Namangan davlat universiteti yuridik fakulteti
II BOB: G`OYAVIY TARBIYA VA G`OYAVIY TASIR KO`RSATISHNING BOG`LIQLIGI
Download 134.51 Kb.
|
Ayyubxon Metodika (0)
II BOB: G`OYAVIY TARBIYA VA G`OYAVIY TASIR KO`RSATISHNING BOG`LIQLIGI
2.1. Oila va mahallaning g`oyaviy tarbiyasida axloqiy madaniyatning namoyon bo`lish xususiyatlari Bugungi kunda milliy g`oya masalasi ham oilada kechuvchi g`oyaviy-tarbiya jarayonlarda o`ziga xos ravishda namoyon bo`lmoqda. Chunki, aynan milliy g`oyani shaxs ongiga singdirish avvalo oiladan boshlanadi va bunda oila, sulola mafkurasi, bobolar o`giti, otaning shaxsiy ibrati, onaning mehri orqali insondan-insonga, avloddan-avlodga o`tadi, bolaning ong va shuurida muhrlanib boradi. Shu nuqtai nazardan qaraganda axloqiy, g`oyaviy-tarbiyaviy jihatdan sog`lom bo`lgan oila negizidagi jamiyat va davlat mustahkam bo`ladi. Bunday oilada barkamol shaxs voyaga yetadi, uning his-tuyg`ulari, tushuncha va dunyoqarashida milliy g`oya keng tarqaladi. O`zbekiston milliy istiqlolga erishgach, oilada milliy axloqiy fazilatlarni kamol toptirishga alohida e`tibor berila boshlandi. Prezidentimiz ta`kidlaganidek, oilaga e`tiborimizni tubdan o`zgartirishga imkoniyat tug`ilib, boy berilgan vaqtimizni sarhisob etish, o`zbek oilasiga xos fazilatlarni tiklash davri boshlandi. 1998-yilning “Oila yili” deb e`lon qilinishi va hozirgi davrda yosh oilalarga g`amxo`rlik qilish to`g`risidagi hukumatimiz qaror va tadbirlarini fikrimizning yaqqol isboti deyish mumkin. Oila jamiyatning tabiiy va asosiy hujayrasini tashkil etadi. Jamiyat katta-kichik oilalardan iborat. Bu oilalar qanchalik mustahkam bo`lsa, jamiyat ham shunchalik mustaham bo`ladi. Darhaqiqat, ota-ona va farzandlar orasidagi axloqiy muhitning buzilishlari salbiy sifatlarning paydo bo`lishiga olib keladi. Ayni shu ma`noda, oilada bolalarning yoshligidan boshlab yaxshi sifatlarini shakllantirib borishga jiddiy e`tibor berish lozim, hayotiy masalalarni xal qilishda ota-onaning bilimi, ma`naviyati, o`zini tutishi, yurish-turishi katta ahamiyatga egadir. Oilada va mahallada yuksak g`oyaviy-tarbiyaviy bilimlarni oshirish orqali bolalarning Vatan tuyg`usi bilan yashash fazilatini, milliy mas`uliyatini shakllantirish mumkin. Ayni shu ma`noda oilaviy mas`uliyat odamning har bir amali, faoliyati mahsulini to`liq tasavvur qilgan holda, uning o`zi va oilasi uchun nima naf keltirishini anglay olish qobiliyatidir. Mas`uliyatni his qilgan odam o`z ishini doimo puxta rejalashtirib, uning oqibatlarini oldindan tasavvur qila oladi va zarur natijaga erishish uchun butun kuchi va salohiyatini safarbar etishga qodir bo`ladi. Bunga erishishning eng qulay yo`li – avvalo ota-onalarning g`oyaviy bilimlarini oshirish, ularda sog`lom tafakkur va yangi ilmiy dunyoqarashni shakllantirishdir. Bu esa, ota-onalardan farzandlarning el-yurt oldidagi ma`naviy burchini to`g`ri anglashi, oilaviy munosabatlar doirasida milliy urf-odat va an`analarimizni turmushga singdirishi orqali bolalar ongida milliy g`oyaga mehr-muhabbat uyg`otish, ularni mustaqil fikrlaydigan kishilar qilib tarbiyalashini taqozo etadi. Odatda inson hayot evolyutsiyasining tirik tabiat dunyosini inson madaniyati va tarixi dunyosidan ajratib turadigan chegarasi deb tushuniladi. Bizning birortamiz uchun inson hayot tarzida tabiat zarur sharoit bo`lganini uqtirish shart bo`lmasa kerak. Inson ham xuddi boshqa barcha jonivorlar singari o`ziga qulay bo`lgan atrof tabiat muhitida unga kerakli havo, oziq-ovqat, suv, issiqlik, xom ashyo, energiya va axborot bo`lgan sharoitlardagina yashashi mumkin. Biroq, boshqa barcha tirik mavjudotlardan farqli ravishda inson o`zi uchun sun`iy dunyosini – madaniyat dunyosini yaratish imkoniga egadir. Aynan madaniyat dunyosigina odam bilan tabiat munosabatida vosita bo`lib xizmat qiladi. Uzoq vaqtlar oralig`ida odamlar tabiiy yashash muhitida bo`lganlari holda sun`iy muhitni yaratib keldilar, bu muhit ularning turmush tarzlarini sezilarli o`zgartirib yubordi. Hozir insonning inson bo`lish uchun bosib o`tgan uzundan-uzoq madaniy-tarixiy yo`lini tasavvur qilish mushkul ishdir. Shunchaki odamlar buni o`ylab ham o`tirmaydilar. Tug`ilgan har bir inson dastlab o`z oila a`zolari munosabatlari ichida bo`ladi, o`z tilini, muomala ko`nikmalari, qaror topgan an`analarni o`rgangachgina, o`z jamiyati bilan madaniy aloqalarga kirishadi. O`zining butun hayoti davomida har bir inson moslashadi, o`qiydi, o`rganadi, mehnat qiladi, atrofidagilarga o`z ta`sirini o`tkazadi va o`z madaniyati dunyosini yaratadi. Madaniyat va jamiyatning turli-tuman dunyolari bilan duch kelib, ularning ta`sirini sezadi va o`zgaradi. Biroq insonlardan birortasi o`z hayotining mazmuni to`g`risida o`ylab ko`rganda ham o`zini avval o`tgan va kelgusi avlodlar bilan bog`lovchi bir bo`g`in sifatida ko`rishi qiyin. Alohida inson umrining qisqa muddatliligi bir-birining o`rnini oluvchi o`zaro bog`langan avlodlarning madaniy-tarixiy birligi bo`lgan insoniyat hayoti bilan taqqoslashni qiyinlashtiradi. Har qanday insonning olamda alohida yashashi sodda bo`lib ko`rinsa-da, aslida uning tana va psixik tuzilishi, hayot tarzining evolyutsiyasidan tortib to uning xulq-odobi nihoyatda uzoq muddatli va murakkabligini kuzatish mumkin. Ayni shu ma`noda, hozirgi vaqtda insonning hayotiy evolyutsiya bilan bir qatorda uning axloqiy madaniyatini hisobga olmaydigan inson haqidagi ta`limotni ko`rsatish qiyin. Axloqiy madaniyat strukturasi xususida gapirishdan oldin etika fanining axloq, axloqiy madaniyat kategoriyalariga ta`rif bersak. Axloq – ijtimoiy ongning bir formasi bo`lib, axloqiy me`yorlar, qonun-qoidalar yig`indisi. Axloqiy madaniyat – insonning axloq qonunlarini, qoidalarini, me`yorlarini, fazilatlarini bilishi, egallashi va ularga boshqa insonlar bilan bo`lgan munosabatlarda rioya etish darajasi. Axloqiy madaniyatni amaliy axloq deyish mumkin. Oilada shakllangan o`ziga xos axloqiy madaniyat unda muayyan milliy qadriyatlar tizimining shakllanishida muhim asos bo`lib xizmat qiladi. Zero, xalqimiz juda qadim zamonlardanoq oilani muqaddas hisoblab kelgan. Oilaviy munosabatlarga asos bo`lgan odob-axloq me`yorlari hozirgi diniy me`yorlar kelib chiqmasidan oldinroq shakllangan. Oilaviy tarbiya hozir mavjud bo`lgan axloqiy qarashlarning amaliy jihatdan namoyon bo`lishi hamdir. Oiladagi axloqiy madaniyat er va xotin o`rtasidagi munosabatnigina ifodalab qolmasdan, balki bolalar uchun ham ular yetuk inson sifatida shakllanishining muhim ma`naviy omillaridan hisoblanadi. Ma`naviy boy, axloqan pok va jismonan sog`lom farzandlarni tarbiyalab, voyaga yetkazish aynan oila va mahallada axloqiy madaniyatni qaror toptirish orqali amalga oshiriladi. Yuksak axloqiy madaniyatga egalik kishida ezgulik, yaxshilik, yaratuvchanlik, fidoyilik, sadoqat, mardlik kabi insoniy fazilatlarning shakllanishiga yordam beradi. Sho`rolar davridagi oiladagi milliy-axloqiy fazilatlarning roli kamsitilib, asosan G`arb turmush tarzi, tarbiya usullari targ`ib qilinishi oqibatida o`z zaminidan uzilgan milliy-axloqiy tarbiya jarayonida ma`naviy bo`shliq yuzaga keldi. Oqibatda oilaviy munosabatlardagi nomutanosibliklar, ayrim ota-onalarning o`zbekona milliy-axloqiy qadriyatlaridan chekinishi, oilaviy janjal, mojarolar farzand tarbiyasiga salbiy ta`sir ko`rsatdi. Vaholanki, o`zbek oilasi o`zining an`ana va tarixiga binoan farzandlarini o`ziga xos farosat va nafosat sarchashmalaridan bahramand qilib tarbiyalab kelganlar. Masalan, Abdulla Qodiriyning “O`tkan kunlar” romanidagi asosiy qahramonlarning xatti-harakatlari, gap-so`zlari, muomala madaniyatidagi nazokat, mehr-oqibatlilik, mehmondo`stlik, iymonlilik, e`tiqodlilik, mehnatsevarlik kabi insoniy fazilatlarni o`zbekona milliy insof, rahm-shafqat kabi xislatlar oilada shakllanadi. Oila yoshlarning axloqli-odobli, rostgo`y, mehnatsevar, halol va samimiy bo`lib voyaga yetishlari uchun zamin tayyorlaydi. “Rostgo`ylik kishi o`z xatti-harakatida sodir bo`lgan ishlarni ko`rgan, bilgan va eshitganlarini boshqalarga gapirib berganda, yolg`on aralashtirmay, aynan o`zini so`zlab berish odatidir. Rostgo`y kishi yolg`on gapni gapirishni o`zi uchun uyat deb biladi”.21 Oila tarbiyasi bolaning kelajakda kim bo`lib yetishishida muhim o`rin tutadi. Demak, bola oilada jamiyatning, millatning qiyofasini ko`radi, bo`lajak fuqaroning tabiati, dunyoqarashi va milliy axloqiy qiyofasi oilada shakllanadi, hamda shu asosda kamol topib boradi. Bola uchun oiladagi sog`lom ijtimoiy-ruhiy muhit umuminsoniy va milliy axloqiy qadriyatlar manbaidir. Oiladagi axloqiy madaniyat har bir oila a`zosining ma`naviy qiyofasi orqali bir-birini tushunishga bo`lgan intilishi orqali shakllanadi. Oiladagi axloqiy madaniyat uning shonu sharafi, g`ururi, burch va vazifalarini ko`rsatib beruvchi mezondir. Oilada pokiza nasl-nasab tuyg`usi va u bilan faxrlanish – pirovard oqibatida vatanparvarlik, xalqparvarlik iftixorini yuzaga keltiradi. Oilada o`zaro hurmat qat`iy intizom asosida barcha a`zolarning o`z burch va vazifalarini ado etishlari, bir-birlariga nisbatan ezgulik va mehr-oqibat ko`rsatishlari muhim mezonlardan biri hisoblanadi. Milliy axloqiy madaniyat o`zbek oilalarida o`z shaxsiy farovonligidan ko`ra oila sha`nining baland tutilishi, qarindosh-urug`lari va yaqin odamlariga, qo`niqo`shnilariga g`amxo`rlik qilishning birinchi o`ringa qo`yilishi – oliy darajadagi qadriyat bo`lib, oilani tashqi muhit bilan bog`lashga va mustahkamligini ta`minlashiga xizmat qiladi. Axloqiy madaniyatni qaror toptirishda intizom masalasi muhim ahamiyat kasb etadi. Oila intizomi – jamiyat va davlat intizomining negizidir. Chunki, oilada intizom tuyg`usi shakllangan kishi davlat va jamiyat ishida ham shu tuyg`u sohibi sifatida xizmat qiladi, davlat qonunlariga chap berishini xayoliga ham keltirmaydi, har bir ishni o`z joyida va o`z vaqtida belgilab, tartib asosida bajaradi. Bunday intizom va tartib bugun xalq va millatning sharafiga aylanadi. Oilaning har bir a`zosiga xos axloq va shu asosdagi ichki intizom madaniyati, o`z burchi va mas`uliyatini anglashi bilan birga, ular oilaviy muhitda o`z o`rnini belgilay olishi, oilaviy munosabatlarini hurmat qila bilishi, oila iqtisodiy imkoniyatlarini hisobga olgan holda ish yuritishi, oila manfaatdorligini ta`minlashga intilishi, oila sha`nini sharaflash kabi xislatlarning shakllanishiga yordam beradi. Oila axloqiy madaniyati qanchalik boy, teran va chuqur bo`lsa – jamiyat ham shu qadar boy bo`ladi. U yoki bu xalqning millat sifatidagi o`ziga xosligi ham shu milliy axloqiy madaniyatida jilolanib turadi. Oila axloqiy madaniyati – jamiyatning muhim ijtimoiy instituti bo`lgan oilaning to`laqonli va mukammal faoliyat yuritishi uchun er va xotin, ota-ona va farzandlar o`rtasida birgalikda hayot kechirish va zarur munosabatlar o`rnatishdagi axloqiy ko`nikmalarining o`ziga xos majmuasi sifatida namoyon bo`ladi. Oila axloqiy madaniyati uning tarbiyaviy xususiyati, undagi munosabatlarning bevositaligi va mustahkamligini umumiy muhitning emotsionalligi bilan uyg`unlikda ekanligi bilan shartlanadi. Faqat oilada farzandlar kattalardan malaka, bilimlarni o`zlashtiradilar, kattalar esa, o`z hayotlarida bosib o`tgan yo`llarini farzandlari orqali qayta barpo etadilar. Oilaviy muhit o`ziga xos, unikal bo`lib, uning har bir a`zosi yangi avlodda mustahkam va barqaror sog`lom oilani barpo etishga mas`uldir. Oila axloqiy madaniyati er-xotin, oila a`zolari o`rtasidagi munosabatlarni, insonlarning ma`naviy hayotini borligicha o`z ichiga oladi, oila a`zolarini bir-biri bilan va oilani jamiyat bilan bog`lovchi rishtalarni mustahkam qiladi, shu bilan birga, oilada vujudga keladigan muammolarni hal etishning optimal va samarali yo`llarini tanlashga yordam beradi. Shuningdek, jamiyatdagi iqtisodiy omillarning ta`siri, moddiy qiyinchiliklarga bardoshlilik yoki moddiy ta`minlanganlik oila madaniyatining darajasiga bog`liq. Biroq, Inomova M ta`kidlaganidek, “iqtisodiy munosabatlar oilaviy hayotda asosiy masala bo`lib qolmasdan, balki ma`naviy yaqinlik, o`zaro ma`naviy axloqiy aloqalarsiz oilaviy hayot mazmunli va to`laqonli bo`la olmaydi”.22 Oila axloqiy madaniyati oilaning to`laqonli va barkamol rivojlanishi va faoliyat yuritishini belgilab beruvchi axloqiy fazilatlarning birligi, oila a`zolari ichki dunyosining uyg`un tarzda namoyon bo`lishidir. Oila axloqiy madaniyati jamiyatning asosiy ijtimoiy vazifalaridan biri bo`lgan sog`lom avlodni tarbiyalash, oilaning faoliyati bilan chambarchas bog`liqdir. Jismonan sog`lom, ma`nan kuchli va aqlan yetuk sog`lom avlodni yaratish – oilaning eng asosiy ijtimoiy vazifalaridan biridir. Oila ijtimoiy institut va birlamchi ijtimoiy guruh sifatida shaxsning rivojlanishida, ijtimoiylashuvida, ularda axloqiy xususiyatlarning shakllanishida muhim ahamiyatga egadir. Chunki, aynan oila axloqiy qadriyatlar, e`tiqod, xatti-harakat, ijtimoiy me`yorlarning singdirilishi agentidir. Oilaning ma`naviy-axloqiy rivojlanishi, uning yo`nalishlari farzandlarning ma`naviy kamol topishida namoyon bo`ladi. Chunki, oilada shaxs ma`naviyati, uning axloqiy fazilatlariga bolalikda oilada asos solinadi, keyin bu tushunchalar tarbiya va ma`rifat tizimida rivojlanadi va to`liq shakllanadi. Oila axloqiy madaniyati jamiyat a`zolarining axloqiy jihatdan barkamol rivojlanishiga asos bo`lishi bilan birga, ularning jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, ma`naviy hayotining turli sohalarida faol ishtirokini ta`minlaydi. Bizning fikrimizcha, axloqiy madaniyatning: shaxsiy axloqiy madaniyat; milliy axloqiy madaniyat; mintaqaviy axloqiy madaniyat; umuminsoniy axloqiy madaniyat; diniy axloqiy madaniyat; turli tabaqalar axloqiy madaniyati; oila axloqiy madaniyati; ayollar axloqiy madaniyati; erkaklar axloqiy madaniyati; insonning yoshiga munosib axloqiy madaniyat; kasb-hunarga munosib axloqiy madaniyat kabi turlari mavjud. Axloqiy madaniyatning tarkibiga quyidagi elementlar: axloq to`g`risidagi ilg`or qarashlar, nazariyalar; milliy axloqiy urf-odatlar; shaxsning eng yuksak axloqiy fazilatlari; muomala odobi; kiyinish odobi; mehmondo`stlik va ovqatlanish odobi; kasbiy odob; etiket kiradi. Axloqiy madaniyatning muhim elementlaridan biri milliy axloqiy urf-odatlardir. Axloqiy urf-odatlar qadimda paydo bo`lib, avloddan-avlodga o`tib, boyib, rivojlanib boradi. Ularni saqlash, davom ettirishda oila tarbiyasi muhim rol` o`ynaydi. Milliy urf-odatlardan biri – keksalarni hurmat qilish, parvarishlash, ularga moddiy, ma`naviy shart-sharoitlar yaratib berish. Davlat tomonidan keksa avlodga g`amxo`rlik qilib pensiyalar, imtiyozlar, unvonlar, davolanish, dam olish uchun sihatgohlar, shifoxonalar, poliklinikalar, jamg`armalar, tashkil etilmoqda. Lekin oilada keksalarga mehr, muhabbat, g`amxo`rlik qilish ular uchun eng kattabaxt. M. Mont aytganidek: “Qariganda orttiriladiganeng yaxshi boylik – bu yaqin kishilarning muhabbatiga sazovor bo`lishdir”23 Ota-onani e`zozlash, xotin-qizlarni izzat-hurmat qilish, mehmondo`stlik, birdamlik, o`zaro yordam, bolajonlik, hamdardlik, va`daga vafo qilish axloqiy urf-odatlardir. Download 134.51 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling