Наргис косимова


 OAVda nogironlar timsoli


Download 0.72 Mb.
bet4/49
Sana05.05.2023
Hajmi0.72 Mb.
#1427513
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   49
Bog'liq
BMI 23

1.3. OAVda nogironlar timsoli

Ommaviy axborot vositalari nafaqat jamiyatning qadriyatlar borasidagi qarashlarini aks ettiradi, balki ularni, jumladan aholining nogironlar muammolariga munosabatini ham shakllantiradi. Afsuski, OAV nogironlar muammolariga u qadar ko’p murojaat etmaydi. Markaziy bosma OAVning yillik tahlamlarini ko’zdan kechirsangiz, bor-yo’g’i o’ntacha maqolalarni, shunda ham ko’proq 3 dekabr Xalqaro nogironlar kuni arafasida chop etilganligini, ko’rishingiz mumkin. Jurnalistlar tayyorlagan materiallarning aksariyati axborot xarakteriga ega. Masalan, O’zA muxbirining xabari fikrimizga misol bo’la oladi. Qisqagina xabarda Toshkent shahrida «Imkoniyati cheklangan shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashda NNTning roli» mavzusida «davra suhbati» bo’lib o’tganligi, u O’zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi (O’zNNTMA) huzuridagi imkoniyati cheklangan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qiluvchi NNTlar kuchlarini birlashtirish bo’yicha Maslahat kengashi tomonidan tashkil etilganligi aytib o’tilgan. Xabarda qayd etilishicha: «Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi kengashi raisi A.Karimov davra suhbati nogironlar muammolari bilan shug’ullanadigan nodavlat notijorat tashkilotlarining dolzarb masalalarini muhokama qilish, imkoniyati cheklangan insonlarni ijtimoiy himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo’nalishlarini o’rganish, shuningdek, milliy qonunchilikni BMTning Nogironlar huquqlari to’g’risidagi konvensiyasiga muvofiqlashtirish bo’yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish borasida o’ziga xos maydonga aylanganini ta’kidlagan»42.


Aksariyat hollarda bunday materiallarni Internet-OAVda uchratish mumkin. OAVning vazifalaridan biri nogironlik masalalariga bag’ishlangan mavzularni yoritish ekan, bu axborot tinglovchiga, tomoshabinga, o’quvchiga buzilmasdan yetkazib berilishi, o’zida nogironlar tashkilotlari keng jamoatchilikka yetkazmoqchi bo’lgan mazmun va ma’noni mujassam etishi juda muhimdir. Afsuski, aksariyat jurnalistlar nogironlik mavzusi bilan yetarlicha tanish emaslar hamda eskirgan salbiy qarashlar asirligidan qutila olmaganlar. Ana shu inson nogiroonlik mavzusini yoritar ekan, material beixtiyor mavzuga nisbatan uning shaxsiy munosabati bilan «boyitilishi» va masala buzib ko’rsatilishi mumkin. Bu esa, afsuski, jamiyatda nogironlarga nisbatan ijobiy munosabat shakllanishiga xizmat qilmaydi.
Bitta voqea-hodisa haqida turlicha hikoya qilish va har xil tasavvur uyg’otish mumkin. Aksariyat hollarda OAVda nogironlarni o’ziga xos qahramonlar sifatida tasvirlashadiki, bu ham u qadar ma’qul emas. Nogironlar biror bir qahramonlik ko’rsatishmagan, ular shunchaki o’zlarining cheklangan imkoniyatlaridan kelib chiqib yashashga, hayotda o’z o’rinlarini topishga intiladilar va buning yo’lini topadilar, bu esa hurmatga loyiq hol. Masalan, Yu.Bondarenkoning maqolasida imkoniyati cheklangan iqtidorli bolalar haqida hikoya qilinadi:
«Dunyo amaliyotida nogironligi bor insonlar ilm-fan, madaniyat, san’at sohalarida, jamoat ishlari va siyosiy faoliyatda sezilarli yutuqlarga erishganliklarini isbotlovchi dalillar ko’plab topiladi. Bizning shahrimizda ham imkoniyati cheklangan iqtidor egalari oz emas. Fikrimizning yorqin misoli Andrey Grechkin uni nafaqat Chirchiqda, balki shahardan tashqarida ham yaxshi bilishadi. Andrey nafaqat rasmlar chizish va shaxsiy ko’rgazmalarini o’tkazish bilan mashg’ul bo’ladi, shuningdek bolalarga tasviriy san’atdan saboq ham beradi. Shaharda Sevinch Daminovani ham ko’pchilik taniydi. U she’rlar yozish bilan cheklanib qolmasdan turli uchrashuvlarda yoshlar bilan faol muloqot qiladi, har xil suhbat va ijodiy kechalarda qatnashadi. Shahzod Abduqahhorov esa musiqa bilan jiddiy shug’ullanadi, hozirgacha bir qator yutuqlarga erishgan. Imkoniyati cheklangan bo’lsada futbol o’ynaydigan, xatto bir qator nufuzli musobaqalarda sovrinlarni ham qo’lga kiritib ulgurgan Doston Davronov ham anchagina taniqli.
Qayd etilganlardan ko’rinib turibdiki, ularning barchasi jamiyatimizning to’laqonli a’zolari hamda unga foyda keltirishga qodir insonlardir. Faqat o’z iqtidorlarini namoyon etishlariga ko’maklashish zarur, shunda balki ular o’zlarini yetarlicha ta’minlash imkoniyatiga ham ega bo’lishar. San’atda yuksak marralarga erishish uchun rassom, musiqachi yoki shoirning jismoniy kamchiliklari ahamiyatsiz. Xatto bunday intilishlar qiziqish darajasida qolib ketgan taqdirda ham ularning foydasi beqiyos bo’ladi. Imkoniyati cheklangan insonlar o’zlarini jamiyatning to’laqonli a’zolari deb his etishlari uchun hayot yo’llarida yuzaga kelgan to’siqlarni yengib o’tishlari, ularga jamiyat hayotida boshqalar bilan tengma teng ishtirok etishlari uchun sharoit yaratib berish zarur»43.
Respublika ommaviy axborot vositalarining monitoringi shuni ko’rsatdiki, mazkur mavzu OAVda ommabop emas, lekin shu bilan birga so’nggi yillarda e’lon qilinayotgan materiallar soni ortib bormoqda. Ular orasida aynan keng o’quvchilar ommasi uchun qiziqarli bo’lgan va ularni muammolar, ularning yechimi usullari hamda ushbu muammolarni o’zlari va o’zgalar uchun hal etayotgan insonlar bilan tanishtirgan holda jamoatchilikda nogironlar to’g’risida fikr shakllanishiga ta’sir ko’rsata oladigan tahliliy, muammoli maqolalarning, ocherklar, intervyular, insonlar tarixiga oid materiallarning borligi quvonarlidir. Masalan, E. Xo’jaevning O’zbekiston Nogironlar jamiyati raisi o’rinbosari Oybek Isakovdan olgan «Imkoniyati cheklangan insonlarning umid va intilishlari» nomli intervyusida nogironlik bilan bog’liq dolzarb masalalar o’rtaga tashlangan: «Nogironlik —shaxs rivoji va holatining shunday o’ziga xosligiki, u aksariyat hollarda turli sohalarda hayotiy faoliyatning cheklanishi bilan kechadi. Buning oqibatida nogironlar alohida ijtimoiy-demografik guruhga aylanadi. Aksariyat hollarda ularning daromadi, ta’lim olish imkoniyatlari yuqori bo’lmaydi(ma’lumotlarga ko’ra, nogiron yoshlar orasida to’liqsiz o’rta ma’lumotlilar ko’p, lekin umumiy o’rta va oliy ma’lumotlilar salmog’i ozchilikni tashkil etadi). Sir emaski, ushbu shaxslarning ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etishlarida muammolar mavjud, nogironlarning nisbatan ozgina qismi mehnat bilan band. Imkoniyati cheklangan shaxslar O’zbekistonda duch kelayotgan muammolar orasidan bir nechta asosiy guruhlarni ajratib ko’rsatish mumkin. Birinchidan, bu nogironlarda istiqomat, jamoat va ishlab chiqarish binolariga, ijtimoiy infratuzilma ob’ektlariga kirib-chiqish yo’llari, panduslar, piyodalar o’tish joylari, maxsus svetoforlar, nogironlar aravachalari uchun qurilmalar va boshqalar shaklida kirib-chiqish va axborot olish imkoniyatining cheklanganligida namoyon bo’ladi. Ikkinchidan, ijtimoiy-madaniy va sport sohalaridagi extiyojlar qondirilishining cheklanganligi. Uchinchidan, ishga joylashishdagi qiyinchiliklar, xanuz nogironlarning bandlik masalasida kamsitilishi holatlari uchrab turadi. To’rtinchidan, nogironlarning tibbiy reabilitatsiyasi uchun sog’liqni saqlash xizmatlari hajmi va sifatini oshirish kerak»44.
Matbuot tahlili natijalariga tayanib aytish mumkinki, nogironligi bor insonlarning ijtimoiy mavqei va o’rni OAVda aksariyat hollarda yordamga muxtoj, extiyojmand qilib tasvirlanadi. Ommabor matbuotda nogironlarning huquqlari buzilishi to’g’risidagi, shuningdek ana shu huquqlarni tushuntiruvchi va sharhlab beruvchi materiallar juda kam. Vaholanki, ana shunday sharhlar nogironlar o’z huquqlarini himoya qilishlarida juda-juda asqotadi.
Bu toifa kishilarining kundalik turmushi, jamiyatga qay tarzda va darajada integratsiyalashayotgani, ularning ijtimoiylashuvi qanday kechayotgani, bilim olish, mehnat faoliyati, majburiy yolg’izlikni qanday yengishi, oilasi, bo’sh vaqtlarini qanday o’tkazishi haqidagi maqolalar umuman yo’q, desa ham bo’ladi. Shu o’rinda aytib o’tish kerakki, zamonaviy o’zbek OAVdan qahramon oddiy inson timsoli deyarli yo’qolib ketdi. Aksariyat jurnalistlar uchun imkoniyati cheklangan kishilarlar shaxs emas, balki shunchaki nogironlardir.
Nogironlarga bag’ishlangan materiallarda ko’proq ularning ijod yoki sport sohasidagi yutuqlari haqida hikoya qilinadi45. Masalan, mamlakatimiz sportchilari 2016 yilgi Paralimpiya o’yinlarida qo’lga kiritgan ulkan yutuqlardan keyin ana shunday materiallar soni keskin ortdi46.
Televidenieda galdagi lavhaga navbat berar ekan, diktor hozir xatto ayrim to’rt muchasi sog’ kishilar ham eplolmaydigan ishlarni qilayotgan ajoyib, mard kishi haqida so’z borishini aytib, auditoriyani haqiqiy qahramon haqidagi hikoyaga tayyorlaydi. Ammo lavhalarda inson o’zini nogiron his etmasligi, hamma qatori o’qishi, ishlashi, yashashi uchun zarur bo’lgan sharoitlar va kundalik turmushi kamdan kam hollarda ko’rsatiladi.
O’zbekiston elektron OAVni, jumladan televideniening tahlili shuni ko’rsatadiki, televidenieda nogironligi bor kishilarni na boshlovchi, na ko’rsatuv ishtirokchisi sifatida uchratmaysiz. OAVda ishlaydigan nogironlar soni u qadar katta emas.
Imkoniyati cheklangan kishilarning jamiyat hayotiga integratsiyalashuvi haqida so’z borar ekan, nogironligi bor kishilar oddiy hayotiy vaziyatlarda jamiyatning boshqalar singari a’zo etib tasvirlangan OAV, serial va filmlarning muhim o’rni borligini tan olish kerak. Nogironligi bor kishi filmning bosh qahramoni bo’lishi, yoki epizodlarda ko’zga tashlanib, odatiy hayotda har qanday insonga joy borligini ko’rsatib berishi mumkin. Jamiyatda nogironlarga nisbatan ijobiy munosatni shakllantirish uchun bugun OAVda imkoniyati cheklangan insonlar timsolini yoritishning yangicha konsepsiyasini ishlab chiqish vaqti keldi.
Rossiya Federatsiyasining «Perspektiva» nomli nogironlar hududiy jamoat tashkiloti OAVda nogironligi bor insonlar mavzusini yoritish konsepsiyasini ishlab chiqqan. Konsepsiyada, jumladan quyidagi qoidalar mavjud47:
1. Nogironligi bor inson jamiyatning boshqalar singari a’zosi qilib va real hayotiy vaziyatlarda ko’rsatilgan seriallar, filmlar, teleko’rsatuvlar, reklama roliklari yaratish kerak. Nogironligi bor kishi film, serial yoki ko’rsatuvning bosh qahramoni bo’lishi, yoki epizodlarda (do’konda xaridor, bank mijozi, film/serial qahramonining oila a’zosi sifatida) ko’rsatilishi mumkin. Muhimi nogiron inson timsolini aks ettirishda qotib qolgan stereotiplardan qochish zarur. 
2. Aqliy va ruhiy nogironligi bor kishilarni ham e’tibordan chetda qoldirmaslik lozim. Ko’zi ojiz, aravachada harakatlanadigan va boshqa ko’z bilan ko’rish mumkin bo’lgan jismoniy o’ziga xosliklari mavjud insonlar bilan bir qatorda teleko’rsatuvlarga Daun sindromi bor, autizm va mental nogironlikning boshqa shakllari mavjud kishilarni ham taklif etish kerak.
3. Nogironlik masalasi bo’yicha ishchi guruh tuzish va uning tarkibiga OAV bilan hamkorlikni yo’lga qo’ya oladigan nogironligi bor kishilarni yoki nogiron bolalarning ota-onalarni kiritish zarur. Bunday guruhning vazifasi jurnalistlarga, kino va televideniening boshqa xodimlariga nogironligi bor kishi timsolini ko’rsatishda stereotiplardan qochish va ularni jamiyatning boshqa a’zolari singari oddiy kishilar sifatida tasvirlash yuzasidan maslahatlar berishdan iborat bo’ladi. Bunda ana shunday guruhlar uzoq yillardan beri faoliyat olib borayotgan xorijiy davlatlar tajribasiga tayanish. 
4. Televidenieda ijtimoiy reklama sonini oshirish. Nogironligi bor kishilar haqida ijtimoiy roliklar tayyorlashda u nogironlarga nisbatan achinishni yoki salbiy munosabatni shakllantirib qo’ymasligi uchun ekspertlarga murojaat etish maqsadga muvofiqdir. Shu vaqtgacha yaratilgan ijtimoiy roliklarni namoyish uchun qabul qilish.
5. Nogironligi bor kishilarni filmlar, seriallar va ko’rsatuvlarga kiritishda televidenie uchun maxsus axloq qoidalarini ishlab chiqish kerak. Bunda boshqa davlatlar tajribasiga va BMT tomonidan ishlab chiqilgan qoidalarga tayanish tavsiya etiladi.
6. Jurnalistlar, televidenie va kino sohasining boshqa xodimlari uchun nogironlikni tushuntiruvchi treninglar tashkil etish va o’tkazish kerak. Ularga nogironlarning jamoat tashkilotlari vakillarini ham taklif etish zarur. 
7. Nogironligi bor kishilarni aktyorlik kasbiga o’qitish amaliyotini joriy etish: mazkur yo’nalishda mutaxassislar tayyorlaydigan oliy o’quv yurtlarida aktyorlik va teleko’rsatuvlar boshlovchiligiga qobiliyati bor nogiron yoshlar o’qishi uchun imkoniyat va sharoit yaratish kerak.
8. Nogironlar rolini ijro etishga jalb etilgan aktyorlar albatta mazkur yo’nalishda mutaxassislardan maslahat olishlari kerak. Afsuski, aksariyat hollarda ko’rsatuv va filmlarda nogironlar yordamga muxtoj, kasalmand qilib, yoki aksincha, nogironlik xuddi qahramonlikdek tasvirlanadi. 
9. Televidenieda nogironligi bor insonlar haqida hikoya qiluvchi xorijiy film va seriallarni namoyish etish, ana shunday film va seriallarni o’zimizda yaratishni yo’lga qo’yish kerak. Nogironligi bor insonlar haqida hikoya qiluvchi filmlarning «To’siqlarsiz kino» Xalqaro kinofestivali ana shunday mahsulotlarni tanlash uchun yaxshi imkoniyatdir.
10. Nogironligi bor kishilar ishtirokida va ular haqida filmlar, seriallar, ko’rsatuvlar tayyorlovchi va namoyish etuvchi telekanallar va prodyusserlik markazlarini davlat tomonidan qo’llab-quvvatlash, ularga imtiyozlar berish kerak.
11. Ko’rsatuv va filmlarni moliyalashtirishda ularda nogironlarning ishtiroki bo’yicha kvota (masalan, taxminan 10 %) kiritish lozim.



Download 0.72 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   49




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling