Namangan davlat universiteti sarimsokov abdilatip abdiraximovich
Mavzu № 1. «O‘RTA OSIYO NUMIZMATIKASI» FANI, MAQSADI VA VAZIFALARI
Download 0.61 Mb.
|
4 Укув кулланма Нумизматика 2022 lotin nashr uchun
- Bu sahifa navigatsiya:
- O‘rta Osiyo numizmatikasi fanining maqsadi, vazifalari va fan sifatida rivojlanishi.
Mavzu № 1. «O‘RTA OSIYO NUMIZMATIKASI» FANI, MAQSADI VA VAZIFALARI
Reja: 1. O‘rta Osiyo numizmatikasi fanining maqsadi, vazifalari va fan sifatida rivojlanishi. 2. Dastlabki tangalarning zarb etilishi va usullari. 3. Numizmatika faniga oid atamalar. O‘rta Osiyo numizmatikasi fanining maqsadi, vazifalari va fan sifatida rivojlanishi. Dastlab ushbu fanning vujudga kelishi va shakllanishi to‘g‘risida to‘xtalinadigan bo‘lsak, quyidagilarga e'tibor qaratish lozim. «Numizmatika» so‘zi grekcha «nomisma» so‘zidan olingan bo‘lib, «tanga pul» yoki «chaqa pul» degan ma'noni anglatadi. Bu atama o‘rta asrdan e'tiboran ishlatila boshlangan bo‘lib, o‘zlarini numizmatlar deb atay boshlagan va tanga pullar bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislarning paydo bo‘lishi ham shu davrga to‘g‘ri keladi. Numizmatlar oltin, kumush va misdan ishlangan metall pullarning yuzaga kelishi va taraqqiyoti tarixini, tangalardagi rasmlarni, yozuvlarni, ularning og‘irligi, o‘lchami, metall sifatini, kim tomonidan zarb etilganligi, qachon va qayerda muomalada bo‘lganligi va hokazolarni har tomonlama o‘rganadilar. Aniqlangan ma'lumotlar esa fanning turli sohalari, jumladan, tarix va arxeologiya, siyosiy iqtisod, tilshunoslik va san'atshunoslikka oid masalalarni hal etishga yaqindan yordam beradi. Ushbu sohaga bundan tashqari yana qog‘oz pullarni (bonistika) va orden, medal hamda shu xildagi esdalik tamg‘alarni (florestika) o‘rganish ham kiradi. Tangashunoslik bilan qiziquvchilar doirasi birdaniga kengaygan emas. Tanga chaqa pullarni to‘plash ilmiy numizmatika tomon dastlabki qadam bo‘lgan. Tanga pullarning kolleksiya tarzida to‘planishi ushbu fanning rivojlanishiga katta turtki bo‘lgan. Insonlarning tanga va chaqa pullarga biron narsa sotib olish nuqtai nazaridan emas, balki o‘sha tangalarga qarab o‘tmish davrni, mazkur pullarning qachon zarb qilinganligini bilishga harakat qilishlari turli davrlarga oid tangalarning to‘planishiga sabab bo‘lgan. Kolleksionerlar turli zamon va davrlardagi tanga, chaqa pullarni yig‘ib, ularning kataloglarini (ro‘yxatlari) tuzishgan hamda har biri tangaga alohida ta'rif yozganlar. Qadimgi tillarni bilgan kolleksionerlar tangalardagi yozuvlarni o‘qishga harakat qilganlar. Ayrim kolleksionerlar mavjud tangalarini bir joyga to‘plab, umumiy kolleksiya tashkil etganlar. G‘arbiy Yevropa hukmdorlari hamda san'at ahlining tangalarni boylik sifatida to‘plashlari natijasida davlat xazinalarida turli xil mamlakatlarning tangalari yig‘ilib borgan. XIV asrdan boshlab tangalarni yig‘ish asta-sekin odat tusiga kira boshlagan. Qirol va imperatorlar qimmatbaho tangalarni davlat xazinasidan ajratib olib tangalarni saqlovchi maxsus xonalar, ya'ni myunskabinetlarni tashkil etganlar. Tangalarni o‘rganish va ularga tartib berish uchun tangashunos olimlarni jalb etganlar. Hozirgi kunda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida jahondagi yirik yig‘ma tanga kolleksiyalari mavjud. Tangashunoslik borasidagi dastlabki izlanishlar natijasida 1517- yil Rimda Andreo Fulvionning «Taniqli kishilar tasviri» nomli kitobi nashr etilgan. Ushbu kitobda yunon va rim tangalarida tasvirlangan mashhur hukmdorlar va ularning hayoti haqidagi ma'lumotlar berilganligi ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otgan. Keyinchalik, ya'ni 1553- yilga kelib Lionda Giloma Rullning «Dunyo yaratilgandan buyon yashagan taniqli kishilarning tangalardagi hayoti va faoliyati haqida qisqacha ma'lumot» nomli kitobini o‘quvchilarga taqdim etgan. Mazkur adabiyotlar XVI asrda juda katta nufuzga ega bo‘lgan. Tangashunoslik ilmi kashshoflarini XIV–XVI asrlarda tangalardagi hukmdorlar qiyofasi va tarjimai xoli qiziqtirgan bo‘lsa, XVIII asrga kelib bu fanga ilmiy nuqtai nazardan yondashila boshlangan. Ilmiy numizmatikaning qaror topishida avstriyalik olimlar I. Ekkel, Mayder, polyak olimi I. Lelevin, nemis olimi V. Renikman va fransuz olimlari A. Anjel va R. Serryurlarning o‘rni katta bo‘lgan. Avstriyalik ruhoniy Iosif-Ilariy Ekkel (1737–1798) o‘zining sakkiz jilddan iborat «Qadimgi tangalar ilmi» nomli asarida 70 mingdan ziyod tangalarga tartib bergan. Aniqlay olmagan tangalar haqida hech qanday faraz qilmagan va ularni noma'lumlar qatoriga qo‘shib qo‘ygan. Ekkel tomonidan boshlangan numizmatika sohasidagi yangicha qarashlar yevropada keng quloch yoygan. Biroq, bir necha ming tanga pul to‘plangan sharqiy numizmatikani tadqiq qiluvchilar bo‘lmagan. Aynan mazkur tangalarning Rossiya Fanlar Akademiyasi akademigi Xristian Martin Fren (1782–1851) tomonidan tadqiq etilishi natijasida sharqiy numizmatikaga asos solingan. X. M. Fren 1807- yilda Qozon universitetiga ma'ruza o‘qish uchun taklif etilgan. Germaniyaga qaytish chog‘ida yo‘l-yo‘lakay Peterburgda to‘xtagan va u yerda Fanlar Akademiyasida to‘plangan tangalarni ko‘rgach, ularni tashlab keta olmagan. Natijada, Rossiyada qolib, butun umrini Oltin O‘rda xonlari tomonidan zarb qilingan va to‘plangan 400 dan ortiq sharq tangalarni «gapirtirishga», o‘rganishga bag‘ishlagan. Pyotr I tomonidan Peterburgda tashkil etilgan muzey – Kunstkamerada boshqa eksponatlar bilan birga tanga pul va medallardan ham katta kolleksiya to‘plangan. Kunstkamera kolleksiyasi doimiy ravishda to‘lg‘azib turilgan va to‘plangan tanga pullar tartibga solinib borilgan. Undagi qimmatbaho pullar kolleksiyasi hozirgi vaqtda Davlat Ermitajida joylashtirilgan bo‘lib, bu kolleksiya dunyodagi eng katta kolleksiyalardan biri hisoblanadi. Hozirda Parij, London, Vena, Berlin kabi shaharlardagi yirik muzeylarda tangalarning juda katta kolleksiyasi yig‘ilgan bo‘lib, ular orasida Sankt-Peterburgdagi muzey o‘ziga xos o‘rin egallagan. Mazkur muzey kolleksiyasidan o‘rin olgan 300 mingdan ortiq tanga pul orasida O‘rta Osiyoga oid bo‘lganlari ham anchagina. Mazkur tangalar keyinchalik M. Masson, B. Vaynberg, G. Fedorov-Davidov, O. Smirnova, Ye. Zeymal, Ye. Davidovich, V.M. Masson, B. Kochnev, G. Pugachenkova, E. Rtveladze, Sh. Pidayev, T. Xo‘janiyozov, G. Alimov, S. Eshonxonov, T. Ernazarova, I. To‘xtayev, I. Musakayev, G‘. Boboyorov kabi tadqiqotchilar tomonidan turli darajada tadqiq etilgan. Ular qadimgi O‘rta Osiyo tanga pullarini aniqlab, turlarga ajratganlar va zarb qilish ishidagi rivojlanishning asosiy bosqichlarini belgilaganlar. Natijada o‘ziga xos O‘rta Osiyo yoki O‘zbekiston numizmatikasi vujudga kelgan. Download 0.61 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling