Namanagan davlat universiteti yuridik fakultet


II-BOB. “XALQ QABULXONALARI” - INSON MANFAATLARINI DEMOKRATIK HIMOYA QILISH INSTITUTI


Download 124.97 Kb.
bet8/16
Sana16.06.2023
Hajmi124.97 Kb.
#1499067
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   16
Bog'liq
NAMANAGAN DAVLAT UNIVERSITETI

II-BOB. “XALQ QABULXONALARI” - INSON MANFAATLARINI DEMOKRATIK HIMOYA QILISH INSTITUTI

Mazkur bobda O‘zbekiston Respublikasi milliy taraqqiyotning yangi bosqichiga o‘tgach, davlat boshqaruv tizimida amalga oshirilgan islohotlar va ularning ijtimoiy-falsafiy mohiyati tadqiq etiladi. Unda davlat boshqaruv tizimi o‘zining strategik maqsadi - demokratik huquqiy davlat qurishga sodiq qolgani holda, zamon talablariga muvofiq keladigan, ayniqsa inson, xalq manfaatlariga xizmat qiladigan yangi mexanizmlarni joriy etishga hojatmand ekani, uning bu ehtiyoji davlatimiz rahbari Sh.M.Mirziyoevning kreativ faolligi, tashabbuslari va dadilligi bilan bog‘liqligi ochib beriladi. O‘tgan o‘n yilliklarda shakllangan boshqaruv usullari xalq manfaatlaridan uzoqlashib, sohada byurokratiyani, sansalorlik va korrupsiyani avj olgani, mazkur salbiy hollarning kishilar kayfiyatiga, turmush darajasiga va davlat idoralariga salbiy munosabatlar shakllantirgani yoritiladi.


Bobda yangi bosqichning immanent belgilari, amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy yo‘nalishlari, bu sohalarda ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, qabul qilingan hujjatlar va dasturlar tahlil qilinadi, ularning inson, xalq manfaatlariga yo‘naltirilgan mohiyati bayon qilinadi. Milliy taraqqiyotimizning yangi bosqichi O‘zbekistonning global taraqqiyotga tomon yuzlanganini, innovatsion rivojlanish orqali mutlaq yangi tafakkur va hayot tarzini yaratayotganini anglatadi.


2.1. Taraqqiyotning yangi bosqichida demokratik boshqaruvdagi o‘zgarishlarning ijtimoiy mohiyati
Harakatlar strategiyasida belgilangan beshta ustuvor yo‘nalish davlat boshqaruvini takomillashtirish bilan uzviy bog‘liqdir. Xo‘sh, mazkur o‘zgarishlarning demokratik mohiyati nimalardan iborat? Nega biz ularni alohida ajratib ko‘rsatayapmiz? O‘zgarishlarning demokratik mohiyatga ega ekani nimalarda o‘z aksini topadi? O‘tgan o‘n yilliklarda biz maqtagan va “eng odil va demokratik” deb ko‘klarga ko‘targan boshqaruv tizimining qandayligini Sh.M.Mirziyoevning “tanqidiy tahlil” metodi ochib berdi, shunday ekan, bu safar ham o‘sha sanoxonlikka berilayotganimiz, yo‘q narsani bor qilib ko‘rsatayotganimiz, shu tariqa tag‘in o‘zimizni o‘zimiz aldayotganimiz yo‘qmi?
Boshqaruv tizimiga o‘zini-o‘zi ulug‘lash, arzimas yutuq bilan maqtanish, “men senga tegmayman, sen menga tegma” tarzida ishlashga moyillik xos. Masalan, Prezidentimiz sog‘liqni saqlash tizimini, tibbiy xizmatlar talablarga umuman javob bermayotganini keskin tanqid qilgan. Bugungi kunda asosan, “Xalq qabulxonalari”ga kelib tushayotgan murojaatlarning asosiy qismi sud-huquq tizimi, bank va tibbiy xizmatlar ko‘rsatish sohalariga oiddir. Byurokratiya boshqaruv tizimining azaldan sevimli quroli, vositasi bo‘lib kelgan. Aks holda ajdodlarimiz, xalqlar adolatli, xalqparvar davlat qurishni o‘z orzulariga aylantirmasdilar. Demak, davlat boshqaruvi mavjud ekan, uni adolat, xalqparvar ishlashini taʼminlash masalalari kun tartibidan tushmaydi.
G‘arb tadqiqotchilari, faylasuflarining davlat boshqaruvini inson manfaatlariga, uning huquq va erkinliklarini himoya qilishga yaqinlashtirish borasidagi keskin fikrlarni bildirishi bejiz emas.5
Boshqaruv to‘g‘risida gap ketganida ushbu faoliyatning monistik xususiyati va shaxs erki masalasi paydo bo‘ladi. R.Shtaynerning fikriga ko‘ra, boshqaruv, tashqi taʼsir subʼekti sifatida o‘ziga mos keladigan, “sodda realizm” talablariga bo‘ysunishni istaydi. Har qanday tashqi talab, shaxsga yo‘naltirilgan norma, g‘oya yoki talab erkka zid. “Monizm nuqtai-nazaridan qandaydir tashqi taʼsirlarga ergashgan kishi o‘z xatti-harakatlarida erkin emas; u o‘zi o‘ziga bo‘yinsunganida xatti-harakatlarida erkindir. Monizm tushunchalar va tasavvurlar ortiga yashiringan ongsiz taʼsir borligini tan olmaydi6.
Monizm tarafdori bo‘lgan boshqaruv ham “ongsiz taʼsir” obʼektlari, sabablari borligini tan olmaydi, unga “sodda realizm” bo‘lsa-da, aniq tasavvur va amalga oshirilishi ayon bo‘lgan xatti-harakatlar, rejalar kerak. U insonga yakunlangan mavjudot emas, balki maʼnaviy-ruhiy yetuklikni izlaydigan, uning fikr va tasavvurlari, hayoti va xatti-harakatlariga butunlik baxsh etadigan monizm ifodasi deb qaraydi. “Monizm biladiki,- deb yozadi R.Shtayner - tabiat insonni o‘z takomilini, hali erkin bo‘lmagan mavjudot sifatida amalga oshirmaguncha, o‘zini o‘zi topgan nuqtaga yetmagunicha, takomil topgan erkin ruh sifatida o‘z qo‘lidan chiqarib yubormaydi”7.
Aslida insonning takomilga yetishi tabiatning vazifasi emas, u antropologik muammo bo‘lib, shaxs va sotsium o‘rtasidagi munosabatlar mahsuli sifatida keladi. Bunday takomilni avvalo shaxsning o‘zi istashi, o‘zi-o‘ziga maʼqul keladigan maʼnaviy axloqiy tartiblarni, psixofiziologik normalarni yaratishi zarur. Bu o‘rinda sotsium vakili yoki takomil buyurtmachisi bo‘lib insonparvar va xalqparvar, adolat prinsiplarini amaliyoti usuli qilib olgan boshqaruv, davlat chiqishi mumkin. Erk masalasi nafaqat shaxsni, shuningdek, sotsiumni, davlat va boshqaruv institutlarini ham qiziqtirib keladi. Davlat va boshqaruvning inson faoliyatini unifikatsiyalashtirishga moyilligi shaxsni ularga antogonist qilib qo‘ymasa-da, har holda uni doimo oppozitsiyada turganini bildiradi. Bu oppozitsiya davlat va boshqaruvni mutlaq rad etmaydi, balki u davlat va boshqaruv institutlarini yanada toza, xalq manfaatlari talablariga, demokratik prinsiplarga muvofiq ishlashini esiga solib turadigan kuchdir.
Shaxs umumning, yaʼni xalqning, millatning, sotsiumning atributi, ajralmas qismi, uning davlat va boshqaruvga oppozitsiyada ekanligi umummanfaatlarning xususiy manfaatlar ham borligini unutmasligi tarafdori ekanligidadir. Xususiy manfaatlarsiz shaxs erki haqida gapirish mumkin emas, shaxs o‘z manfaatlarini anglashi orqali umummanfaatlar zarurligiga keladi. E.Mane “bugun liberalizm ishonchni yo‘qotdi, endi erkni qutqarish uchun hamjamiyatlar haqida gapirish kerak”, deganida8 ana shu umummanfatlar zarurligini nazarda tutadi.
Umummanfaatlarni davlat va boshqaruvsiz amalga oshirib bo‘lmaydi, biroq ular avtoritar yoki despotik boshqarish vositasiga aylanmasligi kerak. Davlat va boshqaruvning vazifasi umummanfaat bilan shaxs erki, manfaalari o‘rtasida garmonik aloqalarni shakllantirish, shaxs manfaatlarining oppozisionistik xususiyatini tan olgan holda, ularni sotsiumdagi o‘zgarishlarga integratsiyalashni taʼminlashdir. Bu integratsiya islohotlar eʼlon qilish, hatto samarali qonunlar qabul qilish bilan ham amalga oshavermaydi, xalq, millat tarixiy madaniy paradigmasidan joy olgan barqaror qadriyatlar uni dolzarblashtiradi yoki kutilmagan to‘siqlarni keltirib chiqaradi. Bu to‘siqlarni baʼzan kishilar mentalitetidagi takabburlik, yo‘q narsani bor qilib ko‘rsatishga moyillik, manipulyasiyalarga berilish kabilar ham uyg‘otishi mumkin.
Har bir ijtimoiy-tarixiy bosqich nimalari bilandir oldingi bosqichdan farq qiladi, kishilar, jamiyat hayotida o‘chmas iz qoldiradi. Milliy taraqqiyotimizning hozirgi, yangi bosqichi, bizning fikrimizcha, quyidagi fundamental xususiyatlari bilan oldingi bosqichdan farq qiladi:
birinchidan, ijtimoiy hayotga, faoliyatimiz va rejalarimizga tanqidiy yondashishni olib kirdi;
ikkinchidan, xalq bilan muloqot institutini shakllantirib, demokratiyani chinakam, real voqelikka aylantirdi;
uchinchidan, islohotlarni inson manfaatlari tomon burdi, aholining, kishilarning real hayoti, qonuniy talablari va ehtiyojlarini qondirishni boshqaruv tizimi ustiga yukladi;
to‘rtinchidan, davlat boshqaruv tizimida xalqqa xizmat qilishning deklarativ shaklidan amaliy shakliga o‘tishni amalga oshirdi;
beshinchidan, jamiyatni modernizatsiyalash jarayonlarini innovatsion izlanishlar bilan to‘ldirdi, shu tarzda xalq ommasining ijtimoiy faolligini taʼminlashning yangi texnologiyasini yaratdi.
O‘tgan o‘n yilliklarda biz mustaqillik haqidagi eyforiyaga berilib, o‘zimizga, qilayotgan ishlarimizga tanqidiy baho berishni unutdik. Ommaviy axborot vositalarini, yozilgan kitoblar va yoqlangan dissertatsiyalarni kuzatgan kishi ularda asosan sanoxonlik, maqtanish ustuvorligini ko‘radi. Ilm-fan obʼektiv borliqni mavjud ziddiyatlarini aniqlab, ushbu ziddiyatlarni bartaraf etish yo‘llarini, texnologiyasini izlaganida, tafakkurni, ongni yangi fikrlar va yondashuvlar bilan boyitganidagina o‘z funksiyasini bajarishi mumkin. Tanqidiy yondashuv fikrni charxlaydi, tafakkurni sergak turishga undaydi, ziddiyatlarni topib, ularga yechimlar qidiradi, insonni tinmay izlanishlarga, yangiliklar yaratib, ijtimoiy borliqni mudom takomillashtirib borishga yetaklaydi. Mutlaq qotib qolgan, mutlaq o‘zgarmas yoki inson faoliyati bilan bog‘liq har narsa yanada takomillashtirilishi, yanada mukammallashtirilishi mumkin. Bularning negizida hamisha tanqidiy yondashuv yotgan.
Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoev o‘zining uzoq yillarga mo‘ljallangan qarashlari, mamlakatni rivojlantirish strategiyasi jamlangan 2017 yil 14 yanvardagi Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi maʼruzasini “Tanqidiy tahlil, qatʼiy tartib intizom va shaxsiy javobgarlik – har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi bo‘lishi kerak” deb nomlagan. Mavzuning nomi Prezident diqqatini tanqidiy yondashuv va davlat boshqaruviga qaratganini ko‘rsatadi. U dadillik bilan majlis ahliga “nima sababdan o‘tgan yilda iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarni rivojlantirishning ayrim ko‘rsatkichlariga erishilmadi? Buning uchun kim shaxsan javob beradi?... Kelgusi besh yil davomida qanday strategik vazifalarni amalga oshirimiz kerak?” degan savollarni beradi9 va mutasaddi shaxslardan aniq javoblar talab etadi. Ilgari bunday yig‘ilishlar sovetlar davri kamchiliklarini ko‘rsatishdan boshlanib, o‘zimizni ulug‘lash bilan tugallanardi. Sovetlar davriga salbiy fikr yuritish, buyuk merosga ega ekanimizni taʼkidlash, “ayrim kamchiliklar ham bor” tarzida real hayotni xas-po‘shlash odatga aylangandi. Sh.M.Mirziyoev bunday xas-po‘slash odati uning ish uslubi emasligini bildirib dedi: “Majlis ishtirokchilarini ogohlantirib qo‘ymoqchiman: “g‘alaba raportlari” va qilingan ishga doir hisobotlarga berilmasdan, asosiy diqqat eʼtiborni mavjud kamchiliklar va ularning ildizlarini puxta tahlil qilishga qaratish zarur. Shuningdek, mamlakat Prezidenti va hukumati darajasida yechiladigan aniq takliflar va muammoli masalalarga eʼtibor berish shart... Tanqidiy tahlil, qatʼiy tartib intizom va shaxsiy javobgarlik har bir rahbarni bu Bosh vazir yoki uning o‘rinbosarlari bo‘ladimi, hukumat aʼzosi yoki hudud hokimi bo‘ladimi, ular faoliyatining kundalik qoidasi bo‘lib qolishi kerak”10. Bu talabni darrov davlat boshqaruvi, mutasaddi rahbarlar faoliyatidan joy olishini tasavvur etish qiyin. Shuning uchun Prezident har Farmoni va Qarorini sohani tanqidiy tahlil qilish bilan boshlaydi, keyin ushbu kamchiliklarni bartaraf etish yo‘llarini ko‘rsatadi. Masalan, uning 2018 yil 4 mayda imzolagan PF-5430 – sonli “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida mavzumizga va dissertatsiyamiz konsepsiyasiga taalluqli bo‘lgani uchun undagi tanqidiy fikrlarni to‘laligicha keltiramiz. Unda nodavlat notijorat tashkilotlari samaradorligini oshirishga qaratilgan 200 dan ortiq normativ huquqiy hujjat qabul qilingani, bugun 9200 dan ziyod nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat olib borayotgan bo‘lsa-da:
birinchidan, davlatning fuqarolik jamiyati bilan samarali va konstruktiv muloqot mexanizmlari yo‘lga qo‘yilmagan, nodavlat notijorat tashkilotlarining ehtiyojlari tizimli tahlil qilinmayapti, davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning muhim masalalari bo‘yicha o‘zaro fikr almashish uchun samarali maydonlar yaratilmagan;
ikkinchidan, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga nodavlat notijorat tashkilotlarini jalb qilish darajasining pastligi barcha ijtimoiy guruhlarning turli nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan ifodalanadigan manfaatlarini chuqur o‘rganish hamda inobatga olishga imkon bermayapti;
uchinchidan, yetarli qonunchilik bazasi yaratilganiga qaramay, ijtimoiy sheriklik davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida fuqarolarning keng ko‘lamli ijtimoiy muammolarini hal qilishga, ularning, ayniqsa, yoshlarning tashabbuslari va zamonaviy g‘oyalarini haqiqatda ilgari surishga qaratilgan hamkorlikning samarali mexanizmiga aylana olmadi;
to‘rtinchidan, mamlakatni sotsial iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy jihatdan yanada rivojlantirish bo‘yicha innovatsion g‘oyalarni taklif etuvchi faol, o‘zining tashabbuslariga tayanib faoliyat ko‘rsatadigan nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish choralari lozim darajada amalga oshirilmayapti;
beshinchidan, nodavlat notijorat tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarini, ularning faoliyati tartibini belgilovchi qonunchilik normalarida ortiqcha byurokratik talablar va g‘oyalar nazarda tutilgan bo‘lib, bu normalar eskirgan va zamon talablariga javob bermaydi;
oltinchidan, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan qo‘llanilayotgan idoralararo hamkorlik usullari samarasizdir, davlat organlari o‘rtasida maʼlumotlar va axborotlar almashishning yagona mexanizmlari mavjud emas;
yettinchidan, nodavlat notijorat tashkilotlarining moddiy texnika taʼminoti hanuzgacha qoniqarsiz holatda qolmoqda, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlashga davlat tomonidan ajratilayotgan mablag‘lar o‘rta muddatli hamda umumrespublika miqyosidagi loyihalar va dasturlarni amalga oshirishga imkon bermayapti”11.
Mazkur fikrlardan maʼlum bo‘ladiki, O‘zbekistonda yildan yilga fuqarolik institutlarining soni oshib borayotgan va davlat qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa-da, ularning demokratik yangilanishlardagi ishtiroki sezilarli emas, rasmiyatchilik ular faoliyatida ildiz otgan. Maxsus tadqiqotlar ham ko‘rsatadiki, ular asosan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bilan shug‘ullanadi, real muammolarni hal etish, joylardagi ijtimoiy sharoitni yaxshilashga taʼsir etish kuchiga ega emas12. Ijtimoiy-siyosiy hayotda faol ishtirok etish, fuqarolarni hududiy muammolarni hal qilishga jalb etish, mustaqil institutlar sifatida ijtimoiy fikrni shakllantirishga ularning sezilarli hissa qo‘sholmayotgani jamiyatda eʼtiroz uyg‘otmay qolmaydi, albatta.
Sh.M.Mirziyoev tanqid real muammolarni yechishga qaratilishini, u mohiyatan pragmatistik bo‘lishini istaydi. Ilgari qo‘llanilgan “shu bilan birga baʼzi bir muammolar ham bor” degan mavhum, hech qanday real muammoni yechishga qaratilmagan “tanqid”, “navbatdagi kompaniyabozlik” bo‘lishini istamaydi, bu ish usullari unga yot. U Oliy Majlis va uning deputatlarini, Vazirlar Mahkamasi va uning institutlarini tanqid qilishdan qaytmaydi, ularni mavjud muammolarga yechim topishga, faol ishlashga undaydi. “Kishilar, aholi bizdan real natijalarni, aniq ishlarni kutmoqda”, – deb uqtiradi u. Mazkur pragmatizm Sh.M.Mirziyoev siyosatining hozirjavob, konstruktiv va xalqparvarligini ko‘rsatadi.
Xalq bilan muloqot instituti yangi davrga xos, Sh.M.Mirziyoevning mamlakatni demokratik yangilash siyosatining mahsulidir. Avval O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi qoshida tashkil etilgan “Xalq qabulxonalari” keyin rasmiy statusga ega Prezident “Xalq qabulxonalari”ga aylantiriladi. 2016 yil sentyabrdan u barcha viloyatlar, tumanlar va shaharlarda tashkil etiladi. Bugun ular ijtimoiy sohalarga oid mutaxassislar bilan taʼminlangan va joylardagi davlat boshqaruvi institutlari bilan istagan paytda aloqalar o‘rnatish imkoniyatlariga ega.
2017 yilning “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb atalishi bilan qabul qilingan davlat dasturlarini bajarish bir qator amaliy chora-tadbirlarni qo‘llashga undadi. Bulardan biri fuqarolar bilan ochiq muloqot o‘rnatishning samarali mexanizmlarini izlab topish bilan bog‘liq bo‘ldi. Prezidentimiz Prezident Virtual va Xalq qabulxonalari ochishni taklif etdi. Keyinchalik Virtual qabulxonalar Vazirlar Mahkamasi, Bosh prokuratura, Soliq Qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi qoshida ham ochiladi. “Ana shu ishlarning bosh maqsadi, – deb ko‘rsatadi Sh.M.Mirziyoev, – fuqarolarning qonuniy murojaatlarini qisqa muddatda sinchiklab ko‘rib chiqishni va hal etishni taʼminlashdir. Bu borada raqamlar va silliq hisobotlarning orqasidan quvib, navbatdagi kompaniyabozlikni uyushtirish kerak emas. Buni xalq hech qachon kechirmaydi!”13.
Prezident Virtual va Xalq qabulxonalarining hayotiyligi ularning ishchanligi, xalq bilan aloqalari, kishilardan tushgan murojaatlarni tez va o‘z o‘rnida hal etishi kabilarda namoyon bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari тўғрисида» 2017 yil 12 dekabrdagi PF-5278-son farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi faoliyatini tashkil etish тўғрисида» 2017 yil 12 dekabrdagi PQ-3430-son qarorini ijrosini taʼminlsh maqsadida Xalq qabulxonalari qoshida Davlat xizmatlari markazlari tashkil etilishi o‘z navbatida fuqarolar murojaatlarini tez va aniq yechimini topishga ko‘maklashadi. Keyinchalik mazkur markazlar va Agentlik yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga ulanadi. 2018 yilning sakkiz oyi ichida davlat xizmatlari markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar turlari soni 37 tadan 100 taga yetkaziladi. Markazlarga murojaat etgan fuqarolar soni 2017 yildagiga nisbatan 2018 yil sentyabrigacha 15 barobar oshib qariyb 1,8 million kishini tashkil etgan. Davlat xizmatlari ko‘rsatish chog‘ida taqdim etiladigan hujjatlar soni 127 tadan 78 gacha qisqartirilgan14.
Xalq qabulxonalarining ijtimoiy hayotdagi o‘rnini muallif quyidagicha ifodalaydi: “Prezident tashabbusiga ko‘ra shakllantirilgan o‘ziga xos tuzilma fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarning ko‘rib chiqilishini nazorat qilish bilan birga, shikoyat va arizalarning mazmun mohiyatini tizimli tahlil qila bordi. O‘zbekistonliklarning bu minglab murojaatlarida bizning butun mamlakat miqyosidagi voqeligimiz go‘yo ulkan ko‘zgudagidek aks etdi. Haqiqatni yillar davomida yashirish ayanchli holatga olib kelgan va fuqarolar endi muammolar iqtisodiyot va ijtimoiy hayotni boshqarish vositalarining nomutanosibligi, hududlarning bir maromda rivojlanmaganligi, korrupsiya, ko‘zbo‘yamachilik, masʼuliyatsizlik va boshqa ko‘pgina masalalar haqida Prezidentga murojaatlarida ochiq ayta boshlashdi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri, samarali muloqotning eng katta yutug‘i esa odamlarning davlatga ishonchi mustahkamlangani bo‘ldi.
Prezident Xalq qabulxonasi aholi nazdida chinakkamiga xolislik, adolat va shaffoflik timsoliga aylandi. Ushbu tamoyillarga og‘ishmay amal qilish davlat organlari faoliyatining samaradorligini taʼminlabgina qolmay, qarorlarning aniqligiga erishish, respublikada qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, loyihalar va dasturlarni eng mayda jihatlarigacha taroziga solib ko‘rish imkonini yaratmoqda. Prezident Virtual qabulxonasi doimiy rivojlanishdan to‘xtamayapti. Bu jo‘shqinlik keyingi demokratik islohotlar, davlat boshqaruvini haddan tashqari markazlashtirishdan voz kechish va qator vakolatlarni hududiy organlarga berish, rahbarlarning shaxsiy masʼuliyatini oshirish, davlat dasturlarini fuqarolarning murojaatlari asosida tayyorlashga kuchli turtki bermoqda”15.
“Xalq qabulxonalari” butun davlat boshqaruv tizimini harakatga keltirdi. Oliy Majlis deputatlari, Oliy sud xodimlari va vazirlardan tortib to joylardagi hokimlar, idoralar rahbarlari, jamoat tashkilotlari “xalq ichiga yurish” qilishga o‘tdi. Rasmiy manbalarga ko‘ra, 2018 yil sentyabrgacha mahalliy hokimiyat organlari va idoralar rahbarlari ishtirokida 68 mingdan ziyod qabullar hamda 20 mingga yaqin sayyor qabullar tashkil etilgan. Murojaatlar bilan ishlashda xatoga yo‘l qo‘ygan yoki o‘zining manfaatlarini ko‘zlagan, g‘ayriqonuniy harakatlar sodir etgan shaxslarning 3650 tasi bo‘yicha taqdimnoma kiritilgan, shundan 2596 xodim intizomiy, 704 xodim jinoiy javobgarlikka tortilgan, 181 xodim bilan mehnat shartnomalari bekor qilingan16.
Islohotlarni inson manfaatlari tomon burish, aholining, kishilarning real ehtiyojlarini ko‘zlash va ijtimoiy-iqtisodiy sohani ularga yo‘naltirish yangi bosqichning muhim belgisi hisoblanadi. O‘tgan o‘n yilliklarda iqtisodiy o‘sish haqida ko‘p gapirilardi, kishilar anglashi qiyin bo‘lgan raqamlar, foizlar, boshqa respublikalarga qiyoslashlar keltirilardi, biroq oddiy kishilar, mehnatkash xalq o‘z g‘ami bilan qolaverardi. Ular nafaqat ish joyi topar, hatto oilasini boqishga yetarli mablag‘ topolmay, Rossiya, Qozog‘iston va uzoq yurtlarga ketib qolardi. Ularning ichida qaytib kelmaslikka qaror qilganlar ham talaygina.
Demokratiya haqidagi deklarativ daʼvatlarning hech kimga nafi yo‘qligi rahbarlarning xayoliga ham kelmasdi. Mazkur ko‘zbo‘yamachilikning zararli oqibatlarga olib kelayotganini ko‘rgan va bilgan Sh.M.Mirziyoev deydi: “Hayotning o‘zi va xalqning talablari bizning oldimizga amaliy yechimini topish lozim bo‘lgan yangi va yanada murakkab vazifalarni qo‘ymoqda. Bu o‘rinda asosiy muammo, mening nazarimda, quyidagilardan iborat: Birinchidan, ayrim idoralar va ularning rahbarlari real hayotdan va xalq ehtiyojlaridan maʼlum darajada uzilib qolmoqda. Ikkinchidan, tarmoq va hududlarni rivojlantirish konsepsiyalari va dasturlarini ishlab chiqishda yuzaki yondashuvga yo‘l qo‘yilmoqda. Va nihoyat, uchinchi asosiy kamchilik, ko‘pchilik rahbarlarning murakkab muammolarni kabinetdan chiqmasdan, iqtisodiyot tarmoqlari, har bir korxonadagi, shahar va tumanlardagi, ayniqsa, qishloq joylardagi ishlar qanday ahvolda ekanini chuqur o‘rganmasdan hal etishga odatlanib qolgani bilan bog‘liq. Shuning uchun bugun Bosh vazir o‘rinbosarlaridan o‘zlariga qarashli vazirlik va idoralarning advakati bo‘lib emas, balki, eng avvalo, davlat manfaatlaridan kelib chiqqan holda ana shu savollarga g‘oyat aniq va ravshan javob berishni talab qilaman. Shuningdek, kompleks tarkibidagi har bir boshqaruv organi rahbariga jiddiy va aniq baho berishni so‘rayman”17. Ko‘rinib turibdiki, davlatimiz rahbari masalani aniq qo‘yayapti va rahbar xodimlardan ham aniq javob talab qilayapti. Bu talab xalq manfaatlarini qondirish, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni inson tomon burish, davlat boshqaruvi va xizmatlarini ratsional yo‘lga qo‘yib, insonni ijtimoiy tuzumdan rozi yashashiga erishishdek oliyjanob maqsadga yo‘naltirilgan.
“Davlat xizmati” tushunchasi XIX asrning oxirlarida paydo bo‘lgan. Uning nazariy asoschisi M.Veber hisoblanadi. Uning nazariyasiga ko‘ra, “zamonaviy demokratik davlatlarda davlat xizmatini tashkil etuvchi patriarxal tizimi o‘rniga ratsionalistik davlat xizmatidan foydalaniladi. Bu usulning asosiy belgilari quyidagilar: davlat ishlari yuqori malakali ijrochilar tomonidan bajariladi; ijrochilar o‘z faoliyatini qonunchilikda o‘rnatilgan talab va qoidalar asosida ado etishadi; davlat vazifalarini ijro etish alohida shaxslar manfaatlariga bog‘liq bo‘lmaydi”18.
Mazkur talablar zamonaviy demokratik davlatlardagi boshqaruv tizimiga muvofiq keladigan maʼlum bir prinsiplarga tayanadi. “Birinchisi, davlat xizmati siyosiy tizimga emas, davlatga xizmat qilishi lozim; ikkinchisi, ratsionalistik byurokratiya tizimi davlat xizmatini tashkil etishdagi eng maʼqul yo‘l bo‘lishi kerak; uchinchisi, davlat xizmatini ijro etish maʼlum bir shaxslar taʼsiriga emas, davlat ehtiyojlaridan kelib chiqib amalga oshirilishi kerak”. Bizdagi davlat xizmatlari, avvalo, kishilarning u yoki bu davlat xizmatlariga bo‘lgan talablarini qondirishga xizmat qiladi. To‘g‘ri, unda asosiy eʼtibor xizmat turlarini kengaytirish va sifatini oshirishga qaratiladi, kishilarga zarur bo‘lgan xizmat turlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, ular zamonaviy axborot-texnologiyalar bilan taʼminlanadi. Davlat xizmatlarini ko‘rsatishni zamonaviy talablarga ko‘tarish uchun Adliya vazirligi qoshida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etildi. Prezidentimizning 2018 yil 11 apreldagi “Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorida taʼkidlanganidek, “hozirgi vaqtda nafaqat tadbirkorlarga, balki aholiga ham eng zarur va talab yuqori bo‘lgan davlat xizmatlarini “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha ko‘rsatish maqsadida respublikaning har bir tuman va shaharlarini qamrab olgan Xalq qabulxonalari huzuridagi davlat xizmatlari markazlarining yagona tarmog‘i yaratildi”19.
Unga ko‘ra, tashkilotlarda bazaviy axborot tizimlarini shakllantirish, idoralararo integratsiyani taʼminlash, davlat xizmatlarini kishilarga qulay va o‘z vaqtida sifatli ko‘rsatish, jismoniy va yuridik shaxslar, ko‘chmas mulk, turar joylar, yer resurslari, geodeziya, kartografiya, kadastr, arxivlar haqidagi yig‘ma maʼlumotlar, hujjatlar ryestrini yaratish davlat organlarining vazifasi hisoblanadi. Mazkur maʼlumotlar va hujjatlardan ko‘chirma olish, o‘ziga zarur tadqiqot ishlarida foydalanish shaxsning huquq va erkinliklariga kiradi.
Maʼlumki, mamlakatni modernizatsiyalash jarayonida bunday xizmat turlariga bo‘lgan ehtiyoj bir necha barobar oshdi, kishilardan talab etiladigan hujjatlar soni kundan kunga ko‘payib bordi. Ilgari bir joyda kommunal xizmat o‘choqlarida to‘lanadigan suv, elektr, gaz, mulk soliqlari va haqlari, turli tarmoqlarga ajralib ketgani bois, turli idoralarga qatnashni keltirib chiqardi. Talab etiladigan qog‘ozlar soni ortdi, ularni yig‘ishga ketadigan vaqt ham, byurokratik bo‘linmalar oshdi. Masalan, kichik korxona ochish uchun tadbirkor 140 dan ziyod hujjatlar to‘plagan, ularning deyarli yarmi uning faoliyatiga bevosita taalluqli bo‘lmagan. To‘g‘ri, 2011 yilda bu hujjatlar soni 127 ga tushirildi. Yangi bosqichda davlat xizmatlari taqdim etish bo‘yicha so‘raladigan hujjatlar soni 78 taga qisqartirildi. Ammo, ayni vaqtda ham davlat xizmatlari ko‘rsatish markazlarida g‘ayriqonuniy hollar uchrab turibdi. Masalan, 2018 yilda davlat xizmatlarini ko‘rsatish paytida 12 914 ta qonunbuzarlik aniqlangan, 515 ta xodimga taqdimnoma, 577 tasiga ogohlantirish kiritilgan, 233 tasiga maʼmuriy qonunbuzarlik bo‘yicha bayonnomalar rasmiylashtirilgan, 209 nafar mansabdor shaxs javobgarlikka tortilgan, 41 kishi egallab turgan lavozimidan chetlashtirilgan20.
Ko‘rinib turibdiki, davlatimiz ijtimoiy hayotni ochiq, xizmat ko‘rsatish ishlarini shaffof va samarali qilishga harakat qilayapti, biroq ayrim taʼmagirlik va inson huquqlarini mensimaslikni faoliyati tarziga aylantirgan kimsalar hamon uchrab turibdi. Demak, demokratik taraqqiyotimizning yangi bosqichi ham ichki ziddiyatlardan, xalqning haqli eʼtirozlariga, murojaatlariga sabab bo‘ladigan salbiy hollardan mutlaq xoli emas. Mutaxassislarning fikricha, AQSH davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi tajribalaridan O‘zbekiston ham foydalansa bo‘ladi. “Bugungi kunda AQShda davlat xizmati 1939 yilgi Xetch davlat xizmatchilarining siyosiy faoliyatini chegaralash haqidagi, Federal xizmatchilar maoshi to‘g‘risidagi (1945), Federal lavozimlar tasnifi haqidagi qonunlar bilan tartibga solinadi. Bundan tashqari, zamonaviy davlat xizmatini tartibga solib turuvchi 100000 (yuz ming) sahifadan iborat qonunlar mavjud.
Bu qonunlar ishga qabul qilish, xizmat pillapoyalaridan ko‘tarilib borish, ishdan bo‘shatish, nepotivizm (urug‘ aymoqchilik), favoritizm (mansabni suisteʼmol qilmaslik), davlat organlari tomonidan tovar va xizmatdan foydalanishning yuqori darajasini reglamentatsiyalash, tuzilgan shartnomalarning asosliligini qayta tekshirish kabilarni nazarda tutadi. “Davlat xizmatchilari lavozimlari tasnifi haqida”gi qonunga asosan, davlat xizmatining 18 darajasi ko‘rsatib bergan. U yoki bu lavozimga qabul qilish imtihonlar orqali amalga oshiriladi va imtihonlarda, asosan, talabgorning lavozim vazifalarini bajarish uchun zarur bo‘lgan malakasi aniqlanadi. Rostgo‘ylik, bilim, ziyolilik, siyosiy betaraflik kabi talablarga alohida eʼtibor beriladi”21. Kelgusida bizda ham shunday tizim shakllanadi. Davlat xizmatchilarining professiogrammasini yaratish ularning xalqqa chin dildan, g‘ayriqonuniy harakatlarni sodir etmay xizmat qilishini kafolatlaydi.
Davlat boshqaruv tizimida xalqqa xizmat qilishning deklarativ shaklidan amaliy shakliga o‘tish yangi bosqichdagi prinsipial ahamiyatga ega yondashuvdir. O‘tgan o‘n yilliklarda boshqaruv tizimida real hayotni raqamlarda bezab ko‘rsatish, maʼlum bir sanalardagina yon-atrofni tozalash, daraxtlar ekish, “siyosiy voqelik” atab shaharliklar, talabalar, hatto maktab o‘quvchilarini ham paxta dalalariga haydash, rahbarlarning kabinetidan chiqmay, ish vaqtida televizordagi yangiliklarni, seriallarni tomosha qilishi, oddiy kishilar maoshini, nafaqasini o‘z vaqtida ololmayotganida mutasaddilarning dabdabali yubileylar, to‘ylar o‘tkazishi, ko‘p qavatli uy-joylardagi quvurlar allaqachon chirib, yaroqsiz holga kelganiga qaramay, idoralarning old qismi va atroflarini ulkan temir panjaralar bilan o‘rash keng tarqalgan odatga aylandiki, bular xalq ommasida turli savollar va noroziliklar uyg‘otmasligi mumkin emas edi.
Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoevning 2017 yil 30 iyundagi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyida so‘zlagan nutqi yuqorida keltirilgan vaziyatning qanchalik tashvishli ekanini ochib beradi. U yoshlar tarbiyasiga oid masalalarni tilga olib, bu borada rahbarlarning, mutasaddi shaxslarning faoliyatini qattiq tanqid qiladi. “Sizlar rahbar bo‘lgan hududlarda yashaydigan yoshlar, – deydi Sh.M.Mirziyoev, zerikkanidan nima qilishini bilmasdan, bemaza ishlarga berilishi, bezorilik, jinoyat yo‘liga kirishi, zararli oqimlarga qo‘shilib ketishi mumkinligi nahotki sizlarni bezovta qilmasa? Yoshlar uchun barcha sharoitlarni muhayyo qildik, – deb biz kimni aldayapmiz? Shu munosabat bilan barcha katta-kichik rahbarlar qulog‘iga qo‘rg‘oshindek quyib olsin: biz endi sizlarning faoliyatingizga paxta yoki g‘allaga qarab emas, eng avvalo, sizlarning yoshlarga, yoshlarga oid davlat siyosatiga bo‘lgan munosabatingizga qarab baho beramiz”22.
Shu o‘rinda Sh.M.Mirziyoevni quruq deklarativ bayonlar va vaʼdalar qiziqtirmasligi, balki amaliy ish, rahbarlar faoliyati amaliy yechimlar topishga qaratilishi lozimligini anglatuvchi hayotiy va siyosiy pozitsiyasi yorqin namoyon bo‘ladi. U yoshlar bilan rasmiyatchilikdan, kompaniyabozlikdan, dabdabali va balandparvoz tadbirlardan xoli amaliy muloqot o‘rnatish zarurligini taʼkidlaydi. Yoshlarni o‘ylantirayotgan hayotiy muammolar – kim bo‘lsam ekan?, qanday yashaganimda elimga ko‘proq nafim, yordamim tegadi?, baxtli yashash sirlari nimalardan iborat?, mustahkam oila qurishga qanday o‘rgansa bo‘ladi?, ijtimoiy burchimni bajarishga kim o‘rgatadi?, umuman inson umrining mazmun maʼnosi nimada? – degan savollarga javob izlash tarbiya taʼlim muassasalarining vazifasi emasmi? Prezident yoshlar tashkiloti nomini o‘zgartirishni taklif etganida ham yuqoridagi hayotiy amaliy savollarga javob izlashni nazarda tutadi. “Hozirgi paytda hammangiz “oynai jahon” orqali ko‘rayapsiz, biz joylarda jamoatchiligimiz, avvalo, yoshlarimiz vakillari bilan doimiy muloqotlar o‘tkazayapmiz. Bu uchrashuvlarda bir fikr takror va takror aytilmoqda. Yaʼni, O‘zbekiston yoshlari rasmiyatchilikdan, kompaniyabozlikdan xoli, navqiron avlod manfaatlarining haqiqiy himoyachisi bo‘la oladigan demokratik yoshlar tashkilotini tuzish haqida o‘z xohish istaklarini bildirmoqda.
Bunda ilgaridagidek barcha yoshlarni bir tashkilotga “ixtiyoriy – majburiy” asosda birlashtirish emas, aksincha, ularning orzu intilishlari, hayotiy va kasbiy qiziqish doirasi, ijtimoiy maqsadlari bo‘yicha uyushtirish to‘g‘ri bo‘ladi”23.
Milliy taraqqiyotimizning yangi bosqichida mamlakatni modernizatsiyalash jarayonlari innovatsion ishlanmalar, zamonaviy axborot texnologiyasiga asoslangan ish uslublari bilan boyitildi. 2018 yil “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash” yili deb eʼlon qilindi. Prezident butun ijtimoiy hayotni, sohalarni innovatsion texnologiyaga asosan modernizatsiyalash konsepsiyasini ishlab chiqdi. Bu zamon talabi edi. Mutaxassislarning keltirishicha, bugun yer yuzi aholisining 42 foizi Internetdan foydalanadi, 2025 yilga borib bu ko‘rsatkich 90 foizga yetadi. “Kelgusida Internetga ulanish iqtisodi rivojlangan davlatlarga xos noyob voqelik emas, balki, u insonning, havodan nafas olish kabi, oddiy huquqiga aylanadi”24.
O‘zbekistonda Internet xizmatidan, rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, 20 million kishi foydalanadi. Biroq bu ko‘rsatkich davlatimiz rahbarida savollar uyg‘otadi U deydi: “Internetdan 20 millionga yaqin kishi foydalanadi, deb hisobot bergansizlar. Biroq milliy internet orqali taklif etiladigan xizmatlar doirasi juda cheklangani sababli aholining aksariyat qismi Internetdan faqat “Telegramm”da yozishda foydalanadi xolos”. MDH davlatlarida Internetning o‘rtacha tezligi O‘zbekistonnikidan 10 marta tez. Axborot texnologiyalar sohasining mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi Janubiy Koreyada 9 foiz, Yaponiyada 5,5 foiz, Xitoy va Hindistonda 4,7 foiz, O‘zbekistonda esa atigi 2,2 foizdir. Axborot kommunikatsiya rivojlanish indeksi reytingidagi 176 mamlakat orasida O‘zbekiston 95 o‘rinda turadi”25. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 21 sentyabrda qabul qilingan PF-5544 sonli “2019-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” Farmonida26 mamlakatni 2030 yillargacha innovatsion rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari taklif etiladi. Unda mamlakatning xalqaro maydondagi raqobatdoshligi darajasini va innovatsion jihatdan taraqqiy etganini belgilovchi asosiy omil sifatida inson kapitalini rivojlantirish Strategiyaning bosh maqsadi ekani, shu tariqa mamlakatimizni 2030 yilga kelib “Global innovatsion indeks reytingi” bo‘yicha jahonning 50 ilg‘or mamlakati qatoriga kirishiga erishish muhim vazifa qilib belgilangan.
Albatta innovatsion rivojlanish har qaysi davlatda bo‘lgani kabi biz uchun ham o‘ta dolzarb, bugun dunyoda kechayotgan “to‘rtinchi ilmiy texnik inqilob” (K.Shvab, mashhur Davos forumining asoschisi va doimiy prezidenti) tasavvurlarimiz va hayot tarzimizni tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin. Bu o‘zgarishlar insonni og‘ir va samarasi kam qo‘l mehnatidan ozod qiladi, aqlu tafakkur mahsullariga tayangan holda kishining ijodiy, intellektual salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqaradi, hatto programmalashtirilgan, yaʼni geni ijtimoiy zarur tomonga o‘zgartiilgan, klonlashtirilgan kishilarni shakllantirish imkonini beradi. Mutaxassislar 2025 yilga borib byurokratiya bilan bog‘liq zerikarli mehnatning uchdan biri, huquqiy maʼrifiy yo‘nalishdagi xizmat turlarining 40 foizga yaqini, axborotlar olishning 90 foizdan ziyodi avtomatlashtirilishini bashorat qilishmoqda. Hatto korporatsiyalar kengashlarida robot ekspert qanashishi mumkin27.
Shunday ekan, global innovatsion rivojlanish O‘zbekistonga ham taʼsir etmay qolmaydi, u davlatni innovatsion izlanishlarni faol qo‘llab-quvvatlashga, chet ellardagi ilmiy-texnik ishlanmalardan keng foydalanishga, bu borada xalqimizning ilmiy-texnik ijodini o‘stirishga xizmat qiluvchi yangi oliy o‘quv yurtlarini ochishga undamoqda. Keyingi ikki yil ichida O‘zbekistonda chet ellardagi ilg‘or oliy o‘quv yurtlarining 7 ta filiali ochilgani, maxsus tizim – Innovatsion rivojlantirish vazirligi va uning viloyatlarda ilmiy-texnik izlanishlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan markazlari, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tashkil etilgani ana shu davr talablarining mahsullaridir.



Download 124.97 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   16




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling