Yuqori darajali formatlash. Yuqori darajali formatlashda operatsion tizim ma’lumotlar va fayllar bilan ishlash uchun strukturani yaratadi. Har bir bo‘limga (mantiqiy disk) tomning yuklash sektori (Volume Boot Sector - VBS), fayllar joylashuvi jadvalining ikki nusxasi (FAT) va o‘zak katalog (Root Directory) kiritiladi. Bu ma’lumotlar strukturasi yordamida operatsion tizim disk maydonini taqsimlaydi, fayllar joylashuvini kuzatadi va diskdagi nosoz joylarni aylanib o‘tadi.
Yuqori darajali formatlash - bu formatlash emas, balki fayllar joylashuvining jadvali va disk mundarijasining yaratilishidir. Haqiqiy formatlash - bu quyi darajali formatlash, bunda disk yo‘lak va sektorlarga bo‘linadi. Qattiq diskning quyi darajali formatlashni bajarish uchun disk ishlab chiqaruvchi tomonidan taqdim etiladigan maxsus dastur kerak.
Windows oilasi operatsion tizimlarining fayl tizimlari
Kompyuterda ishlayotganda biz silindr, o‘qish/yozish moslamasi va sektorlar bilan emas, balki fayllar bilan ishlaymiz. Diskdagi ma’lumotlarga fayllar kabi murojaat qilishni qattiq diskning fayl tizimi vositasi yordamida operatsion tizim ta’minlaydi. Fayl tizimi diskda ma’lumotlar saqlanadigan disk sektorlari va fayl nomlari orasida moslikni o‘rnatish uchun mo‘ljallangan qo‘shimcha xizmat axborotlarini saqlashga asoslangan.
Odatda, fayl tizimlari sektorlarga emas, balki klasterlarga asoslanadi. Klaster - bu bo‘linmas manzillash birligini vujudga keltiruvchi sektorlar guruhidir. «Klaster» tushunchasi mantiqiy tushuncha hisoblanadi. Aniq bir qattiq disk uchun klaster o‘lchami uning jismoniy qurilmasidan emas, balki boshqa omillar, shuningdek, foydalanuvchi xohishiga ko‘ra ham aniqlanadi.
Windows oilasidagi operatsion tizimlarda 3 xil fayl tizimlari qo‘llaniladi: FAT16, FAT32 va NTFS.
Do'stlaringiz bilan baham: |