Namanagan davlat universiteti yuridik fakultet


“Xalq qabulxonalari”ning inson manfaatlari, huquq va erkinliklarini himoya qilishdagi o‘rni


Download 124.97 Kb.
bet9/16
Sana16.06.2023
Hajmi124.97 Kb.
#1499067
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   16
Bog'liq
NAMANAGAN DAVLAT UNIVERSITETI

2.2. “Xalq qabulxonalari”ning inson manfaatlari, huquq va erkinliklarini himoya qilishdagi o‘rni
“Inson manfaatlari” degan tushuncha falsafaga XIX asrda, I.Kantning “Fikrlash qobiliyatining tanqidi”(1790) asari nashr qilinganidan keyin kiritilgan. To‘g‘ri, huquq fenomeni haqidagi har bir g‘oya, asar inson manfatlarini u yoki bu darajada himoya qilishni nazarda tutgan, himoya qilgan, ammo aynan I.Kant inson manfaatlari tushunchasini alohida voqelik sifatida qarab, uni qiziqish, adolat, huquq, boshqarish, axloqiy imperativlar bilan bog‘ladi. Natijada inson manfaatlarining alohida ijtimoiy ahamiyatga ega, o‘z sifatlariga muvofiq keng hayot bilan bog‘liq, shaxsning kundalik ehtiyojlari va aloqalarini o‘z ichiga oladigan, uning rang-barang ijtimoiy munosabatlariga taalluqli jihatlarini aks ettiradigan, barqaror va doimo o‘z xususiyatlarini namoyon etib turadigan hodisa ekani anglandi28.
Inson manfaatlari mutlaq shaxs xohish istaklari, ehtiyojlari va qiziqishlarining ifodasigina emas, u shaxsni o‘rab turgan ijtimoiy muhit, ayniqsa oila, mahalla, mehnat jamoasi, do‘stlar va yaqin kishilar davrasi bilan bog‘liqdir. Ushbu mikromuhitlar manfaatlarning shakllanishiga bevosita taʼsir etadi, shaxsda manfaatlarini himoya qilish tuyg‘usini uyg‘otadi. Shu bilan birga inson manfaatlari ijtimoiy himoyaga muhtojdir. Ijtimoiy hayotning murakkablashib borayotgani, yangi-yangi institutlarning paydo bo‘layotgani, oddiydan murakkab tomon borish real borlig‘imizga aylanayotgani manfaatlarni qondirishga turli to‘siqlar uyg‘otadi. Bu to‘siqlar ko‘pincha ijtimoiy munosabatlar mahsuli bo‘lgan makromuhit tomonidan yuzaga keladi. Natijada shaxsning manfaatlarini qondirilishi ham murakkablashadi, byurokratiya, ko‘zbo‘yamachilik va korrupsiya avj olgan muhitda ularni qondirishning imkoni deyarli qolmaydi.
Demokratik huquqiy davlat byurokratiya, ko‘zbo‘yamachilik va korrupsiyaga qarshi kurashganida inson manfaatlarini himoya qilish maqsadidan kelib chiqadi. Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlarni asosan quyidagi yo‘nalishlarga ajratish – mumkin:
– birinchisi, bank moliya va kredit masasalariga (25 foiz);
– ikkinchisi, sud huquq tizimi faoliyatiga (22 foiz);
– uchinchisi, sog‘liqni saqlash muassasalari va ish haqlarini to‘lashga (12 foiz);
– to‘rtinchisi, tadbirkorlik faoliyatiga (10 foiz);
– beshinchisi, uy joy olish va kommunal xizmat ko‘rsatish tizimiga (8 foiz);
– oltinchisi, ish bilan taʼminlanishga (4 foiz);
– yettinchisi, moddiy yordam ko‘rsatish va taʼlim tarbiya muassasalariga (3 foiz) taalluqli arz, shikoyat va takliflardir29.
2016-2017 yillarda murojaatlarning asosiy qismi joylardagi davlat hokimiyati organlariga, ularda ildiz otgan taʼmagirlik, to‘rachilik, oshno- og‘aynichilik, korrupsiya kabi illatlarga taalluqli edi. Mazkur murojaatlar olti oyning ichidayoq 1 milliondan oshib ketgan. 2018 yilning iyun oyiga kelib, ularning soni 2 milliondan ziyodni tashkil etdi. Yilning oxiriga kelib murojaatlar oqimining pasayishi kuzatiladi. Agar Xalq qabulxonalari va Prezident Virtual qabulxonasi ishga tushgan yarim yil ichida 1 milliondan ziyodroq murojaatlar tushgan bo‘lsa, 2018 yil oxiriga kelib, yaʼni bir yarim yilga yaqin vaqt mobaynida yana shuncha murojaatlar tushgan. Hozirgi holatga ko‘ra, xalq murojaatlarini yuqoridagi tartibda qarab chiqishimiz mumkin.
Bank-moliya tizimi mamlakat hayotining haqiqatan ham qon tomiridir. Har qanday ijtimoiy islohotlar bank moliya tizimining samarali va umumxalq, mamlakat taraqqiyoti manfaatlariga xizmat qilishiga bevosita bog‘liqdir. O‘tgan o‘n yilliklarda yangi-yangi banklar ochilgan, ularga hashamatli binolar qurib berilgan edi, ammo ularning inson manfaatlariga xizmat qildirishning real mexanizmlari yaratilmadi. Natijada mehnatkashlarga o‘z vaqtida maosh berish, nafaqaxo‘rlarning nafaqasini olishi, davlat xizmatchilariga haq to‘lash yildan-yilga murakkablashib bordi. Baʼzi joylarda aholining o‘z haqini talab etib, ko‘chaga chiqqanlari ham bor haqiqatdir. Yuqori idora tomonidan ketma-ket ish haqi va pensiyalarni to‘lash haqida buyruqlar qabul qilingani bilan vaziyat yaxshilanmasdi, naqd pulnining o‘zi yetarli emasdi. Ish haqi va pensiyalarni plastik kartochkalarga o‘tkazilgani muammoni yecholmadi, balki naqdlashtirishdan foyda orttiruvchi kimsalarni vujudga keltirdi. Ayrim do‘konlarda terminal ishlamayotgani bahona qilinsa, boshqasida ochiqchasiga narx ustiga 20 foizgacha narx qo‘yilardi. Bu hol oxir oqibatda pulimizni o‘n, yigirma, hatto o‘ttiz foiz ustama bilan naqdlashtirib beruvchi “tadbirkorlar” qatlami paydo bo‘lishiga zamin yaratdi30. Ammo bu holat qisqa muddatda bartaraf qilinib, bugungi kunda narxlar masalasida muayyan darajada barqarorlikka erishildi.
Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoevning 2017 yil 2 fevraldagi PQ-2753-sonli “Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni to‘lash mexanizmini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bank-moliya tizimini inson, xalq manfaatlariga xizmat qildirishga undagan muhim hujjat bo‘ldi. Unda yuzaga kelgan noxush vaziyat, uning o‘tgan o‘n yilliklarda shakllangan ildizlari, kishilarning noroziligiga sabab bo‘layotgan sabablar ochib tashlandi. So‘nggi uch yil ichida Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingi 2 barobardan ortiq yaxshilanib, mamlakatimiz jahonning 190 ta davlatlari orasida 2012 yilgi 166 o‘rindan 2017 yili 74-o‘ringa ko‘tarildi.
Bundan tashqari, so‘nggi hisobotda mamlakatimiz biznes yuritish uchun eng qulay ishbilarmonlik muhiti yaratish ko‘rsatkichi bo‘yicha islohotchi mamlakatlarning birinchi o‘ntaligidan joy oldi. Jahon bankining Yevropa va markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse prezidenti S.Myullerning eʼtiroficha, “keyingi yillarda O‘zbekistonning iqtisodiy siyosati yanada erkinlashgani, xususan bank moliya, soliq tizimidagi o‘zgarishlar, valyuta siyosatining liberallashtirilgani mamlakat iqtisodiy imidjini oshirishda alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan, mamlakatingiz 2015 yilda Jahon banki reytingida qulay biznes muhiti bo‘yicha 100-o‘rinni egallagan bo‘lsa, bugungi kunda 74-o‘rinda qayd etilmoqda. Ikki yilda 26 pog‘ona o‘sish juda yaxshi ko‘rsatkich bo‘lib, bu holat xorijiy investorlarni jalb qilishda muhim omil hisoblanadi”31. Shunday bo‘lsa-da, Prezident Virtual va Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlarning ko‘pchiligi bank-moliya tizimiga taalluqli ekani turli savollar va eʼtirozlar uyg‘otmay qolmaydi. Shuning uchun ham davlatimiz rahbari tomonidan bank-moliya tizimini inson, xalq manfaatlariga xizmat qildirish, undagi g‘ayriqonuniy hollarga chek qo‘yish va uning faoliyatiga zamonaviy ish usullarini joriy etishga qaratilgan 10 ga yaqin meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoev, inson manfaatlarini taʼminlash uchun, avvalo uning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilinishi zarur, deb hisoblaydi. Uning 2017 yil 9 fevraldagi Ichki ishlar organlari faoliyatini tubdan yaxshilashga qaratilgan maxsus yig‘ilishdagi nutqi va unda bayon etilgan fikrlar mavzuimizga bevosita taalluqlidir. “Bugungi kunda inson manfaatlari bilan bog‘liq masalalarni kechiktirmasdan hal qilish zarur. Shunday bir vaqtda ichki ishlar organlarida eskicha fikrlash, o‘z xizmat vazifasini xalqqa xizmat qilish tamoyiliga asoslanib emas, balki shaxsiy manfaatlaridan kelib chiqqan holda bajarish kabi yaroqsiz ish usuli hali ham uchrayotgani hech kimga sir emas”32.
Shuning uchun davlatimiz rahbari Ichki ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, kadrlar tayyorlashni zamon talablariga ko‘tarish, jinoyatchilikka qarshi emas, avvalo, uning oldini olish, profilaktika ishlariga eʼtibor qartish zarurligini taʼkidlaydi. Natijada aholi puktlarida qo‘shimcha 175 ta bo‘linma va 824 ta tayanch pukti tashkil etildi, profilaktika inspektorlarining soni 1102 nafarga oshirildi. Ichki ishlar vazirligida Tergov departamenti va joylarda esa surishtiruvchilar institutlari shakllantirildi. 2017 yili respublikamizda 73 ming 692 ta jinoyat ro‘yxatga olingan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2016 yilga nisbatan 13 ming 720 taga yoki 15,7 foizga kam. Jumladan, qotillik 22, qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish 7,1%, nomusga tegish 21,8%, bosqinchilik 22,8%, talonchilik 21%, o‘g‘irlik 6,6%, firibgarlik 5,7%, bezorilik 37,9%, transport vositalarini olib qochish 6,2%ga qisqargan. Muhim yangiliklardan biri shu bo‘ldiki, jinoyatga qarshi kurashishga aholini jalb etishning samarali usuli topildi, yaʼni bunday tadbirlarda jonbozlik ko‘rsatadigan fuqarolarga eng kam oylik ish haqining yigirma barobarigacha bo‘lgan miqdorda mukofot puli beriladigan bo‘ldi.
Inson manfaatlarining ashaddiy dushmani – korrupsiya. Qayerda u ildiz otgan bo‘lsa, inson manfaatlari sansolarlik, nopisandlik, oshno –og‘aynichilik kabi sunʼiy to‘siqlarga duch kelaveradi. Bu yerda adolat, qonun, tenglik kabi umuminsoniy tamoyillar unutiladi, har bir murojaat foyda ko‘rish, boylik orttirish manbaiga aylantiriladi. O‘tgan o‘n yilliklarda bu jinoyat haqida deyarli gapirilmasdi, gapirilganida esa “ayrim joylarda” yoki “ayrim rahbarlar” degan mavhum tushunchalar ostida u xas-po‘shlanardi.
2017 yili korrupsiya va iqtisod sohasida sodir etilgan hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyati tartibiga qarshi jinoyatlardan 1 ming 426 tasi aniqlandi. Ularning 171 tasi poraxo‘rlik, 109 tasi tovlamachilik, 517 tasi firibgarlik, 125 tasi valyuta bilan bog‘liq qoidalarni buzish, 19 tasi qalbaki pul yasash, 190 tasi talon-taroj hamda 296 tasi boshqa turdagi jinoyatlardir. Narkotik bilan bog‘liq 4 ming 806 ta jinoyat fosh etilgan. Bu saʼy-harakatlar insonning qonuniy manfaatlarini, uning shaxsiy hayoti, salomatligi, mol-mulki va shaʼnini himoya qilishga qaratilgandir33.
Xalq murojaatlarida sud-huquq tizimiga oid taklif va shikoyatlar bildirilganida kishilar aniq maʼlumotlar, huquqiy-meʼyoriy hujjatlar, Prezident Farmonlari va Qarorlarini asos qilib keltiradilar. Masalan, bizning dissertatsiyamiz doirasida o‘tkazgan sotsiologik so‘rovnoma natijalari ko‘rsatadiki, respondentlarning 48 foizi “joylardagi sudlar va ichki ishlar idoralarida g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar hamon davom etmoqda”, 32 foizi inson huquqlarini muhofaza qilishga daʼvat etilgan “adliya bo‘limlari va hokimlarning masʼul xodimlari arz-shikoyatlarni yechishga loqayd”, 11 foizi “kishilarning o‘zi huquq va erkinliklarini himoya qilishi darkor”, 7 foizi “huquqiy ong va huquqiy bilimning yetishmasligi boshqaruv institutlarida keng tarqalgan hol”, 3 foizi “jamiyatda qonun ustuvorligini qaror toptirish juda mushkul” deb javob beradi. Joylardagi sud va ichki ishlar organlari faoliyatidan qoniqmayotgan respondentlarning 72 foizi oliy maʼlumotli, 21 foizi o‘rta maxsus maʼlumotga ega. Ko‘rinib turibdiki, maʼlumot darajasi kishilarning ongiga, ijtimoiy institutlar faoliyatiga tanqidiy yondashishga asos bo‘ladi.
Bu omilning muhimligini boshqa tadqiqiqotchilar ham taʼkidlashadi Masalan, tadqiqotchi M.Atavullayevning keltirishicha, “huquq sohasidagi islohotlardan qoniqasizmi?” degan savolga respondentlarning 49 foizi “Yo‘q”, 36 foizi “Ha”, 15 foizi esa “Doim emas” deb javob berishgan. “Huquq sohasidagi islohotlardan qoniqmayotgan fuqarolar modernizatsiyaning huquq fenomeni, undagi islohotlar bilan bog‘liqligini sezmaydilar. Qizig‘i shundaki, ushbu respondentlar ichida oliy maʼlumotlilar 80 foizni, o‘rta maxsus maʼlumotlilar 14 foizni, o‘rta maʼlumotlilar 6 foizni tashkil qiladi. Demak, oliy maʼlumotli respondentlar modernizatsiya jarayonlaridan, huquq sohasidagi o‘zgarishlar va islohotlardan, huquqiy islohotlarning jamiyatga taʼsiridan qoniqmayotganliklarini, ular bu borada hali ko‘p ishlar amalga oshirilishi zarurligini bildiradilar. “Mamalakataimizda amalga oshirilayotgan modernizatsiya jarayonlarini qanday baholaysiz?” degan savolga “Qoniqarsiz” baholaganlar ichida oliy maʼlumotlilar 47 foizni tashkil etadi. Negaki, oliy maʼlumotli kishining yon-atrofga, hayotga tanqidiy munosabatida, yuksak talab bilan yondashishi ko‘p uchraydigan holat”34.
Respondentlarimizning 32 foizi joylardagi adliya bo‘limlari va inson huquq va erkinliklarini taʼminlashga daʼvat etilgan idoralar faoliyatidan qoniqmasligini bildiradi. Ularning fikricha, Oliy Majlis tomonidan qabul qilinayotgan qonunlar, Prezident Farmonlari va Qarorlariga muvofiq joylardagi idoralar o‘z ishlarini tez qayta tashkil etishga, faoliyatini modernizatsiyalashtirishga, mavjud normalarni o‘zgartirishga tayyor emas. Poytaxtda qabul qilingan qarorlar va rejalar baʼzi joylardagi hokimliklarni, idoralar rahbarlarini shoshiltirib qo‘ymoqda, ular ishni nimalardan boshlashni topolmay, gangib qolishmoqda. Albatta, eskicha ish uslubidan davrrov voz kechish qiyin, bundan tashqari, etnomadaniyatdagi anʼanalarning ham tez yangilanavermasligini unutib bo‘lmaydi. Bugun davlat boshqaruv tizimi qaror va rejalarni, hujjatlarni tez joylarga yetkazish imkoniga ega, viloyat va tuman hokimliklari internet aloqalardan foydalanadi. Deyarli barcha hokimliklar, munitsipial boshqaruv idoralari yagona portalga ulangan. Ular markaz bilan shu zahoti aloqa o‘rnatish, zarur savollarini berib javoblar olish imkoniga ega.
Shunday bo‘lsa-da, boshqaruv ishlari, sud-huquq tizimini tashkil etish maʼlum bir anʼanalarga tayanadi, ularni bir kunda, bir zarb bilan o‘zgartirish qiyin. Barcha sohalarda bo‘lganidek, sud-huquq tizimida ham innovatsion fikrlaydigan, ilg‘or davlatlarning ish uslublaridan, tajribalaridan yaxshi xabardor mutaxassislar yetishmaydi. Shu sababdan ushbu muammoni bartaraf qilish va yechimini topish maqsadida “Harakatlar strategiyasi”da amalga oshirilishi lozi bo‘lgan masalalar qatoriga Sud, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari xodimlarini o‘qitish, tanlash va joy-joyiga qo‘yish tizimini takomillashtirish35 masalalari dolzarb masala qilib belgilandi. Ushbu vazifalarni hal etilishi yuqoridagi muammoni hal qilishning muhim omili bo‘lib xizmat qiladi. Inson manfaatlarini himoya qilish sud-huquq tizimi xodimlaridan, avvalo, poklikni talab etadi, qolgan fazilatlar ikkinchi darajali ko‘rinishi mumkin. Lekin sud-huquq tizimini faqat poklik bilan yangilab, o‘zgartirib bo‘lmaydi, poklik professionalizm bilan uyg‘unlashtirilishi lozim.
Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlarning ko‘pchiligi sog‘liqni saqlash muassasalari faoliyatiga, tibbiy xizmatga taalluqlidir. Xalq qabulxonalariga murojaat etgan respondentlarimizning 27 foizi sog‘liqni saqlash tizimida nopoklik, korrupsiya, o‘z sohasini bilmaslik, masʼuliyatsizlik kabi illatlar ustidan norozi ekanliklarini bildirganlar. Ularning fikricha, tibbiyot sohasida o‘z kasbini yuzaki biladigan, bemorni davolashni emas, balki o‘z cho‘ntagini o‘ylaydigan, taʼmagir kishilar ko‘payib qolgan. Bunday shaxslar hech qachon kasb-korini takomillashtirish haqida o‘ylamaydi, egallab olgan joyini, hatto nafaqaga chiqqan bo‘lsa-da, yosh mutaxassisga bergisi kelmaydi. 12 foiz respondent Xalq qabulxonalariga murojaat etganidan keyin ham tibbiy xizmatlar ko‘rsatishda sezilarli o‘zgarish bo‘lmaganini bildirishadi.
Keyingi ikki yilda sog‘liqni saqlash tizimini tubdan yaxshilashga qaratilgan Prezidentimizning 50 ta Farmon va Qarorlari, Vazirlar Mahkamasining 70 dan ortiq qaror va farmoyishlari qabul qilindi, 6 ta yangi ilmiy-tibbiy markazlar, ularning 10 ta filiallari tashkil etildi. Tuman va shahar shifoxonalarida 306 ta yangi ixtisoslashgan bo‘lim, 1 ming 200 ta tez tibbiy yordam shahobchalari ochildi. 2018 yilda sog‘liqni saqlashga 2017 yildagidan 40 foiz ko‘p mablag‘ ajratildi. Tibbiyot xodimlarining maoshi 2018 yil 1 dekabrdan 20 foizga, 2019 yil 1 apreldan 15 foizga oshirildi. “Farmon va qarorlar chiqarilib, – deydi Sh.M.Mirziyoev tibbiyot sohasiga oid o‘tkazgan videoselektorda, bu sohani rivojlantirish maqsadida shuncha imkoniyatlar yaratildi, dolzarb masalalar hal qilib berildi. Ammo sog‘liqni saqlash tizimida kutilgan natijalar ko‘rinmayapti. Ayniqsa, tumanlar, chekka qishloqlardagi aholi tibbiy xizmatdagi jiddiy va tub o‘zgarishlarni o‘z hayotida sezayotgani yo‘q”36.
2018 yilning o‘n bir oyida Prezidentning virtual qabulxonasiga 45 mingdan ziyod murojaatlar kelib tushgan. Ularning deyarli barchasi tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasining o‘ta pastligi, sohadagi nuqson va taʼmagirlik bilan bog‘liqdir. Yuqoridagi manba(videoselektor)da birlamchi tibbiy sanitariya yordami tizimi, tuman markaziy shifoxonalarining moddiy texnika bazasi va malakali kadrlar bilan taʼminlanish darajasi talabga javob bermasligi, hududlardagi holatni to‘liq qayta o‘rganib chiqish, bunda qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalardan markaziy tibbiyot muassasalarigacha qamrab olish, tibbiy xizmat ko‘rsatishning pog‘onama-pog‘ona tizimini, yaʼni respublika, viloyat, tuman va qishloq bo‘g‘inlari o‘rtasida bog‘liqlikni kuchaytirish, yuqumli kasalliklar profilaktikasini tubdan yaxshilash zarurligi taʼkidlangan. Masalan, joriy yilda gepatit, o‘pka sili bilan kasallanish soni respublikada 20 foizga kamaygan bo‘lsa-da, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Namangan, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarining ayrim tumanlarida salbiy ko‘rsatkichlar saqlanib qolmoqda.
Videoselektorda ixtisoslashtirilgan ilmiy amaliy tibbiyot markazlaridagi moddiy texnik baza va davolash holatini o‘rganib, mavjud kamchiliklarni hal etish, OITSning oldini olish, xorijiy davlatlarda mehnat qilib qaytgan shaxslarni majburiy test tekshiruvidan o‘tkazishning huquqiy mexanizmlarini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
Respondentlarimizning 7 foizi baʼzi yuqumli kasalliklar chetdan kirib kelayotganini, ularni asosan chetda mehnat qilib, baʼzan sanitariya-gigiyena qoidalariga mutlaq to‘g‘ri kelmagan sharoitlarda yashagan yurtdoshlarimiz olib kelayotganini bildiradilar. Ming afsuski, bunday fuqarolarga biror chora qo‘llashning imkoni yo‘q, “Xalq qabulxonalari” esa ular haqida zarur axborotlarga ega emas. Toshkent va Kibray tumani, Xiva, Urganch, Olmaliq hamda Chirchiq shaharlaridagi “Xalq qabulxonalari”ga kelib tushgan murojaatlarni o‘rganganimizda ularda chet elda ishlab kelayotgan yurtdoshlarimiz haqida maʼlum bir axborotlar borligini kuzatdik. Masalan, Toshkent shahar Xalq qabulxonasida 2017 yili 480 ta, 2018 yili 604 ta yoshlarning chet ellarda mehnat qilib kelgani qayd etilgan. Bu maʼlumotlarni Xalq qabulxonasi mahallalar va yoshlar tashkilotlaridan olgan. Bizning fikrimizcha, bu raqamlar hali real holatni ifoda etmaydi, chunki birgina Kiray tumanida 2018 yili 1498 kishi Rossiya, Qozog‘iston, Turkiyada mehnat safarida bo‘lgani aniqlangan. Yuqumli kasalliklarni hatto mayda oldi-sotdi bilan shug‘ullanuvchi, har haftada chetga chiqib mayda isteʼmol tovarlari olib keluvchilar ham keltirishi mumkin. Bu kishilar to‘g‘risida esa sog‘liqni saqlash tizimi hech qanday maʼlumotga ega emas. Shu sababdan, bizning fikrimizcha, sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan ushbu holatlarni o‘rganish hamda respublikamiz hududidan chiqayotgan va kirayotgan kishilarni doimiy nazorat qilib turish lozim. Bu esa, yuqoridagi kabi salbiy holatlarni oldini olish uchun muhim hisoblanadi.
Barcha kishilarni sog‘-salomat qilishga hech qanday tibbiyot tizim kafolat berolmaydi, sog‘-salomatlik, avvalo shaxsning sog‘lom turmush tarziga, ovqatlanish va sanitariya madaniyatiga bog‘liqdir. Kamharakatlik, noto‘g‘ri ovqatlanish, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etmaslik kabilar kishi sog‘ligiga aks taʼsir etadi. Respublikamiz aholisining yarmi ortiqcha vaznga ega, 46 foizida qoni tarkibida meʼyoridan ortiq xolesterin mavjud, 31 foizida qon bosimi yuqori37. Shuning uchun kishilarni sog‘lom turmush tarzi olib borish, muntazam tarzda jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga o‘rgatish, ratsional ovqatlanish madaniyatini shakllantirish mavjud muammolarning samarali yechimlaridan biridir.
Bundan tashqari, tibbiyot sohasida yana bir muammo bavjud bo‘lib, bu moliyalashtirishning eski usuli saqlanib qolmoqda, yaʼni tibbiyot muassasalari qilgan xizmatlariga muvofiq emas, balki, bo‘m-bo‘sh bo‘lsa-da, koyka o‘rinlar soniga qarab moliyalashtirilmoqda. Shuning uchun videoselektorda tibbiyot muassasalarini aholi jon boshiga va statsionar sharoitda davolanganlar soniga qarab moliyalashtirishga o‘tish hamda davlat xususiy sherikchilikni kengaytirish taklif qilindi.
Bugungi kunga kelib, Xalq qabulxonalari bilan tibbiyot tizimi o‘rtasida maʼlum bir aloqalar o‘rnatilmoqda. Masalan, deyarli har bir Xalq qabulxonasida navbatchilik qiladigan kichik hamshira mavjud. U qabulga kelganlarga zarur paytda ilk tibbiy yordam ko‘rsatadi. Bizning fikrimizcha, bu aloqalarni kengaytirish darkor. Tibbiyot muassasalariga murojaat qilayotgan bemorlarning dinamikasini, ayniqsa yuqumli kasalliklarning oldini olish bilan bog‘liq profilaktika ishlarini, bolalar va xotin-qizlar salomatligini taʼminlashga qaratilgan tibbiy xizmatlar sifatini kuzatib, o‘rganib borish Xalq qabulxonalariga zarur axborotlar beradi, bu esa, joylarda sog‘liqni saqlash ahvolini yaxshilashga oid chora-tadbirlar ko‘rishga asos beradi. Ming afsuski, bugun aksariyat Xalq qabulxonalari bevosita o‘ziga murojaat etgan fuqarolar ishlari bilan shug‘ullanadi, ular joylardagi muammolarga faqat murojaat tushganidagina aralashadi. Bu o‘rinda ularda ham “kabinetda ishlash” uslubi shakllanayapdi degan fikr shakllanadi. Davlatimiz rahbari barcha mutasaddilarni xalq ichida bo‘lishga, kishilarning real hayotini joylarga chiqib o‘rganishga davʼat etayotganida Xalq qabulxonalari xodimlarining “kabinetda ishlash” uslubi maqbul hol ko‘rinmaydi.
Xalq qabulxonalariga kelayotgan murojaatlarning deyarli 8 foizi uy-joy olish va kommunal xizmat ko‘rsatish idoralariga taalluqlidir. Mazkur muammolar bo‘yicha 2017 yilning to‘qqiz oyi ichida Prezident Virtual qabulxonasiga 110 mingdan ziyod murojaatlar kelib tushgan38.
To‘g‘ri, bu ko‘rsatkich turli tumanlarda turlichadir. Masalan, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida tushgan murojaatlarning 4 foizi kommunal sohaga taalluqlidir. Vaholanki, mazkur viloyatlarda ichimlik suvi taʼminoti mutlaq talablar darajasida emas. Hatto Qashqadaryo viloyatining markazi Qarshi shahar aholisining aksariyati mashinalarda tashiladigan suvlarni sotib olib, quduqlarga quyib, foydalanadi. Isitish tizimining yaxshi rivojlanmagani bois aholi o‘z bilganicha uy xonadonlarini isitadi. Shunga qaramasdan, aholining kommunal xizmatlarga oid murojaatlari kam ko‘rsatkich beradi. Shunga yaqin ahvolni Xorazm viloyatida ham kuzatamiz. Masalan, Xorazm viloyati aholisini ichimlik suvi bilan taʼminlash muammolari chorak asrdan beri hal etilmay keladi. Qishloq joylarida issiqlik energiyasi, ayniqsa gaz va elektr energiyasi taʼminoti masalasi asosiy muammoga aylangan. Shunday bo‘lsa-da, Xalq qabulxonalariga kelayotgan murojjatlar 8 foiz atrofidadir. Chamasi, bu viloyatlar aholisi mavjud muammolarga ko‘nikib, ularning ijobiy hal etilishiga ishonmay qo‘ygan.
O‘tgan o‘n yilliklarda viloyatlar aholisi hatto davlat rahbarigacha ko‘p marotaba murojaat qilgan, ammo bu murojaatlar idoralar ichida “beiz ketgan”, javobsiz qolavergan. Yana bir misol. Toshkent tumanidagi Chavalachi, Shirin va Kultepa mahallalaridan istiqomat qilayotgan aholi ko‘p yillardan beri ichimlik suvi yo‘qligidan qiynalib kelishgan. U ko‘p martalab mutasaddilarga, hokimlarga murojaat etishgan, lekin hech kim (hech qaysi mutasaddi tashkilotlar) muammoni hal etmagan. Bunday misollarni Zangiota, Keles, Kibray tumanlaridan, Angren, hatto poytaxtimizning Bektemir, Mirobod, Yashnaobod tumanlaridan ham keltirish mumkin. 2017 yil 5 apreligacha poytaxtning yuqoridagi tumanlaridan Prezident Virtual qabulxonasiga 27 ming 700 ga yaqin murojaat tushgan. Ularning qariyb 20 foizi uy-joy qurish, yer ajratish va kommunal xizmat sohasiga tegishlidir39. Poytaxt yonginasida ahvol shunday bo‘lgach, uzoq viloyatlar va tumanlardagi ahvol qandayligini ijobiy deb tasavvur qilish juda qiyin.
Prezidentimizning rahbar xodimlarning xalq orasida bo‘lishga, uning tashvishlarini hal etishda faollik ko‘rsatishga daʼvatlari, avvalo Prezident devoni xodimlarini viloyatlarda sayyor qabullar tashkil qilish va o‘tkazishga undadi. Bu ham aslida Xalq qabulxonalarining bir shakli, xalq bilan muloqotning samarali va tezkor ko‘rinishi. Prezidentning Davlat maslahatchisi o‘rinbosari A.Usmonov boshchiligida turli vazirliklar, mutasaddilar ishtirokida 2018 yil iyun oyida o‘tkazilgan ommaviy qabullarda, masalan, Xorazm viloyatida 27 ming 169 ta murojaat tushgan. Murojaatlarning asosiy qismi uy-joy olish, yakka tartibda uy qurish uchun yer uchastkalari olish, sud-huquq tizimi, moddiy yordam va nafaqalarni o‘z vaqtida olish, bank kreditlari, kommunal tizimiga taaluqlidir.
“Inson hayoti quvonch va tashvishlardan iborat, – deydi Yangiariq tumanidagi Bayot mahallasida yashovchi Nasiba Jumaniyozova. Baʼzan shunday muammolar uchraydiki, ularni hal etish uchun davlat idoralariga murojaat etishga to‘g‘ri keladi. Ilgari bunday muammolar yuzasidan idorama idora yugurib, qancha ovoragarchiligu sansolarliklarga duch kelganmiz. Endilikda barcha joylarda Xalq qabulxonalari ochilgani, mana shunday ommaviy qabullar o‘tkazilib, murojaatlarimiz adolatli ko‘rib chiqilayotgani yurtimizda inson manfaatlarini amalda taʼminlash eng ustuvor maqsadga aylanganidan dalolat beradi. O‘zim tuman obodonlashtirish boshqarmasida ishlayman, turmush o‘rtog‘im 2-guruh nogironi, uch nafar farzandim bor. Joriy yilda quriladigan yangilangan namunaviy loyihalar asosidagi arzon uy-joylardan ipoteka krediti asosida sotib olish masalasida murojaat etdim. Tuman hokimligi qoshidagi komissiyaga murojaatimni o‘rganish va ijobiy hal etib berish topshirildi”40.
Prezident Devoni xodimlari boshchiligida 2018 yil aprel oyida Namangan viloyatida o‘tkazilgan ommaviy qabulxonalar paytida aholidan 25 400 ta murojaat tushgan. Ularning aksariyati yer uchastkasi ajratish, sud-huquq tizimi, kommunal xizmat ko‘rsatish sohasiga taalluqlidir. 439 ta muammo uzoq vaqtni talab etishi qayd etilgan va fuqarolarga tegishli tushuntirishlar berilgan. Yuqoridagi raqamlar namanganliklarning “poytaxtga, xususan davlatimiz rahbari Virtual qabulxonasiga qilayotgan murojaatlarining kamaygani yo‘q”ligi ko‘rsatadi. Masalan, “Toshbuloq shaharchasida tashkil etilgan ommaviy qabulga Namangan shahri, Namangan hamda To‘raqo‘rg‘on tumanlaridan 157 kishi tashrif buyurdi. Ular tomonidan kiritilgan bandlik, huquq idoralari faoliyati, sog‘liqni saqlash, taʼlim, kommunal hamda uy-joy sohasi bilan bog‘liq masalalarga mutasaddilar tomonidan yechim izlandi. Tahlillar odamlar ko‘proq turarjoy, xususan, yer uchastkasi, ko‘p qavatli uylardan xonadonlar olish masalasida qiyinchiliklarga duch kelayotganini ko‘rsatdi. Bu masala, ayniqsa, Namangan shahrida o‘tkirligicha qolmoqda. Misol uchun, shaharning obihayot ko‘chasida yashab kelgan to‘rt ayol - Raʼno Abdullayeva, Sojida Sattorova, Zamira Saydaliyeva hamda Muhabbat Umarova yangi qurilishlar hisobiga buzilgan uy-joylari uchun adolatli haq to‘lanmayotganidan shikoyat qilishgan. Ustiga ustak, yangi uy qurish uchun ajratilgan joyning uzoqdaligi, yerining zaxligi ularni tashvishga solmoqda. To‘raqo‘rg‘onda esa Qanoat Tursunova yangi qurilgan turarjoy binosidan olgan xonadoniga ko‘chib kira olmay sarson. Quruvchilar bu yerda ishni chala tashlab ketishgan ekan. Shuningdek, Namangan tumanining Mirishkor mahallasida istiqomat qilayotgan Mohidil Darvisheva esa nogiron bo‘lgan onasi va ukasi borligi uchun uy-joyini taʼmirlash imkoni yo‘qligini bildirgan”41. Bunday misollarni minglab, yuz minglab keltirish mumkin. Prezident virtual qabulxonasining butun respublika bo‘ylab 208 ta Xalq qabulxonasi mavjud bo‘lib, 2019 yilning 2-choragiga qadar xalq qabulxonalariga 2 million 872 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Shundan 2 million 822 mingdan ortiq murojaat ko‘rib chiqilgan42.
Uy-joy va kommunal sohaga oid murojaatlar soni turli viloyatlarda turlicha ko‘rsatkich bersa-da, ular insonning tub manfaatlari bilan bog‘liq muammodir. Uy-joyga ega bo‘lmagan yoki bu boradagi muammolarini o‘zi yecholmaydigan kishi ijtimoiy hayotda faol ishtirok eta olmaydi, o‘zini jamiyatga va davlatga kerakliligini his qilmaydi. Bunday shaxsdan vatanparvar, faol inson shakllanishi juda qiyin. Davlatimiz rahbari ushbu tub manfaatning inson uchun qanchalik muhim ekanini bilgani uchun O‘zbekistonni “qurilish maydoni”ga aylantirdi. Shu bilan birga, uy-joy va kommunal soha aholi turmush darajasining, farovonligining ko‘rsatkichi sifatida mamlakat taraqqiyotini ham bildiradi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, “har bir davlat iqtisodiy rivojlanishining har bir bosqichida o‘z ijtimoiy rivojlanishining ustuvor maqsadlarini belgilaydi. Ushbu strategik maqsad odamlar farovonligini oshirishga yo‘naltirilgan. Rivojlanishning shart-sharoitlaridan kelib chiqqan holda ayrim mamlakatlar birinchi navbatdagi vazifalar qatorida ishsizlikni kamaytirish, boshqalari kambag‘allikka barham berish, uchinchilari inson salohiyatini rivojlantirish va hakozolar bilan belgilaydi. Mazkur maqsadga erishishning yondashuvlari turli bo‘lishi mumkinligiga qaramasdan, eng asosiysi ijtimoiy taraqqiyotning strategiyasini ishlab chiqishdir. Mazkur strategiya ijtimoiy muammolar ish bilan bandlikni oshirish, kambag‘allik darajasini kamaytirish va hakozolarni samarali amalga oshirish imkoniyatini beradigan mexanizmlarni yaratishga qaratilishi lozim”43. Mazkur fikrlardan kelib chiqib, asar mualliflari uy-joy bilan taʼminlanganlikni, kommunal xizmatlar darajasini, uy jihozlari kabilarni aholining turmush darajasi, turmush sifati, turmush qiymati indekslariga kiritishadi.
Aholini ish bilan taʼminlash, tadbirkorlikni rivojlantirish O‘zbekiston uchun ham strategik ahamiyatga ega vazifalardan biridir. Respublikamizda tug‘ilish yiliga yarim milliondan yuqori, bu aholini ish bilan taʼminlashni o‘tkir masala qilib qo‘yadi. Buning eng samarali yo‘li aholini o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatishiga, shu tarzda ijtimoiy-iqtisodiy va bandlik muammolarini hal qilishga yordam beradigan xususiy tadbirkorlik va ishbilarmonlikdir. Qabulxonalarga kelgan murojaatlardan maʼlum bo‘ladiki, joylardagi korrupsiya, Davlat soliq inspeksiyasi va mahalliy hokimiyat idoralaridagi to‘rachilik, qog‘ozbozlik, sansalorlik kabi illatlar tadbirkorlik va ishbilarmonlikka katta to‘siq bo‘lmoqda. Masalan, 2018 yilning birinchi yarmida o‘tkazilgan sayyor qabullar paytida korrupsiyaga oid 118 ta shikoyat tushgan. Bu jamiyatimizda korrupsiya qanchalik chuqur ildiz otganini ko‘rsatadi. Murojaatlar bo‘yicha xizmat tekshiruvlari olib borilganda ularning 65 foizi soliq tizimiga, 8 foizi tibbiyot tizimiga, 3 foizi hududiy gaz taʼminoti korxonalari, yer resurslari va davlat kadastriga, 13 foizi boshqa korxona va tashkilotlarga taalluqli ekani maʼlum bo‘lgan. Natijada 34 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod qilingan, 16 nafari intizomiy jazoga tortilgan, 3 holatda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tadbirkorlarning arz-shikoyatlarini vaqtida ko‘rib chiqib, ularning huquqlarini himoya qilishi zarur bo‘lgan prokuratura, ichki ishlar organlari, sudlarda ham g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar sodir etilayotgani ajablanarli hol, albatta. Prezident Devoni xodimlari tomonidan o‘tkazilgan yuqoridagi sayyor qabullarda tushgan murojaatlarning 22 foizi Bosh prokuraturaga, 14 foizi Oliy sudga, 12 foizi Ichki ishlar vazirligiga taalluqliekanligi maʼlum bo‘lgan. Bosh prokuraturaga taalluqli murojaatlarning 1 ming 733 tasi huquq idoralari va sudlar qaroridan norozilik, 1 ming 155 tasi uy-joy va yer maydonlari, 1 ming 40 tasi bandlik va ish haqi, 529 tasi elektr, gaz va yoqilg‘i taʼminoti, 508 tasi moddiy yordam, 437 tasi tadbirkorlik, terminal va plastik karta, valyuta amaliyoti, 301 tasi bank krediti, 280 tasi sog‘liqni saqlash, 260 tasi taʼlim, 229 tasi qishloq xo‘jaligi, 220 tasi moliya, soliq, qarzdorlikni undirish, 194 tasi obʼekt qurish, ko‘chirish va rekonstruksiya, 148 tasi oila, maishiy va mahalla bilan bog‘liqdir. Tadbirkorlarning 417 ta murojaati qondirilgan. Sud tizimiga oid murojaatlarning eng ko‘pi Toshkent shahri, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlariga to‘g‘ri keladi. Sayyor qabullar paytida 3 mingdan ortiq fuqarolar va tadbirkorlik subʼektlariga 488 milliard so‘m kredit ajratilishi taʼminlandi, 5 ming 642 nafar murojaatchining naqd pul muomalasi, 268 nafar tadbirkorning valyuta operatsiyalariga oid masalalari hal etildi44.
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash Prezidentimizning doimiy diqqat markazida turgan masalalardan biridir. U davlat rahbari vazifasiga kelganda imzo chekkan hujjatlardan biri PF-4848 sonli “Tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlanishini taʼminlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni (2016 yil 5 oktabr)bo‘ldi. Unga ko‘ra tadbirkorlik faoliyatiga g‘ayriqonuniy aralashganlik va to‘sqinlik qilganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi oshirildi, prokuratura xodimlari zimmasiga bunday ishlarni nazorat qilish va qonuniy choralar ko‘rish masʼuliyati yuklatildi. Masalan, 2017 yilning dastlabki ikki oyida Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan 616 nafar tadbirkorning huquqlari buzilgani aniqlangan, 12 nafar mansabdor shaxs intizomiy va maʼmuriy jazoga tortilgan.
Davlat boshqaruvi organlarining xalqqa xizmat ko‘rsatish qonun-qoidalariga qay darajada amal qilayotgani o‘rganilganida 2116 holatda xizmat ko‘rsatish tartibi, 5 holatda murojaatlarga oid qonun hujjatlari talablari, 4 holatda tadbirkorlik subʼektlari faoliyatini tekshirish va taftish qilish tartibi buzilgani aniqlangan. Ikki holatda banklar tadbirkorlarga pul mablag‘lari berishni asossiz kechiktirgan, yana ikki holatda noqonuniy javobgarlikka tortishga yo‘l qo‘yilgan. Nazorat jarayonida 184 nafar tadbirkorning faoliyatiga oid muammolar hal etildi, jumladan, 78 nafar tadbirkorlik subʼektiga 8,8 milliard so‘mdan ziyod kredit, 4 nafar tadbirkorga 140 gektar yer ajratilishi, 71 nafar tadbirkorga terminal berilishi, 18 nafar tadbirkorning elektr va gaz tarmoqlariga ulanishi taʼminlandi, 389 ta ish o‘rinlari ochildi.45 Bunday misollarni yana keltirish mumkin.
Asosiy fikr shundaki, tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilish biznesni rivojlantirish va inson huquqlarini, o‘tgan o‘n yillardagidek deklarativ tarzda emas, chindan ham, amalda taʼminlash orqali yuqori darajadagi farovon ijtimoiy taraqqiyotga erishishdir. Bu o‘rinda davlat organlarining hamkorligi muhimdir. Xalq qabulxonalari, sayyor qabullar qabul qiladigan qarorlar yuridik, amaliy kuchga ega bo‘lganidagina inson manfaatlariga, adolat tantanasiga, mavjud muammolarni amaliy hal etishga yordam beradi. Boshqaruv tizimidagi byurokratiyani, sansalorlik va g‘ayriqonuniy xatti-harakatlarni bartaraf etish xalq murojaatlarini tinglash, o‘rganish uchun kamlik qiladi, o‘rganilgan har bir murojaat amaliy chora tadbirlar ko‘rishni taqozo etadi. Baʼzan obʼektiv sabablar muammoni shu zahoti hal etish imkonini bermaydi, u yuqori idoralar bilan kelishishni, mutaxassislar, ayniqsa, zarur moddiy-texnik bazaga ega idoralarni jalb qilishni talab qiladi.
Tajriba ko‘rsatadiki, aholi murojaatlarida qonuniy talablar va ehtiyojlar ustuvorlik qiladi, ular ichida inson manfaatlariga va ehtiyojlariga zid, destruktiv amallarni maqsad qilgan, salbiy holatlar uchramaydi. To‘g‘ri, baʼzan o‘z haq-huquqlarini tez va o‘zi istaydigan hajmda qondirilishini istaydigan shaxslar topiladi. Ular hissiyotga berilib ketishadi, davlat idoralarini, masʼul xodimlarni g‘ayriqonuniy harakatlar qilayotganligi haqida gumonsirashadi. Bu aslida o‘tgan o‘n yilliklarda shakllangan stereotip bo‘lib, zamon talablari butunlay o‘zgargani, davlat idoralari inson, xalq manfaatlariga xizmat qilishni o‘z amaliy faoliyatining bosh prinsipiga aylantirayotganini qisqa vaqtga unutib qo‘yish bilan bog‘liqdir. Muhimi shundaki, bugun davlat idoralarining inson, xalq manfaatlariga xizmat qilishini amalda taʼminlashga qodir bo‘lib, boshqarishning samarali usuli topilgan, bu Prezident Virtual va Xalq qabulxonalaridir. Vazirliklar, hokimliklar va jamoat tashkilotlari ochgan portal aloqalar ana shu, innovatsion ko‘rinishga ega, jamiyatda inson manfaatlarining ustuvorligini taʼminlashga xizmat qiluvchi institutning mahsullaridir.



Download 124.97 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   16




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling