madaniyat sohasiga qo’shgan ulushlari nihoyatda boy bo’lib, mazmunan qadriyatlarning barcha yo’nalishlarini qamrab olganligi bilan xarakterlanadi. Ular:aqliy madaniyatni shakllantirish bilan bog’langan qadiriyatlar; ma’naviy-ruhiy qadriyatlar; ijtimoiy-siyosiy qadriyatlar; badiiy-nafis qadriyatlar; diniy qadriyatlar tarzida o’z ifodasini topgan. Forobiy pedagogik qarashlarini, ta’lim-tarbiya haqidagi ta’limotini o’rganishda inson xislatlari to’g’risidagi falsafiy fikrlari nihoyat muhim ahamiyat kasb etadi. Forobiy o’zining falsafiy qarashlarida odamning tuzilishini, ruhiyatini, madaniy va ma’naviy olamini o’rganishga ahamiyat beradi. Uning ta’limotida, inson barcha boshqa jismlarda bo’lmagan qobiliyat va kuchga, ruhiy quvvatga, aql va so’zlash qobiliyatiga egaligi bu kuch uni tabiatdagi boshqa jismlardan ajratib turishi va uning ustidan hokim bo’lish imkoniyatini berganligi namoyon bo’ladi. Forobiy bu dunyoqarashida narsa-hodisalarni bilish, inson aqlini bilim bilan boyitish uni ilmli, ma’rifatli qilish uchun xizmat qiluvchi ruhiy jarayonlarga alohida e’tibor beradi. U o’zining ”Baxt-saodatga erishuv haqida”, ”Fanlarning tasnifi”, ”Falsafani o’rganishdan oldin nimani bilish kerakligi to’g’risida”, ”Ilmlar va san’atlar fazilati” kabi koplab risolalarida insonning ma’naviy rivojlanishi ilm-ma’rifatga bog’liqligini ta’kidlaydi. Abu Rayhon Beruniy bilim umuminsoniy qadriyatlarni o’rganishning kaliti ekanligini alohida ta’kidlaydi. Ilm-ma’rifatli odam jamiyat taqdiri, insonlar taqdiri uchun kurashuvchan, barcha yomonliklardan uzoqdir. ”Ilmning foydasi ochko’zlik bilan oltin-kumush to’plash uchun bo’lmay, balki u orqali inson uchun zarur narsalarga ega bo’lishdir” Umuman, Abu Rayhon Beruniy ilm-fanning buyuk homiysi va muxlisi sifatida mamlakatning obodonchiligi ilm-fanning gullashida, odamning baxti esa uning bilim va ma’rifatida deb bildi. Yaratgan asarlarida u ta’lim-tarbiyaga doir she’r va hikmatlardan misollar keltirib, ular orqali har bir inson o’z qalbining farmoyishiga ko’ra xayr-ezgulikka intilishi, sun’iy obro’, shuhrat qozonish uchun muruvvat va sharofat ko’rsatmasligi kerakligini ta’kidlaydi. Yusuf Xos Hojibning ”Qutadg’u bilig” asarida aqliy, axloqiy, mehnat, jismoniy va nafosat tarbiyasiga doir fikrlari katta tarbiyaviy ahamiyatga egadir. U insonni ulug’laydi. Uning fikricha, insonning ulug’ligi aql-idroki, so’zlash qobiliyati, bilimi, uquvi, hunarga egaligidadir. Adib o’quv va bilimni farqlaydi: o’quv tug’ma ravishda inson ruhiyatida mavjuddir, bilim esa o’qish-o’rganish va mehnat tufayli egallanadi. Agar ularning har ikkisi o’zaro birlashsa, insonning qadri ortadi: Zakovat qayerda bo’lsa, ulug’lik bo’ladi, Bilim kimda bo’lsa, buyuklik bo’ladi. Zakovatli uqadi, bilimli biladi, Bilimli, zakovatli tilakka yetadi. Yusuf Xos Hojib ta’lim va tarbiyaning uzviy bog’liq holda bo’lishini tavsiya etadi, o’g’il bolalarning bir necha san’at turlarini va hunarlarni tugal o’rganmog’i lozimligini ta’kidlaydi. Bu, ularning kelajak hayotlari, jamiyat rivoji uchun zarurligini aytadi. Sharq mutafakkirlarining asarlarida ham komil inson qiyofasining yoritilishiga alohida ahamiyat berilgan. Xususan, Abu Nasr Forobiy komil insonni shakllantirish va fozil jamoa (yetuk jamiyat)ni shakllantirish tarbiyaning bir butun, yaxlit ikki yo’nalishi ekanligiga urg’u beradi. Allomaning fikricha, fozil jamiyat komil inson sa'yi-harakati bilan barpo etilishi mumkin. Shu bois mamlakatni boshqaruvchi shaxs o’zida eng oliy insoniy fazilatlarni mujassam eta olishi zarur, deb hisoblaydi. «Aql ma’nolari tog’risidagi» risolasida Abu Nasr Forobiy rahbar shaxs qiyofasida namoyon bo’lishi lozim bo’lgan o’n ikki fazilatni kеltirib o’tadi. Bizning fikrimizcha, mazkur fazilatlar har bir zamonaviy shaxsda o’z aksini topa olishi kerak, zero, ular inson hayotini mo’'tadil kechishi hamda muayyan kasbiy faoliyatlarni tashkil etishda muvaffaqiyatlarga erishishni kafolatlaydi. Abu Rayhon Beruniy ham komillikning asosini ilmli bo’lishda deb hisoblaydi va barcha illatlarning asosiy sababi ilmsizlikdir, deya urg’u beradi. Allomaning fikricha, axloqiylik, to’g’rilik, odillik, tadbirkorlik, o’zini vazmin tutish, kamtarlik, insof, ehtiyotkorlik, shuningdek, adolatli va vijdonli bo’lish komil inson qiyofasida aks etishi zarur bo’lgan eng asosiy sifatlardir. Abu Ali ibn Sino ham kamolotga erishishning birinchi mezon sifatida bilimli bo’lishni alohida qayd etadi. Bilimli insonning adolatli bo’lishi esa uning yanada yuksalishini ta'minlaydi, deya baholab alloma, adolatni ruhiy lazzat (ruhiy xotirjamlik)ning muhim ko’rsatkichi ekanligini uqtiradi. Alisher Navoiy asarlarida komil inson muammosi markaziy o’rinni egallaydi va o’z orzusidagi komil inson shaxsini asarlarining qahramonlari timsolida gavdalantirishga urinadi. Mutafakkir qarashlarida komil inson quyidagi sifatlarga ega bo’lishi borasidagi g’oya ilgari suriladi: aqlli, axloqli, bilimli, ijodkor,qobiliyatli, dono, kamtar, insonparvar, saqovatli, sabr-qanoatli, adolatli, muruvvatli, sog’lom, jismonan baquvvat, mard va jasur. Abdulla Avloniy komil insonni tarbiyalash borasidagi qarashlari bilan Sharq mutafakkirlarining fikrlarini boyitar ekan, komil inson qiyofasida, yana shuningdek, vatanparvarlik, hamda intizomlilik sifatlari ham namoyon bo’lishi kerak, deb hisoblaydi. Alloma millat taqdirining jonkuyari sifatida milliy til taraqqiyoti jamiyat ma'naviy rivojini ta'minlovchi asosiy omil, deya baholaydi. Sharq mutafakkirlari jamoaning shaxs kamolotini ta'minlashdagi o’rni va roliga alohida e'tibor berganlar. Xususan, Abu Ali ibn Sino ijtimoiy muhitning shaxsni shakllantirishdagi rolini yuqori baholaydi. Tashqi muhit va odamlar insonning borliq, unda kechayotgan o’zgarishlar, jarayonlar mohiyatini anglashgagina emas, balki uning xulqida yaxshi va yomon sifatlarning shakllanishiga ham sezilarli ta'sir etishi, shu bois bolalarni tarbiyalashda u mansub bo’lgan mikromuhit xususiyatini inobatga olishni ta'kidlaydi. Bolani yomon ta'sirlardan saqlash zarurligini uqtiradi. Shuningdek, alloma o’qitish samaradorligini ta'minlashda bolalarga jamoa asosida bilimlarni berishni maqsadga muvofiqligini ta'kidlaydi. Abu Nasr Forobiyning uqtirishicha, inson boshqalar bilan munosabatda bo’lish, ularning yordami va qo’llab-quvvatlashlarini his etish ehtiyojiga ega. Ana shu ehtiyojni qondirish yo’lidagi amaliy harakatlar insonni kamolotga yetaklaydi, deb hisoblaydi. Abu Rayhon Beruniy esa shaxsning rivojlanishida o’zaro yordam, hamkorlik, odamlarga nisbatan xayrixohlik uning ijtimoiy muhitdagi roli va o’rnini bеlgilab beradi. Sharq mutafakkirlari o’z asarlarida bilish hamda inson aqliy tafakkuri masalalariga alohida o’rin bergan. Xususan, Abu Nasr Forobiy inson tomonidan borliqni anglanishi, tabiat sirlarini anglashida ilm-fanning rolini hal qiluvchi omil sifatida baholaydi. Allomaning fikricha, inson tanasi, miyasi, sezgi organlari u tug’ilganda mavjud bo’lgan bo’lsa, aqliy bilimi, ma'naviyati, ruhiyati, intellektual va axloqiy sifatlari, xarakteri, dini, urf-odatlari, ma'lumoti tashqi olam, ijtimoiy muhit ta'sirida, odamlar bilan tashkil etayotgan munosabatlari jarayonida shakllanadi.Abu Nasr Forobiyning e'tiroficha, inson aqli, fikri uning ruhiy jihatdan yuksalishining mahsulidir. Inson bilimlarni o’zlashtirar ekan, borliqda tirik mavjudotning yaratilish tarixigacha bo’lgan ma'lumotlarni o’zlashtira oladi, ularni yaratadi, ilmiy jihatdan asoslaydi. Allomaning mazkur fikrlarini davom ettirgan holda Abu Rayhon Beruniy quyidagilarni ilgari suradi: «Inson narsa va hodisalarning faqat tashqi sifati hamda xususiyatlari haqida bilim olmay, balki tafakkuri, aqli tufayli narsa va hodisalarni taqqoslaydi, bir-biri bilan solishtirib ko’radi, o’z bilimlarining chinligini aniqlaydi». Mutafakkir, shuningdek, odamlar tomonidan bilimlarni o’zlashtirilib borishi yangi bilimlarning yaratilishiga olib kеlishini aytadi: «Ilmlar ko’pdir. Ular zamoni iqbolli bo’lib, turli fikr va xotiralar ularga qo’shilib borsa, ko’payadi. Odamlarning ilmlarga rag’bat qilishi, ilmlarni va ilm aqllilarini hurmatlashi o’sha iqbolning bеlgisidir. (Ayniqsa) hukmron kishilarning ilm aqllini hurmat qilishi turli ilmlarning ko’payishiga sabab bo’ladi». Abdulla Avloniy esa inson aqliy kamoloti xususida to’xtalar ekan,quyidagilarni bayon etadi: «Ilm dunyoning izzati, oxiratning sharofatidir. Ilm inson uchun g’oyat muqaddas bir fazilatdur, zeroki, ilm bizga o’z axvolimizni, harakatimizni oyna kabi ko’rsatur, zehnimizni, fikrimizni qilich kabi o’tkir qilur, ilmsiz odam mevasiz daraxt kabidur»8. Alloma bilim insonni jaholatdan qutqarishning eng samarali vositasi ekanligiga ham urg’u beradi: «Ilm bizni jaholat qorong’usidan qutqarur, madaniyat, ma'rifat dunyosiga chiqarur, yomon fe'llardan, buzuq ishlardan qaytarur, yaxshi xulq, odob sohibi qilur. Bugun hayotimiz, salomatligimiz, saodatimiz, sarvatimiz, maishatimiz, ximmatimiz, g’ayratimiz, dunyo va oxiratimiz ilmga bog’liqdur». Erkka intilish, ozod yashashga bo’lgan ehtiyoj insonga xos bo’lgan tuyg’udir. Inson o’z vatanidagina ozod va erkin yashay oladi. Shu bois vatan ozodligi uchun kurashish masalasi qadim-qadimdan allomalarning asarlari hamda ezgu g’oyalarni ifoda etuvchi ta'limotlarning bosh mavzusi bo’lib kеlgan. Chunonchi, Hadisi Sharifda Vatanni sevish iymondan ekanligi ta'kidlanadi. Xulosa Istiqlol tufayli xalqimiz chet-el yurtlarini kezib, yangi xalq va urf-odatlarni guvohi boʼlib qaytmoqdalar. Shu jumladan Yevropa davlatlariga sayr qilib kelayotgan fuqarolarimiz bugungi kunda gʼarb oʼsmirlari orasida boshqa mamlakatlar yoshlariga qaraganda uyushgan jinoyatchilik va zoʼravonlikka berilish holati yuqori. Bunga sabab bolalarga keragidan ortiq erkinlik berilgani ekan. Ularni hozirdan aysh-ishratga berilib, turli axloqsiz hatti-harakatlarga ruju qoʼyishdan hech kim qaytarmasligini aytib berishmoqda. Inson hayoti davomida biror shaxsni oʼziga oʼrnak deb biladi, bundan inson u kabi hayot kechirishni, u erishgan yutuqlar kabi muvaffaqiyatlarga erishishni, yuksak choʼqqilarga chiqishni koʼzlaydi. Bugun jamiyatning yosh aʼzolari oʼz hayotlari uchun boshqa madaniyat vakillarining fikrlash va hayot tarzini oʼrnak qilib olishlari koʼp muammolarni keltirib chiqarmoqda. XXI asrda turli hayot tarzlari va gʼoyalar raqobatga kirishdi. Bunda muvaffaqiyatga erishish uchun har bir davlat oʼzligini saqlagan holda diniy va milliy qadriyatlarini boshqalarga anglatishni asos qilgan mafkuraga ega boʼlishi lozim. Аks holda, oʼzlikni yoʼqotish, bebaho qadriyatlardan voz kechish kishini taraqqiyotdan ajratib, uni tobe, mustaqil fikri yoʼq manqurtga aylantirib qoʼyadi. Hozirgi kunda gʼarazli maqsadlarni amalga oshirish uchun zimdan olib borilayotgan fitnalar baʼzi millatlarning oʼzligini yoʼqotishga qaratilganini sezish mumkin. Bunda eʼtibor xududlarini egallash emas, balki inson ongini egallashga yoʼnaltirilgan. Аlbatta bola tarbiyasi oʼta murakkab va maʼsuliyatlidir. Bu har bir ota-onadan oʼz ustida muntazam ishlashni, bolalar tarbiyasiga oid barcha maʼlumotlardan baxobar boʼlib borishni talab etadi. Farzand tarbiyasi bu shunchaki tajriba, oddiy koʼrsatma va bilimlar jamlanmasi emas, balki oʼz ichiga diniy-axloqiy bilimlar, tibbiyot, etika, psixologiya, pedagogika kabi sohalariga oid bilimlarni ham qamrab oladigan murakkab jarayondir. Bugungi kunda oilaviy tarbiyaning qiyinlashuvi shundaki, birinchidan, jamiyat taraqqiy etib borgani sari har tomonlama yetuk insonni shakllantirish talablari ortib boraveradi. Bu esa oilada bolaga estetik, jinsiy tarbiya, axloqiy tarbiya berish sifati va koʼlamini oshirish talabini qoʼyadi. Bugungi kunda farzand tarbiyasida ijtimoiy muammolardan; uyali telefonlardagi tajovuzliklar hamda Ijtimoiy tarmoqlar toʼri tabora avj olmoqda. Ushbu zamonaviy kommunikatsiya vositalari muhim aloqa vositalari boʼlishi bilan birga baʼzi maʼnaviyati toʼliq shakllanmagan sust yoshlarga salbiy taʼsir koʼrsatmoqda. Ijtimoiy tarmoq taʼsiriga tushib qolgan yoshlarga ota-onalar, oʼquv muassasalari bilan birgalikda yondoshib aloqa vositalarining asl mohiyatini tushuntirib berishlari lozim. Tarbiyadan tashqaridan boʼladigan salbiy taʼsir bu, eng katta xatardir. Chunki farzandga oilada bu boradagi erkinlikka yoʼl qoʼyilmagach, u oʼz qiziqish va ragʼbatlarini qondiradigan sabablarni tashqaridan izlay boshlaydi. Demak, ota-ona farzandining tashqi hayotiga ham katta eʼtibor qaratishi talab etiladi. Yaʼni, ular farzandi maktab yoki kollejdan keyin qaerga borishi, nima bilan shugʼullanishini nazorat qilish lozim. Farzandga bilim olish uchun sharoit yaratish ham ota-onaning vazifasidir. Paygʼambarimiz (s.a.v.): “Ilm olish har bir musulmon va muslima uchun farzdir”, deb marhamat qilganlarida, oʼgʼil va qiz farzandlarimizga ilm olish uchun barobar sharoitni taʼminlash kerakligini nazarda tutganlar. Yosh avlod yetuk va komil shaxs boʼlib voyaga yetishi uchun yana bir muhim omil hayot tarziga aylanishi zarur. U ham boʼlsa “kitobxonlik”. Buning uchun yurtimizda barcha sharoitlar yaratilingan. Ommaviy, ilmiy kutubxonalar, “Аybuk” tarzidagi kitob-kafe doʼkonlari va boshqalar soʼzimizning yaqqol misolidir. Ota-ona farzandiga vaqtni unumli oʼtkazishni oʼrgatishida vosita sifatida foydalanishi mumkin boʼlgan usullardan yana biri-zamonaviy axborot texnologiyalaridan oqilona foydalanishdir. Ota-ona bolada estetik tarbiya, goʼzal manzaralardan zavq olish hissini shakllantirish uchun uni oʼzi bilan birga tabiatdagi manzarali joylarga, muzeylarga olib borishi va shu bilan birga uning qalbida goʼzallik latofatini singdirishi muhim. Xulosa qilib aytish mumkinki, mustahkam maʼnaviy immunitetli, oʼzining fikrlarini ravon ayta oladigan, yuqori marralarga erishuvchan avlodni tarbiyalash uchun ota-ona, oila muhiti juda katta ahamiyat kasb etadi. Hech kimga sir emas, insonning qalbi va ongini egallash, ayniqsa, yoshlarning maʼnaviy dunyosini zaharlashga qaratilgan turli xavf-xatarlar ham kuchayib borayotgan bugungi kunda oʼzining kimligini, qanday bebaho meros vorislari ekanini teran anglab, ona yurtga muhabbat va sadoqat hissi bilan yashaydigan, imon-eʼtiqodi mustahkam yosh avlodgina muqaddas zaminimizni yot va begona taʼsirlardan, balo-qazolardan saqlashga, Vatanimizni har tomonlama ravnaq toptirishga qodir boʼladi. Farzandlarimizga shunday tarbiya berayliki, ular oʼz ota-bobolariga, oʼz tarixi, Vatani, ona tiliga, millati, diniga va anʼnalariga sodiq boʼlib kamol topishsin. Hozirgi rivojlanib borayotgan O’zbekistonimizni yosh avlodini yuksak manaviyatli,axloqiy , aqliy, jismoniy hamda ruhiy joihatdan mukammal qilib tarbiyalash bevosita tarbiyachi’pedagoglarga bogliq.Bolalarni bunday ruhdaa tarbiyalash esa har bir tarbiyachining o’z pedagogik mahoratiga bogliq .Shunday ekan har bir pedagog o’z kasbini sevishi unga ijobiy munosabatda bo’lib har bir talablarga javob beradigan darajada o’z ustida ishlashi kerak,shundagina u pedagog elimiz yurtimiz uchun foydasi tegadigan oziga ishongan ruhan va jismonan tetik farzand tarbiyalay oladi. Download 121.14 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling