Ta’limning tarbiyalovchi funktsiyasi. Ta’limning tarbiyalovchilik xususiyati turli ijtimoiy tuzum hamda sharoitda ham yaqqol namoyon bo‘ladi. Tarbiyalash funktsiyasi ta’lim mazmuni, shakli va metodlarining mohiyati bilan belgilanadi va o‘qituvchi hamda o‘quvchilar o‘rtasidagi munosabatlarni tashkil etish jarayonida etakchi o‘rin tutadi. Ta’lim jarayonida shaxsning ma’naviy-axloqiy va estetik tasavvurlari, xulq-atvori va dunyoqarashi shakllantiriladi.
Ta’limning tarbiyalovchilik xususiyati, eng avvalo, ta’lim mazmunida aks etadi. biroq, shuni ham e’tiborda tutish kerak-ki, barcha o‘quv fanlari ham birdek tarbiyalovchilik imkoniyatiga ega emas. Gumanitar va estetik fanlarning bu boradagi imkoniyatlari yuqori. Ta’lim jarayonida tarbiyaning ikkinchi omili o‘qituvchi va o‘quvchilarning munosabatlari, sinfdagi psixologik muhit, o‘qish jarayoni ishtirokchilarining o‘zaro munosabatlari, o‘quvchilarning idrok etish faoliyatlariga o‘qituvchining rahbarligi hisoblanadi. zamonaviy pedagogika o‘qituvchi va o‘quvchilar o‘rtasidagi munosabatning eng qulay usuli sifatida demokratik usulini e’tirof etadi. Bu usul ta’lim jarayonida o‘quvchilar shaxsini hurmat qilish, ularning xohish istaklari, qiziqishlarini inobatga olinishini anglatadi.
O‘qituvchi va o‘quvchilarning ta’lim jarayonidagi faoliyatlari. O‘qituvchi faoliyatining vazifasi va tuzilishi. Ta’lim muassasasi (umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar, oliy ta’lim muassasalari)da tashkil etiluvchi ta’lim jarayonida o‘quvchining faoliyati o‘qituvchi rahbarligi ostida kechadi. O‘qituvchi faoliyatining vazifasi o‘quvchilarning ijtimoiy borliqni ongli va faol idrok etishga yo‘naltirilgan faoliyatlarini boshqarishdan iboratdir. Ta’lim jarayonini boshqarish quyidagi bosqichlardan iborat:
- rejalashtirish;
- tashkil etish;
- boshqarish (rag‘batlantirish);
- nazorat qilish;
- natijalarni baholash va tahlil qilish.
O‘qituvchi faoliyatini rejalashtirish bosqichi kalendar-tematik, dars rejalarini, uning texnologik xaritasini tuzish bilan yakunlanadi. Rejalar, reja-konspektlar yoki texnologik xaritalarini tuzish uchun uzoq, jiddiy ishlash kerak bo‘ladi. O‘qituvchi o‘quvchilarning tayyorliklari darajasi, ularning o‘quv imkoniyatlari, moddiy baza holati, shaxsiy (kasbiy) imkoniyatlarini o‘rganib chiqishi, o‘quv materiali mazmunini tanlab olishi, dars olib borish shakli, texnologiyasi va metodlarini ishlab chiqishi kerak bo‘ladi. O‘quvchilar faoliyatini tashkil etish o‘quvchilar oldiga o‘quv masalalarini qo‘yishni va uni bajarish uchun imkoniyatlar yaratishdan iborat bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |