Наргис косимова


Download 0.72 Mb.
bet2/49
Sana05.05.2023
Hajmi0.72 Mb.
#1427513
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   49
Bog'liq
BMI 23

1-BOB. NOGIRONLARNING IJTIMOIY INTEGRATSIYaSIDA OAVNING ROLI
1.1. Jamiyatning nogironlik masalalariga munosabati shakllanishi tarixi
Qadim zamonlardan beri olimu, ulamolar, faylasuflarni og’ir kasalliklarga chalingan yoki rivojlanishdan orqada qolgan kishilarning yashashi, ularni davolash va o’qitish masalalari o’ziga jalb etib kelgan. Qadimgi Yunoniston, Rim, Vizantiya, Sharq faylasuflari va donishmandlari, jumladan Aristotel, Seneka, sitseron va boshqalarning asarlarida jamiyat va jismoniy imkoniyatlari cheklangan insonlar o’rtasidagi munosabat mavzusi ham e’tibordan chetda qolmagan.
Odatda sog’lig’i bilan bog’liq muammolari mavjud kishilar soni urush va harbiy harakatlardan keyin ko’payib ketgani bois, ana shu urushlar paytida yaralangan, jarohat olgan, kasallik orttirgan sobiq harbiylarga aholida e’tibor qaratilgan. Sog’lig’ida muammosi mavjud bo’lgan ana shu sobiq jangchilar «nogiron» (invalid) deb atalgan. Fransiyada ushbu atama armiyada harbiy xizmatni o’tagan va davlat oldida xizmat ko’rsatgan, yaralangani, jarohat olgani yoki qarigani bois harbiylikka yaramay qolgan jangchilarga nisbatan qo’llanilgan. Besh yuz yildan ortiq vaqt mobaynida davlat sog’lig’i bilan bog’liq muammosi mavjud insonlarni ikki guruhga ajratib kelgan. Birinchi guruhga armiyada xizmat qilgan va yaralanish, jarohat olish yoki keksayganligi sabab sog’lig’ida muammolar paydo bo’lgan nogironlar kiritilgan. Ikkinchi guruhdan esa hech qachon harbiy xizmatni o’tamagan, jarohatlari, kasalliklari tug’ma, kundalik turmushda yoki ishlab chiqarish jarayonida orttirilgan bolalar hamda katta yoshdagi aholi kiritilgan. Bu guruh mayib-majruhlardan iborat bo’lgan.
Qadimgi Yunonistonda harbiy nogironlar oilasi bilan davlat qaramog’ida bo’lgan. Rimda esa nogironlarga yer uchastkalari, janglarda qo’lga kiritilgan o’ljadan ulush ajratilgan, shuningdek pul ta’minoti belgilangan. Nogironlar jamiyatning obro’-e’tiborli kishilari sanalishgan, hamda ijtimoiy ta’minotning anchayin rivojlangan tizimi ular xizmatida bo’lgan. Sog’lig’i bilan bog’liq muammosi mavjud kishilarning ikkinchi toifasi esa odatda g’aribxonalarda, nogironlar uylarida saqlangan. Bu yerda ular taom va boshpana bilan ta’minlangan. Qadimgi Rusda mayib-majruxlar uchun ilk g’aribxonalar Ivan Grozniy podsholigi davrida paydo bo’lgan (1551 yil). O’rta asrlarda Fransiya va Angliyada harbiy nogironlarga qarash monastirlar zimmasiga yuklatilgan. Ispaniyada, keyinroq esa Angliya va Gollandiyada yaralangan va jarohat olgan harbiy nogironlarga pensiya va bir martalik moddiy yordam to’lanishi tizimi yo’lga qo’yilgan3. 1606 yilda Fransiya qiroli Genrix IV tomonidan yaralangan, kasalga chalingan va qarib qolgan harbiylar va ularning oila a’zolari uchun harbiy g’aribxonalar tizimi joriy etilgan. U ikkita, ya’ni nasroniy rahm-shafqat hamda avliyo Lyudovik gospitallaridan iborat bo’lgan.
1671 yilda Lyudovik XIV Parijda mashhur Hotel des invalidsga asos soladi. Xuddi shu davrda Angliyada ham ana shunday uylar paydo bo’ladi: ular avval Chelsi va Grinvichda (dengizchilar uchun), sal keyinroq esa Berlinda va Avstriyada ochiladi. XVI asrdan boshlab Fransiyada nogironlarga davlat g’aznasidan nafaqa tayinlanadi. Ammo Parijda nogironlar uyi (Hotel des invalids) ochilganidan keyin monastirlarga nafaqa ajratilishi to’xtatiladi va nafaqalarning hammasi ana shu uydagi nogironlarning ta’minotiga yo’naltiriladi. Ayniqsa, Napoleon I nogironlarga alohida g’amxo’rlik ko’rsatgan. U o’z armiyasi faxriylarining obro’sini yuqoriga ko’tarib qo’ygan edi. Shundan keyin Yevropaning boshqa davlatlarida ham nogironlar rotalari paydo bo’lib, ularda nogironlar jangovar xizmat bilan bog’liq bo’lmagan harbiy lavozimlarga tayinlangan. Bu rotalar turli shaharlarga joylashtirilgan. Ularda harbiy xizmat davrida yaralangan, jarohat olgan va kasallik orttirgan quyi lavozimdagi harbiylar xizmat qilib, ichki xizmat va front orti bilan bog’liq turli vazifalarni bajarishgan. Bugunga kelib, Fransiyada bunday nogironlar rotalari butunlay barham topgan.
1887 yilda Prussiyada 6 ta nogironlar rotasi mavjud bo’lib, ularning har birida o’rtacha 100-120 kishi xizmat qilgan, shuningdek saroy tasarrufida gvardiyachi nogironlar rotasi faoliyat olib borgan4. Rossiya imperatori Petr I 1720 yil 3 maydagi Farmoni bilan harbiy xizmat davrida yaralangan, jarohat olgan yoki kasallik orttirgan va harbiy kollegiya tomonidan xizmatni davom ettirishga yaroqsiz deb topilgan barcha ofitserlar va quyi lavozimdagi harbiy xizmatchilarni monastirlar hamda g’aribxonalarga joylashtirishni va ularga umrining oxirigacha garnizon maoshlari darajasida nafaqa tayinlashni belgilab qo’yadi. Oradan ikki yil o’tib, 1722 yil 12 apreldagi Farmon bilan mazkur toifadagi nogironlarning nafaqa miqdori kamaytiriladi hamda uni faqat monastir va g’aribxonalarga joylashganlargina olishi mumkinligi to’g’risidagi tartib joriy etiladi. Oradan yana ikki yil o’tib, 1724 yil 6 fevraldagi Farmon bilan oila qurgan nogironlarga nafaqa to’lash, endi ular monastirlarda yashay olmasliklari bois to’xtatiladi. Yekaterina II 1764 yilda Rossiyadagi monastirlar ruxoniylari shtatlari sonini belgilash to’g’risida Farmonga imzo chekadi. Shuningdek, u nogironlarning faqat belgilangan shaharlardagina yashashlari to’g’risida buyruq beradi. Bu yerda ular yiliga 80 ming rubl miqdorida nafaqa olishadi.
Rossiyadagi ilk nogironlar uyiga Yekaterina II hukmronligi davrida Kamennoostrovskiyda asos solingan. XVIII oxirlarida garnizon batalonlari tasarrufida nogironlar rotalari tuziladi. 1811 yilga kelib barcha nogironlar uch toifaga ajratiladi: harakatchan, xizmat qila oladigan va xizmat qila olmaydigan5. Har bir toifa ichki xizmat batalonlari komandirlariga bo’ysunuvchi maxsus komandalarni tashkil qiladi. Xizmat qila oladigan va xizmat qila olmaydigan nogironlardan tuzilgan komandalar to 1823 yilgacha, ya’ni tarqatib yuborilguniga qadar barcha uezd shaharlarida mavjud bo’lgan. Birinchi toifaga kiruvchi, ya’ni harakat qila oladigan nogironlar rotalari dastlab gospitallar va boshqa tashkilotlarda xizmat qilishga mo’ljallangan edi.
Nikolay I davrida nogironlar uylari soni ortdi va ular harbiy g’aribxonalar deb atala boshlandi. Nikolay I hukmronligi davrining oxirlariga kelib quyidagi miqdorda nogironlar komandalari mavjud edi: gvardiyachi rotalar 15 ta, turli idora va nomlarga oid harakat qila oladigan nogironlar rotalari 104 ta, uezd nogironlar komandalari soni 564 ta va etap rotalari bo’lgan6. 1864 yilda ichki xizmat korpusi tarqatib yuborilishi munosabati bilan nogironlar komandalari ham tarqatib yuboriladi. Rossiyada g’aribxonalar 1918 yilga qadar faoliyat olib borgan va butun faoliyati davomida mayib-majruxlarga g’amxo’rlik ko’rsatiladigan va boshpana beriladigan maskan vazifasini bajarib kelgan. Bu toifaga mansub kishilar e’tiborli insonlar maqomiga ega bo’lmagan va pensiya yoki boshqa turdagi nafaqalar olishmagan. G’aribxonalar cherkovlarning mablag’lari hisobidan faoliyat olib borgan. Mayib-majruxlar uchun ta’minot uylari tashkil etilib, ular ijtimoiy ta’minot Mahkamasi tomonidan nazorat qilingan. Ta’minot uylari tijorat faoliyatidan olinadigan foyda, xususiy shaxslarning xayriyalari hisobidan ta’minlab turilgan. O’smirlar uchun mo’ljallangan yetimxonalarda kasb o’rgatish va bo’lg’usi tijorat faoliyatiga tayyorlash maqsadida hunarmandchilik ustaxonalari tashkil qilingan. 1898 yilda Mariya Fedorovna hazrati oliyalarining «istagi va qarori bilan» kar-soqov katta yoshdagi fuqarolar va bolalar uchun vasiylik joriy etiladi. Moskva va Sankt-Peterburgda ular uchun ustaxonalar, mehnatga o’rgatish uylari ochiladi. Vasiylar kar-soqovlar uchun ish izlashadi hamda ular tijorat faoliyati olib borishlarida ko’maklashishadi7.
1832 yil Myunxenda (Bavariya, Germaniya) Yogan Edler fon Kurs bir qo’li yo’q o’g’il bolalar uchun xalq maktabi bilan bir xil va teng ta’lim beradigan tarbiya institutini tashkil etadi. Uning maqsadi nogiron bolalarga hunar yoki «erkin kasb» o’rgatish bo’lgan. Bu bolalar tibbiy nazorat ostida bo’lgan va davolash muolajalari olishgan. 1874 yildan institutda bir qo’li yo’q qiz bolalar ham o’qitila boshlaydi va ular bu yerda tikish, bichish, to’qish va uy-ro’zg’or yuritish ko’nikmalarini o’rganishadi. 1897 yilga qadar Germaniyada Myunxen institutiga o’xshash 8 ta maktab ochiladi va ularda jami 550 nafar nogiron bolalar ta’lim olishadi8.
1872 yilda pastor va filantrop Gans Knudsen (Kopengagen, Daniya) mayib-majruxlarga yordam Jamiyatini, ortopediya klinikasini, kasbiy ta’lim maktabini va ishlaydigan nogironlar uchun ustaxona ochadi. Mazkur maktab faoliyati 1884 yil Kopengagen shahrida bo’lib o’tgan shifokorlarning Xalqaro kongressida tilga olinadi. Mayib-majruxlar bilan ishlashdagi bu tajribaga shifokorlar ijobiy baho berishadi va tez orada ushbu tajriba Skandinaviya davlatlari (Shvesiya, Norvegiya)da ham jismoniy imkoniyati cheklangan kishilarga yordam ko’rsatish sohasiga joriy etiladi. Peterburgda (1895 yil) Qizil Xoch Qo’mitasi pastor Gans Knudsen tajribasiga tayanib yetimxona mayib-majruxlar uchun maktab, miskinlar va kasallarga vasiylik qilish Jamiyatining Petrovsk va Vasileostrovsk bo’limlari qoshida katta yoshdagi nogironlar uchun yetimxona ochadi. XIX asrda va XX asr boshlarida mayib-majruxlarni davolash, ularga kasb o’rgatish va ijtimoiy moslashuviga ko’maklashish bilan bog’liq tadbirlar Yevropa, AQSh va Rossiyada homiylar, jamoa tashkilotlari, birinchi galda Qizil Xoch Jamiyati hisobidan amalga oshirilgan9.
XIX asr oxirlarida AQShda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami bilan ishlashning yangi yo’nalishi ijtimoiy xizmat yuzaga keladi. Insonparvarlik faoliyatining bu yo’nalishi shifokorlar tomonidan kasallar, mayib-majruxlar, nogironlar, bolalar va emigrantlar bilan ishlash uchun tashkil qilingan. 1926 yilda AQSh universitetlarida turli ixtisosliklar bo’yicha ijtimoiy sohada: bolalar, ayollar va nogironlar bilan ishlash uchun mutaxassislar tayyorlashga kirishiladi. Bu davrda Rossiyada bolalar, mayib-majruxlar, nogironlar, qariyalar bilan ishlovchi mutaxassislar vazifasini Qizil Xoch Qo’mitasi hamshiralari, monaxlar va shifokorlar bajarishgan.
1890 yilda Toshkentda Rossiya Qizil Xoch Jamiyatining Okrug boshqarmasi tashkil etiladi va Turkistonda nogironlarga ko’mak berish ana shu tashkilot zimmasiga tushadi. O’sha vaqtda boshqarmada 55 kishi ishlagan. 1898 yilda 9 nafar hamshirani birlashtirgan Hamshiralar Jamiyati tuziladi. Ular aholining extiyojmand qatlamlariga yordam berishgan, vabo, chechak, qizilcha, terlama va boshqa yuqumli kasalliklar epidemiyasiga qarshi kurashda ishtirok etishgan.
1922 yilda Rossiya Qizil Xoch Jamiyati Toshkentda o’zining rasmiy vakolatxonasini ochadi. Jamiyat tashkilotlari ko’plab korxonalarda birinchi yordam ko’rsatish va tibbiyot punktlari faoliyatini yo’lga qo’yishadi. O’zbekiston SSR Markaziy Ijroiya Qo’mitasi va Xalq komissarlari Kengashining 1925 yil 14 noyabrdagi Qarori bilan «O’zbekiston SSR Qizil Yarim Oy Jamiyati to’g’risida Nizom» tasdiqlanadi10. O’zbekistonda Qizil Yarim Oy Jamiyati tashkil etilishi bilan mazkur insonparvarlik tashkiloti faoliyatining yangi bosqichi boshlandi. O’zbekistondagi ko’plab o’quv muassasalarida, korxona va tashkilotlarda, xo’jaliklarda Jamiyatning boshlang’ich tashkilotlari tuziladi. Ular aholi o’rtasida shaxsiy gigienaga rioya etish va kasalliklar profilaktikasiga o’rgatish yo’nalishida keng ko’lamli ishlar olib borishadi. Jamiyat ko’ngillilaridan bezgak va boshqa yuqumli kasalliklarga qarshi kurash bo’yicha tezkor otryadlar tashkil etiladi. Ko’plab shaharlarda davolash-sog’lomlashtirish muassasalari faoliyati yo’lga qo’yiladi. Qishloq tumanlarida ambulatoriya va bolalar bog’chalari tarmog’i yaratiladi. Jamiyat tomonidan tashkil etilgan maxsus kurslarda qishloq joylarida ishlash uchun hamshirlaar tayyorlanadi. Qizil Yarim Oy Jamiyatiga qarashli sanitariya va gigiena vositalari bilan savdo qiluvchi do’konlar, sartaroshxonalar, ovqatlanish muassasalari tarmoqlari ochiladi. Jamiyatning mineral suv va gips ishlab chiqaradigan o’z zavodlari, dori vositalarini qadoqlovchi fabrikasi faoliyat olib borgan. 1927 yil 20-24 dekabr kunlari Samarqand shahrida bo’lib o’tgan Jamiyatning birinchi s’ezdi uning faoliyatida yangi bosqichni boshlab berdi. Jamiyat 3 ta samolyot oladi va Markaziy Osiyoda birinchi sanitariya aviatsiyasiga asos solinadi.
Ikkinchi jahon urushi davrida Jamiyatning 4 ming nafar hamshira va sanitar drujinachilari bevosita jang maydonlarida askarlarga yordam ko’rsatishgan. Jamiyatning minglab ko’ngillilari va xodimlari O’zbekiston hududida joylashgan harbiy gospitallarda ishlashgan. Ko’rsatgan jasorati va fidokorona xizmatlari uchun ularning ko’pchiligi orden va medallar bilan taqdirlangan. Jumladan, hamshiralardan Rixsi Mo’minova, Salipa Kublanova va Matluba Eshonxo’jaevalar Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasining oliy mukofoti - «Florens Naytingel» medali bilan taqdirlanishgan. Urushdan keyin ana shu mukofot bilan O’zbekiston Qizil Yarim Oy Jamiyatining samarqandlik hamshirasi Antonina Pixtieva ham mukofotlangan. 1946-1991 yillar oralig’ida Jamiyat asosan beg’araz donorlik, sog’lom turmush tarzi targ’iboti, sanitariya sohasidagi bilimlarni oshirish yo’nalishlarida ish olib borgan11
O’zbekiston Qizil Yarim Oy Jamiyati 1925 yilda tashkil etilgan va mintaqamizdagi eng yoshi ulug’ insonparvarlik tashkiloti bo’lib, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992 yildagi «O’zbekiston Qizil Yarim Oy Jamiyati to’g’risida»gi Farmoniga asosan mustaqil, insonparvarlik, jamoat birlashmasi maqomini oldi hamda shu davrdan Jamiyatning xayriya va insonparvarlik yo’nalishidagi faoliyatida yangi bosqich boshlandi. Bugungi kunda O’zbekiston Qizil Yarim Oy Jamiyati o’z safiga butun dunyodagi 187 ta Milliy Jamiyatlarni birlashtirgan Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy jamiyatlari Xalqaro Federatsiyasining 165-to’laqonli a’zosi hisoblanadi. Mustaqillik yillarida O’zbekistonda xayr-sahovat va homiylikning mustahkam huquqiy bazasi yaratildi, faoliyatining asosiy yo’nalishini extiyojmandlarga yordam ko’rsatish tashkil qiladigan tashkilotlarning huquqlari mustahkamlanib, imkoniyatlari kengaytirildi. O’zbekiston Qizil Yarim Oy Jamiyatining faoliyati davlatimiz ijtimoiy siyosatining muhim va ustuvor yo’nalishlarini amalga oshirishga ko’maklashishdan iborat. Bu jarayonda birinchi o’rinda aholining extiyojmand qatlamlarini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar turadi. Jamiyat tomonidan keng ko’lamli ishlar bajarilmoqda hamda ularning doirasida turli, ayniqsa yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish, ularni davolash, tabiiy ofatlarni bartaraf etishda yordam ko’rsatish, shuningdek aholining extiyojmand qatlamlari, yolg’iz keksalar, ko’p bolali kam ta’minlangan oilalar, nogironlar, ko’mak va yordamga muxtoj boshqa qatlamlarning muammolarini hal etishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.



Download 0.72 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   49




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling