Наргис косимова


III-BOB. OZBEKISTON OMMAVIY AXBOROT VOSITALARIDA MAVZUNI YoRITISh USLUBLARI VA XORIJIY TAJRIBA


Download 0.72 Mb.
bet14/49
Sana05.05.2023
Hajmi0.72 Mb.
#1427513
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   49
Bog'liq
BMI 23

III-BOB. OZBEKISTON OMMAVIY AXBOROT VOSITALARIDA MAVZUNI YoRITISh USLUBLARI VA XORIJIY TAJRIBA

3.1. Ommaviy axborot vositalari, kino va adabiyot orqali nogironlarning ijobiy timsolini ilgari surish .

Nogironlik e’tibor qaratilishi va yoritilishi kerak bo’lgan muhim mavzular sirasiga kiradi. Imkoniyati cheklangan kishilar har doim bo’lishgan. Ammo axboriy jamiyat rivojlanib borishi bilan odamlarning nogironlik muammosiga qiziqishi ortdi: bosh qahramoni nogiron kishi bo’lgan kitob yoki maqolani o’qishingiz, filmni tomosha qilishingiz bilan u muhokamalar mavzusiga aylanadi. Nogironlik mavzusi har doim hayajonga solib kelgan hamda aksariyat hollarda OAV va kino nogironning ijobiy yoki salbiy timsoli shakllanishida muhim o’rin tutadi. Inson shunday yaralganki, u biror narsa haqida ko’p gapirilgandagina unga e’tibor qaratadi. Ommabop kitoblar, filmlar, teleko’rsatuvlar, gazeta va jurnallarda nogironlik masalalarining yoritilishi bu mavzu jamoatchilikning doimiy diqqat markazida bo’lishini ta’minlaydi. Bu, bir tomondan yaxshi. Aksariyat hollarda imkoniyati cheklangan kishilarga bizning e’tiborimiz, g’amxo’rligimiz va yordamimiz yetishmaydi. Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham bor: nogironligi bor kishilarning bir qolipdagi, har doim ham to’g’ri bo’lmagan timsoli shakllanib qolishi hech gap emas. Bugungi kunda nogironlar ularni faqat g’amxo’rlik va homiylik ob’ekti sifatida tasvirlashlariga qarshi chiqishmoqda. Ko’plab nogironlar ijtimoiy faollashib, ta’lim va bandlik sohasida o’zlari uchun boshqalar bilan teng imkoniyatlarni talab qilishmoqda. Ular o’zlarini boshqalar singari oddiy odamlar deb qabul qilishlarini istashadi. Shu bois nogironligi bor kishilarning jamiyatga integratsiyalashuvi bugungi kunda juda ham muhimdir. XX asrda imkoniyati cheklangan kishilar haqida ko’plab kitoblar yozildi, filmlar yaratildi. Bosh qahramoni nogiron inson bo’lgan asarlar sifatida quyidagilarni sanab o’tish mumkin: «Haqiqiy inson haqida qissa» kitobi; «Alvido deyolmayman» (1982),«Yomg’ir odam» (1988), «To’rtinchi iyulda tug’ilgan» (1989), «Forrest Gamp» (1994), «Pahlavon» (1998) va boshqa filmlar. Ularda nogironlarning tabiiy turmush tarzi, ichki olami, his-tuyg’ulari aks ettirilgan. XXI asrda suratga olingan filmlarda ham o’zining nimalarga qodirligini butun olamga namoyon etadigan kishilar timsollarini ko’rishimiz mumkin. Masalan rejisser Filipp Posso di Borgoning 2001 yilda katta ekranlarga chiqqan «Ikkinchi imkoniyat» filmida baxtsiz hodisa tufayli nogrion bo’lib qolgan boy aslzoda Filippning taqdiri haqida hikoya qilinadi. U o’ziga yordamchi qilib bu ish uchun hammadan ham kamroq mos keladigan yigitni yaqindagina qamoqdan chiqqan Abdulni oladi. Garchi Filipp to’shakka mixlanib qolgan bo’lsada, Abdul uning bir maromdagi hayotiga sarguzashtlar ruhini olib kira oladi 56.


Xullas, filmda nogironlar ham hamma qatori odamlar ekanligi, ular ham hayotdan quvonib yashashlari mumkinligi ko’rsatib berilgan. Film muvaffaqiyat qozongach, Abdul Sellu 2014 yilda mana shu ajoyib voqea o’z tilidan hikoya qilib berilgan «Sen hayotimni o’zgartirding» nomli kitobni chop e ttirdi57. Yoki avstraliyalik nasroniy dini targ’ibotchisi va notig’i Nik Vuychichni58 olaylik.
U qo’lsiz-oyoqsiz tug’ilgan, ammo to’laqonli hayot kechirmoqda, ikkita oliy ma’lumotga ega, o’zgalarning yordamisiz kompyuterda yoza oladi, syorfing bilan shug’ullanadi, baliq oviga qiziqadi, tramplindan suvga sakrashni yoqtiradi. Uning kitobi qiyinchiliklarni, tushkunlikni qanday yengib o’tish, o’ziga ishonch va baxtli bo’lish haqida hayajonga to’la hikoya. Nik o’zining jismoniy muammolari, ko’ngil kechinmalari haqida ochiqchasiga yozadi, o’z holatiga ko’nikishi, taqdirga tan berishi oson bo’lmaganini, xatto o’z joniga qasd qilishni o’ylagan paytlari ham bo’lganini yashirib o’tirmaydi. Lekin yillar davomida u o’z muammolarida hayotdagi to’siqlarni emas, balki oldiga ulkan maqsadlar qo’yish va ularga erishish uchun intilish, harakat qilish vositasini ko’radi. Bu asarida Nik o’ziga yordam bergan hayot qoidalarini bayon etadi va endi ularni o’quvchilari bilan baham ko’rmoqda. Nik Vuychichning kitobi nogironlik ijobiy jihatdan tasvirlangan asarlarning yorqin namunasidir. Bugungi kunda Nik Vuychich butun dunyo bo’ylab ma’ruzalar qilmoqda va millionlab kishilarda o’ziga, kelajakka ishonch paydo bo’lishiga hissa qo’shmoqda.
Nogironlik muammosi chuqur tahlil qilingan boshqa bir misolga murojaat etaylik. Asarning bosh qahramoni Lu Klark kichkinagina shaharchada bir xil va zerikarli hayot kechiradi, ammo ishsiz qolgach, u hayotini o’zgartirishga qaror qiladi. U hayoti o’zinikidan farqli ravishda har doim yorqin taassurotlarga va sarguzashtlarga boy bo’lgan, ammo yaqinda baxtsiz hodisa tufayli to’shakka mixlanib qolgan Uill Treynorga qarash uchun yollanadi. Lu va Uill o’rtasida ajib hislar uyg’onadi va ular bir birlariga bog’lanib qolishadi. Lu Uillning vaqtini chog’ etishni istaydi, ammo yigit o’zining halokatdan oldingi jo’shqin hayotini unuta olmayotgani bois bu oson kechmaydi. Bu asarda hozirgi to’shakka mixlanib qolgan hayotini avvalgi taassurotlarga boy hayoti bilan solishtirib, bunga chiday olmayotgan insonning kechinmalari tasvirlangan. Lu va Uill o’rtasida uchqun olgan muhabbat ularning har ikkovini ham o’zgartirib yuboradi. Yigit yana hayotdan quvonib yashashni, hazil-huzul qilishni o’rganadi, qiz esa borligingga, sog’lig’ingga shukur qilib, olg’a intilib yashash kerakligini anglab yetadi. Bu asar o’quvchini to’lqinlantirib yuborishi tabiiy. Uni o’qigach, nogironlarga boshqacha nazar bilan qaray boshlaysan, ularni tushunishga harakat qilasan. Uillning Luga yozgan xatidagi agar imkoning bo’lsa, hayotda to’lib-toshib yashash kerakligi haqidagi so’zlari o’yga toldiradi. Mazkur asar asosida shu nomdagi film ham suratga olingan va u 2016 yilda katta ekranlarga chiqqan.
Badiiy adabiyot va kinodan farqli ravishda ommaviy axborot vositalari nogironlik masalasiga u qadar ko’p e’tibor qaratishmaydi. Markaziy bosma OAVni varaqlaganda bir oyda mavzuga oid bir-ikkita material chiqqanini ko’rish mumkin. Ular ham aksariyat hollarda xabar shaklida bo’ladi.
O’zbek OAVlari monitoringi shuni ko’rsatdiki, nogironlik ommaviy axborot vositalarida ommabop mavzu emas. Sanoqli jurnalistlargina bu mavzuda qalam tebratishadi. Boshqa tomondan esa bu jurnalistlar mavzuni yaxshi bilishadi va tushunishadi. Bundan tashqari, e’lon qilinayotgan materiallar soni ortib borayotganini ham aytib o’tish zarur. Garchi materiallar ko’proq xabar janrida va bosma OAVda bo’lsada, tahliliy va muammoli, nogironlarning odatiy turmush tarzi, orzu-o’ylari, intilishlari, nogironlar oldida turgan muammolar va ularni hal etish yo’llari, ana shunday muammolarni o’zlari va o’zgalar uchun hal qilayotgan insonlar haqida hikoya qiluvchi, shu orqali jamoatchilikda nogironlik muammosiga nisbatan ijobiy fikrni shakllantirishga xizmat etuvchi materiallar ham asta-sekin bo’lsada, ko’payib bormoqda. Masalan, «O’zbekiston», «Yoshlar» va «Toshkent» telekanallarining 2015 yilning avgustidan 2016 yilning sentabrigacha bo’lgan dasturlari tahlili shuni ko’rsatdiki, mavzu biror bir sana yoki voqelik, xususan 3 dekabr Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan ko’proq yoritiladi. Aynan 3 dekabr arafasida va shu kuni deyarli barcha telekanallarda Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan o’tkazilayotgan tadbirlar haqidagi xabarlar efirga uzatiladi. Aksariyat lavhalarda nogiron kishilar muammoni tasvirlash vositasi sifatida ko’rsatiladi, ular bosh qahramon bo’lgan lavha yoki ko’rsatuvlar deyarli uchramaydi.
Bosma OAVda ham axborot janri ustuvorlik qiladi: statistik ma’lumotlar, asosan nogironlarning pensiya ta’minoti va ularga berilgan imtiyozlar borasida qonunchilik hujjatlariga sharhlarni ko’rish mumkin. Aniq insonlarga bag’ishlangan materiallar esa juda ham oz, borlarining esa hammasi ham jamiyatda nogironlar va nogironlik muammosi haqida ijodiy fikr shakllanishiga xizmat qilavermaydi. Ya’ni nogironligi bor kishi boshqalar singari o’z huquq va erkinliklariga, majburiyatlariga ega shaxs sifatida tasvirlangan maqolalar kam. Ba’zi maqolalardagina nogironligi bor kishilar o’z huquqlarining kurashchisi sifatida namoyon bo’ladi. Masalan, «Toshkentda nogiron bolalar o’rtasida tanlov bo’lib o’tdi»59 nomli maqolada «Maftunkor ranglar jilosi» tanlovi haqida so’z boradi. Unda O’zbekiston nogironlar jamiyati Toshkent shahar Uchtepa tuman bo’limi raisi Gulchehra Saydialieva Jamiyatga davlat tomonidan ko’rsatilayotgan e’tibor uchun minnatdorchilik bildirish bilan birga, jamiyatning tuman bo’limi o’z binosiga ega emasligini afsus bilan qayd etadi. Jamiyatda o’z o’rnini topgan nogiron kishilar bosh qahramon qilib olingan maqolalar esa barmoq bilan sanarli. Oltinbek Boybulatovning «Ko’ngil kuchi va sahiyligi»60 nomli maqolasi fikrimizga misol bo’la oladi:
«Jasorat» medali sohibasi, tuman nogironlar jamiyati hamda uning qoshidagi «Shahrixon ko’magi» sho’ba korxonasi rahbari Zebo Aziboeva uchun Yangi yil o’zgacha bayram, u mazkur bayramni bolaligidan yaxshi ko’radi. Qahramonimiz uzoq yillar kam uchraydigan kasallik –Varks-Vebros sindromidan aziyat chekkan. Ota-onasi uzoq vaqt davo istab shifokoru tabiblarga qatnashdi, hamma usullarni qo’llab ko’rishdi. Onasi Mohida opa Jumaboeva echki olib uning suti bilan boqa boshladi. Ammo 1984 yil Toshkentlik shifokorlar qizning oyog’ini kesish kerakligini aytishdi... Yillar o’tdi. Bugun Zebo zamonaviy ayol baland poshnali etikda yuradi, boshqaruvi moslashtirilgan «Spark» avtomashinasini haydaydi. Malayziyaga borganida ataylab ana shunday avtomashinalarning tuzilishini ko’rib kelgan, mahalliy mexaniklarimiz esa bir vaqtlar nogironlarga berilgan qo’lda boshqariladigan «Zaporojes»dan andoza olib, Zeboning mashinasini qo’l boshqaruviga o’tkazib berishdi. Biz bilan suhbatda u motosikl yoki skuter sotib olish niyati borligini aytdi. Bir so’z bilan aytganda, qarshimizda turgan bu ayolga qarab, hech kim uning oyog’i yo’qligiga ishonmaydi.
Uning kabinetidan ko’plab faxriy yorliq va diplomlar joy olgan. Ular orasida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi JICA vakolatxonasi rahbari Masao Shikanoning minnatdorchiligi e’tiborni tortadi: «Sizga imkoniyati cheklangan shaxslar uchun teng huquqli jamiyat yaratish bo’yicha, ularning ijtimoiy himoyasi va reabilitatsiyasini yaxshilashga, ijtimoiy hayotga faol qo’shilishlariga yordam berish maqsadidagi DET-treninglarni o’tkazishda ko’rsatgan har tomonlama yordamingiz uchun minnatdorchilik bildiramiz».
Mana sakkiz yildirki, Zebo Aziboeva tuman nogironlar jamiyatiga rahbarlik qilib kelmoqda, shu vaqt ichida 25 ta nogironlar aravachasi olindi, ellikdan oshiq nogiron-amputantlarga protezlar berildi. Jumladan, yil boshidan beri jamiyat tomonidan o’nga yaqin rejadagi tadbirlar o’tkazildi, 8 mart, Navro’z, Xotira va qadrlash kuni bayramlari munosib tarzda nishonlandi. O’nga yaqin bolalar sanatoriyalarga imtiyozli yo’llanmalar bilan ta’minlandi, Ikkinchi jahon urushi va front orti nogironlari va faxriylariga ko’rsatilgan homiylik yordami miqdori uch million so’mga yaqinni tashkil etadi. Jamiyat yosh rassomlarning «Maftunkor ranglar jilosi» tanlovini tashkil etish va o’tkazishda ham faol qatnashdi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo’llab-quvvatlash Jamoat fondi loyihasida qatnashib, Chortoq nogironlar jamiyati «Zafar Diyor» ShFY hududidagi ko’p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholi uchun bolalar sport maydonchasi qurish bo’yicha grant sohibi bo’ldi. Ayni paytda bu yerda sport maydonchasining qurilishi boshlab yuborilgan. Qizlarga kasb o’rgatish maqsadida «Zafar Diyor» ShFY va Peshqo’rg’on qishlog’ida kurslar ochilgan bo’lib, shu vaqtga qadar 92 nafar nogiron qizlar kasb egallaganliklari haqidagi sertifikatlarni olishdi».
Afsuski, bunday maqolalar u qadar ko’p emas. Yuqorida qayd etilganidek, ularning aksariyati xabar janrida bo’lib, ko’proq xorij tajribasi haqida so’z yuritiladi:
«Biz e’tiborimizni nogironlikning o’ziga qaratishimiz kerak emas, balki birinchi galda bolani ko’rishimiz lozim, shu bois nogironligi bor bolalar masalasida homiylik ko’rinishida ish olib borishimiz to’g’ri emas, - deydi Robert Fuderich.
YuNISEF Ma’ruzasining qoidalarida ta’kidlanishicha, imkoniyati cheklangan bolalar huquqlarining tan olinishi va ularning faol ishtirokini tushunish jamiyatning holatini yaxshilashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, imkoniyati cheklangan bolalarning har tomonlama kirishib ketishi zamonaviy bosqichda qabul qilishni o’zgartirshini talab etadi.
Ma’ruzada turli davlatlar hukumatlari Bola huquqlari to’g’risida Konvensiya hamda Nogironlar huquqlari to’g’risida Konvensiya talablaridan kelib chiqib o’z zimmalariga qibiliyat va nogironligidan qat’iy nazar barcha bolalar biror bir kamsitilishlarsiz o’z huquqlaridan foydalanishlarini ta’minlash majburiyatini olishganiga e’tibor qaratilgan. Bunda konvensiyalar prinsiplarini ng hayotga tadbiq etilishiga jamiyatning har bir a’zosi hukumat, ish beruvchilar, nogironligi bor shaxslarning tashkilotlari, ota-onalar assotsiatsiyalari, xalqaro agentliklar birdek mas’ul hisoblanishadi.
Ma’ruzaga ko’ra, bugungi kunda imkoniyati cheklangan bolalar soni bo’yicha global baholashni mutlaqo aniq deb bo’lmaydi. Turli uslub va ma’lumotlar tahlili qo’llaniladigan milliy so’rovlar ma’lumotlari ham farq qiladi. Baholash tizimlaridan biridan foydalangan holda Ma’ruzada nogironlikning mo’tadil yoki og’ir shaklida yashab kelayotgan 93 million nafar bola haqidagi raqam keltirilgan. Bu 14 yoshgacha bo’lgan har 20 nafar o’smirdan biri deganidir»61.
Ommaviy axborot vositalari nogironligi bor kishilarning ijobiy timsolini yaratish va shakllantirishda juda katta kuch hisoblanadi. Nogironlar muammolarining tez-tez yoritilishi, matbuot orqali biz bilan yonma yon ilm olayotgan, kasb o’rganayotgan, mehnat qilayotgan, hayotdan zavq olib yashayotgan kishilarga jamoatchilik e’tiborini qaratish imkoniyati cheklangan kishilar, shu jumladan nogironligi bor bolalarning jamiyatga integratsiyasini osonlashtiradi.

Download 0.72 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   49




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling